«Yuventus» YECHL guruh bosqichi doirasidagi «MYU»ga qarshi bellashuvga hozirlik ko‘rayotgan pallada xorijlik kasbdoshlarimiz Miralem Pyanich bilan bafurja suhbatlashishga muvaffaq bo‘lishdi. Futbolchi ularga xunrezlik urushi arafasida turgan sobiq Yugoslaviyani qay tariqa tark etgani haqida gapirib berdi.
90-yillarda 3-liganing «Drini Zvornik» klubi sharafini himoya qilgan Faxridin Pyanich mamlakatning turli nuqtalarida to‘p surgani bois, ijtimoiy-siyosiy vaziyatning keskinlashib borayotganidan yaxshi xabardor edi. Shu sababli futbolchi yaqinda dunyoga kelgan to‘ng‘ich farzandi - Miralem va oilasini xavfsiz hududga olib ketish taraddudida yurardi. Lyuksemburgdagi do‘stlari ko‘magida Faxridin «Shifflanj» yarim professional jamoasi bilan kelishuvga erishib, biroz yengil tortdi. Sharti - to‘liqsiz ish kuni. Bundan tashqari, Pyanich bemalol ro‘zg‘or tebratishi uchun klub qo‘shimcha ish bilan ta’minlashga va’da berdi. Biroq rejani amalga oshirish uchun «Zvornik» Pyanich shartnomasini bekor qilishi va safarda talab qilinadigan hujjatlar bilan ta’minlashi kerak edi. Faxridinning ikki urinishi samara bermagach, uning rafiqasi - Fotima ishga kirishdi. U chaqaloq Miralemni ko‘tarib olgancha «Zvornik» ofisiga yo‘l oldi. Tabiiyki, go‘dak hech narsani tushunmasdi. «Oyim Bosniyani butunlay tark etishimizni istardi. Klubdagilar esa uning iltimosini rad etishdi. Ayni shu pallada men yig‘lab yuboribman. Oqibatda mutasaddilar nima qilishni bilmay qolishibdi. Birozdan so‘ng davlat kotibi talabni qondirishga rozi bo‘libdi: «Mayli, shu chaqaloq hurmati hujjatlaringizni beraman», - deya eslaydi Pyanich.
Muammoni hal qilgan o‘sha chaqaloq hozir 28 yoshda va seshanba oqshomida «Old Trafford»ni yig‘latgan «Yuventus»ning muhim qismi hisoblanadi. Go‘daklikda to‘kilgan o‘sha beg‘ubor ko‘z yoshlari u va oila a’zolari hayotini tubdan o‘zgartirib yubordi. Zvornikda yuzlab kishilar hayotdan bevaqt ko‘z yumgan, qolganlari boshpanalaridan judo bo‘lishgan paytda Pyanichlar Lyuksemburgda tinch-totuv turmush ne’matidan bahramand bo‘lishdi. Turinning Kontinassa tumanida qad rostlagan yangi shtab-kvartirada ota-onasi haqida hikoya qilar ekan, Miralemning ko‘zlari tobora chaqnab borardi: «O‘sha davrda ular juda yosh edilar - otam 22da, oyim 20da edi. Taqdir taqozosi bilan ular begona tilda so‘zlashadigan qo‘shni davlatga quruq qo‘l bilan yo‘l olishga majbur bo‘lishdi: 2 yoki 3 jomadondan bo‘lak hech vaqolari yo‘q edi. Ha, yosh oila Lyuksemburgdagi hayotini qaytadan boshladi. Tinimsiz mehnat evaziga asta-sekin ajoyib muhitni yaratishga muvaffaq bo‘lishdi. Ota-onam 27 yildan beri tinch-totuv hayot kechirishmoqda, kamchiliklari yo‘q. Lyuksemburgda dunyoga kelgan ukam va singlim yaxshi sharoitda ulg‘aymoqdalar. Begona yurtda shunday farovon turmush negizini yaratgan otam va onam men uchun namunalar. Har qanday yumushda ulardan ibrat olaman».
Faxridin kunduzi, Fotima tunda ishlashar, shu asnoda Miralem yolg‘izlanib qolmasdi. Bolakay har kuni otasi bilan «Shifflanj» mashg‘ulotlariga yo‘l olardi. Tez orada u otasi yordamida safar sumkasini tartibga keltirishga odatlandi. Ayrim tengdoshlari uchun mashaqqatdek tuyulgan yumushni Miralem zavq bilan ado etardi. Xullas, futbolga bo‘lgan qiziqish shu zaylda shakllanib, kun sayin ortib bordi.
«Otam xuddi men kabi yarim himoya chizig‘ida to‘p surgan. Sal ulg‘aygach, uning yaxshigina saviya sohibi ekaniga amin bo‘ldim. Professional darajada bamaylixotir faoliyat yuritish imkoniyati unda yo‘q edi. Chunki otam, avvalo, oila xavfsizligini ta’minlash bilan band bo‘ldi, futbolni birinchi o‘ringa qo‘ya olmadi. Ammo mening risoladagidek futbolchi bo‘lishim uchun qo‘lidan kelganicha harakat qildi», - deydi Miralem.
Otasi orzu qilgan maqomga ega bo‘lish uchun kichik Pyanich «Shifflanj» yoshlari tarkibidan «Mets», «Lion» va «Roma» klublarigacha bo‘lgan masofani bosib o‘tdi. Nihoyat, u «A» seriyaning doimiy grandi taklifiga ham sazovor bo‘ldi.
