Kirish Ro'yxatdan o'tish
13/05 00:00 Strasbur 2-1 Mets
13/05 00:00 Klermon 0-1 Lion
13/05 00:00 Nant 1-2 Lill
13/05 00:00 Monpelye 0-2 Monako
13/05 00:00 PSJ 1-3 Tuluza
13/05 00:00 Renn 1-1 Lans
13/05 00:00 Marsel 3-1 Loryan
13/05 00:00 Betis 3-2 Almeriya
13/05 19:00 Surxon 1-1 Dinamo
13/05 19:00 Nasaf 0-0 Bunyodkor
13/05 21:30 Lechche 0-2 Udineze
13/05 23:45 Fiorentina 2-1 Monsa
14/05 00:00 Aston Villa 3-3 Liverpul
14/05 00:00 Barselona 2-0 Real Sosyedad
14/05 19:00 Lokomotiv - OKMK
14/05 22:30 Osasuna - Malyorka
15/05 00:00 Tottenhem - Manchester Siti
15/05 00:30 Real Madrid - Alaves
15/05 01:00 Jirona - Vilyarreal
15/05 22:30 Sevilya - Kadis
15/05 22:30 Rayo Valyekano - Granada
15/05 23:45 Brayton - Chelsi
16/05 00:00 Man. Yunayted - Nyukasl
16/05 00:00 Reyms - Marsel
16/05 00:00 Nissa - PSJ

Ole-Gunnar Sulsher: «Omadsizlik – yaxshi saboq»

Ole-Gunnar Sulsher: «Omadsizlik – yaxshi saboq»

Baho:
+ | -

Mittigina Norvegiya futbolidan chiqib, «MYU»dek grand afsonasi darajasiga ko‘tarilgan Ole Gunnar Sulsher o‘z o‘yinini sira topolmay, rosa qiynalayotgan sobiq jamoasini yorug‘ yo‘lga boshlash missiyasini o‘z zimmasiga olishdan cho‘chimadi va muxlislar uni shu mardonavorligi uchun ham olqishladilar. Mana, fourfourtwo.com nashri «qizil iblislar» tizginini murakkab holatda qo‘lga olgan yosh mutaxassis va klub fanatlari o‘rtasida vositachi rolini bajarib, o‘zaro fikr almashishga imkon yaratdi va o‘rtada ancha jonli muloqot kechdi.

- Futbolchilik davrida «Go‘dak qiyofasidagi qotil» laqabini olgandingiz. Aytingchi, o‘smirlarnikidek tashqi ko‘rinishingiz sizga qandaydir ustunlik yoki xalaqit berganmi?

- Laqab tufayli hech qanday muammo tug‘ilgan emas. Unga o‘xshashi yo‘qligi bois ham, men uchun yoqimli edi. APLda o‘ynay boshlagan davrda chindan ham, juda yosh ko‘rinardim. Lekin haqiqiy «iblis» maqomini olishimga ishonardim. Bolaligimda qandaydir ustun jihat bilan ajralib turganman? Yo‘q, aksincha, ayrim muammolarga duch kelganman. Yodimda, Mayorkada oilaviy hordiq chiqarishga 15 yoshdan oshgan va bo‘yi 140 santimetrdan baland bolalarga ruxsat berishardi, xolos. Men esa 15 yoshni hatlab bo‘lsamda, jussam juda kichik edi. Shu tufayli ajoyib sayohatdan chetda qolganman. 20-21 yosh o‘rtasida tez ulg‘aya boshladim. Shundan keyin mahalliy «Klauzenengen» klubidan «Molde»ga taklif etishdi.

- Otangiz yunon-rum kurashi bo‘yicha mamlakat chempioni bo‘lganligi rostmi? Siz ham biror marta gilamga tushganmisiz?

- Otam haqidagi ma’lumotlar haqiqat. O‘zim esa 8-10 yosh oralig‘ida kurash bilan shug‘ullanganman. Guruhimizdagi sherigim Norvegiyaning eng kuchli yosh kurashchilaridan biri edi. Xullas, mashg‘ulotlar payti boshim aylanib, kuchli og‘riq sezardim. Oddiy aytganda, kurashga jiddiy qiziqmaganman.

- Bolalik yillari «Liverpul»ga muxlislik qilgan ekansiz...

