Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Tajriba – taraqqiyot tirgagi yoxud qarib quyulmas futbolchilar haqida

Tajriba – taraqqiyot tirgagi yoxud qarib quyulmas futbolchilar haqida

Baho:
+ | -

O‘z vaqtida total futbolni kashf etish bilan dunyoni o‘ziga qaratgan Gollandiyada yangi an’ana bo‘y ko‘rsatmoqda.

Odatda, yulduzlar farovon kelajakni ta’minlash maqsadida faoliyatning so‘nggi bosqichini Yaqin Sharq, Xitoy, Turkiya yoki MLSda o‘tkazadilar. Gollandiya chempionati esa bunday imkoniyatlardan yiroq.

Shunday bo‘lsada, oxirgi paytda bir qator nomdor futbolchilar aynan shu yerda yashil maydon bilan xayrlashishni ma’qul ko‘rishmoqda. Balki bu qalb amridir, ehtimol, ularda ortiqcha daromadga ehtiyoj qolmagandir yoki bu yulduzlar shunchaki shinam maydonlarda futboldan chinakam zavq olish uchun shunday qilishayotgandir?

Lekin nima bo‘lganda ham, ularning kurashga chanqoq ekanliklari, saviyalari esa talab darajasida ekaniga shubha yo‘q. Mana, Robin van Persining harakatlari evaziga «Feyenoord» so‘nggi daqiqalarda «Vitess»dan 3 ochkoni «yulib» oldi. 90-daqiqada esa hujumchi maydondan chetlatildi. Demoqchimizki, ehtiroslar harorati ham risoladagidek. E’tiboringizga van Persi va unga o‘xshagan oliyjanob «qariya»larning bugungi faoliyati haqidagi hikoyani havola etishni lozim topdik.

EDUARDO (36 yosh, «Vitess»)

Tajribali darvozabon 2009 yilda Portugaliya terma jamoasi safida ilk bor maydonga tushib, vatani sharafini 36 marta himoya qilgan. Lekin klub miqyosida faqat «Braga»da uzoqroq to‘p surdi. Keyin «Jenoa»da omadini sinab ko‘rdi, Turkiyada o‘ynadi va kutilmaganda Zagrebning «Dinamo»si tarkibidan joy oldi. Faxriylar safiga qo‘shilish arafasida Eduardo «Chelsi»ning tajribali zaxira posboniga aylandi. «Vitess» esa tanish-bilishlar ko‘magida uni London klubidan ijaraga oldi. Portugaliyalik darvozabon Gollandiyada zerikib qolayotgani yo‘q, tengdoshlari kabi zaxiraga «mixlangan» ham emas. Qisqasi, ishtiyoq bilan to‘p surmoqda.

ROBIN VAN PERSI (35 yosh, «Feyenoord»)

Yosh jihatidan Erediviziyaning 4-«qariya»si. Uni qariya deyishga til bormaydi., chunki hanuzgacha chaqqonlik va tezkorligini yo‘qotmagan. Har holda, Gollandiya chempionati talablarini to‘la bajarishni o‘rniga qo‘ymoqda. Jumladan, yangi mavsumning 7 uchrashuvida u muntazam maydonga tushib, 6ta gol urdi. Uning «Feyenoord»i esa 16 ochko bilan 3-o‘rinda bormoqda.

KLAS-YAN XUNTELAR (35 yosh, «Ayaks»)

Gollandiya grandi faxriylar tajribasidan samarali foydalanishni «Feyenoord»dan avvalroq boshladi. Ha, Klas-YAn «Ayaks» tarbiyalanuvchisi emas, garchi mahoratini aynan Amsterdamda maromiga yetkazgan bo‘lsa ham. «Ayaks»ga kelguniga qadar u mamlakatning bir qator o‘smirlar va yoshlar jamoalarida saboq oldi. Nihoyat, «Xerenven»dan grand safiga o‘tib, parvozni boshladi, «Real»dan keyin esa ortga qaytish bosqichiga navbat yetib keldi - avval «Milan», keyin «Shalke»... Joriy mavsumda Xuntelar ham Robin kabi 7 uchrashuvda 6ta gol urdi. Aytgancha, bu ikki «qariya» hamkorlikda «lolalar yurti» termasiga 178 bellashuvda 92ta gol sovg‘a qilishgan. Chinakam afsonalarga xos natija!

URBI EMANUELSON (32 yosh, «UTREXT»)

O‘z vaqtida bu qanot o‘yinchisi kelajagi porloq yoshlar safida bo‘lgan, tez orada top-klubga «uchirma» bo‘lishi taxmin qilingandi. Biroq noma’lum sabablarga ko‘ra umid ro‘yobga chiqmadi. Balki u 2011 yilda «Ayaks»ni «Milan»ga almashtirib, tanlovda xatoga yo‘l qo‘ygandir, Italiya yuksalishning navbatdagi pog‘onasi bo‘lishiga ishongandir? Amalda futbolchi o‘sishdan to‘xtab qoldi. «Fulxem», «Roma», «Atalanta» hamda «Verona»dagi urinishlar esa samara bermadi, hatto Urbining ishsiz qolgan paytlari ham bo‘ldi. Yoqimsiz sayohat uning «Sheffild Uensdey»dan «Utrext»ga o‘tishi bilan yakun topdi.

