Moskvadagi g‘alabadan so‘ng jahon chempionlari ustozining hayotida qanday o‘zgarishlar ro‘y berdi? 2018 yilda u Fransiya va jahonning eng yaxshi murabbiyi bo‘ldi. Garchi France Football nashriga bergan intervyusida hayot ajoyib va g‘aroyib ekanligini ta’kidlashdan tashqari, hamisha sergaklikni yo‘qotmaslik kerakligi, zero katta g‘alabalardan so‘ng odamlar katta ahmoqgarchiliklarga yo‘l qo‘yishlari mumkinligini ta’kidladi.
- JCH-2018dagi g‘alabadan so‘ng shunday yuqori notada faoliyatni yakunlash fikri xayoldan o‘tmadimi?
- Aslo, yo‘q! Bunga bitta oddiy sabab bor - bu ishdan hali zerikmadim. Qilayotgan mehnatimdan rohatlanmasam, o‘shanda ko‘ramiz.
- Lekin Fransiya termasi bilan bundan yuqoriroqqa chiqolmaysiz...
- Nega endi? Intilishga arzigulik maqsadlar bor. Balki, jahon kubogi eng yirik sovrindek ko‘rinar, biroq hayot shu bilan to‘xtab qolmaydi. Endigina 50 yoshni qarshiladim, pensiya haqida o‘ylashga hali erta.
- Finaldan keyinoq yigitlarga hayot ular uchun endi o‘zgarganini aytdingiz. O‘zingiz uchun-chi?
- Nimani nazarda tutgandim: insoniy jihatdan, albatta, yigitlar o‘zgarishmadi, ammo atrofdagilar endi ularga boshqacha ko‘z bilan qarashadi. Ugo Lyoris Rossiyadagi musobaqada sardor bo‘ldi, shundayligicha tarixdan joy oladi. Xuddi shunday holatni men futbolchilik faoliyatimda boshdan kechirganman. Butsalarimni mixga ilgach, ikkinchi hayotim boshlandi. JCH-2018dagi g‘alabadan keyin uchinchi hayot bo‘lmaydi, shunchaki yana bir oliy maqomga ega bo‘ldik - futbolchilar va murabbiylar guruhiga rahmat. Qisqasi, umrimiz go‘zal va ajoyib hissiyotlarga to‘ldi! (Kuladi) To‘g‘ri, endi avvalgidek xotirjam emasmiz. Lekin selfi tushishni xohlayotgan ishqibozga yo‘q deb bo‘larkanmi? Har holda, bu tanqidlar yomg‘iri ostida qolishdan yoqimli.
- Qandaydir takliflar ham bo‘lgandir? Aytaylik, biror-bir ekzotik mazmundagi...
- Bor shunaqasi. Kap-d~Ay shaharchasidagi stadionga mening nomimni berishni xohlashdi. Bu ikkinchisi, birinchi taklif Bayyondan tushgandi. Bu hududlar bilan o‘zaro bog‘liqligim bor. Birida necha yillardan buyon yashayapman, boshqasida esa tug‘ilganman. Ammo bu holat nomimdan har qanday odam o‘z istaganicha foydalanishini anglatmaydi. Turli firmalardan takliflar bo‘ldi, ammo federasiyadan maosh olyapman, ortig‘i kerakmas.
- O‘z sohangizda yetarlicha bilimga ega bo‘ldim, deb o‘ylaysizmi?
- Jahon chempionati payti qandaydir muammo tug‘ilsa, psixologiya va san’atni boshqarish mavusidagi «To‘g‘ri qaror chiqarish» kitobini o‘qidim. Bu mavzular meni doimo qiziqtirib keladi. Shunday odamlar borki, ertalab uyg‘onganda, xayolida «Men hamma narsani bilaman...» degan fikr turadi. Ammo men hech narsani bilmasligimdan xabardorman. Bilim olishdan hech qachon to‘xtamaslik kerak. Shunday so‘zlar borki, kishini beixtiyor mulohaza yuritishga undaydi.
- Emme Jake (1998 yilgi Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi) tajribasidan ham nimadir oldingizmi?
- Albatta. O‘rganadigan narsalar ko‘p, ayniqsa, sizdan yigirma yosh katta bo‘lgan odamdan. Garchi hozirgi jarayon farqli bo‘lsada: JCH Fransiyada o‘tmadi, futbolchilar avlodi boshqa, qiziqish doiralari o‘zgacha. Hozir dunyo barcha uchun ochiq, u paytlari biroz yopiqlik kuzatilgandi. Asosiy so‘z - «moslashuv» edi. Shunday ekan, kimningdir tajribasini ko‘chirish mumkin emas. O‘sha payt foyda keltirgan uslublar hozir samara bermasligi hech gapmas. Shuningdek, umumiy ishlash prinsiplari bor. Muhimi - avval qilingan xatolarni takrorlamaslik.
- Futbolchi va murabbiy sifatida jahon chempioni bo‘lganlar qatoriga kirdingiz - Mario Zagallo, Frans Bekkenbauer...
