Kirish Ro'yxatdan o'tish
16/05 00:00 Man. Yunayted 3-2 Nyukasl
16/05 00:00 Reyms 1-0 Marsel
16/05 00:00 Nissa 1-2 PSJ
16/05 01:00 Selta 2-1 Atletik Bilbao
16/05 01:00 Xetafe 0-3 Atletiko
16/05 22:30 Las-Palmas 2-2 Betis
17/05 00:30 Almeriya 0-2 Barselona
17/05 01:00 Real Sosyedad 1-0 Valensiya
17/05 23:45 Fiorentina - Napoli
18/05 21:00 Lechche - Atalanta
18/05 23:45 Torino - Milan
19/05 00:00 Alaves - Xetafe

«Paxtakor»ning hujum siymosi (1-qism)

«Paxtakor»ning hujum siymosi (1-qism)

Baho:
+ | -
Bo'lim: O'ZBEK FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

Vladimir Fyodorov 1955 yilning 5 yanvar kuni Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi oddiy oilada tug‘ilgan. Otasi Ivan Vasilyevich 1925 yili Dnepropetrovskda tavallud topgan. 1943 yili frontga ketdi, urushda qatnashdi va uyiga bir qo‘lsiz qaytdi. Lekin nogironligiga qaramay, Ivan Vasilyevich bemalol futbol o‘ynardi, yigirma yildan ortiq kolxoz jamoasida to‘p surdi. Shunday ekan, o‘g‘lining kimdan ibrat olishi tayin edi.

Fyodorovning onasi haqida gapiradigan bo‘lsak, umrining katta qismini «Trud» fabrikasida ishlash bilan o‘tkazgan. U o‘g‘li haqida shunday degandi: «Volodya maktab stadionida oqshomga qadar do‘stlari bilan to‘p ortidan yugurardi. Ba’zan, qishda, qorli va sovuq kunlarda ham uni uyga olib kirish qiyin bo‘lardi. Balki shunday chiniqish sabab bolaligida hech kasal bo‘lmagandir...»

Bo‘lajak futbolchi o‘qigan 67-maktabdagi jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Zokir Husanboyev ham xotiralari bilan o‘rtoqlashdi: «Volodya Fyodorov singari shaxsning o‘qituvchisi bo‘lganimdan o‘zimni baxtiyor sezaman. U maktabda ham jasurligi, mustahkam irodasi va og‘ir-bosiq fe’l-atvori bilan tengdoshlaridan ajralib turardi. To‘p bilan muomala qilish texnikasi tug‘ma qobiliyat edi. Vladimir muallimlari, do‘stlari, mahalladagi og‘aynilarini hurmat qilardi. Futbol o‘ynash asnosida o‘qishni unutmasdi, aksariyat sportchilardan farqli ravishda, faqat a’lo baholarga o‘qirdi...»

Fyodorovning futbolga kirib kelishi shu tariqa qishloq maydonlarida yasama to‘p tepish bilan boshlangandi. Futbol o‘sha kezlari ham O‘zbekistonda eng ommabop sport turlaridan bo‘lgan, umuman, bu o‘lkada millionlar o‘yiniga uzoq 1912 yili asos solingandi.

Keyinchalik O‘zbekistonda futbol rivojlana boshladi. 1922 yilga kelib, mamlakatda o‘nlab jamoalar shakllandi. Avvalroq bu o‘yinni asosan xorijdan kelganlar o‘ynagan bo‘lishsa, asta-sekin mahalliy aholi ham safga qo‘shildi. XX asrning 20-yillari o‘rtalarida O‘zbekistonning turli shaharlarida chempionatlar o‘tkazila boshlandi, 1927 yildan esa respublika birinchiligi tashkil etildi. Oradan bir yil o‘tib futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Moskvada o‘tkazilgan butunittifoq spartakiadasida qatnashib, faxrli yutuqqa erishdi: 23ta ishtirokchi orasida 7-o‘rinni egalladi.

