Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli 1-2 Jenoa
28/12 19:00 Parma 2-1 Monsa
28/12 22:00 Kalyari 0-3 Inter
29/12 00:45 Lasio 1-1 Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul
30/12 00:45 Milan - Roma
30/12 22:30 Komo - Lechche

Shartnomalardagi ajabtovur talablar

Shartnomalardagi ajabtovur talablar

Baho:
+ | -

Yaqinda matbuotda Aleksandr Ryazansevning «Ximki» klubi bilan imzolagan shartnomasidagi e’tiborli jihatlar e’lon qilindi. Unga ko‘ra, yarim himoyachiga chilim chekish taqiqlangan. Soccer.ru shu kabi antiqa taqiq va talablarni e’tiboringizga havola etishni lozim topdi.

10-o‘rin. PEDIKYUR

30ga chiqquniga qadar Gresiyaning AYEKiga yetib borgan Dmitriy Chigrinskiy faoliyatining gullagan davrida «Shaxtyor»dan nomdor «Barselona»ga o‘tgan bo‘lsada, sarflangan 25 mln. yevroni oqlay olmadi. Lekin top-klubning ichki sir-asrorlaridan to‘liq xabardor bo‘ldi. Uning hikoyasidan pedikyur mavzusi e’tiborni tortdi. Ukrainalik himoyachining aytishicha, Kataloniya grandi har bir futbolchining shart­nomasiga mustaqil ravishda tirnoq olmaslik bandini albatta kiritar ekan. Ma’lum bo‘lishicha, bu taqiq to‘p tepish uchun eng muhim a’zo - oyoqqa shikast yetishiga yo‘l qo‘ymaydi. Futbolchi haftasiga kamida bir marta pedikyur qabulida bo‘lib, tirnoqlari holatini nazoratdan o‘tkazishi shart ekan. 

9-o‘rin. IRQCHILIKKA O‘RIN YO‘Q!

Bu hikoya ham «Barselona»ga tegishli. 2010 yilda jamoa tarkibiga qo‘shilgan David Vilya shartnomasida irqchilikka oid harakatlar uchun yirik jarima belgilangan dastlabki futbolchi bo‘ldi. Bunday keskin choraga qo‘l urishga futbolchi sabab bo‘lganmi yoki klub o‘z nufuzini muhofaza qilish uchun shunday bandning kiritilishini lozim topganmi, bizga noma’lum. Lekin fakt faktligicha qolaveradi. 

8-o‘rin. CHILIM CHEKISH MUMKIN EMAS

«Rubin» hamda «Zenit» jamoalarining sobiq yarim himoyachisi Aleksandr Ryazansev «Ximki»da moliyaviy jazoga duch kelishi mumkin. Chunki uning shartnomasida stadion yoki mashg‘ulot bazasi hududlarida chilim chekkanlarga mukofot pulining 30 foizigacha (taxminan 60 000 rubl) jarima belgilanishi ko‘rsatilgan. Shuningdek, spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlari iste’moli ham taqiqlangan. Qizig‘i shundaki, odatda professional sportchini sog‘lom turmush tarziga targ‘ib etish uchun rag‘bat choralari belgilanadi. Biroq bu Rossiya, og‘ayni!

7-o‘rin. HARBIY  MASALADAN XOLI

2002 yilda germaniyalik mutaxassis Bernd Shtange Iroq terma jamoasidan manfaatli taklif olgan, biroq uni qabul qilishda uzoq o‘ylanib qolgandi. Boisi, Yaqin Sharqdagi notinch vaziyat murabbiyni jiddiy xavotirga solgandi. Nihoyat, Shtange shartnomaga 2ta muhim bandni qo‘shimcha qilish sharti bilan hamkorlikka rozi bo‘ldi. Birinchidan, u matbuot anjumanlarida siyosiy mavzudagi har qanday savolga javob qaytarmasligini ma’lum qildi. Ikkinchidan, Iroq qandaydir harbiy mojaroga aralashib qolgan taqdirda, murabbiy bilan terma jamoa o‘rtasidagi kelishuv o‘z kuchini yo‘qotishi, mutaxassis barcha majburiyatlardan ozod bo‘lishi belgilab qo‘­yildi. 

6-o‘rin. TRAMPLIN  PARVOZLARI

Hozir ekstremal sport turlari bilan shug‘ullanmaslik haqidagi band har bir futbolchining shart­nomasiga kiritilgan. Lekin bundan chorak asr muqaddam bunday cheklov urf bo‘lmagandi. Shu sababli Stig Inge Byornebyu shartnomasidagi qo‘shimcha band ajabtovur ko‘rinish olgandi. 1992 yilda norvegiyalik himoyachi «Liverpul»ga o‘tgach, nafaqat uning o‘zi, balki otasi ham tramplindan sakrash bo‘yicha mamlakat olimpiya terma jamoasining a’zolari ekani 
ma’lum bo‘ldi. Futbolchining shikastlanishi mumkinligidan xavotirga tushgan mutasaddilar uning chang‘i tramplinlaridan 200 yard uzoqlikda yurishini belgilab qo‘ydilar. 

