Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Uchinchi urinish umidi yoxud Florian Toven haqida

Uchinchi urinish umidi yoxud Florian Toven haqida

Baho:
+ | -

Ko‘pincha mahoratli yoshlar mashhurlikning dastlabki pog‘onalariga ko‘tarilib oladilaru, uning yukini ko‘tarib yurishga ojizlik qiladilar. Shon-shuhrat, boylik va ortiqcha hurmat-ehtirom ularning avvalgidek samarali to‘p surishlariga to‘sqinlik qila boshlaydi. Oqibatda, yosh iqtidor sohibining saviyasi pasayib ketadi. Xayriyatki, Florian Toven o‘z vaqtida xatosini tushunib, saviyasini tiklab olishga muvaffaq bo‘ldi. Quyidagi hikoya «Marsel» klubining yetakchi kuchiga aylangan futbolchi faoliyatidagi parvoz va omadsizliklar haqida.

 Barvaqt porlagan yulduz

2013 yil. Yoshlar o‘rtasidagi JCHning yarim finali. Fransiya - Gana bellashuvi. O‘yinning 74-daqiqasida fransiyaliklar tezkor qarshi hujumni amalga oshirishdi. O‘ng qanotda to‘pni qabul qilgan 20 yoshli Florian shiddat bilan markazga o‘tdi va kuchli zarba yo‘lladi. Uning «dubl»i evaziga «uch ranglilar» final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdilar. Uch kundan keyin Toven Urugvayga qarshi 120 daqiqa to‘p surib, yakunda jahon chempioni unvoniga sazovor bo‘ldi. Umuman, yarim himoyachi turnirning barcha uchrashuvlarida maydonga tushdi. Ammo Pol Pogba, Samyuel Yumtiti va Lyuka Din kabi yulduzlar orasida ortiqcha ko‘zga tashlanmadi. Vaholanki, musobaqa arafasida fransuz matbuotining e’tirofiga erisha olgandi. Masalan, «Valansyen»ga qarshi o‘yinda u 92 metr masofani 13 soniyada ortda qoldirib, darvozani zabt etgandi.

JCHdan keyin «bastiyachi» chempionga xaridorlar ko‘payib ketdi. Lekin tortishuvda omad «Lill»ga kulib boqdi. «Bu klub safiga o‘tganimdan mamnunman. «Lill» yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan jamoa. Yangi mavsumda unga 15ta gol sovg‘a qilmoqchiman. Asosiy maqsadim - tarkibdan mustahkam joy olish», - degandi yarim himoyachi o‘shanda. Biroq u mavsumning qolgan qismini «Bastiya»da ijarada o‘tkazdi. Tan olish kerak, Florian «surgun»da o‘zining yuksak mahoratini ko‘rsata oldi - 12 o‘yinda 7 gol. «Lill» ham pulni ko‘kka sovurmaganiga amin bo‘ldi. Biroq yarim himoyachining noyob iqtidoridan foydalanish unga nasib etmadi - Toven bu jamoada o‘ynash istagi yo‘qligini tan olib, mashg‘ulotlarda qatnashishdan bosh tortdi. Matbuotda esa futbolchining «Marsel» bilan muzokaraga kirishgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. «Lill» rahbariyati bunga e’tibor bermadi, iyun oyida quyidagi rasmiy bayonotni e’lon qildi: «Uning jamoani tark etishiga sabab yo‘q. Men bashoratchi emasman, ammo Tovenning jamoada qolishiga 99,9 foiz ishonchim komil. Mashg‘ulotlarni o‘tkazib yuborishi esa faqat o‘zi uchun zararli. Florian - «Lill»ning kelajagi. Uning Jervinyo va Dimitri Payet kabi buyuk futbolchilar safiga ko‘tarilishi uchun vaqtimni ayamayman». Bu e’tirof «Lill» prezidenti Mishel Seydiga tegishli edi.

«Jahannam»dagi bahs

Biroq «Marsel» Tovenni qo‘lga kiritish rejasidan voz kechmadi va uchinchi urinishda maqsadiga erishdi. Oqibatda jamoa iqtidorli yarim himoyachiga, «Lill» esa 15 mln.ga ega bo‘ldi. Xullas, hamma mamnun, faqat «Lill» muxlislari bundan mustasno edilar. Ular xoinlikni kechira olmadilar. «Marsel» libosida tashrif buyurgan futbolchi «qaynoq» qabulga duch keldi. To‘g‘ri, «Pyer-Morua»ga kelishi arafasida uning tiliga erk berib yuborgani ham ayni haqiqat: «Sobiq jamoamga qarshi o‘yin boshqalaridan farq qilmaydi. Meni qanday kutib olishlarini yaxshi bilaman. Lekin buning ahamiyati yo‘q. Men faqat g‘alaba va 3 ochko uchun maydonga tushaman». O‘sha oqshom futbolchi chinakam jahannam azobiga duch keldi. Uning to‘pga har bir teginishi nafratli uvillash bilan qarshi olindi, haqoratlar umuman tinmadi.

Garchi «Marsel» 0:1 hisobida yengilgan bo‘lsada, Tovenning tashvishlari yengillamadi. Aeroportda mahalliy muxlislar unga hujum qilish niyatida edilar. Faqat polisiya va xavfsizlik xizmatchilarining aralashuvi tufayli Florian Lilldan sog‘-salomat ortga qaytdi.

