Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

«Barsa»da jami 57 nafar «bosh»...

«Barsa»da jami 57 nafar «bosh»...

Baho:
+ | -

«Barselona» rahbariyati yaqindagina amaldagi bosh murabbiy Ernesto Valverde bilan tuzilgan shartnoma muddatini uzaytirdi.

Mana, Kataloniya grandi boshqaruvini qo‘lga olishiga qadar «Atletik»dagi ishi bilan ham e’tiborga tushgan mutaxassis ketma-ket 2ta «El-klasiko»da g‘alabani ta’minlash asnosida rahbarlarga munosib javob qaytardi. Biz esa shu bahona soccer.ru sayti ma’lumotlari asosida «Barselona»ning butun tarixdagi murabbiylar varaqasini ko‘rib chiqishni lozim topdik. O‘ylaymizki, bu ancha qiziqarli mavzu. Har holda, jahon futbolidagi eng yaxshi klublardan birining murabbiylar masalasidagi siyosati ko‘pchilikni befarq qoldirmasa kerak. Tayyormisiz? Unda boshladik.

Hammasi Qanday boshlangan edi?

«Barselona» klubi rasmiy saytida berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Ernesto Valverde Kataloniya grandi tarixidagi 57-bosh murabbiydir. Jamoa boshqaruvini qo‘lga olgan birinchi murabbiy - bu angliyalik jentlmen Billi Lamb. 1912 yili 35 yoshli futbolchi maydonda to‘p surish barobarida bosh murabbiy funksiyalarini ham bajargan. «Barsa»ning ilk to‘laqonli murabbiyi ham Angliyadan, biroq jamoani aynan 1912 yili ma’lum muddat boshqargan mutaxassis haqida aytarli ma’lumot yo‘q. Hattoki, uning ismi ham o‘sha vaqt uchun oddiy sanalgan inisial ostida yashirin - mag‘rurgina «B». Boz ustiga, familiyasi masalasida turli variantlar bor: Barren, Barzon, Baron...  Eng qizig‘i, «Barsa»ga rahbarlik qilgan hisob bo‘yicha 3-«bosh» ham angliyalik. O‘xshash tomoni, u avvalgi ikki hamyurti kabi boshqaruv kursisida uzoqroq qololmagan. Farqli tomoni esa, tarixga «blaugranas»ning eng yosh murabbiyi sifatida kirgan. Gap «Barselona» safiga o‘ynovchi-murabbiy maqomida qo‘shilgan, biroq darvozani biror marta qo‘riqlamagan holda, ustoz roliga moslashgan 21 yoshli golkiper Jek Olderson haqida ketmoqda. Darvoqe, u ko‘p o‘tmay, «Nyukasl»dan taklif oladi va vataniga qaytadi.

«Barsa» hayotining ibtidosida boshqaruv lavozimida ishlagan angliyalik 4-murabbiy - Jek Grinvellgina barqaror faoliyati bilan ajralib turadi. E’tibor qarating, u «Barselona»ni naq 10 yil (1913-1923) davomida maydonga boshlab tushadi, qolaversa, keyinchalik, ya’ni o‘tgan asrning 30-yillari boshida ham bu ishga qaytadi. Xullas, «Barselona» bosh murabbiylari varaqasi shu tariqa ochilgandi - ilk davrda faqat ingliz mutaxassislariga ishonch bildirilgan. Umuman, klub rahbariyati 1940 yilga qadar ispaniyalik murabbiyni faqat bir bora ishga yollagan. Aniqroq aytsak, jamoa afsonasi Roma Forns o‘z salohiyatinimurabbiylik kursisida ham sinab ko‘rgandi. Keyin angliyaliklar qatoriga irland Patrik O~Konnel qo‘shiladi. Vengriyada tug‘ilgan Rixard «Jek» Dombi (u keyinchalik Avstriya pasportini olgan) va Yesa Poson Kataloniya poytaxti jamoasini 2 bora boshqarib ko‘rishgan. Ularning hamyurtlari Frans Platko ham «Barselona» boshqaruvini ikki marta qo‘lga olgan mutaxassislardan biridir. Diqqatni tortadigan fakt shuki, u klubga naq 20 yillik tanaffusdan keyin qaytgan.

