Kirish Ro'yxatdan o'tish
15/05 00:00 Tottenhem 0-2 Manchester Siti
15/05 00:30 Real Madrid 5-0 Alaves
15/05 01:00 Jirona 0-1 Vilyarreal
15/05 22:30 Sevilya 0-1 Kadis
15/05 22:30 Rayo Valyekano 2-1 Granada
15/05 23:45 Brayton 1-2 Chelsi
16/05 00:00 Man. Yunayted 3-2 Nyukasl
16/05 00:00 Reyms 1-0 Marsel
16/05 00:00 Nissa 1-2 PSJ
16/05 01:00 Selta 2-1 Atletik Bilbao
16/05 01:00 Xetafe 0-3 Atletiko
16/05 22:30 Las-Palmas - Betis
17/05 00:30 Almeriya - Barselona
17/05 01:00 Real Sosyedad - Valensiya
17/05 23:45 Fiorentina - Napoli

Harakat ertaroq boshlansa bunday bo‘lmasdi...

Harakat ertaroq boshlansa bunday bo‘lmasdi...

Baho:
+ | -
Bo'lim: O'ZBEK FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

Yangi yil kirib kelmay turib, ikki futbolchi masalasi yaxshigina muhokama bo‘ldi: Akrom Komilov va Aziz Turg‘unboyev. Birining «Bunyodkor» bilan, ikkinchisining esa «Navbahor» bilan shartnomasi yakuniga etgandi. Namangan jamoasi nima qilib bo‘lsa-da Turg‘unboyevni olib qolishga harakat qildi. Futbolchi uchun kurashayotgani yoqimli. «Bunyodkor» esa «Nega Komilovga to‘lanishi kerak bo‘lgan pul buncha kam?», deb nolib qoldi. Mana shu yerda do‘ppini bir chetga qo‘yib turamiz.

Savol: nima uchun klublar hamma harakatni «tuxum tiqilganda» boshlaydi? Reglamentni epaqaga keltirish vaqtida g‘alati bir narsaga guvoh bo‘ldim. Unda ko‘rsatilishicha, futbolchining shartnomasi yakuniga yetganidan keyin yana 5 kun kutishi kerak ekan va shundan keyingina bosh­qa klub masalasini o‘ylab ko‘rishi mumkin. Biz bu narsani Yevropa standartiga yaqinlashtiramiz. Ya’ni, futbolchi va murabbiylar shartnomalari yakuniga yetishiga yarim yil qolganida boshqa klub bilan muzokara boshlashlari va hatto shartnoma tuzishlari mumkin. Mazkur shartnoma amaldagisi yakuniga yetganidan so‘ng kuchga kiradi. Aytaylik, Turg‘unboyev o‘sha avgust oyidayoq «Paxtakor»ning yaqin rejasidagi futbolchiga aylana oladi. Faqatgina «Paxtakor» futbolchi bilan tuzilgan shartnomani bir oy ichida PFL ro‘yxatidan o‘tkazib qo‘ysa, bas.

«Xo‘sh, «Navbahor» va «Bunyodkor» nima qiladi?» degan savol tug‘iladi. Javobi oddiy: ular hammasi uchun ertaroq harakat qilishlari shart. Hech kuzatganmisiz, Yevropada biror futbolchining shartnomasi yakuniga 1—1,5 yil qolganda klub harakatga keladi. O‘sha o‘yinchi kerak bo‘lmasa, sotib yuborish payiga tushadi. Kerak bo‘lsa, shartnomani cho‘zdirishga urinadi. Chunki bu klublarning bir necha yillik rejalari bor.

Bizda esa unday emas. Bizda chempionatni tugatib, hamma dam oladi. Yangi yil «poxmeli» tugagach, «Xo‘sh, kimlarni olib kelamiz?» deyiladi. Futbolchi ham bozordan sabzavot olingandek tanlanadi, «U kerak... bu kerakmas...» deb. Bir necha yillik rejalari bor klublar esa unday yo‘l tutmaydi, futbolchi uchun kurashadi, zo‘r bo‘lsa, sharoitlarini yaxshilaydi, kelishadi, hisoblashadi, yoqmasa, sotib qutuladi yoki tekinga qo‘yib yuboradi va hokazo.

