Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli 1-2 Jenoa
28/12 19:00 Parma 2-1 Monsa
28/12 22:00 Kalyari 0-3 Inter
29/12 00:45 Lasio 1-1 Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul
30/12 00:45 Milan - Roma
30/12 22:30 Komo - Lechche

Mehmondo‘st Moldova «mo‘’jizalari»

Mehmondo‘st Moldova «mo‘’jizalari»

Baho:
+ | -

Mavsumning qoq o‘rtasida peshqadam jamoaning musobaqadan chetlatilishiga guvoh bo‘lganmisiz? Guvohni qo‘ya turaylik, hech bo‘lmasa eshitganmisiz? Moldovadagi mazkur voqea UYEFA mutasaddilarini shok holatiga solib qo‘ydi. Ammo bu mehmondo‘st o‘lkada yana shunday «mo‘’jizalar» bo‘lib o‘tdiki, ular tufayli Moldova dunyoga tanildi.

Yashil maydondagi quvlashmachoq

Yangi Anena shaharchasi sharafini himoya qiladigan jamoa hech qachon oliy ligaga chiqa olmagan. U qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan mahalliy tadbirkor Mixail Makovey tasarrufida. Muxlislar o‘rtasida katta hurmatga ega bo‘lgan «Misha amaki» olma va olxo‘ridan olgan daromadlarini «Roso»ga sarflar, jamoaning kuchli beshlik safidan joy olishini orzu qilardi.

Yangi asr avvalida «Roso» butun Yevropani o‘ziga qaratdi. Klub prezidentining jonkuyarligi, fidoyiligi evaziga, albatta. Kishinyovning «Politexnika»siga qarshi bellashuvda hakam mezbonlar darvozasi tomon penalti belgiladi. Misha amaki bu qarordan norozi bo‘lib, hakam bilan orani ochiq qilishga kirishdi. Ya’ni, maydon chetida turgan «Audi»siga o‘tirib, hakamni quva boshladi. Natijada yashil maydonda hakam va prezident o‘rtasidagi ajabtovur quvlashmachoq yuzaga keldi. Xayriyatki, hakamning chaqqon va tezkorligi antiqa poyganing fojiaga aylanishiga imkon bermadi - maxsus otryad mayori sifatida to‘plagan tajribasi tufayli darg‘azab haydovchining ta’qibidan omon qoldi. Qisqasi, epchil harakatlari evaziga shartli Jerri o‘zini muqarrar o‘limdan, shartli Tomni esa uzoq muddatli qamoq jazosidan saqlab qoldi.

Tabiiyki, darg‘azab klub sohibining hakamni quvib yurgani tasvirlangan lavha butun dunyoga namoyish etildi. Hatto nufuzli «Evrosport» kanali ham uni qayta-qayta ko‘rsatishga vaqtini ayamadi. Qiziqqon tabiati bilan alohida ajralib turadigan Kolumbiya, Argentina va Braziliyadagi muxlislar lavhani hayrat bilan kuzatishgani aniq.

Uchrashuv hakami tajovuzkor prezident ustidan sudga murojaat qilmoqchi bo‘lgandi. Biroq mojaro Makoveyning 2000 dollar jarimaga tortilishi bilan yakun topdi.

Ochilmay so‘lgan «Beshiktoshcha»

Turkiyada tug‘ilgan Odezmir Tarkan bolaligidan «Beshiktosh» shaydosi bo‘lib ulg‘aydi. Ammo suyukli jamoasi safida to‘p surishga muvaffaq bo‘lmagach, o‘zini biznesga urdi. Taqdir taqozosi bilan Moldovada tadbirkorning ishlari yurishib ketdi va Tarkan 2007 yilda o‘zining «Beshiktosh»ini tuzishga ahd qildi. Keyinchalik mualliflik huquqi borasida mojaro yuzaga kelmasligi uchun tadbirkor ishni Turkiya grandidan ruxsat olish bilan boshladi: «Biz Istanbul klubidan o‘z jamoamizni uning nomi bilan atashga izn so‘radik. U yerdagilar avvaliga hayron bo‘lishdi. Keyin jamoa nomi Moldovada ham yangrashini o‘ylab, rozilik berishdi. Men suyukli jamoam bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, akademiya tarbiyalanuvchilarini malaka oshirish uchun Moldovaga taklif etishni mo‘ljallagan edim», degandi Tarkan yangi jamoaning debyut o‘yini arafasida.

«Beshiktoshcha» turkiyalik akasiga o‘xshashi uchun biznesmen bor imkoniyatlarini ishga soldi: jamoaning uy uchrashuvlari serzavq turkcha qo‘shiqlar jo‘rligida o‘tdi, u gol urganida esa stadionda «Beshiktosh» madhiyasi yangrardi. Bundan tashqari, Tarkan jamoasining liboslari aynan «Beshiktosh» nusxasida, hatto uning ramzi - burgut ham bir xil edi.