1936 yildan Sobiq ittifoqda futbol bo‘yicha muntazam chempionatlar o‘tkazila boshlandi, bir yildan ke-yin esa ikkinchi liganing «G» guruhida Toshkentning «Dinamo» klubi qatnashib, 8-o‘rinni egalladi. Shundan so‘ng 1946 yilgacha o‘zbek futbolchilari mamlakat chempionatida ishtirok etishmadi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin chempionat qayta tiklandi va birdaniga uchta Toshkent jamoalari - «Dinamo», «Spartak» va «ODO» «B» toifasida (O‘rta Osiyo mintaqasi, ikkinchi guruhi) qatnashadigan klublar safiga qo‘shilishdi. Mazkur mintaqada jami 9ta jamoa bo‘lib, yuqorida nomi keltirilgan klublardan tashqari: «Dinamo» va «Spartak» (Qozog‘iston), «Lokomotiv» (Turkmaniston), «Dinamo» (Tojikiston), «Dinamo» va «Spartak» (Qirg‘iziston) ham bo‘lgan. Mazkur guruhda o‘zbekistonliklar yomon qatnashishmadi: misol uchun, 1946 yili «ODO» 2-o‘rinni, 1947 yilda «Dinamo» 3-o‘rinni, 1948 yilda «ODO» 1-o‘rinni (oliy guruhga qo‘shilgan) egallashdi.

1948 yili mamlakatning futbol mutasaddilari O‘rta Osiyo jamoalarini oliy ligaga qo‘shish g‘oyasini ilgari surishgan bo‘lsada, yakunda bu reja amalga oshmagan. Ikki yil o‘tib, mazkur jamoalar «B» toifasiga qo‘shildilar va o‘sha yili o‘zbekistonliklar 5-o‘rinni egallashdi (1951 yili 13-, 1952 yili 16-o‘rin bilan kifoyalanishgan).

50-yillar oxirlarida Sobiq ittifoq futboli ancha rivojlanishga erishdi. Oliy liga uchrashuvlari televideniye orqali translyasiya qilindi, matbuotda esa futbolga taalluqli turli maqolalar chop etildi. Tabiiyki, mazkur jarayonda O‘rta Osiyo futboli mutasaddilari oliy ligaga chiqish ilinjida astoydil mehnat qilishdi. Moskva oldida turli respublikalar jamoalarini oliy ligaga qo‘shish masalasi turardi va u yerdagilar yaqin yillar ichida buni amalga oshirishga va’da berishdi.

Aynan o‘shanda (1956 yilning bahorida) O‘zbekistonda «Paxtakor» (Toshkent) nomli umummilliy jamoa shakllantirildi, u mamlakat bayroqdoriga aylanishi ko‘zda tutilgandi. Murabbiylikka Moskvadan tajribali mutaxassis Valentin Bextenev taklif etildi va u «Paxta-kor»da turli klublarda o‘ynayotgan eng yaxshi toshkentlik yigitlarni to‘pladi. To‘g‘ri, yangi jamoaning dastlabki ishtiroki unchalik o‘xshamadi: mavsum-56da «Paxtakor» «B» toifasining ikkinchi darajali jamoalari orasida 13-o‘rin bilan kifoyalandi, keyingi yil esa chempionatni 10-pog‘onada yakunladi. Biroq kelgusi yillarda bu klubning sportdagi ko‘rsatkichlari ancha yaxshilandi - toshkentliklar butun boshli ikki mavsumda (1958-1959) 4-o‘rinni olishdi.

Tabiiyki, o‘zbekistonlik bolakaylar «Paxtakor»ga ishqibozlik qilib, klub qoshidagi bolalar-o‘smirlar maktabiga kirishni orzu qilishdi. Ular orasida Volodya Fyodorov ham bo‘lgan, ammo 7 yoshida otasi olib borgan qishloq jamoasi bu borada tramplin vazifasini o‘tay olmasdi - bevosita Toshkentga ko‘chib o‘tish talab etilardi. Omadni qarangki, 1969 yili Fyodorov Toshkentdagi G.Titov nomidagi sport internatiga kirdi. U yerda I.Toshmuhammedov, V.YAtchenko, YA.Aronovich kabi mutaxassislar murabbiylik qilishar, aynan ular hujum chizig‘ida o‘ynayotgan iqtidorli o‘spiringa birinchilardan bo‘lib e’tibor qaratishgandi.