DUSHAN TADICH (29 yosh, «Ayaks»)

Bu futbolchi keksalikni tan oladiganlar toifasidan emas. Ammo Gollandiya mezonlariga ko‘ra, mahalliy chempionat uchun yoshi sal o‘tib qolgan. Garchi yulduz maqomida bo‘lishiga qaramasdan, Tadichni o‘z mahoratidan to‘la-to‘kis foydalana olmaganlar toifasidan desak, xato bo‘lmaydi. «Voyvodina»da saboq olgan serb «Tvente»da o‘yinni tashkil etish, tezkorlik, nostandart yechimlar, chiroyli gollar va samarali uzatmalar javobgarligini o‘z zimmasiga olib, chinakam hukmdorga aylandi. Natijada 2014 yilda «Sautgempton» 14 mln. evaziga uni o‘z safiga qo‘shib oldi.

Mutaxassislar Dushanning yanada yuksakroqqa ko‘tarilishini bashorat qilishgandi. Biroq futbolchining yoshi 29ga chiqqandi. Ayni shu pallada «Ayaks»dan kelgan taklif Tadichga Gollandiyada bergan va’dasini eslatdi - Dushan aynan Erediviziyada yulduzlik cho‘qqisiga ko‘tarilishni orzu qilgandi. Darhaqiqat, serbiyalik futbolchi Amsterdamda chinakam yulduzga xos o‘ynamoqda: ichki chempionatda 4ta gol va 2ta samarali uzatma, YECHL saralashida 3ta gol va shuncha assist!

ALEKSANDR BYUTTNER (29 yosh, «Vitess»)

Angliya chempioni! Futbolchi saviyasini birgina shu jumla ko‘rsata oladi. Taajjubki, 2012 yilda Byuttner to‘g‘ridan-to‘g‘ri «Vitess»dan «MYU»ga parvoz qildi - «Ayaks», PSV yoki «Feyenoord»dan emas. Balki u top-klub talabini qondira olmagandir, balki Manchesterga noqulay paytda tashrif buyurgandir? Qizig‘i, Byuttnerning keyingi qarori ham juda ajablanarli bo‘ldi: «MYU»dan Moskva «Dinamo»siga! Keyin yo‘l-yo‘lakay «Anderlext»da tin olib, qadrdon Arnemga yetib keldi. To‘g‘ri, hozir Aleksandr - «Vitess» yetakchilaridan biri. Lekin barqarorlik bobida maqtana olmaydi. Ehtimol, avvalgi va hozirgi o‘yin saviyalari o‘rtasidagi sezilarli tafovut uning doimo yulduz darajasida to‘p surishiga to‘sqinlik qilayotgandir? Nima bo‘lganda ham, arnemliklar undan xafa emaslar.

TOMASH NESID (29 yosh, «Den Xaag»)

Bu qahramonimiz ham chempion. Faqat APLda emas, RPLda. Ha, Tomashning yorqin damlari SSKAda o‘tdi. Hozir bu olis o‘tmishdek, futbolchi allaqachon keksalik marrasidan o‘tgandek tuyuladi. Aslida esa Nesid endi 30ga yaqinlashdi. SSKAdan keyin u 2015 yilda «Zvolle»ga o‘tdi, «Bursaspor», «Legiya» va «Slaviya»ga sayr qildi. Nihoyat, yozda Gollandiyaga ikkinchi marta yo‘l oldi. Chexiyalik futbolchi «Den Xaag» tarkibida 4 marta maydonga tushib, o‘z hisobiga 1ta gol va 2ta samarali uzatma yozib qo‘ydi. Chakki emas.

Albatta, yosh jihatidan Erediviziya qit’aning navqiron chempionatlaridan biri. Lekin so‘nggi paytlarda uning vakillari orasida tajribali futbolchilarning ko‘payib borayotgani aniq. Bu esa musobaqaga bo‘lgan qiziqishni oshirmoqda - muxlislar uchun hech kim tanimaydigan 18 yoshli yigitchalarning tartibsiz yugur-yugurlaridan ko‘ra suyukli futbolchilar bellashuvini kuzatish maroqliroq, albatta. Qolaversa, gollandiyaliklar endi Tadich va Xuntelar kabi yulduzlarni o‘z jamoalarida saqlab qolishga intilmoqdalar. Ularning bebaho tajribasi sohibi bilan birgalikda pullab yuborilayotganini izlanuvchan yurt vakillari tushunib yetdilar. Ha, tajribaga tayanib amalga oshirilgan ish albatta o‘z samarasini bermay qolmaydi. Qisqasi, tajriba - taraqqiyot tirgagi!

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 16:45, 17.10.2018.
O'qildi: 2848 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.