«Brayton» klubi forvardi Florin Andone (Ruminiya) faoliyatidagi eng yaxshi onlar, «Barselona» yulduzi Lionel Messi bilan uchrashuvi va Ispaniya poytaxtiga sayohatlarini yodga oldi. 25 yoshli futbolchi shu yilning yozida «Deportivo La-Korunya»dan tumanli o‘lkaga ko‘chib o‘tgandi. «Brayton» jurnalistlari APLning navbatdagi tur uchrashuvi oldidan Andoneni suhbatga tortib, uning hayotiy tajribasi va faoliyatiga bog‘liq turli savollarga javob olishdi.
- Faoliyatingizdagi eng yaxshi golni eslay olasizmi?
- Bu ikki yil oldin «Deportivo» va «Sevilya» o‘rtasidagi uchrashuvda sodir bo‘lgan. O‘shanda o‘z maydonimizda 2:0 hisobida zafar quchgandik. Shubhasiz, bu mening eng yaxshi gollarimdan biri edi. Qanotdan harakatlanib, to‘pni raqib himoyachisining oyoqlari yonidan o‘tkazganman. So‘ng yana to‘pga egalik qilib, yana ikki futbolchini aldab o‘tganman va chap oyog‘imda darvozani ishg‘ol qilganman. Kiper o‘ziga yaqin bo‘lgan ustun tomon harakatlangan, ammo men o‘rtani mo‘ljalga olganman. Bu golni bir marta ko‘rishingiz kerak!
- Qaysi stadion ko‘proq yodingizda qolgan?
- Albatta, «Santyago Bernabeu». Bu arena g‘aroyib! «Real Madrid» - mening eng sevimli jamoam. Ularni juda yaxshi ko‘rardim! Krishtianu Ronaldu, Kasilyas, Bekxem, Figu, Roberto Karlos... Bu stadionda to‘p surishni hamisha orzu qilganman. Ilk marta «Bernabeu»ga borganimda, lol qolgandim. Suyukli klubimga qarshi o‘ynash esa ikki karra yoqimli bo‘lgan. U yerda ikki marta maydonga tushganman va har ikkisida mag‘lubiyatga uchraganmiz. «Real»ga qarshilik ko‘rsatish mushkul. Birinchi o‘yinda 2:3 hisobida yutqazganmiz: 95-daqiqada Serxio Ramos burchakdan uzatilgan to‘pni boshi bilan darvozaga aniq yo‘llagandi. O‘sha bahs juda og‘ir o‘tgan. Angliyadagi stadionlarda hukm suradigan muhitdan bahra olmoqchiman, ayniqsa, «Liverpul» va «Manchester Yunayted» singari klublarning arenalarida. «Old Trafford» qoyilmaqom! U yerga borib, o‘sha tuyg‘ularni his qilmoqchiman.
- O‘zingiz ishtirok etgan eng esda qolarli o‘yin qaysi?
- Faoliyatimdagi eng muhim bahs «Stad de Frans»da o‘tgan - Yevro-2016 doirasida Fransiya termasiga qarshi o‘yin. Stadion liq to‘lgandi. Taxminimcha, 80 ming tomoshabin kelgandi. Jamoamiz bu uchrashuvni butun dunyo kuzatishini bilardi. Afsuski, o‘ta qiyin o‘tgan o‘sha o‘yinning so‘nggi daqiqalarida to‘p o‘tkazib yuborib, mag‘lubiyatga uchraganmiz. Juda yaxshi o‘ynab, 1:1 hisobini saqlab turgandik, lekin 89-daqiqada Dimitri Payet fransuzlarning g‘alaba goli muallifiga aylangandi - uning o‘sha paytdagi harakatlari tahsinga sazovor. Shaxsan o‘zim haqimda gapiradigan bo‘lsam, «Santyago Bernabeu»dagi ilk o‘yinimni tanlayman. O‘sha uchrashuvdan yorqin taassurotlar qolgan. O‘zim darvozani ishg‘ol qilmaganman, ammo bitta golga assistentlik qilganman. Kazemirodan to‘pni olib qo‘yib, uni Xoselu tomon uzatgandim. Hozir bu futbolchi «Nyukasl»da o‘ynayapti. «Real» darvozasiga urilgan ikkita golga ham Xoselu mualliflik qilgandi. Adashmasam, o‘sha bahsda 70 daqiqa to‘p surganman, biroq bu chin ma’noda mening eng yaxshi o‘yinim edi.
- Endi jamoangiz uchun o‘ta muhim bo‘lgan o‘yinni yodga olsak.
- Ehtimol, bu birinchi mavsumimda «Vilyarreal»ga qarshi o‘tkazgan uchrashuv bo‘lsa kerak. Biz safarda 0:0 hisobini qayd etib, La Ligada qolgandik. Bu o‘ta muhim va og‘ir o‘yin bo‘lgandi. «Vilyarreal» o‘sha kezlari Yevropa Ligasida qatnashar, biz esa elitada qolish uchun kurashayotgandik. Mavsum yakunigacha ikkita bahs qolgandi. O‘shanda necha kilometr yugurganimni bilmayman, ammo 90 daqiqa maydonning har bir qarich yeri uchun kurashgandim, bor kuchimni ishga solgandim. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, biz haqiqiy jamoaviy o‘yin qilgandik. Keyingi uchrashuvda «Barselona»ni 2:1 hisobida mag‘lub etgandik. Ajoyib g‘alaba! Ammo bu unchalik muhim emasdi - asosiysi, biz La Ligada qolishni uddalagandik. O‘sha ikki o‘yinda turlicha hissiyotlarni boshdan kechirgandim, ammo «Vilyarreal» bilan qayd etilgan durangdan so‘ng o‘zimni baxtiyor sezgandim.
- Sizga qarshi o‘ynagan eng yaxshi futbol kim?
- Lionel Messi. O‘zim Krishtianu Ronalduning muxlisiman va o‘ylashimcha, u va Messi - futbol tarixidagi eng yaxshi o‘yinchilardir. Maradona ham, Pele ham emas. Messi va Ronaldu eng yaxshisi! Leo noyob shaxs. Ronaldu - maydondagi «qotil»: gollar, gollar va yana gollar, shunga qaramay yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rishda davom etadi. Messi esa boshqacha. Maydonda ro‘parangizdan chiqib qolsa, undan to‘pni olib qo‘yish mushkul. Lionelga qarshi ilk marta «Kordoba» safida to‘p surganman, uning 3ta gol urishini taxmin qilganman. Biz «Barselona»ning kuchli tarkibiga 0:8 hisobida yutqazgandik! Messi, Neymar, Suares uchligi ajoyib o‘yin ko‘rsatgandi. Messi va Ronaldu deyarli teng darajadalar, faqat Lionel barqarorlikni saqlashda ustun. U hamma narsani bijaradi: to‘pni qabul qiladi, uni raqibdan olib qo‘yadi, samarali uzatmalar beradi, gollar uradi - barchasini qoyilmaqom tarzda uddalaydi! Ronaldu ham yaxshi, ammo qaysidir jihatlari bilan Messidan biroz orqada. Biroq yana takrorlayman, bu ikkovlon jahonning eng yaxshi futbolchilari!