«Tottenxem» va «Manchester Yunayted» klublarining sobiq hujumchisi, bolgariyalik Dimitar Berbatov FourFourTwo jurnali uchun intervyu berib, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
- SSKAda o‘ynab yurganingizda sizni o‘g‘irlab ketishgani rostmi?
- Umuman olganda, bu o‘g‘rilik bo‘lmagan. Yosh bo‘lganim uchun rosa qo‘rqqanman. Meni yarim tunda notanish joyga olib borib, boshqa klubga o‘tishimga majburlamoqchi bo‘lishgan. Ular Bolgariyadagi eng katta bosqinchilar guruhi a’zolari edilar. Xayriyatki, ziyon ko‘rmaganman.
- Aytishlaricha, SSKA yoshlar jamoasida o‘ynayotganingizda, Martin va Stiliyan Petrovlar bilan birga sizning ham umuman pulingiz bo‘lmagan ekan. Natijada kafeda ovqatlanib, nasiyani boshqa futbolchilar nomiga yozdirib qo‘yar ekansizlar. Shu rostmi?
- To‘g‘ri, pulimiz yo‘q edi. Yosh bo‘lganimiz uchun ayyorlikni o‘rganganmiz. Yoshi katta futbolchilar biz uchun ham nimalarnidir xarid qilishardi. Ba’zida nasiya qilib, ularning nomlarini yozdirib qo‘yardik. Yoshlar jamoasidagi futbolchilar bilan birga yashardik. Oilalarimiz oziq-ovqat jo‘natishardi. Yeguligimiz tugaganidan so‘ng pul yig‘ardik. Ichgani hech nima qolmaganida, konserva tuzlamalarning bankalarida qolgan suvlarni ichardik. U juda sho‘r bo‘lardi. Lekin boshqa narsa topolmasdik. 16 yoshda edim. O‘sha yillar hayotimdagi eng qiyin damlar bo‘lgan. Ba’zida o‘tirib shu davrlarni eslab qolaman. Ammo bu foydadan xoli bo‘lmagan, aynan o‘sha kunlar meni kuchli qilgan.
- Bir paytlari «Bayer» safida YECHL finalida mag‘lubiyatga uchragansiz. O‘shanda «Real» yetakchisi Zidanning ajoyib goli o‘yin taqdirini hal qilgandi.
- Faoliyatimdagi eng og‘riqli lahzalardan biri. Zidan zarbani amalga oshirgan payt uning ortida turgandim. Biz gigantlarga «urush» e’lon qilgan kichkina jamoa sifatida hattoki, bosh sovringa haqli edik. Final yo‘lida «Manchester Yunayted» va «Liverpul»ni dog‘da qoldirganmiz. Buni bizdan hech kim kutmagandi. Umuman olganda, o‘sha mavsum biroz omadsiz kelgan. YECHLdan tashqari, Germaniya chempionati va kubogida ham ikkinchi bo‘lganman. Vaholanki, «xet-trik» qayd etishimiz hech gap emasdi. Tarkibimizda Mixael Ballak, Ulf Kristen va Ze Roberto kabi buyuk futbolchilar to‘p surishgan. Ulardan ko‘p narsa o‘rganganman.
- 2004 yili Xans Yorg-Butt darvozasiga antiqa gol urilganidan so‘ng «Bayer»ning asosiy penaltichisi bo‘lgansiz. Bu o‘sha voqeaga bog‘liqmidi?
- «Shalke» futbolchisi darvozamizni maydon markazidan ishg‘ol qilganidan keyinmi? Qiziq holat kuzatilgan. Yorg bizning darvozabonimiz bo‘lishi bilan birga asosiy penaltichimiz edi. 11 metrli jarimani aniq amalga oshirganidan so‘ng Butt golni jamoa bilan nishonlashga kirishib ketdi. O‘zini xuddi Marko van Bastendek tutgandi. Xans nishonlash bilan ovora bo‘lgan paytda «Shalke» tezda o‘yinni boshladi va Mayk Xanke to‘pni darvozamizga yo‘lladi. Biz «Yorg, nima qilyapsan?!» deb qiyqirib qolaverganmiz. Shundan so‘ng penaltini men tepaman deganman.
- Nima uchun «Tottenxem»ni tanlagansiz? U paytlari «shporlar» Yevropada unchalik nom qozonishmagandi?
- «Bayer» safida ketma-ket gollar urardim. Agentim «Tottenxem» qiziqayotganini aytdi. Men esa: «Nima? Men «Yunayted», «Barselona» yoki «Real» kabi buyuk klublarda o‘ynashni istayman», deb o‘ylab qoldim. Yoshlik qilgan ekanman. Keyin «Tottenxem»ni o‘rganib chiqdim. Qarasam, stabil jamoa ekan. Bu klubni Martin Yol boshqarardi. Ushbu mutaxassis «Bu mening o‘yinchim. U menga kerak», degan.