- Bu yoqimli, albatta, bemalol faxrlanish mumkin. Ammo mazkur yutuqlar ertalab ko‘zguga qarab, «Sen - buyuksan!» deyishga sabab bo‘lolmaydi.
- Fransiya futbolida o‘z davrining ramziga aylanganlar uchragan - Kopa, Platini, Zidan... Ammo hozirgi termada shunday timsol-o‘yinchi yo‘q. Shunday ekan, g‘alabada eng katta ulushni Desham qo‘shdi, deyish mumkinmi?
- Yo‘q. Nega endi futbolchilar hissasini kamaytirish kerak? Bu soxta kamtarlik emas. Hammasini o‘yinchilar bajarishdi. Xuddi shu gap Emme Jakening roliga ham taalluqli. Murabbiy - muhim figura, biroq so‘nggi so‘zni baribir, futbolchilar aytishadi. Axir ularni kompyuter o‘yinida bo‘lgani kabi «joystik» yordamida boshqarib bo‘lmaydi.
- Lekin ko‘pchilik «Bu Grizmann, Pogba yoki Mbappening emas, Deshamning jamoasi», demoqda...
- Buni his qilish yoqimli, ammo masala mohiyatini tushunish kerak. Ha, chindan ham bu termada muayyan bir futbolchi ajralib turmadi. Ammo jamoaning asl kuchi ham shunda-da. Uch-to‘rt nafar yetakchi futbolchi bor, lekin terma jamoa turli avlod vakillari qorishmasidir. Yoshlar ham o‘ynayapti, o‘ttizdan oshganlar ham. G‘alabani butun jamoa qo‘lga kiritdi: 23 futbolchi va 20ga yaqin xodimlar. 55 kun barchamiz bir oiladek kun kechirdik.
- Hozir to‘plangan tarkib shu qadar tez samara keltirishini taxmin qilganmidingiz?
- Yo‘q, axir ko‘pchilik - 14 nafar futbolchi - Yevro-2016da qatnashmagandi. Tajriba esa bunday turnirlarda juda muhim. Lekin Yevro va JCH orasidagi ikki yil yuqori darajada o‘ynayotgan o‘yinchi uchun kam emas. Jamoa bu muddat ichida albatta o‘zgaradi. Emme Jake boshqargan terma haqida ham xuddi shu gapni aytish mumkin - 1996 va 1998 yillarda turli futbolchilar to‘p surishgan. Demakki, Yevro-2020gacha tarkib yana o‘zgaradi. To‘g‘ri, qaysi tomonga va qaysi futbolchilar evaziga o‘zgarishini bilmayman.
- Mundialdagi g‘alaba birinchi navbatda shu 23 nafar o‘yinchining to‘g‘ri tanlangani bilan bog‘landimi?
- Ha. JCH final bosqichiga yakuniy ro‘yxatni tuzish - ikkita o‘yin va o‘n kunlik yig‘inlarda futbolchilarni taklif qilishdan farqlanadi. Bu ko‘pkunlik tahlil, mulohaza, yordamchilar bilan fikr almashishdir. Menga 2014 va 2016 yillarda to‘plangan tajriba ham asqotdi. O‘yinchilar tanlovi - o‘ta nozik va murakkab ish.
- 1998 yilda ham jahon chempionligini qo‘lga kiritgansiz. Bu voqeani qanday qabul qilgansiz, muammolar bo‘lmaganmi?
- Albatta, muammo kuzatiladi - axir shuncha kuch sarflanadi, his-hayajon bo‘ladi. Qo‘shimchasiga, mavsum uzayadi, dam olish uchun vaqt kamayadi. Miya va tana siz xohlagandek ishlamaydi. Qandaydir zerikish va bezish kuzatiladi. Ammo hammasi yoshga bog‘liq. Navqiron futbolchilar uchun chempion bo‘lish qaysidir ma’noda doping vazifasini o‘tasa, ajabmas. O‘ttiz yoshlilar esa orzu ro‘yobga chiqqani, faoliyat yakunlanayotgani haqida o‘ylashadi. Bunday hol men bilan ham kuzatilgan. JCH-98dan so‘ng yarim yil o‘zimga kelishim qiyin kechgan.
- Hozir, 2018 yilgi muvaffaqiyatdan keyin-chi?
- Endi meni hech narsa to‘xtatolmaydi. Bir gap bor: «Katta g‘alabalardan keyin odamlar katta ahmoqgarchiliklarga yo‘l qo‘yishadi». Balki, xotirjamlik kuzatilar, go‘yo hayot shu zayl davom etadigandek. Ammo professional sport shafqatsiz! Buni yodda tutish kerak. Axir g‘alabani qiyinchilik bilan qo‘lga kiritdik!
- Oldingizda yechimini kutayotgan dilemma bor: bir tomondan, chempion tarkibni saqlab qolishni xohlaysiz, boshqa tomondan - rotasiya darkor...
