Angliya Premyer Ligasining 11-tur o‘yinlarida futbolchilar qizg‘aldoq ramzi tushirilgan libosda harakat qilganliklariga e’tibor bergan bo‘lsangiz kerak.
«Manchester Yunayted» yarimhimoyachisi Nemanya Matichning ushbu ramzdan bosh tortgani va buning sababini ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z sahifasida bayon qilgani futbol jamoatchiligining asosiy mavzulardan biriga aylandi. Bu harakatning nafaqat futbol chegarasida ekani, balki siyosiy, ijtimoiy ahamiyati ham turli munozaralarga sabab bo‘lmoqda.
Matich uchrashuv oldidan ushbu ramzning nima ma’noda kelishi haqida qiziqib ko‘rdi. Buning britaniyalik askarlar, jumladan, NATO operasiyalarini bajarishda halok bo‘lganlarning ham xotirasiga bag‘ishlangan bir ramz ekanini bilgach, futbolchi qizg‘aldoqni libosiga taqishdan bosh tortdi.
Nemanyaning boshqalardan ajrab turganini media sezib qolgach esa, Instagramda bu borada o‘z pozisiyasini ma’lum qildi.
«Men ushbu ramzni taqib yurgan insonlarning nega bunday qilayotganliklarini to‘liq tushunaman va ularning bu qarorlarini hurmat qilaman. Turli urushlarda o‘z yaqinlarini yo‘qotgan insonlarning har biri bilan hamdardman.
Ammo shaxsan men uchun bularning barchasi — Vrelo qishlog‘idagi 12 yoshli nigohlari qo‘rquvga to‘la bolakayning xotiralarini yodga soladi. 1999 yilda mening yurtimni bombalashdi. Shunday bo‘lsa ham, shu paytgacha men bu ramzni taqib yurgandim, ammo endi bunday qilishni istamayman.
Bu ramzning Britaniya uchun naqadar ahamiyatli ekanini qabul qilaman, lekin biz hammamiz, ma’lum bir tarbiya va o‘tmish mahsulimiz va bu mening qarorim. Sabablarini yuqorida tushuntirib o‘tdim.
Umid qilamanki, meni bunday qarorga kelishimga nima majbur qilganini bildingiz va sizlar ham meni tushuna olasizlar. Men esa, o‘z diqqatimni keyingi o‘yinlarga, jamoamga yordam berish uchun jamlayman», — deb yozdi 31 yoshli yarimhimoyachi.
U talab etilsa, «Manchester Yunayted»dan ketishga ham tayyorligini qo‘shimcha qilgan.
Aslida, bu boradagi ziddiyatlar faqat Matich bilan boshlanmagani, hatto FIFA ham o‘z vaqtida bu ramz tufayli ziddiyat keltirib chiqargani haqida ko‘pchilik bilmasa kerak. Xo‘sh, qizg‘aldoq ramzi nimani anglatadi o‘zi?
«Qizg‘aldoq» tarixi
Buyuk Britaniya, Kanada, Yangi Zelandiya va Avstraliyada qizg‘aldoq Birinchi Jahon urushida halok bo‘lganlarning xotirasini ifoda qiladi. Urush maydonlarida ham o‘sadigan yagona gul bo‘lgan qizg‘aldoq haqida XIX asrda ham ko‘p aytishardi, ammo 1915 yildagi bir voqeadan so‘ng ushbu gulning ahamiyati yanada kattalashdi. Jon Makkrey ismli kanadalik jarroh frontda vafot etgan sherigini Belgiyaning qizg‘aldoqzorlaridan biriga dafn etadi va bu haqida juda ta’sirli she’r yozadi.
