Panenka kimligini ko‘pchilik bilmasa kerak. Ammo «Panenka» deb nomlanuvchi zarbani hamma eslaydi. Yodingizda bo‘lsa, JCH-2006 finalida Zayniddin Zidan Italiya termasi darvozasini penaltidan aynan shunday uslubda ishg‘ol qilgandi. Rossiyalik Fyodor Smolov ham JCH-2018 chorak finalida xorvatlar kiperini ayni zarba bilan ranjitgandi. Umuman, bunday harakatni ilk bora Antonin Panenka Yevro-1976 finalida amalga oshirgandi. Germaniya bilan bo‘lgan o‘yinning asosiy vaqti 2:2 hisobida nihoyasiga yetgach, penaltilar seriyasida Panenka shunday zarba yo‘llashga jur’at etgandi. O‘shanda nemislar posboni Zepp Mayer chap burchakka tashlangan, Antonin esa to‘pni ohistalik bilan darvoza markazi tomon yo‘llagandi. Natijada sobiq Chexoslovakiya termasi Yevropa chempioniga aylangandi. Zarbaga esa asoschi nomi berilgandi. Yaqinda Sofoot.com sayti Antonin Panenka bilan suhbat uyushtirdi.
- Eng avvalo, o‘zingiz haqingizda qisqacha so‘zlab bersangiz.
- Oilada to‘rt farzandmiz. Akalarim, opalarim orasida kenjasi menman. Otam Pragadagi fabrikada ishlagan. Dam olish kunlari meni futbol uchrashuvlariga olib borardi. Hattoki, quyi divizion jamoalari o‘yinlarini ham qoldirmasdi. Ba’zan ikki kun ichida yettita o‘yin tomosha qilganimiz yodimda. Albatta, bolalar bilan ko‘chada tinimsiz to‘p ortidan yugurardim. 9 yoshimda otam meni «Bogemians» maktabiga bergan. Futbolga shunchalik kirishib ketganmanki, hatto o‘qishga ham e’tibor bermaganman.
- Tabiiyki, kumiringiz ham bo‘lgan...
- Hovlidagi hamma «Slaviya» yoki «Sparta» o‘yinchilari edi. Bir kun jurnalda o‘zimga notanish bo‘lgan braziliyalik futbolchining suratini ko‘rib qoldim. Uning ismi Didi ekan. Menga shu ism yoqib qoldi va «Endi meni Didi deb chaqiringlar», dedim.
- «Sparta» Praga ishchilar klubi hisoblanadi. «Slaviya» esa burjua-lardan tashkil topgan. Siz o‘ynagan «Bogemians»-chi?
- Mashhurlik borasida Pragada «Slaviya» va «Sparta»dan orqadamiz. Lekin muxlislarim xuddi oiladek bo‘lib qolishgan. Hamma bir-birini taniydi. Butun faoliyatim deyarli shu klubda o‘tgan: 9 yoshimda kelib, 32ga to‘lganimda Venaning «Rapid» jamoasiga ketganman. «Bogemians» stadioni maydoni xuddi Angliyadagi kabi tribunaga yaqin bo‘lgani bois, muxlislar bilan ancha yaqin edik. Hattoki, burchakdan to‘p tepayotganingizda ish-qibozlarning maslahatlarini eshitib turardingiz. Pragani aylangani chiqsam, xuddi qadrdon do‘stlardek hol-ahvol so‘rashardi.
- Praganing boshqa klublari o‘z saflariga chorlashmaganmi?
- «Bogemians» ikkinchi ligaga tushib ketganida, «Sparta»dan taklif olganman. Rozi bo‘lmoqchi edim. Lekin klubdagilar «Sparta»ga o‘tmasligimni so‘rashgan. Oradan yarim yil o‘tib, «Slaviya»dan taklif tushdi va yana shunday javobni oldim. O‘shanda mazkur jamoada faoliyatimning oxirigacha qolishimni tushundim.
- Afsuslanasizmi?
- Yo‘q. «Sparta»ga o‘tganimda nima bo‘lardi? Ko‘proq ishlab topardim. Lekin pul hayotdagi eng muhim narsa emas-ku.
- O‘sha paytlardagi siyosiy holat xorijga ketishga yo‘l qo‘ymasmidi?
