Kirish Ro'yxatdan o'tish

Daromad orttirishning zaxira varianti

Daromad orttirishning zaxira varianti

Baho:
+ | -

«Yuventus» deganda ko‘z o‘ngimizda yulduzlar jamoasi gavdalanadi. Ronalduning kelishi esa Italiyada hozircha turinliklarga teng keladigan jamoa yo‘qligini yana bir karra isbotladi. Ushbu klubning buyukligiga sabab bo‘layotgan yana bir omil bor - keraksiz futbolchilar sotuvidan unumli foydalanish.

22 yoshli darvozabon Emil Auderoning «Sampdoriya»ga sotilishi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Asli kelib chiqishi Indoneziyadan bo‘lgan kiper «Yuve» safida atigi bitta o‘yin o‘tkazib, keyinchalik ijara asosida «Venesiya»da to‘p surdi. Joriy mavsum esa «Sampdoriya» libosida maydonga tushmoqda. Mazkur klub Auderoni 20 million yevroga xarid qildi - ushbu summa to‘rt yil ichida turli transhlar orqali to‘lanadi. Yozgi ijara uchun belgilangan bir million yevroni ham turinliklar hisobiga qo‘shib qo‘yish mumkin. E’tiborlisi, mazkur kelishuv davomida «Yuventus» futbolchini qayta sotib olish huquqidan voz kechdi, vaholanki, aksariyat top-klublar iqtidorli o‘yinchilarni sotayotganda aynan shu banddan foydalanish payida bo‘lishadi.

Audero «A» seriyada dastlabki to‘liq mavsumini o‘tkazmoqda. Statis­tikasi yaxshi, ammo transfer summasi uning salohiyatini yaqqol ko‘rsatmoqda. Emil 25ta o‘yindan 9tasini «quruq» o‘tkazdi, o‘z darvozasidan jami 32 marta to‘p olib chiqdi. Qishda unga «Arsenal» qiziqish bildirgandi, vaholanki, bu kelishuvni tasavvur qilish qiyin edi.

«Yuventus»da yo‘q yerdan pul topishni yo‘lga qo‘yishgan, futbolchilar sotishga mo‘ljallangan konveyer esa uzilishsiz ishlamoqda. «Keksa sinyora»ga daromad keltirgan yana ayrim o‘yinchilar ham borki, ularning nomini eshitmagan bo‘lsangiz, ajabmas. Bularning bari 2017|2018 yillar mavsumi startidan boshlangandi. Bir yarim yil ichida «Yuve» ayrim klublar o‘n yillar mobaynida topolmagan daromadga ega bo‘ldi.

• Fevraldagi ko‘pchilikka noma’lum kelishuv: «Kalyari» hujumchi Alberto Cherrini 9 million yevroga xarid qildi. Shuningdek, turinliklar uning ijarasi uchun yana bir million olishdi. Bu yigitcha «Yuventus» safida o‘yin o‘tkazmagan, lekin 22 yoshida «Perudja»da sermahsul mavsumni o‘tkazdi (34ta o‘yin, 15ta gol). Hozircha «Kalyari» safida chempionatda to‘p kiritmadi.

• Bundan bir yil avval «Yuventus» tarbiyalanuvchisi Filippo Romanya 7,6 million evaziga «Kalyari»ga yo‘l olgandi. Ushbu futbolchi «Yuve» akademiyasida tahsil olgan, ijara asosida «Novarra» hamda «Breshiya»da to‘p surgan, hozir esa «Kalyari»ning asosiy himoyachisi. Biroq Romanyaga «Yuventus»ning kattalar jamoasida biror marotaba imkoniyat berishmadi.

• «Havodan kelgan pul» mavzusiga yana bir yorqin misol - Mattia Kaldara. «Atalanta»dagi ikkita muvaffaqiyatli mavsum va to‘g‘ri piar Kaldaraga Bonuchchining saviyasiga chiqish imkonini berdi. «Yuventus» va «Milan» shunchaki, 35 million yevroga o‘zaro futbolchi almashishdi.

• «Keksa sinyora» har doim ham o‘z tarbiyalanuvchilarini sotavermaydi. Jumladan, Rolando Mandragorni turinliklar «Jenoa»dan topishgan. 2016 yilning yanvarida «Yuventus» uning uchun 8 million yevro to‘ladi, ikki yildan keyin esa «Udineze»ga 20 millionga sotdi. Foyda sanoqsiz ijara shartnomalari orqali keldi, Mandragora esa «Yuventus» safida bor-yo‘g‘i bir marta maydonga tushgan, xolos.

• «Yuventus»ning norasmiy farm-klubi - «Sassuolo». Turin grandi bu jamoaga muntazam ravishda yosh o‘yinchilarni o‘tkazadi. Lirola, Kassato, Manyani - bu uchovlon birgalikda ketib, «Yuve» g‘aznasiga 19 million yevro keltirishdi.

• Kichik transferlar bundan ham ko‘p. Rosetti, Marjiotta, Gans, Bunino, Vitale, Donis, Matiyello, Tello - bu yigitlar ham birgalikda «Keksa sinyora»ga 19 million olib kelishgan. Barchalarining tarjimai hollarida «Yuventus»ga bog‘liqlik bo‘lsada, asosiy tarkibga kirishmagan.

Endi muhim bir tushuntirishga e’tiboringizni qaratsak. Yuqorida qayd etilgan kelishuvlarning barchasi uchta yo‘nalishda amalga oshirilgan: ijaradan keyingi to‘lov, o‘yinchi almashtirish paytidagi to‘lov, to‘g‘ridan-to‘g‘ri transfer. «Yuventus» foyda olish mumkin bo‘lgan barcha imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanmoqda. Birgina klubga kerak bo‘lmagan yosh o‘yinchilarni sotish orqali 132 million yevro ishladi.

Bu yerda Favilli bilan bog‘liq kelishuv inobatga olinmadi. Bu yigit 5 million yevrolik ijara shartnomasi asosida «Jenoa»da o‘ynamoqda, 2020 yilning iyulida esa noma’lum summaga qayta sotib olinadi. Shuningdek, ro‘yxatga 26 yoshli darvozabon Leali kiritilmagan: uning kelishuvi turinliklarga 2,5 million keltirgan. «Yuventus» hattoki, «Krilya Sovetov»ga o‘tgan Kris­tian Paskuatoning transferi tufayli «Legiya»dan ham 250 ming yevro olgan.

Yaqinda ko‘pchilik «Chelsi»ning monopoliyasidan hayratlangandi. Londonliklar birdaniga 42 futbolchini ijaraga berishgandi, chunonchi, ularni qo‘yib yuborish orqali daromad orttirishni ham bilish kerak. «Yuventus» esa bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘ymay, imkon tug‘ilishi hamono pul ishlamoqda.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 14:34, 11.03.2019.
O'qildi: 4104 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.