Oylar o‘tib, Makkrey she’rini Londondagi «Punch» jurnaliga yuboradi. «Flandriya dalalarida» deb nomlangan ushbu she’r juda mashhur bo‘lib ketib, birinchi jahon urushining o‘ziga xos shiorlaridan biriga aylanib ketadi. Urushdan so‘ng esa, qizg‘aldoq rasmini ko‘ksiga taqib yurish orqali, halok bo‘lganlarga hurmat bajo eta boshladilar, 1920 yildan boshlab, ipakdan to‘qilgan qizg‘aldoq ramzi Britaniyada ham urushda vafot etganlar xotirasini ifodalay boshladi.
Britaniyaning barcha klublari va terma jamoalari har yili 11 noyabrga yaqin bo‘lib o‘tadigan o‘yinlarda Xotira kunini nishonlaydilar, uchrashuvlar bir daqiqalik sukut bilan boshlanadi, stadionlarga urush faxriylari taklif etiladi, futbolkalarda qizg‘aldoqlar ramzi aks ettiriladi va tabiiyki, pul xayriya qiladilar. APL 2012 yildan beri Britaniya Qirolligi legionini quvvatlab keladi va shu paytgacha 1,5 milliard funt-sterlingga yaqin pul o‘tkazib bergan.
FIFA oxiri «mag‘lub bo‘ldi»
2016 yilda ushbu ramzlar bilan bog‘liq janjal ham bo‘lib o‘tdi. FIFA Britaniyadagi barcha terma jamoalarga gul taqilgan libosda o‘ynashni taqiqladi. FIFA amaldorlarining aytishicha, qizg‘aldoq — o‘z navbatida siyosiy belgi ham, va tashkilot qoidalariga ko‘ra, bunday tarzdagi ramzlar liboslarda aks etmasligi kerak.
Bunday taqiq 2011 yilda ham kuzatilgan va o‘shanda Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron vaziyatga aralashishga majbur bo‘lgandi.
«Bu juda g‘alati qaror. Erkinligimiz uchun o‘zlarini qurbon qilgan insonlarni xotirlab ramz taqishga siyosiy tus berish — absurd. Qizg‘aldoq ramzi — milliy g‘urur, hurmat belgisi», – degan edi o‘shanda Kemeron. Keyinchalik, shahzoda Uilyamning xatidan so‘ng FIFA ushbu taqiqni olib tashlashga majbur bo‘lgandi.
Ikki yil oldingi ziddiyat o‘yinlar boshlanguncha davom etdi va futbolchilar taqiqqa qaramasdan ramz tushirilgan futbolkalarda maydonga tushishdi. Javoban FIFA Futbol assosiasiyalariga jarimalar belgiladi. Inglizlar 44 ming dollar, Shotlandiya va Uels 20 mingdan, Shimoliy Irlandiya esa, 15 ming dollar jarimaga tortildi.
2017 yilda vaziyat sal yumshadi, FIFA bilan o‘n oyga yaqin muzokaralar olib borgan inglizlar reglamentga o‘zgartirish kiritishga erishdilar: endi liboslarda kichik ko‘rinishda bu ramz aks etishi mumkin, ammo raqib jamoasi va uning muxlislarining roziliklari ham inobatga olinishi shart.
Jeyms Makkleyn
Jeyms Makkleyn, irlandiyalik yarim himoyachi, «Sanderlend», keyinchalik, «Vest Bromvich» jamoasi vingeri, 2011 yildan buyon qizg‘aldoqqa qarshi ekanini bildirib keladi va namoyishkorona tarzda ushbu ramzni taqishdan bosh tortadi. Har yilning noyabriga kelganda Makkleynning bu qarori hatto o‘z klubi muxlislari tomonidan ham juda e’tirozlar bilan qabul qilinib keladi.
Makkleyn Derri shahrida tug‘ilgan. 1972 yilda u yerda qonli yakshanba bo‘lganini, britaniyalik harbiylar Shimoliy Irlandiyaning fuqarolik huquqlari bo‘yicha mitingga chiqqan tinch aholini o‘qqa tutganliklarini, oqibatda 13 kishi vafot etganini u ham eshitgan, albatta. 2010 yilda Devid Kameron o‘sha voqea uchun butun mamlakat nomidan uzr so‘radi, ammo Makkleyn bu uzrlarni «qabul qilmadi».
