Yaxshi bilasiz, bugungi kunda sport rivojida tibbiyotning o‘rni katta. Ayni paytda Milliy olimpiya qo‘mitasi qoshida Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Sportchilarimiz musobaqalar oldidan bu yerda chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tishadi. Shuningdek, markaz mutaxassislari sportchilarga farmakologiya va vitaminlardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berib kelishmoqda. Bu sportchilarimizni Tokio 2020 Olimpiadasiga munosib tayyorlash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi. Milliy olimpiya qo‘mitasi Matbuot va media departamenti Tokiodagi Olimpiya o‘yinlariga tibbiy yo‘nalishda qanday tayyorgarlik olib borayotganligini bilish maqsadida markaz rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Abdushukur Sodiqov bilan suhbat uyushtirdi. Intervyu davomida ko‘tarilgan masalalar muxlislar uchun ham qiziq bo‘lishiga ishonamiz.
O‘zbekistonda sport tibbiyotining rivojlanishi haqida
Mamlakatimizda sport sohasiga e’tiborning kuchayishi sport tibbiyoti yo‘nalishiga ham o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsata boshladi. Jumladan, Toshkentda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi ish boshladi. Markaz barcha diagnostika, laboratoriya va reabilitasiya uchun kerakli bo‘lgan tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Bu sport tibbiyotining jadal rivojlanishida juda katta ahamiyatga ega desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta mahsus ta’lim vazirliklari hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining “Sportchilarning diagnostika va funksional holatini yaxshilash hamda salomatlik holatini davriy baholash bo‘yicha standartlari” to‘g‘risida qarori imzolandi. Shuningdek, MOQning buyrug‘iga binoan, tibbiy ko‘riklarni o‘tkazishnii tartibga solish uchun reglament ishlab chiqildi.
Milliy Olimpiya qo‘mitasining 2018 yil 20 iyundagi buyrug‘iga asosan markazning ishchi guruh a’zolari Toshkent shahri, Farg‘ona va Andijon viloyatlaridagi sport muassasalarida sport shifokorining faoliyati, sportchilariga yaratilgan shart-sharoitlar, ularga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam, sport shifokori tibbiyot xonasininig jihozlanishi, zarur bo‘lgan tibbiy uskunalar va dori-darmonlar bilan ta’minlanganligi o‘rganildi, ularga tegishli tavsiyalar berildi.
Terma jamoamiz a’zolarining tibbiy ko‘rikdan o‘tish jarayoni
Bugungi kunga kelib, terma jamoamiz a’zolarining tibbiy ko‘rikdan o‘tish jarayonlari reja asosida olib borilmoqda. Bunda markazimiz tor mutaxassislari va butun jamoamizning yuqori malakali, ma’suliyatli yondoshuvi alohida e’tiborga sazovor. Chunonchi, so‘ngi yillarda o‘zbek sportida erishayotgan katta yutuqlar negizida nafaqat sportchi va murabbiylar, balki Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markaz xodimlarining ham o‘ziga yarasha o‘rni bor. Bugungi kunda har bir sport federasiya va assosiasiyasiga markazning malakali mutaxassislaridan iborat koordinatorlar biriktirilgan. Shu bilan birga, psixologiya va diyetologiya- nutrisiologiya yo‘nalishlari bo‘yicha ishchi guruxlar tuzilib, ular tomonidan sportchilarni psixologik tayyorgarligi va rasional ovqatlanish uchun kunlik, haftalik menyular qayta ko‘rib chiqilmoqda. Sportchilarning mashg‘ulot davrida funksional holatini o‘rganish maqsadida “mobil laboratoriya” tashkil etilib, sport bazalarida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari olib borayotgan sportchilarning funksional holati kuzatib borilmoqda.
Sportchilarning tibbiy ko‘rik yakunlari haqida hulosa
Mazkur tibbiy ko‘rik yakunlariga ko‘ra, hulosam ijobiy albatta. Patologik holat aniqlangan, jarohat yoki tekshiruvlar hulosasiga ko‘ra tiklanish yetarli darajada bo‘lmagan sportchilar uchun stasionar davolanish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Sportchida yuqoridagi holatlarning biri aniqlangan kunning o‘zidayoq davolash chora tadbirlarini boshlash va sportchining eng qisqa muddatlarda mashg‘ulotga sog‘lom qaytishini yo‘lga qo‘yish ularga yanada dadillik bag‘ishlaydi deb o‘ylayman. Salbiy tomonlar haqida gapiradigan bo‘lsam, ayrim federasiyalardagi mutassadi va murabbiylarning ishga sovuqqonlik bilan yondoshishi sabab, sportchilarni markazga kechiktirib olib kelinishi holatlari ham uchramoqda.
