Kirish Ro'yxatdan o'tish
05/07 06:00 Argentina 1-1 Ekvador
05/07 21:00 Ispaniya 2-1 Germaniya
06/07 00:00 Portugaliya 0-0 Fransiya
06/07 06:00 Venesuela - Kanada
06/07 21:00 Angliya - Shveysariya
07/07 00:00 Niderlandiya - Turkiya
07/07 03:00 Kolumbiya - Panama
07/07 06:00 Urugvay - Braziliya

Futbolda yuristlarning o‘rni haqida gaplashamiz...

Futbolda yuristlarning o‘rni haqida gaplashamiz...

Baho:
+ | -
Bo'lim: JAHON FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

Futbol faqat 90 daqiqali o‘yindan iborat emas. Yashil maydondagi shiddatli bahslardan oldin va keyin bo‘ladigan jarayonlarga ham batafsil to‘xtalishning hojati yo‘q. Ammo millionlar o‘yiniga daxldor bir kasb egalari ham bor - huquqshunoslar.

Avvalo, bir narsani oydinlashtirib olish kerakki, futbol klubi nodavlat notijorat emas, daromad olishni ko‘zlaydigan tijorat tashkilotidir. Yuridik shaxs sifatida u O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga tayanadi. Futbol yurisprudensiyasida ko‘proq kerak bo‘ladigan huquq sohalari - mehnat qonunchiligi, shartnomaviy-huquqiy munosabatlar, nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi qonunchilik. Futbol klubi yuristi faoliyati davomida bundan boshqa sohalarga ham murojaat qiladi. Har bir futbol klubi yoki futbol assosiasiyasi FIFA talablariga muvofiq uch yilda bir auditdan o‘tib turishi kerak.

FUTBOLCHI BILAN TUZILADIGAN MEHNAT SHARTNOMASI

Mehnat shartnomasi har bir tashkilotda bo‘lganidek, futbol klublarida ham amaldagi Mehnat kodeksiga binoan tuziladi. Bu yerda asosiy masala uning muddatida. Qo‘shimchasiga shartnomani muddatidan oldin bekor qilish uchun tomonlarning tashabbusi masalasi ham aniq-oydin hal qilib olinishi kerak. Igor Sergeev 2017 yil yanvarida «Al-Dafra»ga yo‘l olishidan oldin mehnat shartnomasini bekor qilish bo‘yicha muammoga duch kelgandi.

Yaqin xorijiy mamlakatlarda ham futboldagi audit va yuridik ishlarning professional yo‘lga qo‘yilishi bilan bog‘liq masalalar bo‘-yicha tajriba orttirishimiz kerak. Chunki ular jahon tajribasi bilan integrasiyada bizdan ancha oldinga o‘tib ketgan, buni tan olishimiz shart.

Ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi mavsumlardan boshlab Professional futbol ligasi tomonidan yagona mehnat shartnomasi amalga kiritilishi mumkin ekan. Yanayam aniqroq aytadigan bo‘lsak, PFL klublar uchun umumiy shablondagi mehnat shartnomasi taqdim etmoqchi. Bu hujjat Shveysariya, Italiya va Rossiyaning sport huquqshunosligi bo‘yicha yetakchi mutxassislari bilan hamkorlikda tayyorlanadi. Demak, klublar mehnat shartnomasini o‘zlaricha tuza olishmaydi.

TANGANING IKKINCHI TARAFI

FIFA o‘ziga huquqlarini tiklash masalasida ariza bilan murojaat qilgan futbolchini birinchi bo‘lib eshitadi. Bu to‘g‘ri, lekin ko‘p hollarda futbolchilar boshqa klublarning takliflari oldida fantaziyalarga berilganligi sababidan amaldagi klubi bilan shartnomaviy majburiyatlarini bajarishni inkor etayotgan hollar ham mavjud. Adrian Mutu bilan bog‘liq jarayon endi yakunlanganini inobatga olsak, bugungi zamonaviy futbolda dong‘i chiqqan futbolchilarni qonunga bo‘ysunishga majburlash ham ko‘p kuch talab etadi.

2018 yil boshida, Superliga va Pro-liga klublari soni aniq bo‘lmagan kezlari xorijlik legionerlarning mahalliy klublarimiz yuzasidan da’volari bitilgan maktublar ko‘plab kela boshladi. Hammasining mazmuni bir xil - maosh va mukofotlarni to‘lash bo‘yicha muammo. Vaholanki, klublar tomonidan pullar ularning milliy valyutadagi kartochkalariga o‘tkazilgan.