- Inson borki, tiriklik payti nimanidir o‘rganishga intiladi. Yuqoridagi savolga javobim oddiy: hech qachon «Liverpul» tarafdori bo‘lmaganman. Umuman, oxirgi nafasimgacha «MYU»ga sodiq qolaman.

- Ilk jamoangiz - «Klauzenengen» safida nechta gol urganingizni eslay olasizmi?

- Norvegiya chempionati doirasidagi bahslarda 14ta va kubok turniri chorak finalida 1ta. Muhimi, shu kamtarin natija menga shuhrat keltirdi. Alohida aytishim kerak, jamoadoshlarim yordamisiz raqobatchilardan o‘zib ketolmasdim, albatta. Xullas, ilk muvaffaqiyatimda klubdoshlarimning hissalari salmoqli. Jamoamiz tarkibida 50-60 nafar futbolchi bor edi. Asosiysi, ahillik evaziga 3-4-ligalarda samarali to‘p surganmiz.

- «Molde» safiga qo‘shilganingizdan keyin esa darhol xorij klublari nazariga tushgansiz...

Ha, debyut mavsumidayoq muvaffaqiyotli o‘ynab, e’tibor qozondim. Zero, ilk uchrashuvda 2ta, ikkinchisida 3ta gol urgandim. Tez orada Gamburgda Feliks Magat bilan uchrashdim, shuningdek, Jovanni Trappattoni «Kalyari»ga chorladi. Yana PSV, «Bavariya» va «Liverpul» kabi klublar vakillari ham menga befarq qaramadilar. To‘g‘ri, birinchi rasmiy taklif «MYU»dan tushgandi.

- Manchesterga ilk tashrifdan qanday taassurotlar qolgan?

- Norvegiya milliy jamoasi tarkibida Ozarbayjon termasiga 2ta gol urganimni ko‘rishgan «MYU» mutasaddilari Martin Edvardsning ta’tilga chiqishini kutib o‘tirmay, menga taklif jo‘natishgandi. «Molde» prezidenti esa xususiy samolyotni ijaraga olib, darhol Angliya tomon uchishimga imkon yaratdi. Chunki u kuchli ishtiyoqim va katta marralarni ko‘zlayotganimdan  xabardor edi. Buni hech qachon unutmayman, albatta. Qisqasi, «Old Trafford»ga gid hamrohligida yetib olgach, undan ruchkasini berib turishini iltimos qildim. Shunda gid hayron bo‘lib, nima qilmoqchi ekanligimni so‘radi. Men esa mutlaqo xotirjam holda javob berdim: «Ruchka nimaga kerak? Shartnoma ostiga imzo chekishimga!» Hamrohim bu safar indamadi va ruchkasini uzatdi. Xullas, ayni o‘sha ruchka bilan ilk bitimga imzo qo‘ydim.

- Aniqroq aytsak, «MYU» safiga 1996 yili qo‘shilgansiz. Bu vaqtda Alan Shirer «Nyukasl»ga o‘tib ketgandi. O‘shanda murabbiydan qandaydir alohida topshiriq olganmidingiz?

- Yo‘q, u dastlabki 6 oy zaxiradan tushib, jamoa o‘yiniga moslashishimni, yanvarda esa asosiy tarkibga kiritishini aytgandi. Qarangki, ilk marta zaxiradan maydonga tushganimda, 2ta gol urdim. Esimda, o‘shanda Endi Koul jarohatlangach, murabbiy majburiy ravishda menga murojaat qilgandi. Shu tariqa, atigi 6 daqiqa ichida «Blekbern» darvozasini 2 marta ishg‘ol etgandim. Takrorlayman, Manchesterda muvaffaqiyat qozonishimga shubha qilmaganman. Chunki bolaligimdan ayniqsa, o‘yinning so‘nggi daqiqalarida gol urishga odatlangandim.

- Aleks Fergyuson rahbarligida to‘p surish zavqli bo‘lgandir...

- Ha, shaxsan men uchun chinakam lazzatning o‘zi. Keyinchalik Patris Evra bilan gaplashganimda, u ochiq e’tirof etgandi: «Yuventus»da ham sharoitlar yomon emasdi, lekin o‘zimni ishga ketayotgandek his qilardim, baribir». «MYU»da esa doimo ideal muhit hukmron surgan. Ser Aleks bizdan mahoratimizni to‘la namoyish etishimiz, lekin hech qachon o‘zimizni boshqalardan ustun qo‘ymasligimizni talab qilardi. Giggz, Pallister, Kin, MakKlayeyr, Kantona va Shmeyxeldek afsonalar ham u uchun bir xil maqomda edilar. 2000 yildan e’tiboran kundalik daftar tuta boshladim. Unda murabbiyning barcha o‘gitlari jamlangan. Ser Aleks so‘zga chechan emasdi, ammo har bir gapi o‘ta ma’noli bo‘lib, nishonga tegardi.