Badavlat turkiyalik biznesmen qisqa vaqt ichida binoyidek tarkibni shakllantirdi - 21 yoshgacha bo‘lgan terma jamoa a’zolari, tajribali faxriylar va Moldova termasining sobiq o‘yinchilari Tarkanning taklifini mamnuniyat bilan qabul qildilar. Natijada «burgutlar» 2007 yilning kuzida parvozni boshlashdi va 1-davrada deyarli barcha raqiblarini osonlikcha mahv etgan holda qishki ta’tilga peshqadam maqomida chiqib ketdilar. Lekin bahorda Tarkanning biznesi inqirozga yuz tutdi. Oqibatda futbolchilarni o‘z vaqtida ish haqi bilan ta’minlashning iloji bo‘lmay qoldi, jamoa ketma-ket imkoniyatlarni boy bera boshladi. Yakunda g‘oliblik Tiraspolning «Sherif» klubi o‘rinbosarlariga nasib etdi.

Ha, Kishinyovning «Beshiktosh»i bor-yo‘g‘i bir yilga yetmagan umr ko‘rdi. Shunday bo‘lsada, Odezmir Tarkan alohida e’tiborga loyiq. O‘z orzusini ro‘yobga chiqarish uchun biznesmen begona yurtda jamoa tuzdi, unga suyukli klubi nomini berdi, muvaffaqiyatga erishishi uchun hech narsani ayamadi. Lekin eng kerakli pallada tadbirkor sheriklari uni chuv tushirishdi.

Sirli jamoaning sirli sohibi

«Eykomena» nomli sirli jamoa Moldova zaminida Viktor Vasilyev tufayli paydo bo‘ldi. Bu murabbiy uzoq vaqt Kishinyovdagi BO‘SMlarning birida faoliyat yuritgandi. Viktorning sobiq shogirdlaridan biri o‘z omadini izlab Britaniyaga yo‘l olgan va angliyalik biznesmen bilan tanishib qolgandi. Sirli biznesmenning o‘z futbol jamoasini tuzish orzusi ma’lum bo‘lgach, uni sirtdan Afanasyev bilan tanishtirdi. Moldovada hamma narsaning arzonligi, ish haqining ozligi angliyalik tadbirkor uchun ayni muddao bo‘ldi - u Viktor Afanasyevga bosh murabbiylik lavozimini taklif etdi. Murabbiy esa o‘z tarbiyalanuvchilari va sobiq shogirdlaridan binoyidek jamoani shakllantirdi. Futbolchilarning barchasi erkin agent maqomida, transfer xarajatlari nolga teng, shuningdek, bazaga ham ehtiyoj yo‘q, chunki ular Kishinyovda, o‘z uylarida istiqomat qilishadi. Uy uchrashuvlari uchun poytaxt yaqinidagi qishloq stadioni ijaraga olindi. Xullas, o‘ta tejamkor jamoa tayyor - faqat arzimagan ijara haqi va futbolchilarga beriladigan gonorar!

«Eykomena» esa mavsumni shiddat bilan boshlab, peshqadam bo‘lib oldi. Angliyalik prezident tarkibni yanada kuchaytirish maqsadida urugvaylik legionerni yuborganda, uning turar-joy masalasi ham xamirdan qil sug‘urgandek hal etildi - xorijiy futbolchi mahalliy himoya­chining xonadoniga joylashdi. Qo‘yingchi, sirli sohib ziqnaligi tufayli hatto o‘z jamoasini kelib ko‘rishni ham xohlamadi. U davrda «Vayber», «Telegram» kabi aloqa vositalari bo‘lmagani bois, murabbiy bilan muloqot qilish va klubni boshqarishda elektron pochtadan foydalanardi.

Ammo futbol olamidagi yagona virtual menejer qanchalik to‘satdan topilgan bo‘lsa, shunday yo‘qoldi. Ya’ni, bosh murabbiyning elektron maktublariga javob qaytarmay qo‘ydi. Urugvaylik legioner o‘z hisobidan bir amallab uyiga qaytdi, «Eykomena» mavsumni 16 jamoa orasida 12-o‘rinda yakunladi. Yangi mavsumda Afanasyev tarkibni to‘liq almashtirib, tekinga o‘ynashga rozi bo‘lgan yosh futbolchilarni jalb etdi. Biroq u ham tez orada zerikdi - 2009 yilning bahorida sirli jamoa faoliyatini to‘xtatdi. Bir yildan so‘ng Afanasyevni Rossiya terma jamoasining sobiq yarim himoyachisi Igor Dobrovolskiy Moldovada o‘zi tashkil etgan «Dobrovolskiy akademiyasi» jamoasining o‘rinbosarlariga murabbiylikka taklif etdi. Angliyalik sirli sohib haqida esa hech kim hech narsa eshitmadi.