Italiyadagilar Pyanichni «pianist» deb atashadi. Aslida, u maydon markazidagi «solist»lar harakatini boshqarayotgan dirijyorga ko‘proq o‘xshaydi. «Har uchrashuvda o‘nlab «step over» yoki «bek xil»larni namoyish etadigan dribling ustalari toifasidan emasman. Menga o‘yindagi sodda harakatlar ko‘proq yoqadi. Aynan shu oddiylik futbolni maftunkor sport turi darajasiga olib chiqdi. Bir qarashda juda sodda tuyulgan harakatni risoladagidek amalga oshirish aslida oson emas. Bu hammaning qo‘lidan kelavermaydi. Men Zayniddin Zidan, Xavi, Andres Inyesta, Andrea Pirlo kabi yulduzlar o‘yinlarini yaqindan kuzatish sharafiga muyassar bo‘ldim. Ularning barcha harakatlari oddiy. Ammo ana shu oddiylikka yashiringan ikir-chikirlar jamoa o‘yiniga samara baxsh etadi. Bu futbolchilar vaziyatni boshqalardan ko‘ra teranroq his etadilar va to‘g‘ri qaror qabul qiladilar. Yakunda jamoa o‘z maqsadiga erishadi», - deydi yarim himoyachi.
«Step over» kabi fintlar xususida gap ketganda, ko‘z oldimizda Krishtianu Ronaldu gavdalanadi: «Agar Krishtianuning Manchesterdagi va hozirgi o‘yinlarini solishtiradigan bo‘lsak, uning sezilarli darajada o‘zgarganiga guvoh bo‘lamiz. Ortiqcha elementlardan xalos bo‘lgan sodda o‘yin Ronalduni dunyoning eng yaxshi futbolchisi maqomiga olib chiqdi. Chunki u har bir harakatidan samara olishni o‘rganib oldi. Krishtianu Skoulzning uslubi, mashg‘ulotlarda ter to‘kishidan lol qolgani haqida ko‘p o‘qiganman. Darhaqiqat, Pol o‘z harakatlaridagi oddiylikka putur yetkazmagan holda ajoyib uzatmalarni ijro etardi. O‘ylashimcha, Ronaldu Skoulzga o‘xshagan futbolchilardan andoza olgan», - deydi Miralem.
Uning o‘zi ham jamoasidagi kasbdoshlaridan ko‘p narsalarni o‘rgandi. Masalan, Juninyo Pernambukano Miralemga standart zarbalarini o‘ziga xos uslubda amalga oshirishni o‘rgatdi. Vaholanki, ular «Lion»da atigi bir mavsum yonma-yon to‘p surishgandi. Lekin ana shu qisqa vaqt ichida Pyanich tajribali jamoadoshidan 8-raqamni ham meros qilib olishga ulgurdi. Bu ikki futbolchi o‘rtasidagi do‘stona aloqa hamon davom etmoqda. «Ochig‘i, Juninyoning boshqalardan farqi shundaki, uning zarbalari doimo aniq bo‘lardi. Shuning uchun ham Pernambukano standartlar qiroliga aylandi», - deydi Miralem.
2011 yilda «Roma»ga o‘tgan Pyanich Italiya «A» seriyasida 15ta golni standart vaziyatlardan urdi. Ha, hozir uning imkoniyatlari biroz kamaydi, chunki Ronaldu bilan yonma-yon to‘p surmoqda.
Futbolning norasmiy taomiliga ko‘ra, jarima zarbalarini o‘ziga ishonchi ko‘proq bo‘lgan o‘yinchi amalga oshiradi. Bu borada hozircha Portugaliya vakiliga e’tiroz yo‘q. Ehtimol, Pyanichni mavjud holat qoniqtirmas, ammo u buni yuzaga chiqarmayapti. Miralem o‘z uslubini munosib tarzda namoyish etmoqda. 2016 yilda «Yuventus» safiga o‘tguniga qadar biror marta chempionlikka erisha olmagandi.
«Chiroyli futbol namoyish etadigan ahil jamoalarni yaxshi ko‘raman. So‘nggi yillarda «Napoli» juda mazmunli o‘yin ko‘rsatmoqda. Lekin sovrinlar-u kuboklar, baxtiyor muxlislar qurshovidagi bayramlar «Yuventus»ga nasib etdi. Mavsum davomida risoladagidek to‘p sursang-u, yakunda hech narsaga erisha olmasang, charchoq ta’siridan qutula olmaysan. Barcha harakatlaring behuda ketganiga achinasan. Samara bermagan saviya sillani quritishi tabiiy», - deydi Pyanich.
YECHL - so‘nggi yillarda «Yuventus»ga taslim bo‘lmagan yagona cho‘qqi. Jamoa 4 yil ichida 2ta finalga chiqdi. Ammo sovrinni raqibiga berib qo‘ydi. 2017 yilda Kardiff bevosita guvoh bo‘lgan «Real»ga qarshi bahsda (1:4) Pyanich «Keksa sinyora» safida edi. O‘sha o‘yinda «dubl»ga erishgan Ronaldu endi u bilan yonma-yon to‘p surmoqda. Bu esa jamoa muxlislariga qo‘shimcha umid baxsh etdi. «ECHL doimo «Yuventus» uchun muhim turnir bo‘lib kelgan. Bu gal biz musobaqani oxirigacha muvaffaqiyatli o‘tkazish niyatidamiz. Lekin barchasini bosqichma-bosqich amalga oshirmoqchimiz. Dastlabki marra - guruh bahslarini 1-o‘rinda yakunlash», - dedi Miralem.
Albatta, voqealar rivoji qanday kechishi noma’lum. Lekin «Old Trafford»dan muhim 3 ochko olib qaytgan «Yuventus»ning 100 foizli natija bilan dadil odimlayotgani Pyanichning e’tirofi shunchaki puch orzu emasligini isbotlab turibdi.