Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/11 00:45 Parma 1-3 Atalanta
24/11 01:00 Selta 2-2 Barselona
24/11 15:00 Metallurg 1-0 Surxon
24/11 16:30 Jenoa 2-2 Kalyari
24/11 17:15 So‘g‘diyona 2-0 Lokomotiv
24/11 18:00 Osasuna 2-2 Vilyarreal
24/11 19:00 Sautgempton 2-3 Liverpul
24/11 19:00 Torino 1-1 Monsa
24/11 19:00 Komo 0-2 Fiorentina
24/11 20:15 Sevilya 1-0 Rayo Valyekano
24/11 21:30 Ipsvich 1-1 Man. Yunayted
24/11 22:00 Napoli 1-0 Roma
24/11 22:30 Leganes 0-3 Real Madrid
25/11 00:45 Lasio 3-0 Bolonya
25/11 01:00 Atletik Bilbao 1-0 Real Sosyedad
25/11 22:30 Empoli - Udineze
26/11 00:45 Venetsiya - Lechche
26/11 01:00 Nyukasl - Vest Xem

Hamad bin Abdulrahmon al-Attiya: O‘zbekiston qit’adagi ot sporti rivojlangan yirik markazga aylanadi

Hamad bin Abdulrahmon al-Attiya: O‘zbekiston qit’adagi ot sporti rivojlangan yirik markazga aylanadi

Baho:
+ | -

Bugun mamlakatimizda kechayotgan yangilanish va o‘zgarishlar epkini yilqichilik va ot sporti sohasini ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Natijada ko‘p yillar e’tibordan chetda qolib ketgan mazkur jabha tubdan isloh qilinmoqda. Bu jarayonda, avvalo, tizim moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, infratuzilmasini takomilashtirish, yilqichilikda naslchilikni qayta tiklash, sport otlari yetishtirish, yosh chavandozlarni tarbiyalashga ustuvor ahamiyat qaratilyapti. Maqsad bir-biri uzviy bog‘liq bo‘lgan yilqichilik hamda ot sportini xalqaro talablarga mos ravishda rivojlantirishdir.

Bunday sa’y-harakatlar samarasi sekin-asta ko‘zga tashlanmoqda. 2018 yilgi eng yirik musobaqalardan biri hisoblangan Ot sportining to‘siqlardan sakrash (konkur) turi bo‘yicha Jahon kubogi (FEI World Jumping Challenge)ning final bosqichiga O‘zbekiston mezbonlik qilgani bunga yaqqol misoldir.

Mazkur xalqaro tadbir ishtirokchisi, Osiyo ot sporti federasiyasi prezidenti Hamad bin Abdulrahmon al-Attiya janoblari “Xalq so‘zi” gazetasi uchun eksklyuziv intervyu berdi.

— O‘zbekistonga xush kelibsiz!
— Xushvaqt bo‘ling, rahmat!

— O‘tgan yili federasiya prezidenti lavozimiga kirishganingizdan so‘ng ilk safarni O‘zbekistonga uyushtirgan edingiz. Oradan ma’lum vaqt o‘tib, yana mamlakatimizda mehmon bo‘lib turibsiz. Ayting-chi, ushbu qisqa davr ichida yurtimizdagi qanday o‘zgarishlar e’tiboringizni tortmoqda?

— O‘zgarishlar juda ko‘p. Bunga har qadamda guvoh bo‘lyapmiz. Ayniqsa, ot sportidagi oxirgi bir yil ichidagi yangilanishlar yurtingizda kechayotgan shiddatli islohotlarga hamohanglik kasb etgan. Buning isboti sifatida bir misol, ya’ni hududlarda xalqaro andozalarga to‘la javob beradigan, noyob zotli otlarni ko‘paytirishga ixtisoslashtirilgan zamonaviy majmualar foydalanishga topshirilganini aytish kifoya, nazarimda. Shu bois avvalgi bilan bu galgi tashrifim davomida olayotgan taassurotlar o‘rtasida farq juda katta.

2017 yilda O‘zbekistonga kelganimda hukumat a’zolari, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Yilqichilik va ot sporti federasiyasi singari sohaga taalliqli idoralar rahbarlari bilan uchrashib, asosan, hamkorlik aloqalari, ot sportini rivojlantirish istiqbollariga doir masalalar muhokama qilingan edi.Bugungi tashrif esa nafaqat Jahon kubogi musobaqalarini kuzatish, ayni paytda, bir yil muqaddam belgilab olingan vazifalar ijrosini tahlil qilish imkonini bermoqda.

Ochig‘i, tizimdagi jadal o‘zgarishlardan hayratdaman. Shu ma’noda, Ot sportining to‘siqlardan sakrash (konkur) turi bo‘yicha Jahon kubogi final bosqichini o‘tkazish uchun O‘zbekiston tanlangani yurtingiz qo‘lga kiritayotgan ushbu yutuqlarning yuksak e’tirofi hamdir.

— Jahon ot sporti taqvimidagi mazkur muhim musobaqaga tayyorgarlik ishlarini qanday baholaysiz? Kelgusida bundan-da yirik sport anjumanlarini qabul qilish uchun nimalarga e’tibor qaratish zarur?

