Ancha avval futbolimiz muhitidagi arosat va uning iztirobli oqibatlari xususida yozgandik. Afsuski, yana shu mavzuga qaytishga to‘g‘ri kelyapti.
Buning sababini ko‘pchilik yaxshi biladi. Ha, gap Ektor Kuper bilan bog‘liq. Hammani bir savol o‘ylantirmoqda: «JCH-2022 yo‘llanmasi taqdirini argentinalik mutaxassisga ishonsa bo‘ladimi?» Ijtimoiy tarmoqlardagi izohlarning tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, bir guruh muxlislar argentinalik mutaxassisga ishonishmoqda. Ayrimlar unga ishonishmasa-da, imkon berish lozimligini ta’kidlashmoqda. Zukko va tajribali muxlislarning katta guruhi esa terma jamoamiz bosh murabbiyining faoliyatini qoniqarsiz baholashmoqda. «Yoshim o‘tib qoldi. Futbolchilarimizni mundialda ko‘rishni istayman. Terma jamoamiz o‘yinida esa na shiddat bor, na ma’nili harakat...» - faxriy muxlislarning bunday so‘zlarini eshitib, yurak zirqiraydi. Tasalliga so‘z topolmaydi odam...
Xo‘sh, shunday vaziyatda Ektor Kuperning qaysi ishini tasalli sifatida tilga olish mumkin? O‘tgan yilning kuzidagi uchrashuvlarda ko‘zga tashlangan nursiz o‘yinlarni vaqt kamligi va bahslarning o‘rtoqlik maqomida ekani bilan izohladik. Dekabr oyida biror nazorat uchrashuvi tashkillanmagach, «Nomdor bobo ustamon, nimanidir rejalashtiryapti, Osiyo kubogi-2019da qudratini ko‘rsatadi», deb o‘yladik. Hatto unga va futbolchilarimizga she’rlar bag‘ishladik. Ko‘nglini ko‘tarish uchun shunday qildik-da. Garchi Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Li Myon Bak qalamiga mansub «Mo‘’jiza sodir bo‘lmaydi» nomli kitobni o‘qib, ko‘p xulosalar chiqargan bo‘lsakda, baribir, mo‘’jiza kutdik terma jamoamizdan. Kuperdan kutmasak ham bo‘lmasdi aslida...
BAAdagi 5ta rasmiy uchrashuv tarixini qayta eslashning hojati yo‘q. Ochig‘i, bosh jamoamiz o‘yinida Kuperning imzosi uncha sezilmadi. Lekin futbolchilarimiz g‘alaba uchun astoydil intilishdi, gollar urishni istashdi. Penaltini amalga oshirolmagan Marat Bikmayev alamidan yig‘lab yubordi. Holbuki, uni Kuper yig‘latdi. Xullas, natijadan qat’iy nazar, murabbiyni qo‘llab-quvvatladik. O‘yladikki, u Osiyo kubogi saboqlaridan tegishli xulosa chiqaradi. Urugvay termasiga qarshi kechgan ikkinchi bahs esa ko‘pchilikni jiddiy tashvishga solgani rost. Jamoamiz Temur Kapadze rahbarligida bundan jozibaliroq va mazmunliroq ko‘ringandi. Xayriyatki, ikki o‘yinni solishtirish imkoni yo‘q emas. Ektor Kuper shtabi uzoq Urugvayda ashaddiy muxlislar va kuchli tarkibga qarshi yosh futbolchilarimiz qanday to‘p surishganini ko‘rganmikan?! Shundoqqina yonginamizda anchayin kuchsizlangan raqibga qarshi o‘tkazilgan nursiz va imzosiz bahsni o‘sha o‘yinga solishtirishdimi?! Bunisi noma’lum, albatta. Ma’lumi shuki, bir yil ichida terma jamoamiz o‘yini yaxshi tomonga siljimabdi. Aksincha, ba’zi jihatlar ortga ketibdi.