- Norvegiya milliy jamoasi JCHda Braziliya termasi ustidan g‘alaba qozongandi. O‘sha yutuq faoliyatingizda qanday ahamiyatga ega?

- Bir narsa aniq - 1998 yilgi JCH barchamizda ajabtovur taassurotlar uyg‘otdi. Marokash termasiga qarshi bahsda atigi 45 daqiqa o‘ynadim, ikkinchi uchrashuvni esa o‘tkazib yubordim. Braziliyaliklar bilan o‘yinda esa to‘liq vaqt to‘p surdim. Tabiiyki, nomdor raqib ustidan qozonilgan g‘alaba men uchun juda qadrli - faoliyatimning cho‘qqisi...

- 1999 yil. CHL finali. O‘yin arafasida Fergyuson aynan sizga qanday ko‘rsatma bergandi?

- Hech qanday. Lekin tanaffus payti Teddi Sheringem bilan uzoq gaplashdi. Murabbiy meni «uyg‘otish», «qo‘zg‘atish» uchun shunday qilganini darrov fahmladim. U Sheringemga yuzlangan payt ko‘nglimdan shunday fikr o‘tgandi: «Men 17ta gol urgan bo‘lsamu, murabbiy Teddi bilan maslahatlashsa-ya!» Shundan keyin barcha jamoadoshlarim kabi bor kuchimni g‘alabaga sarflashga intildim. Jamoamizning asosiy maqsadi - sov-rin vositasida ser Aleksga minnatdorchilik izhor etish edi.

- O‘sha tarixiy finalni 10 yoshimda ota-onamning oq-qora tasvirli mitti televizorida tomosha qilganman. Lekin eslasam, hozir ham badanim jimirlab ketadi. Gol urgach, o‘zingizni qanday his etgansiz?

- Xayolimga kelgan dastlabki fikr: «Ishqilib, «ofsayd» emasmi?» Umuman, o‘sha lahzadagi hayajonimni ifodalab berishga ojizman! Golni nishonlashda tizzam bilan sirpandim. Evaziga terma jamoaning 2ta uchrashuvini o‘tkazib yuborishimga to‘g‘ri kelgandi. Biroq CHL kubogi shunday «qurbonlik»ka  arzirdi. G‘alabadan keyin muxlislardan behisob minnatdorlik izhorlarini eshitdim: «Ole, sen tufayli hayotimdagi eng baxtli oqshomni o‘tkazdim. Faqat buni rafiqamga ayta ko‘rma!» O‘zim xuddi shunday oqshomni 1986 yili, Diyego Maradona bilan ko‘rishganda his etgandim. O‘shanda argentinaliklar Osloda Norvegiya termasiga qarshi o‘ynagandilar. Esimda, olomon orasidan bir amallab futbol qiroliga qo‘l uzatishni uddalagandim.

- «MYU»da azaldan 7-raqam ostida buyuk futbolchilar to‘p surishgan: Erik Kantona, Devid Bekxem, Krishtianu Ronaldu. Sizga ulardan qay biri ko‘proq yoqadi?

- Jamoa safiga qo‘shilganimda, Erik eng yaqin sheriklarimdan biri edi. Faoliyatim oxirida esa Ronalduning buyuklik sari dadil odimlayotganiga guvoh bo‘ldim. Lekin menga Beks ma’qulroq. Chunki u avvalo, jamoa uchun o‘ynardi.

- O‘g‘lingiz siz emas, Runiga muxlislik qilgani to‘g‘rimi?

- Ha, bu ham haqiqat. Lekin u o‘shanda atigi 6 yoshli bolakay bo‘lib, jahlimni chiqarishni yoqtirardi.

- Murabbiylik sohasida birinchi taklifni Norvegiya termasidan olgan ekansiz. Biroq mamlakatingiz bosh jamoasini boshqarishni xohlamadingiz...