5-o‘rin. TISHLASH MAN  ETILADI

2014 yilda «Barselona»ga o‘tishidan avval Luis Suares 4 oyni diskvalifikasiya jazosini o‘tashga sarflagandi. Boisi, u JCH-2014da Jorjo Kyellinini tishlab olgandi. Afsuski, bu urugvaylik hujumchining dastlabki «xurmacha» qilig‘i emas: Angliyada u Branislav Ivanovichni, Gollandiyada Otman Bakkalni shikastlagandi. Qolaversa, Luis o‘z yurtida bir nechta mashhur bo‘lmagan kasbdoshlari badanlariga «muhr» bosib ulgurgandi. Xullas, «Barselona» bu kabi noxush holatlardan o‘zini muhofaza qilish maqsadida Suaresning shartnomasiga tegishli bandni kiritdi. Taqiq o‘z samarasini berayotganligiga amalda guvoh bo‘lib turibmiz. 

4-o‘rin. AEROFOBIYA

Samolyotda parvoz qilishdan qo‘rq­qan Dennis Bergkamp «uchmas golland» laqabini olganligini yaxshi bilasiz. Darhaqiqat, havo kemasi trapiga yaqinlashgan paytda futbolchi bezovtalanib o‘zini yo‘qotib qo‘yar, vahimaga tushib qolardi. Albatta, Dennis bu noxush xastalikni yengish uchun ancha harakat qildi. Lekin har bir stress holatidan keyin ishtiyoqsiz to‘p suradigan bo‘lib qoldi. Shu sababli bu dahmazaga chek qo‘yish kerak, degan qarorga keldi va «Inter»dan «Arsenal»ga o‘tish chog‘ida samolyotda safarga chiqmaslik shartini shartnomaga kiritishni talab qildi.

3-o‘rin. HAR YILDA BITTADAN UY

1996 yilda Juzeppe Reyna «Arminiya» sharafini himoya qilishga rozi bo‘ldi. Lekin 3 yillik shartnomaga imzo chekish paytida ish haqidan tashqari har yili bittadan yangi uy berilishini talab qildi. Qizig‘i, hujjatda uyning o‘lchami, qayerda joylashishi va boshqa jihatlar xususida hech narsa yozilmagandi. Oxir-oqibat, hujumchi Bilefeld yaqinida qad rostlagan 3ta kottej o‘rniga LEGO konstruksiyasidagi ixcham uychalarning baxtli sohibiga aylandi. Ya’ni, «Arminiya» shartnomada qayd etilgan majburiyatini to‘la-to‘kis ado etdi. Aftidan, mazkur yechimdan Juzeppe qoniqish hosil qildi. Aks holda, u kelishuvni yana 3 yilga uzaytirmagan bo‘lardi.

2-o‘rin. KOSMOSNI ORZU HAM QILMA!

Shvesiyalik himoyachi Stefan Shvars 1999 yilda «Valensiya»dan «Sanderlend»ga o‘tgandi. Muzokara jarayonida futbolchi bir qator mug‘ombirona savollarga javob qaytarishiga to‘g‘ri keldi. Jumladan, hayotdagi eng ezgu orzusi haqida so‘rashganida, oqko‘ngil skandinav sayyoh sifatida kosmosga safar qilish niyati borligini yashirib o‘tirmadi va dastlabki reysni o‘tkazib yubormaslik uchun bor imkoniyatini ishga solishini ma’lum qildi. Keyin esa... «Sanderlend» bilan imzolangan bitimda g‘ayritabiiy bandga ko‘zi tushdi: «Shartnoma muddati yakuniga yetgunicha kosmosga uchish taqiqlanadi».

1-o‘rin. «BIZNESMEN-SHOU»

Livanlik mashhur biznesmen Samir «Sem» Hammam namoyish etgan shouni hozirda tasavvur qilish qiyin. U «Uimbldon»da «Telbalar bandasi»ni tashkil etib, murabbiylar shartnomalariga uchrashuv boshlanishiga 45 daqiqa qolganida boshlang‘ich tarkibga o‘zgarish kiritish huquqini yozdirib qo‘ygandi. «Kardiff»da «Sem» jamoa debyutantlari uchun antiqa marosimlar uyushtirardi. Bu borada ayniqsa, Spenser Prayorga «omad» kulib boqdi - uning shartnomasiga ikkita g‘ayritabiiy band yozilgandi. Birinchidan, u qo‘yni quchoqlab erkalashi lozim edi. Keyin esa uelsliklarning milliy taomi - qo‘y «tuxumi»ni tanovvul qilishi kerak edi. To‘g‘ri, Hammam himoyachini birinchi shartni bajarishga majbur etmadi, u shunchaki Spenserning antiqa talabga nisbatan reaksiyasini bilmoqchi bo‘lgandi, xolos. Ikkinchi shart bo‘yicha esa Prayor xom tuxumni iste’mol qilishdan qat’iyan bosh tortdi va masalliqni qaynatilgan holda, petrushka va limon sharbati bilan birgalikda tanovvul qildi. Shundan keyin biznesmen himoyachining jamoaga qabul qilish marosimi yakunlanganini bildirdi va Spenserning ko‘nglini ko‘tarish maqsadida tuxum puxta niqoblangan, lekin oddiy tovuqniki ekanini aytdi.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 08:53, 30.11.2018.
O'qildi: 2173 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.