To‘g‘ri, ba’zi mutaxassislar ijobiy jihatlarni sanab tashlashlari mumkin. Biroq oyni etak bilan yopish imkonsiz. Bilag‘on mutaxassislar har qancha tirishishmasin, muxlislarga jamoamiz o‘yinida o‘sish kuzatilayotganini isbotlasholmaydi. Futbolchilar majburan o‘ynagandek taassurot tug‘ilmoqda tashqi tomondan. Shundan kelib chiqqan holda, ko‘ngildan kechayotgan mulohazalarni aytmasak bo‘lmas.
1. Nazarimizda, futbolchilar yaxlit bir jamoa holida murabbiyga talpinishmaydi. Qaysidir futbolchi or-nomus kuchi sabab maydonga tushadi. Bu o‘z-o‘zidan o‘yin manzarasini buzadi. Ayonki, biror futbolchi o‘zidagi bu tabiiy tuyg‘uni tan olmaydi. Yuz-xotir qiladi, albatta.
2. Ektor Kuper tarkibni keskin yoshartirishni xohlamayapti. Hozirgi tarkib Samvel Babayan davrining uzviy davomidir. Bizga qolsa, «opornik» sifatida Otabek Shukurov va Odil Hamrobekovdan foydalanardik. Hujumchi ortida esa Ikrom Aliboyevga imkon berardik. Zaxiradan Javohir Siddiqov, Jasur Yaxshiboyev, Bobur Abduxoliqov maydonga tushishsa, qanday soz bo‘lardi?! To‘g‘ri, ayni holatda olimpiya terma jamoamiz muhim rasmiy o‘yinlar bilan band va yoshlarni bezovta qilish noo‘rin. Ammo aniqki, shunga imkoniyat tug‘ilgan vaziyatda ham, Ektor Kuper bunday yo‘l tutmaydi. Chunki yoshlarga to‘la ishonolmaydi. Hatto Kallum Xadson-Odoi va Jeydon Sancho tajribasi ham unga ta’sir o‘tkazolmaydi. Yoshining keksaligi, fe’l-atvori ham uni bu ishdan qaytaradi.
3. Ektor Kuper amalga oshirayotgan asosiy ishlar, bizningcha, futbolchilar uchun yangilik emas. Boz ustiga, u yigitlarimizni qanday o‘ynatish yo‘lini haligacha topolmayapti. Qisqasi, Kuper davri, uning murabbiylik uslubi o‘tibdi, chog‘i. Aks holda, futbolchilar mashg‘ulotlardan hayratlanishardi. Arosat shundaki, argentinalik murabbiyni istalgan payt iste’foga chiqarish haqida o‘ylash - juda mushkul jarayon. U mutasaddilarning qarorlariga osongina ko‘navermaydi. Vaholanki, hozirning o‘zida shartnomadagi bir muhim kelishuvni bajarolmadi, ya’ni Osiyo kubogida g‘olib chiqolmadi.
Muhtaram muxlis! Yuqoridagi mulohazani qog‘ozga tushirish bizga ham oson kechmadi. Tahririyatdagilar «Maqolani qachon yozib tugatasiz?» deb qistovga ham olishdi. Ammo biz shoshmadik. Negaki, qaysi mavzuda yozayotganimizni tushunib turardik. Oson emas. G‘alvali mavzu. Eng tinchi - Yevro-2020 saralash o‘yinlari haqida yozish. Ana, Andrey Shevchenkoga qoyil, Krishtianu Ronaldu ham unga tan berdi. Murabbiyning imzosi sezilgan o‘yin o‘rnida Portugaliya va Ukraina terma jamoalari o‘rtasidagi bahsni ko‘rsatsa bo‘ladi... Yo‘q, bunday qilolmaymiz. Haqiqiy ahvoldan ko‘z yumolmaymiz. Vaziyatni o‘nglash mumkinmi? Bilmadik. Bilganimiz - Ektor Kuper bu ishni uddalashi mushkul. «Nima istaysizlar o‘zi?» deb ajablangan murabbiyning ruhiyati esa bizga begona...