- Ha, shunday taklif olganim rost. O‘sha vaqt Manchesterda endi-endi murabbiylik sirlarini o‘rganishga kirishgandim. Qisqasi, o‘zim uchun qadrdon maskanda malaka oshirish osonligini o‘ylab, chorlovga rad javobi berdim.

- Futbolchilikdan murabbiylikka o‘tishning eng qiyin jihati nima?

- «Molde»da risoladagidek to‘p surganim boismi, klubda ish boshlashda uncha qiynalganim yo‘q. Tabiatan juda o‘jarman: o‘z bilganimdan sira qolmayman. Muhimi, futbolchilar va klub rahbarlari shaxsiy falsafamga asoslanib, ishlashimga e’tiroz bildirishmadi. Mana, butun tarixida biror marta g‘olib chiqolmagan jamoani 2 marta chempionlik sari yetakladim. Kardiffga safar esa ancha murakkab kechdi. Ehtimol, bu jamoaga mos kelmagan yoki qulay vaqtda bormagandirman? Men to‘p surgan payt «MYU» va «Molde» saviyasi talab darajasida bo‘lib, o‘zim hujumkor va mazmunli o‘yin ko‘rsatishga intilganman. Ya’ni qattiqqo‘llik va talabchanlikka zarurat sezmaganman. Men boshqargan jamoalar saviyasi esa ancha past edi. Tabiiyki, bundan tegishli xulosalar chiqardim, xususan, «Molde» bilan sezilarli o‘sishga erishdim.

- Futboldagi jamoaga qabul qilish marosimi harbiy xizmat taomillarini eslatadi...

-  19 yoshda ko‘pchilik qatori harbiy xizmatga yo‘l olganman. Barcha yangi askar bo‘lgani uchun kimnidir ajablantirishga zarurat tug‘ilmagan. Futboldagi taomil biroz qiyinroq: raqsga tushish yoki kuylab berish talab etiladi. Deylik, Kardiffda kuylashimga to‘g‘ri keldi va futbolchilar qarshisida Norvegiya milliy madhiyasini ijro etdim. Bo‘lajak ustoz uchun biroz ajablanarli holat, albatta. Lekin atayin shunday qildim. Zero, shogirdlarimga xatoga yo‘l qo‘yishdan cho‘chimagan holda to‘p surishlarini istashimni bildirmoqchi bo‘ldim. Chunki ayrim futbolchilar o‘zlarini APLga loyiq emasdek tutishayotganini ilg‘agandim.

- Endi o‘yinni Lui van Gal uslubida yo‘lga qo‘ymoqchimisiz yoki...?

- Ser Aleks har bir uchrashuv arafasida bir gapni takrorlardi: «O‘zingni ko‘rsat, o‘yindan shunchaki, lazzat ol. Lekin xatoga yo‘l qo‘ysang, aybingni yuvishni ham unutma!» Qisqasi, men ham maydonda emin-erkin to‘p suradigan mag‘rur «MYU»ni ko‘rishni istayman. Lui van Galga esa havas qilaman. Chunki u futbol olamida yorqin iz qoldirishga ulgurgan murabbiydir.

Sulsher uchun asosiysi - zavqli o‘yin

«MYU»da vaqtincha bosh murabbiy maqomida ish boshlagan Ole-Gunnar Sulsher klub televideniyesi orqali chiqishida ham asosiy vazifasi futbolchilarning yana rohatlanib to‘p surishlarini ta’minlash ekanligini ta’kidladi: «Menga berilgan 6 oylik muhlatda zavqlanib ishlash niyatidaman. O‘z uyimga qaytdim. Bilaman, rahbariyat boshqa murabbiy izlashda davom etyapti, men esa yordamchilarim bilan o‘z bilganimdek yo‘l tutmoqchiman. Muhimi, futbolchilar o‘yindan rohatlanishlari kerak. Ko‘plab yigitlar bilan gaplashib oldim. Tarkibda professionallar yig‘ilishgan, ular o‘z ustilarida ishlash, ter to‘kishga tayyorlar. To‘g‘ri, natijalarga e’tibor bermaslikning iloji yo‘q, g‘alabalar zarur. Demak, asosiy vazifam - futbolchilarga har tomonlama yordam berish. Ular o‘z imkoniyatlari darajasida o‘ynashsa, bas».

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 10:37, 30.12.2018.
O'qildi: 3607 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.