 

13ta mamlakat vakili

Keyinchalik klub siyosati o‘zgardi va «Barselona»ni shug‘ullantirish baxtiga muyassar bo‘lgan kataloniyaliklar safi tobora kengayib bordi. Biroq Ispaniyaning boshqa regionlaridan jalb etilgan 11 nafar murabbiy ham bor. Misol uchun, avvalgi «bosh» - Luis Enrike Asturiya vakili hisoblanadi (u Xixonda tug‘ilgan va mahalliy klub - «Sporting» maktabida tarbiyalangan), Ernesto Valverde esa garchi bask bo‘lsada, Ispaniya janubi - Estremadurada tavallud topgan, ancha vaqt o‘sha yerda yashagan. Umumiy hisobda aytsak, 13ta mamlakat fuqarosi «Barselona» boshqaruv rulini qo‘lga olgan. Jami 57 nafar mutaxassisning deyarli 50 foizini Ispaniya vakillari tashkil etishadi. Angliyaliklar ro‘yxati ham qisqa emas - 10 nafar. To‘g‘ri, ulardan 7 nafari o‘tgan asrning 30-yillari oxirigacha ishlagan. Oxirgi yarim asrlik muddatni olsak, «Barselona» tumanli o‘lkadan chiqqan 3 nafargina murabbiyni ko‘rdi: Vik Bukingem, Terri Veneybls va Bobbi Robson. Deylik, bu oraliqda boshqaruv lavozimiga kelgan gollandlar soni ko‘proq, qolaversa, ularning «Klubdan-da kattaroq» ta’rifini olgan «Barsa» taqdiriga o‘tkazgan ta’sirlari sezilarli darajada kuchli. Deylik, Rinus Mixels Kataloniyaga total futbol g‘oyasini olib kirgan bo‘lsa, Yoxan Kroyff va Frank Raykaard «Barsa»ni tegishlicha Chempionlar kubogi va CHLda g‘alaba sari yetaklashgan. Qolaversa, Lui  van Gal o‘ziga xos uslubni joriy etishga uringanidan tashqari, bir qator iqtidorlarni yuzaga chiqargani bilan esda qolgan.

Sovrinlar soni bo‘yicha

Endi «Barselona» tarixidagi eng samarador 6 nafar murabbiy ko‘rsatkichlari bilan tanishib chiqamiz.

5-o‘rin. Elenio Errera (1958-1960, 1980, 1980-1981) va Frank Raykaard (2003-2008) - 5tadan sovrin. Katenachcho uslubi asoschisi sifatida tilga olinadigan argentinalik mutaxassis «Barsa» kolleksiyasini 2ta chempionlik medali, 2ta milliy kubok (Qirol kubogi) va Yarmarkalar kubogi (UYEFA kubogining boshlang‘ich davri) bosh sovrini bilan boyitgan. Gollandiyalik mutaxassis hisobida esa La-liganing 2ta oltin medali va Ispaniyaning 2ta superkubogi hamda kolleksiya durdonasi - CHLdagi g‘alaba bor.

4-o‘rin. Ferdinand Dauchik (1950-1954) - 8ta sovrin. Slovakiyalik mutaxassis XX asrning o‘rtalarida «Barselona» boshqaruvida favqulodda omadli davrni o‘tkazgan. 8ta sovrindan 2tasi chempionlik ortidan kelgan bo‘lsa, 3tasi Generalissimus kubogi (Qirol kubogining oldingi nomi) turnirida rasmiylashtirilgan.

3-o‘rin. Luis Enrike (2014-2017) - 9ta sovrin. «Barselona» bu murabbiy boshchiligidagi 3 yillikda imkoni bor barcha sovrinlarga ega chiqdi. Jumladan, Chempionlar Ligasida zavqli g‘alaba tantana qilindi. Aytish joiz, Lucho mavsum-2014|2015da «ko‘k-anorranglilar» bilan «trebl»ga erishdi.

2-o‘rin. Yoxan Kroyff (1988-1996) - 12ta sovrin. Gollandiyalik afsona «Barselona»ni Ispaniya chempionatida naq 4 marta g‘alaba sari yetaklash barobarida «blaugranas»ning Yevropa Chempionlar kubogini bo‘ysindirgan birinchi bosh murabbiyiga aylangan. Ayni paytgacha «Barsa»ni CHK|CHLda zafar cho‘qqisiga olib chiqish atigi 4 nafar mutaxassisga nasib etgan: ikkisi golland - Yoxan Kroyff va Frank Raykaard, ikkisi ispan - Xosep Gvardiola va Luis Enrike. Shulardan birgina Pep «shalpangquloq»ni ikki marta yutgan.