«Bunyodkor» ham shunday qilishi shart. Kutib o‘tirilsa, nafaqat Komilov, balki hammasi ketib qoladi. Kerak bo‘lsa, vaqtida harakatni boshlashi shart. Umid qilamanki, bu klub o‘z qaddini tiklab oladi.

AYBLOV ASOSLI BO‘LISHI KERAK

Kelishilgan o‘yinlar haqida OFK muntazam ravishda ma’lumot berib turadi. Bu narsa avval ham bo‘lgan, hozir ham bor. OFK «Mana shu o‘yin kelishilgan», deb aytmaydi. Aytolmaydi ham, chunki asosi yo‘q. Biroq uning yordami shundaki, OFK totalizator kompaniyalariga qo‘yilayotgan stavkalar, o‘zi hamkorlik qiladigan radar kompaniyalar tahlilidan kelib chiqib gumon qiladi. Avval ham yashirmay aytganman, O‘zbekistonda kelishilgan o‘yinlar bor ekaniga ishonchim komil. Biroq buni aniqlash qanday bo‘lishi haqida bilimim (vakolatim ham) yo‘q. O‘FA yoki PFL kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashishni istaydi. Biroq bu shunday narsaki, ayrim holatlarda vakolatlari yo‘l qo‘ymaydigan narsalarga o‘ta olmaydi. Bu oson ish emas. Bunga, albatta, tegishli organlar aralashuvi kerak. Avval shunday ish bilan federasiyada Ahrol Inoyatov shug‘ullangan. Ammo u ham hammamiz kabi odam, futbolni tushunadi, biroq jinoyatni fosh qila olmaydi (ayniqsa, futbolning ichida qirq yil yurgan odam sifatida qanday qilib yaqinlarini ko‘zi qiyishi mumkin?). Ayni vaqtda O‘FAda tegishli organlarda ish tajribasi bor bo‘lgan xodimlar shu ish yuzasidan faoliyat olib borishyapti. Ular to‘plagan anchagina ma’lumotlar bor. Biroq yuqorida ayt­ganimdek, bu murakkab jarayonki, biror shaxsni kelishishda ayblab, uning qo‘liga kishan solib, olib ketolmaydi. Va ish yakuniga yetmay turib, biror ma’lumotni ham tashqariga chiqarolmaydi, qonunga zid bo‘lib qoladi.

Shuning uchun ham OFK berayotgan ma’lumot yuzasidan aniq xulosa chiqarish qiyin masala. OFK bunday ma’lumotlarni o‘z tasarrufidagi ko‘plab assosiasiyalarga yuboradi. Chunki bu tashkilot ham kelishilgan o‘yinlar bo‘lishini istamaydi. Ishga tegishli organlar aralashsa va bu holat futbol prinsiplariga aralashilmaydigan, futbolning ichki ishlariga kirib ketmaydigan darajada toza va aniqlik bilan qilinsa, nur ustiga a’lo nur. Italiya, Turkiya kabi mamlakatlar majbur bo‘lgan o‘z vaqtida bu yo‘ldan yurishga. Korrupsiya qaysi sohada yo‘q deb hisoblaysiz? Men futbol odami sifatida futbolimizda bor, deb bilaman. Unga qarshi kurashish vakolatimga kirmagani uchun ham, unga olib bormaydigan yo‘llar haqida bosh qotirib yotibmiz (shartnomalar, reglamentlar va boshqa masalalarda). Biroq ko‘ryapsizki, ayrim klublarga bu yoqayotgani yo‘q.

TOTALIZATOR BALOSI

Totalizator - yomon narsa. Ayniqsa, dinimiz tomonidan olib qaralsa, u juda qoralanadi. Men faqat shuning uchun emas, o‘zi umuman qiziqmaganim uchun o‘ynamayman. Totalizator sportning barcha turlarini qamrab olgan. Aytaylik, o‘yinning hisobiga va boshqa jihatlariga pul tikishingiz normal holat. Biroq shunday katta odamlar borki, ular o‘yinlarning hisoblariga va boshqa jihatlariga aralasha olishadi. Shuning orqasidan mo‘may pul topishadi.