Mana shu holatlarning o‘zi ham, soliq tili bilan aytganda, norezident va bank munosabatlari masalasida yaxshigina bo‘shliq borligini ko‘rsatdi. O‘FAning, kerak bo‘lsa, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va Milliy olimpiya qo‘mitasining huquqshunoslari bu borada normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish yuzasidan tashabbus ko‘rsatishlari va uni amaliyotga joriy qilishga mas’ul bo‘lishlari talab etiladi. Umuman olganda, futbolchilar, futbol akademiyalari tarbiyalanuvchilari va klub mutaxassislari bilan shartnomalarning shablon varianti, dastavval keng futbol jamoatchiligi muhokamasidan o‘tishini maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

18 yoshga to‘lmagan futbolchilar yoki futbol akademiyalarida o‘yinchi yetishtirishda bu ta’lim muassasalarining daromad olish masalasini ham kerak bo‘lsa hukumat qarori bilan tartibga solishni yo‘lga qo‘yish joiz. Xorijda jamoalar futbolchi yetishtirib bergan kichik klublarga qancha miqdorda tovon to‘lashi yoki transferdan ulush berishini eslatib o‘tishga hojat bo‘lmasa kerak.

FUTBOLCHI - AGENT - KLUB RAHBARI

So‘nggi 5 yillikni oladigan bo‘lsak, yurtimizda muntazam ravishda klub va o‘yinchilar orasidagi mehnat shartnomalari bilan bog‘liq muammolar vujudga kelgan. Ayniqsa, ularning keng bo‘y ko‘rsatishi transferlar darchasi ochilgan paytga to‘g‘ri keladi. Futbolchi jamoadan ketishni istaydi, lekin klub rahbari bunga yo‘l qo‘ymaydi. Yoki aksincha, xorijlik legioner yozgi ta’tilda bir hafta muddatga uyiga ketadi va O‘zbekistonga qaytib kelish, o‘z shartnomaviy vazifalarini bajarishdan ongli ravishda bosh tortadi.

Professional klub (agarda haqiqatan ham shunday deb atash mumkin bo‘lsa) rahbarlari o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilib, o‘yin-chilarning shartnomalariga istagan bandlarni qo‘shib imzo qo‘ydirishgan. Futbolchi va klub qo‘lida bo‘lgan bitimlar matn va mazmun jihatidan bir-biridan mutlaqo farqlangan. Eng achinarlisi, bu kabi shartnomalarni huquqiy ekspertiza qiladigan bo‘lsak, na mehnat qonunchiligi, na fuqarolik qonunchiligi talablariga javob beradi.

Muntazam ravishda shartnoma faqat bir tomon (klub rahbarining, albatta!) manfaatini himoya qilib kelgan. FIFA tomonidan «agent» atamasi o‘rniga «futbolchining qonuniy vakili» degan tushuncha kiritilib, bu turdagi faoliyat uchun lisenziya yoki katta summada beriladigan ruxsatnoma talab qilinmayotgan bo‘lsada, bizda agent tushunchasi keng qo‘llanib kelinyapti. Klublar rahbariyati tomonidan «agentlar» faoliyatiga yaxshi nazar bilan qaralmagani ham ayni haqiqat!

Klublarda ishlaydigan huquqshunoslarning sport direktorlari bilan teng huquqli ovozga ega bo‘lishlarini ta’minlash ham muhim omillardan biridir. Chunki amaliyot bo‘yicha olsak, istalgan turdagi shartnomaga (yoki buyruqqa) rahbar imzo qo‘yishidan oldin yurist tomonidan o‘rganilishi va viza qo‘yilishi kerak. Klub prezidenti yoki sport direktori shartnomaga istagan bandini qo‘shish amaliyotiga chek qo‘yish lozim, chunki ayrim hollarda kelishuv predmeti futbol va milliy qonunchilik normalariga zid kelmoqda.

Xorijiy yuridik kompaniyalar vakolatxonalarini O‘zbekistonda tashkil etish imkoniyatlari kelgusida ham ko‘rib chiqilishi darkor. Advokatlik sohasida islohotlar boshlanganiga qarasak, sport huquqi bo‘yicha ixtisoslashgan advokatlik firmalari tashkil etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

KELISHILGAN O‘YINLARGA QARSHI KURASH

O‘zbekiston futbol assosiasiyasida futboldagi shaffoflikni ta’minlash, qing‘irliklarga qarshi kurashish boshqarmasi tashkil qilinganiga ko‘p vaqt bo‘lmadi. Nomidan ham uning aynan qanday vazifa bilan shug‘ullanishi tayin. O‘FA Ustaviga muvofiq, uning Intizom qo‘mitasi, Etika qo‘mitasiga nisbatan taqdim etiladigan murojaatlar orasida shu masala ham bor. Demak, O‘FA bu bo‘yicha tekshiruv o‘tkazish tashabbusini berish huquqiga ega.

