Polshada tavallud topgan, lekin butun faoliyatini «Bavariya», «Arsenal», «Inter», «Galatasaroy» kabi klublar hamda Germaniya terma jamoasi tarkibida o‘tkazgan afsonaviy hujumchi Lukas Podolski yoshlar o‘rtasidagi JCH-2019ga kindik qoni to‘kilgan yurt mezbonlik qilishidan behad mamnun. Oxirgi mavsum Yaponiyada o‘ynagan faxriy goleador FIFA.com sayti muxbirlariga bergan intervyusida bo‘lajak kichik mundial Polsha iqtisodiyoti va futboli rivojiga sezilarli turtki bo‘lishiga umid bildirdi.
- Mana, 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi JCH-2019 timsoli rasman namoyish etildi. Turnir startiga esa atigi 5 oy qoldi. Faoliyatingiz davomida Germaniya termasi sharafini himoya qilib, JCHda ikki bora sovrin yutgansiz - «bronza» va «oltin». Lekin Polshaga nisbatan mehr-ehtiromingiz o‘zgacha ekanligi barchaga ma’lum. Aytingchi, bu mamlakat muxlislari yangi yildan nimalarni kutishlari mumkin?
- Birinchidan, davlat va mahalliy futbol assosiasiyasi Polshaning barcha qadriyatlariyu, o‘ziga xos an’analarini keng doirada ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Mamlakat jadal rivojlanmoqda, keng va ravon yo‘llar, stadionlar barpo etildi, taomlari juda mazali. Shaxsan men qaysidir taomni alohida ko‘rsatolmayman, chunki bu borada tanlov juda keng. Ayniqsa, oyim pishirganlari bir-biridan mazali... To‘g‘ri, anchadan buyon Germaniyada yashayapmiz, ammo Polshada tug‘ilganimni hamisha yodda tutaman. Umuman, oilamizdagilar polyakcha taomlarni unutishmagan. Yana bir muhim tomoni, bo‘lajak futbol yulduzlari navbatdagi musobaqa bahona Polsha bilan yaqindan tanishib, ortga ijobiy taassurotlar bilan qaytishlari kerak. Chunonchi, kichik mundial ishtirokchilari ke-yinchalik «Real», «Barselona» yoki «Bavariya» kabi grandlar safida to‘p surishlari aniq. Ular o‘shanda chinakam faoliyatlari Polshada boshlanganini gapirib yurishadi. Bundan tashqari, turnir hamma yigitlar uchun tengi yo‘q yarmarka vazifasini o‘taydi. Axir yosh o‘yinchilar kuchli skautlar e’tiborida bo‘ladilar. Yaxshi taassurot shakllanishi mamlakatga sayyohlar oqimi kuchayishiga ham olib keladi. Mahalliy terma jamoa a’zolari esa vatan sharafini himoya qilishdan faxr va quvonch hissi tu-yish barobarida nufuzliroq chempionatlarga yo‘llanma olishlari mumkin. Zero, nomdor klublar vakillari bu kabi yirik musobaqalarni o‘ta sinchkovlik bilan kuzatadilar.
- Umuman, yoshlar doirasidagi musobaqalar futbolchi faoliyatida nechog‘li muhim ahamiyat kasb etadi?
- Qaysi yosh toifasi bo‘lishidan qat’iy nazar, har bir JCH o‘z nomiga yarasha juda nufuzli sanaladi. Bunda futbolchilar eng sara raqiblar bilan kuch sinashadilar. Tushunarliki, shunday imkoniyatni pulga xarid qilishning iloji yo‘q. Demakki, har bir qatnashchi turnirdan maksimal darajada foydalanishga urinishi shart. Bir so‘z bilan ifoda etganda, JCH - misli yo‘q maktab. Buning qadriga yetish esa har kimning o‘ziga bog‘liq.
- Shunday, lekin shaxsan siz yoshlar miqyosidagi biror JCHda qatnashmagansiz. Bu borada qandaydir armon yo‘qmi? Deylik, ichki imkoniyatlardan to‘liq foydalanolmaganlik hissi qiynamayaptimi?
- Aslo. Agar faoliyatim davomida, xususan, so‘nggi bosqichda jiddiyroq natijalarga erisholmaganimda, yoshlikda nimanidir boy berganimni tan olardim. Shukrki, ma’lum yutuqlarni tantana qildim. O‘zi o‘smirlik chog‘iyoq professional futbol ummoniga sakraganman. Xayriyatki, cho‘kib ketmadim (kuladi). Men uchun dastlabki yirik musobaqa - bu Portugaliya mezbonlik qilgan Yevro-2004. O‘shanda 19 yoshli yigitcha edim. Yana 2 yildan keyin Germaniya mundialida ishtirok etib, bronza medaliga ega chiqish barobarida turnirning eng yaxshi yosh futbolchisi maqomini oldim. Faoliyatimning eng yorqin sahifasi esa 2014 yili Braziliya maydonlarida bitildi - jahon chempionati bosh sovrinini boshim uzra baland ko‘tardim. Futbolchi uchun bundan buyukroq baxt yo‘q! Har 4 yilda minglab o‘yinchilar shu nurli cho‘qqiga intiladilar. Biroq nufuzli sovrin atigi 23 nafar baxtiyor futbolchiga nasib etadi. Jahon kubogiga qo‘l tekkizishning o‘zi betakror hissiyotlarni uyg‘otadi. O‘zingiz o‘ylang, futbol olami ne-ne yulduzlarni, buyuk ijrochilarni ko‘rgan, ammo ulardan sanoqlilarigina nufuzli sovrin egasiga aylanishgan. Menga shunday baxt nasib etdi, demakki, nimadandir nolishimga asos yo‘q. O‘z navbatida, Polsha-2019 turniri qatnashchilariga omad tilayman. Umidvormanki, musobaqa ko‘plab yigitlar uchun ulkan muvaffaqiyatlar debochasi bo‘ladi.
- Ayni faoliyatingizga qanday baho berasiz? Yaponiyadagi hayotingiz haqida ham gapirib bersangiz...
- Garchi Yevropadan tashqarida birinchi marta yashayotgan bo‘lsamda, hammasi joyida, hech qanday muammo yo‘q. Boshqa tomondan qarasak, musofirlik men uchun yangilik emas: klublar va Germaniya termasi safida butun dunyoni kezib chiqdim. Qachondir o‘zimga umrimdan mamnunligim, turli yurtlar va madaniyatlar bilan tanishganim xususida hisobot ham berarman. Zero, Polsha va Germaniyadan tashqari, Angliya, Italiya, Turkiya hamda Yaponiya bilan yaqindan tanishdim. Balki kelajakda yanada qiziqarli sayohatlar kutib turgandir...
- Hozirgi hayotingiz aynan qaysi jihati bilan farqlanmoqda, Yevropa turmush tarzining nimasi yetishmayapti?
- Aslida Yevropaning ichida ham qandaydir o‘ziga xosliklar mavjud. Masalan, Polsha va Germaniya o‘rtasida. Qolaversa, Yaponiya o‘zga sayyoradagi davlat emas. Shunday ekan, ularni qiyoslashda ma’no yo‘q. Umuman, yapon xalqi xushmuomala xalq, hayot yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, osuda va xotirjam yashash uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Misol uchun, men yashayotgan Kobe shahrida 1,5 milliondan ko‘proq aholi bor. Xullas, hammasi zo‘r.