France Football nashri ijodkorlari futbol qiroli - Pele holidan xabar olish bahonasida unga bir qator savollar bilan ham murojaat etishdi. Xususan, «Pele kimni ko‘proq yoqtiradi - Neymarnimi yoki Mbappeni?» qabilidagi savolni o‘rtaga tashlashdi. Braziliyalik afsona esa har ikkisini o‘z yoqimtoylari sifatida e’tirof etdi. Uning fikricha, biri tez orada «Yangi Pele» maqomini oladi, ikkinchisi esa dunyoning eng kuchli futbolchisiga aylanadi».
- Sizga qanday murojaat etish kerak? Edson, Pele, qirol yoki dunyoning eng yaxshi futbolchisi...?
- Xohishingiz. Faqat «Janob Pele» birikmasiga toqat qilolmayman. Oila a’zolarim uchun ismim oddiy - Diko. Sizlarga esa Edson, Pele, Pelezinyo nomlariga ijozat. Faqat «janob»ga xushim yo‘q.
- Yaxshi, umumiy kayfiyatingiz qanday?
- Avvalo, tezroq sog‘ayishimni tilab, meni qo‘llab-quvvatlayotgan fransuzlarga minnatdorchilik bildiraman. Bilishimcha, ko‘pchilik men uchun ibodat qilishgan. benihoya minnatdorman! Shukr, hozir ancha sog‘aygandekman. 2 marta jarrohlik stoliga yotdim va endi oyoqqa turdim. Garchi navbatdagi JCHda qatnasholmasamda, boshqa yumushlarga shayman (kuladi).
- 100 yoshga to‘lganingizda «Marakana»da to‘p bilan tomosha ko‘rsatishga va’da bergan edingiz...
- Va’da berdimmi, nasib etsa, bajaraman, albatta. To‘g‘ri, yubileygacha hali ancha bor. Sana yaqinlashganida, o‘zim xabar beraman.
- Xastalik tufayli avvalgidek sayohatlarga chiqolmayapsiz. Zerikib qolmayapsizmi?
- Ha, zimmamda bir qator shartnoma majburiyatlari bor. To‘g‘ri, jarrohlik operasiyalari sabab, ularning soni biroz kamaydi. Sayohat esa davom etmoqda. Yaqinda Koreya va Xitoy, shuningdek, Yevropada bo‘ldim. Qisqasi, uyda cho‘zilib yotishga vaqt yo‘q. To‘p tepishni esa to‘xtatdim.
- O‘yinlarni loaqal tomosha qilayotgandirsiz...
- Ha, lekin stadionda emas, televizor orqali. O‘zi asosiy mashg‘ulotim ham shu. Futbolchilarning bolalarcha xatolarga yo‘l qo‘yishayotganini ko‘rib, o‘yimga yetolmayman: «Anavi yigit nega bunday qildi, nega aldab o‘tishga urinmadi?» To‘g‘ri, divanda o‘tirgan holda aql o‘rgatishdan osoni yo‘q.
- Vaqtida Nyu-Yorkning «Kosmos» klubi emas, «PSJ» safiga o‘tish imkoniyatiga ega bo‘lganingiz rostmi? Parij jamoasi prezidenti Gi Kresan 1971 yili sizga taklif yuborib, shunday bayonot bergan ekan: «Poytaxtda yana bitta obida paydo bo‘ladi. U Eyfel minorasidan ham ulug‘vor!»
- To‘g‘ri, klub prezidenti men bilan bog‘lanib, Parijga taklif etgandi. Men chorlovdan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarilgani, ammo «Santos»dan ketolmasligim, Braziliyadan chetga chiqolmasligimni aytgandim.
- Aytishlaricha, PSJ»ning yorqin yulduzi - Kilian Mbappeni o‘z vorisingiz sifatida e’tirof etgan emishsiz...
- Bu mavzuni ayni vaqtida tilga oldingiz. Fransuzlar va butun Yevropaga aytadigan gaplarim bor. O‘tgan yili Kilianni o‘ta kuchli futbolchi sifatida maqtadim. Ayrimlar esa uni 3 yil oldin Neymar bilan yonma-yon qo‘ya boshlagandilar. Mbappe o‘yinlarini diqqat bilan kuzatib boryapman. Mana, u 19 yoshida JCH g‘olibi bo‘ldi. Men 1958 yili Shvesiyada shohsupaga ko‘tarilganimda, 17 yoshli o‘smir edim. Demakki, Kilian bu borada menga deyarli yetib oldi. O‘ylashimcha, u bemalol «Yangi Pele» maqomini olishi mumkin. Bu so‘zlarim ko‘pchilikka hazildek tuyular, ammo jiddiy gapiryapman. Hozir sizlarga bir narsa ko‘rsataman (cho‘ntagidan telefonini oldi)...
... - Nima, Kiliandan SMS xabar oldingizmi?
- Yo‘q, SMS emas, mana ko‘ring (2 ibora va fotokollajga ishora qildi. Pele: «Agar Mbappe rekordlarimni bekor qilaversa, butsamni kiyishga majbur bo‘laman!» Mbappening «Tvitter» orqali yo‘llagan javobi: «Faqat yagona qirol bor»). Kilianning e’tirofi meni to‘lqinlantirib yuborgani rost. Unga ham minnatdorchilik izhor etaman. Senga katta rahmat, Kilian. Biroq endi men uchun navbatdagi mundialda ham g‘alaba qozonishing shart!
- Kilian haqidagi bu gaplaringiz Neymarga yoqmasa kerak-ov...
- Xato qilasiz. U sira ranjimaydi. Har holda, bir-birimizni anchadan buyon yaxshi bilamiz. Neymar - Braziliya o‘g‘loni. U «Santos» akademiyasiga kelganidan buyon mening otalig‘imda. «Santos» darvozasini qo‘riqlagan o‘g‘lim Edinyo ham Neymarning professionallar safidan tezroq joy olishi uchun yelib-yugurdi. Aytishlaricha, u mashg‘ulotlarda Neymarga nisbatan qoidabuzarlikka har doim ham hushtak chalmasdi. Chunki uning toblanishi, qiyinchiliklarga bardoshli bo‘lishini istardi. Umuman, Neymarni o‘z o‘g‘limdek ko‘raman.
- Lekin uni juda ko‘p tanqid qilasiz.
- Yo‘q, ota hech qachon ortiqcha tanqidga berilmaydi. U faqat tarbiyalaydi. Ko‘pchilik o‘ylaganidek, o‘ta qattiqqo‘ldirman, ammo Neymarga faqat yaxshilikni ravo ko‘raman.
- Neymar oxirgi 2 yil davomida ancha mug‘ombir bo‘lib qoldi.
- To‘g‘ri, chiroyli va sermahsul o‘yin ko‘rsatish, gollar urish o‘rniga simulyasiya ishlatishga odatlandi. Bu borada o‘zi va otasi bilan alohida gaplashdim. O‘ylashimcha, Neymar suhbatimizdan tegishli xulosa chiqardi.
- Faraz qilaylik, ixtiyoringizda «Pele» nomli jamoa bor va uning yillik byudjeti 200 mln. yevroga teng. Shunday holatda qaysi futbolchini sotib olardingiz?
- Hech qaysini. Butun bir jamoa xarid qilardim (kuladi).
- Lekin birgina Neymarning o‘ziga 222 mln. yevro kerak-ku...
- Ha, shunday. Shunga qaramay, Neymar-Mbappe juftligini xarid qilishga urinib ko‘rardim. Ular mening yoqimtoylarim!