1-o‘rin. Xosep Gvardiola (2008-2012) - 14ta sovrin. «Barselona» tarixidagi eng omadli va sermahsul murabbiy. Deylik, Gvardiolaning boshqaruv davri Kroyffnikiga nisbatan ikki baravar qisqa bo‘ldi, shunga qaramay, u sovrinlar soni bo‘yicha buyuk ustozidan yaqqol o‘zib ketdi. Pep uchun ayniqsa, 2009 yil samarali keldi - jami 6ta sovrin. Kataloniyaliklar 2011 yili ham ushbu natijani takrorlashga juda yaqin kelishdi - 5ta kubok.

 

G‘alabalar foizi bo‘yicha

Hozirgi holatda «Barsa»ni kamida 50ta o‘yinda boshqargan murabbiylarga ko‘rsatkichlariga qarasak, Ernesto Valverde g‘alabalar sonining jami uchrashuvlarga nisbatan foizi bo‘yicha kuchlilar qatoriga qo‘shilib ulgurdi. Yaqindagina sharnomasi muddatini 2021 yilgacha uzaytirgan amaldagi «bosh» hisobida 3ta sovrin bor, lekin joriy mavsum yakunidayoq eng samarador mutaxassislarning kuchli beshligiga kirish uchun real imkoniyatga ega. Demakki, «chumoli» laqabli murabbiy uchun intiladigan marralar yetarli. «Barselona»ni kamida 50 marta maydonga boshlab tushganlar orasida esa, g‘alabalar foizi bo‘yicha Luis Enrike peshqadamlik qilmoqda:

1-o‘rin. Luis Enrike - 76,24 foiz o‘yinda g‘alaba

2-o‘rin. Elenio Errera - 75,53 foiz o‘yinda g‘alaba

3-o‘rin. Xosep Gvardiola - 72,47 foiz o‘yinda g‘alaba

4-o‘rin. Tito Vilanova - 71,67 foiz o‘yinda g‘alaba

5-o‘rin. Xerardo Martino - 67,8 foiz o‘yinda g‘alaba

6-o‘rin. Ernesto Valverde - 67,7 foiz o‘yinda g‘alaba

7-o‘rin. Bobbi Robson - 65 foiz o‘yinda g‘alaba

Darvoqe, «Barselona» orada duranglar seriyasiga yo‘liqmaganida, Ernesto Valverde hozirda 70 foizdan baland ko‘rsatkich bilan kuchli beshlikdan joy olardi. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, unda har jihatdan yuksalish imkoniyati zo‘r.

 

«Barselona» bosh

murabbiylari geografiyasi

Ispaniya: 26 nafar murabbiy

Kataloniya (15 nafar): Roma Forns, Xosep Planas, Ramon Guzman, Xosep Samityer, Ramon Llorens, Domenik Balmaniya, Enrik Rabassa, Luis Miro, Xosep Gonzalvo, Salvador Artigas, Xosep Seguer, Xoakim Rife, Karles Reksach, Xosep Gvardiola, Tito Vilanova

Aragon (2 nafar): Xuan Xose Noges, Visente Sasot

Kantabriya (2 nafar): Enrike Orisaola, Laureano Ruis

Kastilya va Leon (2 nafar): Sesar Rodriges, Xesus Antonio de la Krus

Madrid (2 nafar): Xose Luis Romero, Luis Aragones

Asturiya (1 nafar): Luis Enrike

Balear orollari (1 nafar): Lorenso Serra Ferrer

Estremadura (1 nafar): Ernesto Valverde

Angliya: 10 nafar murabbiy

Billi Lamb, B.Barren, Jek Olderson, Jek Grinvell, Alf Spounser, Ralf Kirbi, Jeyms Bellami, Vik Bukingem, Terri Veneybls, Bobbi Robson

Argentina: 4 nafar murabbiy Elenio Errera, Roke Olsen, Sesar Luis Menotti, Xerardo Martino

Gollandiya: 4 nafar murabbiy  Rinus Mixels, Yoxan Kroyff, Lui van Gal, Frank Raykaard

Vengriya: 3 nafar murabbiy

Yesa Poson, Frans Platko, Ladislav Kubala

Germaniya: 2 nafar murabbiy

Xennes Vaysvaller, Udo Lattek

Serbiya: 2 nafar murabbiy

Lyubisha Brochich, Radomir Antich

Avstriya: 1 nafar murabbiy

Rixard Dombi

Slovakiya: 1 nafar murabbiy

Ferdinand Dauchik

Fransiya: 1 nafar murabbiy

Lyusyen Myuller

Irlandiya: 1 nafar murabbiy

Patrik O~Konnel

Italiya: 1 nafar murabbiy

Sandro Puppo

Urugvay: 1 nafar murabbiy

Enrike Fernandes

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 01:54, 17.03.2019.
O'qildi: 7953 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.