Xalqaro hamkorlik, xodimlar malakasini oshirish
Xodimlar malakasini oshirish – bu, yangi yutuqlar me’zonidir. Albatta, bunda faqatgina erishilgan yutuqlar muhokamasi emas, balki xalkaro hamkorlikning o‘rni kattadir. 2018 yil davomida, markazimiz mutaxassislari, Koreya Respublikasi, Yaponiya, Rossiya va Turkiya kabi davlatlarda o‘z malakalarini oshirishdi. 2018 yil davomida Rossiya sport tibbiyoti hamda bemorlar va nogironlar reabilitasiyasi assosiasiyasi, Yaponiyaning “The Japan Uzbekistan Silk Road Foundation” tashkiloti bilan O‘zbekiston sport tibbiyoti va reabilitasiyasi Milliy assosiasiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Sport federasiya va assosiasiyalarining sport tibbiyoti mutaxassislariga ilmiy-amaliy yordamni tashkil etish, sport tibbiyoti sohasida ilg‘or va innovasion yondashuvlarni tadbiq etish maqsadida 2018 yil 8-9 noyabr kunlari Toshkent shahrida “Sport tibbiyotining dolzarb muammo va istiqbollari” mavzusida xorijiy mutaxassislar ishtirokidagi ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Konferensiya kesimida sport tibbiyoti sohasida quyidagi yetakchi olimlar, jumladan Rossiya Federasiyasidan MDH va Boltiqbo‘yi davlatlari sport tibbiyoti shifokorlari assosiasiyasi prezidenti, akademik B.Polyayev, Yaponiyaning KEIO sport tibbiyoti universiteti professori, 2020 yil Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlari tashkiliy xay’at a’zosi Ishida Xiroyuki, turkiyalik mutaxassis Chagatay Ostyur ishtirokida mahorat darslari, taqdimotlar tashkil etildi.
2018 yilning 5-8 dekabr kunlari Moskva shahrida o‘tkazilgan “Sport Med-2018” xalkaro ilmiy-amaliy anjumanida markazimiz mutaxassislari ham ishtirok etishdi.
Chunki, ushbu yo‘nalishda yetakchi hisoblangan davlatlar malakasi va tajribasini o‘rganib, uni O‘zbekistonda ko‘rib chiqish, o‘z ustida ishlash, yangiliklarni yo‘lga qo‘yish sport tibbiyoti taraqqiyotini yanada tezlashtirishiga ishonchim komil.
Antidoping bo‘yicha sport federasiyalari va assosiasiyalari shifokorlari bilan ishlash tizimi haqida
Markaz ilmiy sektor va ilmiy laboratoriya xodimlari tomonidan sportchilarga mumkin bo‘lgan dori vositalarni ro‘yxati tuzildi. Shuningdek, har bir federasiyadagi murabbiy va shifokorlarga uslubiy qo‘llanma tarqatiladi.
Bundan tashqari, Sumbula (Ferula muskusnaya, Ferula moschata), Tribulus (Tribulus terrestris), Mandragora (Mandragora lekarstvennaya, Mandragora officinarum) o‘simliklaridan biologik faolliklarga ega bo‘lgan kimyoviy moddalar ekstraksiya qilib olindi. Hozirda ushbu ekstraktlarning O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining O‘simlik moddalari kimyosi institutida klinik oldi sinovlarini o‘tkazish ishlari olib borilmoqda.
Tibbiy uskunalar masalasida
Milliy olimpiya qo‘mitasi qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining tibbiy uskunalar bilan ta’minlanganligi yuqori darajada desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Markazda nafaqat sportchilar uchun muhim bo‘lgan tekshiruvlar, balki, aholiga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ham barcha qulayliklar yaratilgan.
2020 yilgi Olimpiadaga tibbiy yo‘nalishdagi tayyorgarlik
2017 yil 9 martdagi “O‘zbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shaxri (Yaponiya)da bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgalik ko‘rish to‘g‘risida”gi PQ-2821-sonli Qarorining ijrosini ta’minlash, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining bu bo‘yicha ishlab chiqqan strategiyasi asosida hozirgi kunda har bir sportchiga individual yondoshilmokda, ya’ni “sportchi pasporti” yaratildi. Uning bolalikdan to hozirga qadar o‘tkazgan kasalliklari, mashg‘ulotlar tartibi, erishilgan yutuqlari o‘rganib chiqilmoqda. Bu o‘z navbatida sportchi sog‘lig‘i, holati haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish imkoniyatini beradi. Qolaversa, sog‘lig‘i tomonidan oqsayotgan sohaga ko‘proq e’tibor berishga, uni bartaraf etishga yordam beradi.
Kelajakdagi rejalar
Kelajak uchun rejalarimiz ulkan. Bu borada bir qator loyihalarni o‘ylab qo‘yganmiz. Eng asosiylaridan biri, ilmiy saviyani ko‘tarish bo‘yicha oldinga qadam tashlashdir.