- Martin Yolning oxirgi o‘yinlarida siz zaxirada o‘tirib, «razminka»ga chiqmagansiz. Nima uchun?
- Menga «Manchester Yunayted» qiziqayotganini bilganimdan so‘ng o‘zimni boshqacha tuta boshlaganman. Agar transfer haqida o‘ylay boshlasangiz, o‘zingizga o‘zingiz muammo ortirib olasiz. «Nyukasl» maydoniga safar uyushtirganimizda xuddi shunday bo‘lgandi. Zaxirada o‘tirardim va o‘ynashni istardim. Ikkinchi bo‘limda mashq qilib turishimni so‘rashdi. Men esa «shart emas, o‘ynashga tayyorman», dedim. Yosh bo‘lsangiz, o‘zingizga ko‘p ishonib yuborasiz. Maydonga tushganimdan so‘ng o‘yinim qovushmadi. O‘shanda murabbiylarga nisbatan hurmatsizlik qilgandim. Keyinchalik uzr so‘raganman. Chunki Martin ajoyib inson. U qilig‘imni yuragiga yaqin olmagan.
- 2008 yili Liga kubogi finalida peanltini aniq amalga oshirganingizda o‘zingizni qanday his qilgansiz?
- Bu juda xavotirli vaziyat edi. «Uembli»da, 90 ming muxlis qarshisida penaltini tepishim kerak edi. Petr Chex darvozada, «Chelsi» va «Tottenxem» finalda. O‘sha vaziyat hammasini o‘zgartirib yuborgan. Chunki «ko‘klar» favorit edilar. Yakunda kubokni boshimiz uzra ko‘targanmiz. Bu «Tottenxem»ning ko‘p yillardan beri qo‘lga kiritgan ilk sovrini edi. Undan keyin ham hali sovrin yutilmadi.
- 2008 yili «Manchester Yunayted»ga o‘tishingiz oson kechganmi?
- Yengil bo‘lmagan. Futbolchilar muntazam ravishda klublarini o‘zgartirishadi. Men shunchaki o‘z yo‘limdan borganman. Bolaligimdan buyuk klublarning birida o‘ynashni orzu qilganman. Qarorim ko‘pchilikni xafa qilishini bilganman. Lekin orzuim yo‘lidan ketganman.
- «Yunayted»dan tashqari «Manchester Siti» bilan ham shartnoma imzolashga yaqin kelgan ekansiz. Bu qanchalik haqiqatga yaqin?
- To‘g‘risini aytsam, shartnomaga yaqin kelmaganman. Agentim «Siti»ning qiziqishi haqida aytgan. Ammo unga «Boshqa klublar haqida gapirma, faqat «Manchester Yunayted»da o‘ynayman», deganman. Bu «Siti» Robinyo bilan shartnoma imzolashidan bir kun oldin ro‘y bergandi. O‘shanda agentim «shaharliklar»ning ko‘proq maosh berishlarini aytgan. Lekin «Yunayted»ga o‘taman deganimda ko‘zlarim yonardi. Bu to‘g‘ri qaror edi. Hamisha cho‘qqilarni zabt etishni istaganman. Ayniqsa, Sharqiy Yevropaning kichik mamlakatidan bo‘lsangiz, shunday qilgingiz keladi. Butun faoliyatim davomida tinimsiz mehnat qilganman. Jahonning buyuk klublaridan biriga yo‘l olish men uchun mukofot edi.
- Ueyn Runi, Karlos Teves va Krishtianu Ronaldu haqidagi qiziq voqealarni eslay olasizmi?
- Ronalduning qanday mashq qilishini ko‘rsangiz edi. U mashg‘ulotlarga hammadan oldin kelib, oxiri ketardi. Keyin zalga borardi. Ko‘rib turganingizdek, u zamonamizning eng yaxshi o‘yinchilaridan biri bo‘ldi. Ueyn Runi maydondagi eng muhim o‘yinchi edi. U yosh futbolchilarning jamoaga kirishib ketishlariga yordam berardi. Garchi Ueyn sardor bo‘lmasada, o‘zini shu rolda yaxshi ko‘rsatardi. Giggz, Skoulz, Gari Nevill kabi futbolchilar mashg‘ulotlarda ham yetakchi bo‘lishgan.
- Oyna oldida kim ko‘p vaqt o‘tkazardi - sizmi yoki Ronaldu?
- Bizda oynalar ko‘p edi. Kiyinish xonasiga kirsangiz men, Ronaldu, Rio, Evralarni ko‘rardingiz. Ajoyib vaqtlar edi.
- Sizni Erik Kantona bilan taqqoslashlari borasida qanday fikrdasiz?
- Buni yoqtirmaganman. Hech qachon birovga o‘xshashga harakat qilmaganman. Umuman olganda, solishtiruvni noto‘g‘ri deb hisoblayman. Futbolchini boshqasiga taqqoslash uni bosim ostida qoldiradi. Chunki hamma har xil o‘ynaydi. Hech kim Kantonaga o‘xshay olmaydi. Chunki u o‘zgacha. Men esa o‘z o‘yinimni namoyish qilganman.