1972 yilning yanvarida Fyodorov 17 yoshga to‘lgandi, bir necha oydan keyin esa uni Ashxoboddagi xalqaro turnirda qatnashadigan Sobiq ittifoq o‘smirlar termasiga taklif etishdi. Mazkur turnirda qahramonimiz o‘zini ko‘rsatib, musobaqa to‘p-urarlaridan biri bo‘ldi. Yorqin debyut sabab Fyodorov «Paxtakor»ning kattalar jamoasi asosiy tarkibiga kiritildi. Qayd etish joizki, toshkentliklar avvalgi mavsum birinchi ligaga tushib ketishgani sabab, mavsum-72da asosiy maqsad elitaga qaytish bo‘lgandi. Klub byudjeti shunga ko‘ra tuzildi, tarkib to‘plandi. Toshkentliklarning o‘sha paytdagi murabbiyi Vladimir Solovyov (ushbu mutaxassis aynan 1972 yildan «Paxtakor» boshqaruvini qo‘lga olgandi) shunday degandi: «Biz asosiy e’tiborni o‘zini ko‘rsatishga ishtiyoqi baland yoshlarga qaratishni ma’qul ko‘rdik. Buni «Paxtakor» kelajagi uchun qildik. Ishonchim komilki, bir-ikki yildan so‘ng Mixail An va Vladimir Fyodorov katta futbol bezagiga aylanishadi...»

Murabbiy tomonidan e’tirof etilgan Mixail An Fyodorov bilan ajoyib tarzda yarim himoyachi - hujumchi tandemini tashkil etgan, keyinchalik 70-yillarda Sobiq ittifoqning eng yorqin namoyandalaridan biri bo‘lgandi. Shunday ekan, An haqida ham birozgina suhbatlashsak, ziyon qilmasdi.

Mixail 1952 yilning 9 dekabrida tug‘ilgan, bolalik yillari futbol muhitida o‘tgandi. Uning to‘ng‘ich akasi Dmitriy ham dastlab «Paxtakor»da o‘ynagan, keyinchalik «Politotdel» klubida faoliyat yuritgandi. Tabiiyki, Mixail ham uning ortidan ergashdi. Yosh bo‘lishiga qaramay, unda yetakchilik salohiyati borligi yaqqol sezilar, futbol maydonida mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishdan cho‘chimasdi. Bu haqda R.Akramov shunday so‘zlaydi: «Biz Misha An bilan birga Sverdlov nomidagi jamoada to‘p surgandik. Bolalik davrlaridanoq Misha yuksak qobiliyati bilan boshqalardan ajralib turardi. Alohida vaziyatlarni esga olsak. O‘yin payti Misha to‘pni qabul qilib olgach, dribling yordamida besh-olti nafar raqibini birin-ketin aldab o‘tardi. Ammo darvozaga yaqinlashganida esa, holsizlanib, kuchsiz zarba yo‘llab, to‘pni darvozabonga «sovg‘a» qilardi. Shunday pallalarda Misha yerga yotib, alamdan ko‘z yosh to‘kardi. Bunday hol bir necha marta takrorlangandi. Albatta, unga o‘sha payt jismoniy quvvat yetishmagan, texnik mahorati ham sayqalga muhtoj edi. Ammo undagi eng asosiy jihat - maydonni his etish va o‘yinni avvaldan to‘g‘ri rivojlantirishni bilishi edi. Yillar o‘tib u o‘sishga erishib, yuqori saviyadagi futbolchiga aylandi. Uning fe’l-atvorini ham inobatga olsak, ajoyib murabbiy bo‘lishi turgan gap edi».

G.Titov nomidagi sport internatiga An Fyodorovdan bir yil avval - 1968 yili kirgandi. U bilan birgalikda yana besh nafar iste’dodli o‘yinchilar ham ushbu ta’lim maskanida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘lishgan, keyinchalik barchalari futbolda o‘z nomlarini qoldirishgan. Bular: Viktor Pshenichnikov («Paxtakor»ning mashhur darvozaboni Yuriy Pshenichnikovning jiyani), Valeriy Ortiqov, Aleksandr Burikin (so‘nggi pallada hakamlikka o‘tgan), Nikolay Kolomeysev, Viktor Jalilov (hozir murabbiy). Bo‘lajak yulduzlarni esa xizmat ko‘rsatgan murabbiy Yevgeniy Lyadin shug‘ullantirgan. Ushbu mutaxassis keyinchalik An haqida shunday degandi: «Bu yigit kelajakda futbol professori bo‘ladi».