«Men har ikkinchi jahon urushi davrida o‘z vatani uchun jon bergan askarlarni hurmat qilaman, — deb izoh berdi Makkleyn. — Men uchun ularning xotirasi qadrli va agar qizg‘aldoq faqat ana o‘sha askarlarning xotirasini ifoda etganida, kerak bo‘lsa, har kuni uni taqib yurardim. Ammo bu ramz 1945 yildan keyin ham Britaniya armiyasida xizmat qilganlarni ham o‘z ichiga olar ekan, men uchun muammo boshlanadi. 1972 yildagi qonli yakshanba haqida eshitgan Irlandiya shimolidagi insonlar uchun bu butunlay boshqa narsa. Men uchun bu ramzni taqish go‘yoki o‘sha oqshom vafot etgan begunoh insonlarga nisbatan behurmatlik hisoblanadi. Hamma buni tushunishini istayman. Men erkak kishiman va mening tarbiyam e’tiqodimdan chetga chiqishimga yo‘l bermaydi».
Hozirda «Stok Siti» safida harakat qilayotgan Jeyms Makkleyn bu safar ham «qizg‘aldoq»dan voz kechdi. Buni bilib qolgan fanatlar o‘yin davomida futbolchiga nisbatan turli haqoratlar yog‘dirishdi. Chiday olmagan futbolchi Instagramida ba’zi muxlislarni tarbiyasiz g‘or odamlariga tenglashtirdi. Hozirda FA Makleynning bu bilan biror qoidani buzgan yoki buzmaganligini tekshirmoqda.
«Etti yildan beri har kuni menga tahdid qiladilar, o‘lim bilan qo‘rqitadilar. Bu gaplarni oilam va bolalarim eshitishga majbur bo‘ladilar, ammo o‘sha pallalarda hamma so‘qir bo‘lib qoladi va hech kim meni himoya qilishga oshiqmaydi», — deb FA tomonga tosh otib qo‘ydi Jeyms Makleyn.
Bizga nima?
Bu mavzuga kengroq to‘xtalganimizning yana bir sababi, e’tibor bergan bo‘lsangiz, bu ramz qaysidir ma’noda hamyurtlarimizga tanish bo‘lgan «Georgiy lentalari»ni ham eslatib yuboradi. Xuddi «qizg‘aldoq» singari, «georgiy lentalari» ham urushda halok bo‘lganlarning xotirasini ifodalaydi va lentalar haqida ham turlicha qarashlar mavjud.
Ba’zilar uchun bu lentalarda ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan yurtdoshlarimizning, ota-bobolarimizning yorqin xotirasi aks etsa, boshqa tarafdan, xuddi Makleynning fikri kabi, bu lentaning ham ma’nosi faqat II jahon urushi davri bilan cheklanmagan. Uning tarixi to Rus Imperiyasi davridagi gvardiya askarlariga borib taqaladi. Bu tomondan o‘z paytida yurtimizda bosqinchilik qilgan imperiyaning ramzlari sifatida bu lentalarga salbiy yondashish mantiqan to‘g‘riga o‘xshaydi.
Biz ham xuddi Nemanya Matich singari, «men o‘z vatanimga hurmatim yuzasidan bu ramzni taqmayman, ammo kimdir taqsa, uning ham qarorini ham qabul qilaman», deyishimiz ham mumkindek, eng to‘g‘ri yo‘l ham shu balkim. Ammo bu yerda yana bir jihatga e’tibor qaratishingizni istardim: Matich bu so‘zlarni Serbiyada turib, u yerdagi yurtdoshlariga emas, Britaniyada, inglizlarga qarata aytmoqda, nazarimda. Ya’ni, «bu sizning qadriyatingiz, menga esa, uzr» degan ma’noda...
Biz qayerdamiz?