Yo‘q, ko‘pchilik qatori O‘zbekiston milliy jamoasining so‘nggi o‘rtoqlik o‘yinlarini tahlil qilmoqchi emasman.
Shunchaki, bosh murabbiy - Ektor Kuperning murabbiylik falsafasiga biroz to‘xtalib o‘tmoqchiman. Binobarin, argentinalik mutaxassisning bosh jamoamiz boshqaruvini qo‘lga olganiga 100 kundan oshdi.
Bosh murabbiy ortda qolgan vaqtda asosan yangi jamoasini yaxshilab «tanib» olishga e’tibor qaratgan bo‘lsa, ajabmas.
Ektor Kuper terma jamoamizning ilk yig‘inida jurnalistlar yo‘llagan savollarga javob berar ekan, vaziyatga qarab, himoyaviy taktikaga asoslangan o‘yin uslubidan foydalanishni rejalashtirayotganini yashirmadi.
Bu bir tomondan to‘g‘ri, chunonchi, oldin muvaffaqiyatga erishgan har bir murabbiyning o‘ziga xos yo‘nalishi bo‘ladi. Lekin... Tanganing orqa tomoni ham bor-ku. Gap shundaki, milliy jamoamiz futbolchilari bunday o‘yin uslubiga hali tayyor emasdek. Har holda, himoyaviy futbolda individual jihatdan kuchli ijrochilar katta rol o‘ynashadi. Afsuski, jamoamizning hozirgi tarkibida 1-2ta vaziyatdan unumli foydalanadigan yoxud yo‘q joydan gol uradigan futbolchilar yo‘q. Bilamizki, faqat natija uchun o‘ynaydigan jamoalar sanoqli hujumlardan samara chiqarish evaziga maqsadga erishishi mumkin.
Ochiq tan olaylik, milliy jamoamiz anchadan buyon ayni shu masalada oqsamoqda. Misol uchun, futbolchilarimizga JCH-2014 saralashining hal qiluvchi raundida aynan vaziyatlardan foydalanolmaslik pand berdi. Saralashdan keyingi o‘rtoqlik uchrashuvlarida ham ko‘rdikki, bu muammo juda jiddiy. Endi o‘ylang, shunday holatda himoyaviy uslubni birinchi o‘ringa olib chiqish naf berarmikan? 4-5ta vaziyatdan 1ta gol urayotgan termamiz imkoniyatlar soni 1-2ta qisqarsa, maqsadga qanday erishadi? Qolaversa, hozirgi tarkibimizda istalgan payt o‘yin tizginini o‘zgartira oladigan futbolchi ko‘rinmayapti. To‘g‘ri, Odil Ahmedov markazdan, Vitaliy Denisov esa qanotdan tezkor qarshi hujumga o‘tishi mumkin, lekin goh-gohida, xolos. Eng asosiy masala esa - sanoqli hujumlarni munosib yakunlash. Agar shunga qodir o‘yinchi topilmasa, barcha mehnatlar zoye ketadi.
Shu o‘rinda bitta yorqin misol: JCH-2018da Fransiya terma jamoasi ishonchli tarzda g‘alaba qozondi. Jamoa bosh murabbiyi Didye Desham garchi Antuan Grizmann, Kilian Mbappe, Olivye Jiru kabi hujumkor futbolchilarga ega bo‘lsada, himoyaviy uslubni tanladi. Lekin Argentina va Xorvatiya termalariga qarshi kechgan o‘yinlarda fransuzlarning boshqacha uslubga osongina o‘tishganini ko‘rdik. Jamoa qandaydir 10 daqiqa ichida natijani ta’minlaganini esa Deshamga xos falsafa mahsuli sifatida baholash kerak.
Ehtimolki, Kuper ham uzoqni ko‘zlab, shu o‘yin uslubini qo‘llamoqchidir. Binobarin, hozirda futbolimizga bog‘liq eng og‘riqli holat - samarador hujumchi yo‘qligi. Igor Sergeev ishonchni yo‘qotib ulgurdi, Marat Bikmayev nari borsa yana 2 yil shunday o‘ynashi mumkin. Vaqtida Vadim Abramov tuzgan hujumkor jamoa ayni payt Osiyoning eng kuchli jamoasi bo‘lib turgan va hamisha tartibli himoyasi bilan ajralib turgan Eron termasini 90 daqiqa davomida «qamal»ga olgani hali yodimizdan ko‘tarilgani yo‘q.
Shaxsiy xulosam shu: futbolimiz himoya emas, balki hujumga ko‘proq moyil. Bu tajriba tarixda bir necha marta isbotlangan ham. Lekin Ektor Kuper chindan ham, himoyaviy futbolga urg‘u qaratmoqchi bo‘lsa, unda avvalo, 1ta emas, yarimta vaziyatdan gol ura oladigan o‘yinchi topishi lozim. Aks holda, ijobiy natijaga erishish juda-juda mushkul. Axir Osiyo kubogi startiga tobora oz vaqt qolmoqda. Muxlislar esa har qanday holatda terma jamoamiz, ayniqsa, Ektor Kuperdan yaxshi natija kutishadi, albatta.