- Yevro-2016dan keyin konservator ekanligim, yangiliklar tarafdori emasligimni ta’kidlashgandi. Bilmayman, aslida ham shundaymi? Ammo men shundayman. Qanchalik konservator bo‘lmay, Rossiyaga ko‘plab yangi futbolchilar bilan bordim. To‘rt kishi tarkibga JCH-2018dan keyin qo‘shildi: Tangi Ndombele, Ferlan Mendi, Alassan Plea hamda Benjamen Lekont. Terma jamoa eshigi hamma uchun ochiq. Shuningdek, Mamadu Sako, Kurt Zuma, Muso Sissoko, Luka Din, Benua Kostil ham bor. Jahon chempionlari termada hech kimga joy kafolatlanmaganini yaxshi bilishadi. Men bu qadar mehribon emasman. Ammo kimdir milliy jamoadan taklif olibdimi, yanada ko‘proq ter to‘kishiga to‘g‘ri keladi. Uning uchun boshqacha hayot boshlanadi. Xuddi shu gap chempionlikka erishganlarga ham tegishli. Muntazam ravishda termaga munosib ekanligini isbotlashi shart.
- JCH-2018dan so‘ng fransuzlarning g‘alaba resepti haqida gapirish mumkinmi?
- Resept - bu haqiqiy jamoaviylik. Albatta, mazkur jamoada avval ham buyuk futbolchilar to‘p surishgan, ammo bunday jipslik yangi darajaga chiqdi. 2018 yilga kelib ajoyib tarkib shakllandi, Germaniya termasi 2014 yili xuddi shunday ko‘rinish olgandi. O‘shanda ham nemislar jamoasida aniq bir o‘yinchini ajratib ko‘rsatib bo‘lmasdi, ularda ham nazoratni qo‘lga oladigan 4-5 yetakchi to‘p surgandi. Bugungi kunda jamoa o‘yini qaysidir yulduzga bog‘liq emas.
- Shu bois, ehtimol, «Oltin to‘p» fransuzlarga nasib etmagandir...
- Balkim. Afsuslanarli, albatta. Luka Modrich «to‘p»ga munosib emas, sovrinni faqat g‘oliblar qo‘lga kiritishi kerak, degan fikrdan yiroqman. Ammo fransuzlar - «Oltin to‘p»ga da’vogarlar o‘rtasida hurmat saqlanib qoldi. Vaholanki, JCH-2018dan so‘ng Kilian, Antuan hamda Rafael o‘rtasiga sovuqchilik tushirishga urinishlar bo‘lgandi. Biroq foyda bermadi. Termaning kuchi ham shunda. Hech kim ustunlikni o‘z tomoniga og‘dirishga intilmaydi. «Oltin to‘p» g‘olibi bizdan bo‘lmaganligi fojia emas, mabodo sovrin bir kishi emas, futbolchilar guruhiga topshirilganda, shogirdlarim unga munosib edilar.
- Terma ustozining kelgusidagi rejalari qanday?
- Dastlab Yevro-2020 yo‘llanmasini qo‘lga kiritish kerak. Shunga qarab maqsadlar belgilanadi. Uzoq muddatli rejalar tuzmadim, hozir ham urinmayapman. Bugungi kun bilan yashayapman. Birinchi hayotim - futbolchilikda erishgan yutuqlarim sabab, hozirgi hayotim ham muvaffaqiyatli kechmoqda. Ammo shuni ham unutmaylikki, JCH saralashi «pley-off» javob bahsida g‘alaba qozonmaganimizda yoki Argentina termasiga yutqazganimizda, hozir voqealar boshqacha rivoj olayotgan bo‘lardi. Ayni payt hayotimdan mamnunman. Yillar va tajriba bunday damlarni qadrlashga o‘rgatadi. Omadim keldi. Buni bilaman.
- Uchinchi hayotingizni boshlashingiz mumkin emasmi - mutasaddi sifatida. Xuddi Frans Bekkenbauer singari boshqaruvchi lavozimida?
- Bilmayman. Hozir boshqa soha haqida o‘ylamayapman. Menga kerak bo‘lgan yagona narsa - futbol maydoni.
- France Football uchinchi marta sizni Fransiyada yil murabbiyi sifatida e’tirof etdi. Bunga qadar 2003 va 2010 yilda shunday sharafga munosib ko‘rilgan edingiz. Demak, Zayniddin Zidanni ortda qoldirdingiz...
- Lekin Zizuni klub murabbiyi, meni esa terma ustozi sifatida tanlashdi. Bu boshqa-boshqa narsalar.
- Ammo qaysi biri ma’qulroq - klub murabbiyimi yoki termaniki?
- Klubda ishlayotganda, faoliyat muvaffaqiyatli kechadimi, yo‘qmi - ish juda murakkab kechadi. Deyarli dam olinmaydi. Termani shug‘ullantirayotganda esa to‘xtab, hordiq chiqarish imkoni tug‘iladi. Yo‘q, milliy jamoa ustozi bo‘lish - bu ajoyib... Ayniqsa, g‘alabalarni qo‘lga kiritganingizda!