— Ushbu nufuzli musobaqaga tayyorgarlik juda yuqori saviyada. Yaratilgan shart-sharoitlar Xalqaro ot sporti federasiya talablariga to‘la javob beradi. Buni tashkiliy, tayyorgarlik ishlariga asosiy bahoni beruvchi xalqaro ekspertlar, soha mutaxassislari, chavandozlarning o‘zlari ham e’tirof etishmoqda.

Veterinarlarning xulosasiga ko‘ra, final uchun tanlangan, zaxiradagi otlarning holati ham juda yaxshi. Ular musobaqaga dunyodagi eng yuqori reyting ko‘rsatkichlari ega chavandozlar talablari asosida tayyorlangan. Finalning saralash va yakuniy bahslarida hech bir tulpor jarohat olmagani puxta tayyorgarlik samarasi hisoblanadi, albatta.

Zamonaviy ot sporti majmualari bilan yaqindan tanishib, yurtingizda kelgusida yirik sport anjumanlarini o‘tkazish uchun zarur shart-sharoit mavjudligiga yana bir karra ishonch hosil qildim. Fursatdan foydalanib, o‘zbek xalqiga, birinchi bo‘lib, nashringiz orqali yana bir xushxabarni yetkazmoqchiman.

Gap shundaki, Osiyo ot sporti federasiyasi Bosh Assambleyasining bu yilgi konferensiyasini Toshkentda o‘tkazishga qaror qildik. Shu yilning dekabr oyiga mo‘ljallanayotgan ushbu anjumanda nafaqat federasiyamiz vakillari, balki dunyoning 45 davlatidan ot sportiga mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etib, mamlakatingizda mazkur sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari bilan yaqindan tanishadilar. Maqsadimiz O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagina emas, balki Osiyo qit’asida ot sporti rivojlangan markazlardan biriga aylantirishga har tomonlama ko‘maklashishdir.

— Kuzatayotgan bo‘lsangiz, keyingi paytda o‘zbekistonlik sportchilarning xalqaro tanlovlardagi ishtiroki ham ancha faollashdi. Reytingi oshib borayotgan chavandozlarimizning mahoratini qanday baholaysiz?

— Albatta, ijobiy. Chunki O‘zbekiston azal-azaldan uchqur tulporlari, mohir chavandozlari bilan tanilgan. Tarixga nazar soladigan bo‘lsak, o‘zbek xalqining to‘y-tantanalari “Ko‘pkari”, “Olomon poyga”, “Ag‘darish” kabi milliy o‘yinlarsiz o‘tmagan. Polvonu chavandozlar, ayg‘irlarning eng zo‘ri ana shunday sport musobaqalarida saralangan.

Bugungi kunda esa Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yilqichilik va ot sporti tarmog‘ida tub o‘zgarishlar davri boshlanganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Sport, xizmat otlari yetishtirish, naslchilikni yaxshilash barobarida, tizim moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, otchoparlarni xalqaro andozalarga muvofiq, qayta qurish va modernizasiyalash ishlari jadal davom ettirilmoqda. Bu kabi sa’y-harakatlar yaqin yillarda o‘zbek yilqichiligi va ot sporti dovrug‘ini dunyoga keng yoyishga xizmat qilishiga ishonamiz.

Biz esa bu jarayonda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, tarmoq sanoatini yo‘lga qo‘yish, chavandozlar malakasini xorijiy davlatlarda oshirib kelishga yordam berishga doimo tayyormiz.

— O‘zbekistonda xalqimizning milliy boyligi sanalgan Qorabayir zotini ko‘paytirish, uning sport ko‘rsatkichlarini yaxshilash sa’y-harakatlari boshlangan. Ayting-chi, Qorabayir Germaniya, Gollandiya, Buyuk Britaniya, Polsha otlari singari jahonda shuhrat qozonishi uchun nimalar qilish kerak?

— Bunday tashabbusni faqat qo‘llab-quvvatlash zarur. Lekin bu tez va silliq kechadigan jarayon emas. Muhimi, o‘zbek xalqining tarixi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan Qorabayir zotini ko‘paytirish, uni jahon arenalariga olib chiqish harakatlari boshlangani, shuning o‘z katta jasoratdir.

Bilishimcha, Qorabayir ot zoti dovyurakligi, jangovarligi bilan alohida ajralib turadi. Tana tuzilishi esa o‘ta xushbichimdir. Bu zotning qotmaligi, turli sharoitlarga chidamliligi esa arab otlariga ham o‘xshab ketadi.

Umuman olganda, dunyoda ot zotlari juda ko‘p. Lekin ularning hech qaysini mutlaq zo‘r, deb aytolmaysiz. Qaysi zotning olmang, biror-bir yo‘nalish bo‘yicha yaxshi ko‘rsatkichlarga ega, xolos. Ya’ni bittasi poygada tengsiz bo‘lsa, boshqasi to‘siqlardan sakrashda ustunlikka ega...

Haqiqat shuki, sportda erishib bo‘lmaydigan narsaning o‘zi yo‘q. Shu ma’noda, Qorabayir zotining yuqori natijalarni qo‘lga kiritishi ko‘proq o‘zingizga bog‘liq. Naslchilik ishlari yaxshilanib, har bir musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rilsa, muvaffaqiyat qozonilishi, shubhasiz. Ushbu mashaqqatli yo‘lda sizlarga omad tilayman.
“Xalq so‘zi” muxbiri
Said RAHMONOV suhbatlashdi.

Manba: xs.uz
Kiritildi: 16:56, 10.09.2018.
O'qildi: 2799 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.