8 golga 8 yil qamoq jazosi

Ha, klub sohibi bo‘lish orzusi odamni ne-ne ko‘chalarga yetaklamaydi, deysiz. Kirill Katruk bolalik orzusini ro‘yobga chiqarib, «Styaua» klubining rahbari bo‘ldi. Lekin buning uchun o‘z mablag‘ini emas, boshqa sarmoyadorlar - mahalliy aviakompaniya va armiya pullarini sarfladi. Avvaliga hammasi risoladagidek kechdi - OAV jamoaga «uchuvchilar» taxallusini hadya etishdi, tarkibga esa oliy liga jamoalari va xorijda to‘p surishga ulgurgan o‘yinchilar taklif etildi. Shu sababli «Styaua» debyut mavsumidayoq g‘oliblikka erishib, 2004|2005 yillar mavsumida elitadagi 8 jamoaning biriga aylandi.

Oliy diviziondagi startni «uchuvchilar» shov-shuvli natijalar bilan boshlashdi - avvaliga mamlakatning eng sovrindor klubi - «Zimbru» bilan tengma-teng o‘ynashdi, keyin yevrokubok musobaqalarining doimiy ishtirokchisi - «Tiligul» bilan qayd etilgan 1:1 hisobidan nolib yurishdi (so‘nggi daqiqada penaltidan foydalana olishmadi). Biroq tez orada jamoa parvoziga ko‘z tegdi: aviakompaniya va boshqa homiylar hamkorlikni to‘xtatishdi, o‘yinchilar maosh ololmay qoldilar, baza ijarasi muddati nihoyasiga yetdi. Oqibatda «Styaua» oraliq marraga bir amallab yetib keldi. Qishki ta’tilda Katruk yangi homiylar va sarmoya topishga va’da bergan bo‘lsada, vaziyat og‘irlashib bordi.

Bahorgacha biror-bir ijobiy o‘zgarishga erisha olmagan prezident «Styaua»ni sotib yuborishga qaror qilib, gazetalar va Internet orqali xaridor qidira boshladi. Lekin bu reja ham ish bermadi. Na baza, na stadion va na o‘quv maktabi bo‘lgan jamoa hech kimni qiziqtirmadi. Qisqasi, 2-davradagi 14 uchrashuvni boy bergan «uchuvchilar» 28 turda bor-yo‘g‘i 4 ochkoga ega bo‘ldilar, raqiblar darvozalariga 8ta gol urishdi. Qizig‘i, klub prezidenti o‘z faoliyatidagi qing‘irliklar uchun keyinchalik 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Ya’ni, jamoaning har bir goli uchun 1 yildan panjara ortida o‘tirdi.

«Veris» - xoinlik qurboni!

2011 yilda Draganeshta qishlog‘ining fuqarosi Vladimir Nikulaisa tashabbusi bilan «Veris» klubi dunyoga keldi. Mahalliy biznesmen jamoa ravnaqi uchun barcha sharoitni muhayyo qildi. Natijada debyut mavsumdayoq «Veris» tuman chempioni bo‘ldi. Muvaffaqiyatdan ishtahasi ochilgan prezident qishloqdagi faoliyatga qanoat qilmay, jamoani Kishinyovga ko‘chirdi va 3-ligaga qabul qilindi. Uch yildan keyin esa klub sohibi kabinetini 2ta ligadagi chempionlik unvonlari, oliy liganing bronza medallari va mamlakat kubogi finalidagi alamli mag‘lubiyat uchun berilgan kumush jetonlar bezatib turardi. Devorda esa «Veris»ning YELdagi raqibi - Bolgariyaning «Liteks» klubi vimpeli joy olgandi.

Yangi mavsumda YECHL yo‘llanmasini mo‘ljallagan Nikulaisa tarkibni legionerlar bilan kuchaytirdi. 2014|2015 yillar mavsumining 16 turidan keyin «Veris» yakka peshqadam bo‘lib turgandi. Ammo... 17-turda ishbilarmon prezident jamoani maydonga tushirmadi va musobaqada ishtirok etishdan bosh tortdi. Avvaliga hazil tariqasida qabul qilingan xabar hatto UYEFAdagilarni ham hayron qoldirdi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, «Veris»ning bir o‘yinchisi aslida Ukrainada tug‘ilgan va Moldovaning qalbaki pasporti yordamida mahalliy futbolchi sifatida to‘p surgan. Bu ma’lumotni raqobatchilarga o‘z xizmatchisi yetkazganiga chiday olmagan prezident bor alamini o‘zi tashkil etgan jamoaga sochdi, g‘irromliklar tufayli futboldan ko‘ngli qoldi. «Veris» esa jonajon qishlog‘iga qaytdi.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 14:07, 18.11.2018.
O'qildi: 2503 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.