Angliya safari

Keyingi mavsumdayoq Toven «Marsel»ning asosiy o‘yinchisi maqomiga ko‘tarildi, 36 uchrashuvda maydonga tushib, 5ta gol urdi, 8ta golga assis­tentlik qildi. Biroq o‘sha paytda uni shaxsiy natijalar qiziqtirmasdi, Florian «Marsel»ning qatorasiga ikki mavsum sovrinlardan chetda qolganidan norozi edi. Shu tariqa o‘z mahoratini boshqa chempionatda sinab ko‘rish orzusi paydo bo‘ldi. Aynan shu sababli «Nyukasl» o‘z safiga chorlaganida darrov rozilik berdi. Aslida inglizlar Tovenga 2013 yilda ham og‘iz solishgan, lekin reja amalga oshmagandi. Qolaversa, «qarg‘alar»ning o‘sha tarkibida Fransiya vakillari ko‘pchilikni tashkil etib, Florianning yangi muhitga moslashishi oson kechishi kutilgandi. «U gol urishni ham, golli vaziyat yaratishni ham qoyillatadigan noyob iqtidor sohibi. Bu yerda yorqin o‘yin ko‘rsatishiga shubha qilmaymiz», - degandi Stiv Maklaren.

Ammo tumanli o‘lkada yarim himoyachi o‘z imkoniyatlaridan to‘liq foydalana olmadi. Faqat o‘ta dangasa kishigina uni tanqid qilmagan bo‘lishi mumkin. Hatto «Nyukasl» afsonasi Alan Shirer ham o‘zini tiya olmadi: «Bunisi endi ortiqcha. Jamoadoshlari mashg‘ulot bilan band bo‘lganlarida, u negadir beparvo. Nyomning («Uotford» himoyachisi) Tovendan o‘zib ketishiga e’tibor bering. Ehtimol, Fransiya chempionatida shunday o‘ynash mumkindir, ammo APLda bunga chidab bo‘lmaydi». Darhaqiqat, Toven Angliyadagi 13 uchrashuvda birorta samarali harakatni amalga oshirolmadi. Natijada «Marsel»ga «surgun» qilindi.

Daydi o‘g‘lonning qaytishi

Marseldagi dastlabki o‘yin ham Florian uchun omadsiz bo‘ldi. U «Monpelye»ga qarshi bahsning 59-daqiqasida maydonga tushib, 10 daqiqadan keyin to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka bilan «mukofotlandi». Lekin tez orada o‘zini o‘nglab, mavsumda 16ta gol urdi. Bunday sermahsullik bilan bemalol Angliyaga qaytishi ham mumkin edi. Biroq Toven uchun «Nyukasl» endi «zerikarli sahifa»ga aylangandi. «Marsel» esa shartnomadagi xarid qilish huquqidan foydalanib, Tovenni o‘z safiga qo‘shib oldi. Tez orada jamoaning o‘ta aqlli ishni amalga oshirgani oydinlashdi - yangi mavsumda yarim himoyachining samaradorligi ikki baravarga oshdi. Tabiiyki, bu yuksalish Didye Deshamning e’tiboridan chetda qolmadi va u Tovenni JCH-2018 ishtirokchilari ro‘yxatiga kiritdi.

Xo‘sh, Florianning faoliyatidagi keskin o‘zgarish boisi nima? Ko‘pchilik bu ijobiy holatni «Olimpik» bosh murabbiyi o‘zgarishi bilan bog‘lamoqda. Ha, Rudi Garsiya hujumkor uslub tarafdori. Yarim himoyachi esa uning sxemasida muhim o‘rin tutadi. Jamoaning qaysi taktikada o‘ynashiga qarab, Toven o‘z pozisiyasini o‘zgartirib turadi, kerak bo‘lsa qanotga, markazga o‘tadi va hujumni tashkil etishda faollik ko‘rsatadi. Bu borada uning dribling mahorati juda qo‘l kelmoqda.

Bundan tashqari, Florian ancha ulg‘aydi, har tomonlama kamolotga erishdi. «Marsel»ga ilk bora kelgan paytida g‘o‘r yigitcha edi, ulkan muvaffaqiyat boshini aylantirib qo‘ygani aniq. O‘shanda u o‘zini futbol qiroli o‘rnida tasavvur qilgan bo‘lsa, ajabmas. Lekin APLdagi bir yillik saboq uni «ettinchi osmon»dan yerga tushirdi-qo‘ydi. Qisqasi, Fransiyaga u tamoman boshqa futbolchi sifatida qaytdi.

Mo‘ljal - Bundesligani zabt etish

Yaqinda «Bavariya» Tovenni o‘z safiga taklif etishga tayyor ekani va buning uchun 50 mln. yevro ajratgani e’lon qilindi. Myunxenliklar fransiyalik futbolchini Frank Riberining vorisi o‘rnida ko‘rishmoqda. Yozda Riberining amaldagi shartnomasi yakuniga yetadi.

«Meni qoniqtirmayotgan yagona jihat shuki, biz YECHLda ishtirok etmayapmiz. Asosiy muammo shu. Albatta, «Marsel»da juda baxtiyorman, lekin boshqa variantlarni ham inkor etmayman», - dedi Toven.

To‘g‘ri, futbolchi klub miqyosida jiddiy yutuqlarga erishish niyatida, buni tushunish qiyin emas. Hozircha esa o‘z jamoasida samarali faoliyatini davom ettirmoqda - 8ta o‘yinda 6ta gol. Agar u boshqa jamoani ixtiyor etsa («PSJ»dan tashqari, albatta), muxlislar uni xoin sifatida emas, chinakam qahramondek kuzatib qo‘yishadi.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 14:05, 18.11.2018.
O'qildi: 2354 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.