- Chet elga faqat 32 yoshga to‘lganingizdan so‘ng chiqishingiz mumkin edi. Boz ustiga, buning uchun terma jamoada ham kamida 50ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lishingiz talab etilardi. Lekin 32 yoshingizda nima qila olasiz? Axir bu davrda faoliyatingiz oxirlab qoladi. Agar karyeramning gullagan davrida ketganimda, balki boshqacha bo‘larmidi. Angliya yoki Germaniyaga o‘tmasdim. Ammo Italiya va Fransiyada bajonidil o‘ynardim.
- 1974 yili «Plzen»ga qarshi o‘yinda ikkita penaltini amalga oshira olmagansiz. «Panenka» usulida zarba berish o‘shanda xayolingizga kelganmi?
- O‘sha paytlarda darvozabonimiz Zdenek Xrustka bilan mashg‘ulotlardan so‘ng qolib, zarbalarni mashq qilardik. Shunchaki, qiziq bo‘lmasdi va garov bog‘lardik. To‘g‘ri, katta pul tikilmasdi, pivo, shokolad, shunga o‘xshash narsalar... Yutish uchun beshta penaltini aniq amalga oshirishim kerak edi. Ko‘pincha buni uddalay olmasdim. Bir kun kechasi yotganda xayolimga fikr keldi. Har kun garovda yutqazaverish jonimga tekkandi. Shu bois ham boshqacha yo‘lni tanlamoqchi bo‘lganman. Shunda bir g‘oya tug‘ildi. O‘shanda darvozabonlar penalti tepilayotgan paytda zarba amalga oshirilmasidan turib qimirlashga haqli emasdilar. Shuning uchun ham posbon zarbani qaytarish uchun qaysidir tomonga tavakkal sakrashga majbur edi. O‘ylab qoldim, kuchli zarba berishning nima keragi bor? Bunday holatda darvozabon reaksiya ko‘rsatishi mumkin. Ohista harakat qilinsa, u allaqachon yerga dumalagan bo‘ladi. Shundan so‘ng yangicha usulda tepa boshladim. Zdanek esa pul to‘lashni boshladi.
- Bu ishni mashg‘ulotlarda bajarish boshqa, Yevro-1976 finalida amalga oshirish boshqa...
- Turnir boshlanishidan ikki oy oldin «Agar penalti tepadigan bo‘lsam, shunday qilaman», deb o‘ylab qo‘ygandim. Albatta, niyatim finalda ro‘yobga chiqadi, deb o‘ylamagandim. Seriya boshlanganidan keyin ham qarorimdan qaytmadim.
- JCH-2006 finalida Zidan «Panenka» zarbasini amalga oshirgandi...
- Bir kuni uyimga Meksika televideniyesidan tashrif buyurishdi va «Panenka» usulida tepilgan 90ta zarbani ko‘rsatib, har biriga izoh berishimni so‘rashdi. Ular orasida shunday ajoyib zarba bor ediki, muallifi uni mendan ham chiroyli amalga oshirgandi. Lekin bu Zidan emas, balki Argentina ikkinchi divizionida o‘ynaydigan yigit.
- Terma jamoadagi sheriklaringiz shunday tepishingizni oldindan bilishganmi? Sizni fikringizdan qaytarishga urinishganmi?
- Bunday zarba oldin amalga oshirilmagani uchun hech kim monelik bildirmagan. Faqatgina darvozabonimiz qarshi chiqqan. Finaldan to‘rt kun oldin mashg‘ulot paytida unga xuddi shunday zarba bilan gol urgandim.
- Finaldan so‘ng Fransiyaning L~Equipe gazetasi «telba slavyanlar» haqida yozgandi. Haqiqatan ham slavyanlar shunday xalqmi?
- O‘sha uchrashuvdan so‘ng Pele «Penaltini shunday tarzda o‘ta aqlli yoki ahmoq odam amalga oshiradi», degandi. Lekin men o‘zimni ahmoq, deb hisoblamayman (kuladi). Hamisha chiroyli o‘ynashga intilganman. Misol uchun, Avstriyada o‘ynab yurgan kezlarim urgan golimni nafaqat mavsumdagi, balki oxirgi 40 yildagi eng chiroylisi, deb tan olishgan.
- O‘shanda bunday zarbaga nomingiz berilib, mashhur bo‘lib ketishingiz mumkinligini o‘ylaganmisiz?
- Yo‘q. Xayolimga ham kelmagan. Shunchaki, darvozani chiroyli tarzda ishg‘ol qilishni istaganman.