Futboldagi hisoblarni kim hal qilishi mumkin? Hakamlar, futbolchilar, murabbiylar (lekin negadir PFL ko‘proq tanqid qilinadi). Ular ikkinchi, balki uchinchi qo‘l orqali total kompaniyaga pul tikib, o‘z harakatlari bilan pullarini ko‘paytirib olishadi, ya’ni g‘irromlik ishlatishadi. Total kompaniya hech qachon yutqazmaydi. Unga umumiy 100 so‘m tikilsa, 20 so‘mini oladi o‘ziga. Qolgan 80 so‘mni - siznikini menga, menikini sizga o‘tkazib yuboraveradi. Ba’zida esa o‘sha 20 so‘mga qanoat hosil qilmay, yuqoridagi hakamlar, murabbiylar va futbolchilarni shunchaki sotib oladi. Ularda ham bu ishni ikkinchi, uchinchi qo‘llar bajaradi. Total kompaniyalar mana shu qo‘llar orasiga boshqa qo‘llar aralashmasligi uchun boshqa jihatlarni ham nazorat qilib turadi. Shu nazoratini o‘zini chiroyli ko‘rsatib, bosh­qa kompaniyalarga yetkazadi, «Bularing o‘yin qilyapti, qarab qo‘y», deb. Aslida esa oq itmi, qora itmi — baribir, it.

Totalizatorga qarshi kurashish kerak, deyishadi. To‘g‘ri, ammo qanday qilib? Masalan, siz o‘lgan odamga qarshi kurasha olasizmi? Bizda ham totalizator de yure o‘lgan, chunki qonun bilan taqiqlab qo‘yilgan. De fakto ruhi kezib yuribdi. Internet bor, odamlar bemalol pul tikib, uni o‘ynayveradi. Achinarlisi, bilasizmi nima, bizning pullardan Qozog‘iston, Rossiya, Ukraina (asosan) va qolgan mamlakatlar (keyingi o‘rinlarda) foyda qilyapti. Chunki ularda totalizator o‘lmagan, yashayapti, gurkirayapti. Totalizatorni nazorat qilish uchun uni avval tiriltirish kerak. Bu birinchi qadam bo‘ladi (katta ehtimol bilan yuqorida aytilgan pullar ichki bozorga kiradi). Keyin esa kim o‘yin qilyapti, kim nima qilyapti, bilish osonroq bo‘ladi. Hozir esa Qozog‘iston, Rossiya yoki Ukraina total kompaniyalari bizdan hech kimni o‘ziga hatto yaqinlashtirmaydi ham. Kanadada marixuana bekorga legallashtirilmagan, totalizator kompaniya bemalol ishlayveradi. Agar sen e’tiqodingga, prinsiplaringga sodiq bo‘lsang, ularga yaqinlashma. Ammo yaqinlashmasa turolmaydiganlar borligi fakt bo‘lsa, ularga yo‘l ber, nazorat qil, yaqinlashaman deb jinoyat ko‘chasiga kirib, yana senga bosh-og‘riq bo‘lmasliklari uchun ham shunday qil, demoqchiman. Shunchaki, norma belgilab berasan.

Xulosam shuki, nazorat o‘rnatishimiz uchun o‘sha narsa tirik bo‘lishi kerak. Shunchaki taqiqlar bilan biror ish chiqmaydi, deyman-ku. Bu ham shunga o‘xshagan narsa. Totalni taqiqlaganimiz bilan baribir odamlar o‘ynayapti-ku, to‘g‘rimi? Ular baribir biror teshik qidiradi. Yaxshisi, sen ularga manzilni ko‘rsat, oqibatlarini tushuntir, normalar kirit, nazorat qil. Bu jinoyatlarni nisbatan kamaytirishi mumkin.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 13:04, 29.12.2018.
O'qildi: 4391 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.