- «Liverpul» bilan o‘yinda «xet-trik» qayd etganingiz «MYU»dagi eng esda qolarli kunlaringizdan birimi?
- Ha. Chunki biz «Liverpul»ga qarshi o‘ynab, g‘alaba qozonganmiz. O‘shanda ajoyib formada edim va istaganimni qilganman. Ayniqsa, chalqancha usulda urgan ikkinchi golim juda chiroyli chiqqandi.
- Siz yoqtirgan hujumchi kim?
- Ikki forvardni yoqtiraman. Ulardan biri Alan Shirer. U har qanday pozisiyadan gol urishi mumkin. Uning gollarni qanday nishonlaganini eslaysizmi? «Blekbern»ga muxlislik qilardim. Chunki bu jamoada Shirer o‘ynardi. Xullas, «Nyukasl»ga mehrim tushdi. Ota-onam shu klubning 9-raqamli futbolkasini olib berishgan. Negaki, Shirerni juda yoqtirishimni yaxshi bilishardi. Keyin o‘sha libos yo‘qolib qoldi. Yaqinda uni onamning uylaridan topib oldim. Juda xursand bo‘lib ketdim. Yana bir yoqtirgan futbolchim Marko van Basten bo‘lgan. Uning o‘yin uslubini o‘zlashtirishga intilardim.
- Bir o‘yinda «Blekbern» darvozasini besh bor ishg‘ol qilib, Shirerning natijasini takrorlaganingizdan faxrlanasizmi?
- Agar Pol Robinson bo‘lmaganida, oltita urishim ham mumkin edi. Men bir o‘yinda beshta to‘p kiritgan dastlabki xorijlik futbolchi bo‘lganman. Shirer va Endi Koul singari bir o‘yinda «penta-trik» qayd etish yoqimli. Jahonning eng kuchli ligasida bitta uchrashuvda beshta gol urish buyuk natija.
- 2009 yilgi YECHL finalida zaxirada o‘tirgansiz. 2011 yili «Uembli»da kechgan finalda esa, hattoki, o‘yin ro‘yxatiga ham kiritilmagansiz. Bundan jahlingiz chiqqanmi?
- U yerda o‘ynashga haqli edim. Shunga ranjiganman. Lekin murabbiyning qarori shunday edi. Keyinchalik u meni maydonga tushirmay xato qilganini tan olgan. Buning uchun Ser Aleksdan xafa emasman. Bo‘lar ish bo‘ldi. Maydonga tushgan taqdirimda ham hech nimani o‘zgartira olmasdim. Chunki o‘sha paytdagi «Barselona» juda kuchli edi.
- «Oltin butsa»ni qo‘lga kiritganingizdan so‘ng 2011-2012 yillar mavsumida Aleks Fergyuson sizni zaxira o‘yinchisiga aylantirib qo‘ygandi. Nima uchun?
- Bilmayman. O‘shanda jamoa Xavyer Ernandesni xarid qilgandi. U boshqacha o‘yinchi va yosh edi. O‘ynamayotganingizdan jahlingiz chiqadi va bunga javob olishga harakat qilasiz. Ser Aleksdan hamisha maydonga tushmayotganimning sababini so‘rardim. Balki bu bilan uning joniga tekkan bo‘lsam kerak.
- 2012 yili nima uchun «Yuventus»ga o‘tmay, «Fulxem»ni tanlagansiz?
- Chunki Angliyani yaxshi ko‘rardim. Boz ustiga, jamoani Martin Yol boshqardi va asosiy tarkibda maydonga tushishimga ishonganman. O‘sha paytda bu men uchun muhim edi. O‘ynamay qo‘ysangiz, o‘zingizga bo‘lgan ishonch yo‘qolib boradi. Yol hamisha menga ishonardi. «Tottenxem» ham ortga qaytarishni istagan. Lekin Martinga va’da berib qo‘ygandim. «Fulxem»ga o‘tganimdan so‘ng bir mavsumda 15ta gol urganman.
- «Monako»da o‘ynaganingizda, jamoaning shunchalik yuqori cho‘qqilarga chiqa olishini sezganmisiz?
- Avvaliga yosh futbolchilar mashg‘ulotlar paytida atrofimda juda tez harakat qilishardi. «Nahotki qarib qolgan bo‘lsam?» deb o‘ylab qolardim. O‘shanda 33 yoshda edim. Xames, Falkao va Martiallarning mendan tezligi shundoq ko‘rinib turardi.
- Chekishingiz mashg‘ulotlarga xalaqit bermaganmi?
- Bu men haqimda tarqatilgan yolg‘onlardan biri. Chunki hayotim davomida umuman chekmaganman. Do‘stlarim chekishardi va ularga qarshilik qilardim. Shunchaki, bir safar sigareta chekayotgandek suratga tushganman. Shundan so‘ng gap-so‘zlar tarqalib ketgan.