Futbol klubi Professional futbol ligasi talabi bilan mazkur mavzuda tekshiruvdan o‘tadigan bo‘lsa, unga nisbatan tekshiruv predmeti taqdim etilishi kerak. Huquqbuzarliklar masalasini surishtirish va unga nisbatan ta’sir choralarini qo‘llash huquqni muhofaza qilish organlari vakolati zimmasiga kiradigan bo‘lsa, O‘FA, Professional futbol ligasi va professional futbol klubi tekshiruv natijalari futbol qonunchiligi bilan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan sanksiyalardan tashqari davlat qonunlari bilan qo‘llaniladigan jazo choralariga ham tayyor turishi kerak.

Kelishilgan o‘yinlarni isbotlash juda murakkab jarayon. Bunda faqatgina shubha yoki kimningdir murojaati (anonim yoki yozma)ga asosan qaror qabul qilib bo‘lmaydi. Ushbu masala bilan shug‘ullanayotgan guruh aniq fakt-dalillarni yig‘ishi, ularni tahlil qilishi, har bir holatni taroziga bir necha marotaba qo‘yib ko‘rishi lozim.

Bu illat futbol bozorida juda ham uzun ildiz otgan. Kelishilgan o‘yinlarni isbotlash eng qiyin masalalardan biridir. Bunga yaqqol misol tariqasida yaqinda Belgiyada amalga oshirilgan hibsga olishlar va tergovlarni keltirib o‘tishimiz mumkin. Tez orada mazkur mamlakatda ham xuddi 2006 yili Italiyada bo‘lganidek «bomba portlasa kerak». Eng qizig‘i, har safar futbolda ro‘y berayotgan qing‘irliklar huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan (yoki tashabbusi bilan) aniqlanyapti.

Bizda ham bunday organlar bilan aloqa o‘rnatish uchun Intizom qo‘mitasi va Intizom ustavini puxta ishlab chiqish, lozim bo‘lsa, ular bilan aloqalarni futbolga oid normativ hujjatlar asosida qonuniylashtirib qo‘yish kerak.

BANKROTLIK MASALASI

Yaqin 4-5 yil ichida ham muayyan futbol klubiga egalik qilgan tashkilotlarning atigi bir-ikki yil faoliyat ko‘rsatib, so‘ng bankrot bo‘lish proseduralari ko‘p kuzatildi. Orada bundan futbolchilar jabr ko‘rishdi. Yuridik shaxs tugatilishi oqibatida sportchilarga maosh va mukofotlarning to‘lanmasligi oddiy hol bo‘lib qoldi. Futbolchilar bilan birga ushbu futbol klubi bilan munosabatlarga kirishgan boshqa yuridik shaxslar borasida esa bizda, ochig‘i ma’lumotlar yo‘q.

Yangilangan tarkibdagi futbol rahbariyati bu muammoga qarshi kurashish uchun tegishli qadamlarni ham qo‘ydi. Endilikda, qaysi futbol klubi tugatilib, uning o‘rniga O‘FA a’zoligiga huquqiy voris maqomida boshqa klub keladigan bo‘lsa, u oldingi klubning qarzlarini to‘lab qo‘ysin. Umuman, futbol klublariga kimlar muassis bo‘la olishi masalasi ham hali aniqlashtirilmagan.

XULOSA O‘RNIDA

Futbol va huquqshunoslik mavzusini endi ochdik, bu borada mulohazalarimiz hali ko‘p. Balki boshqa huquqshunoslar yoki futbol funksionerlari biz bilan musohabaga kirishardirlar?!

Ma’lumot o‘rnida. Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 16 avgustdagi 176-son qarori 1-bandiga muvofiq, 2007 yil 1 sentyabrdan boshlab:

O‘zbekiston Respublikasi hududida qimor o‘yinlarini va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni (shu jumladan totalizatorlar) tashkil etish va o‘tkazish (tirajli, bir lahzali va raqamli lotereyalardan tashqari);

qimor o‘yinlarini va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish uchun telekommunikasiya tarmoqlarida, shu jumladan Internet butunjahon axborot tarmog‘i provayderlari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish taqiqlangan.

Qo‘shimchasiga bu kabi xatti-harakatlar, xususan o‘yin natijalarini totalizatorlar orqali boshqarishga urinish Jinoyat kodeksining 278-moddasi bilan jazolanadi.

Farrux FAYZIYEV, huquq magistri

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 19:14, 05.11.2018.
O'qildi: 3541 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.