1970 yili An «Politotdel» jamoasida o‘ynadi, «Paxtakor» tarkibiga esa 1971 yilgi chempionatning ikkinchi davrasida qo‘shilgan. Uning ilk bor maydonga chiqishi 1971 yilning 23 avgustiga to‘g‘ri kelgan, o‘shanda toshkentliklar Tbilisining «Dinamo» klubini qabul qilishgandi. An ikkinchi bo‘limda Vyacheslav Soloxoning o‘rniga tushgandi. «Paxtakor» o‘shanda 5:1 hisobida ishonchli g‘alabaga erishgandi.

O‘sha mavsum An yana sakkizta uchrashuv o‘tkazdi, ularning aksariyatida zaxiradan o‘yinga qo‘shildi. Esimizda, «Paxtakor» o‘shanda oliy ligadan tushib ketib, keyingi mavsum quyi divizionda qatnashishga majbur bo‘lgandi. V.Solovyov asosiy e’tiborni yoshlarga qaratganini inobatga olsak, Fyodorov va An asosiy tarkibning yetakchilariga aylanishlari kutilgandi. O‘shanda maydon markazi va hujumda ajoyib futbolchilar jamlangandi - Mixail An, Viktor Varyuxin, Birodar Abduraimov, Vladimir Fyodorov hamda Vasilis Xadzipanagis. «Paxtakor» raqiblarini ishonchli tarzda mag‘lubiyatga uchratib, elita yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Hujumdagilarni o‘z vaqtida qo‘llay olgan yarim himoyachilar yordamida Birodar Abduraimov rekord darajada to‘p kiritdi - 33ta o‘yinda 34ta gol. Chempionatning eng yaxshi to‘purariga samarali uzatmalarning aksariyatini An bergan, o‘zi esa ikki marta raqib darvozasini ishg‘ol qilgandi. «Paxtakor» haqidagi ko‘plab solnomalar muallifi V.Safarov shunday yozgandi: «Mavsum-72da «Paxtakor» hujumlarining asosiy konstruktori Mixail Anning haqiqatda nimalarga qodirligi ko‘ringan. O‘yin u orqali qurilardi. Himoyachilar maydonda aynan uni qidirishar, hujumchilar esa Anning uzatmalari kerakli nuqtaga yetib borishini bilganlari holda, o‘z chiziqlarida shunga monand harakatlanishardi. O‘shanda «Paxtakor»ning katta murabbiyi Vyacheslav Solovyov Anning oldiga hujumlarni yakunlash vazifasini qo‘ymadi, biroq mavsum davomida «bosh konstruktor» va sheriklarining o‘zaro tushunib o‘ynashlari o‘z mahsulini berdi...»

Fyodorovga kelsak, u 30ta o‘yinda 7ta gol urdi. O‘zining dastlabki to‘pini Permning «Zvezda» klubiga qarshi bahsda kiritdi va o‘sha gol hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Shundan buyon bu maqom unga hamroh bo‘ldi - hal qiluvchi gollar muallifi. Zero, mavsum-72da bunday holat bir necha marta takrorlandi: Kutaisining «Torpedo» klubiga qarshi Toshkentda kechgan bahsda (1:0), Dushanbening «Pomir»iga qarshi (2:1), Kuybishevda o‘tgan «Krilya Sovetov»ga qarshi (1:0) o‘yinlarda. Orjonikidzening «Spartak» jamoasi bilan uchrashuvning (3:0) har ikki bo‘limida Fyodorov bittadan gol urdi. Shuningdek, qahramonimiz Karagandaning «Shaxtyor» (5:1) hamda Zaporojyening «Metallurg» (4:0) klublariga qarshi bahslarda ikkita to‘p kiritdi.

Qayd etish joizki, Fyodorov hal qiluvchi gollarni xalqaro o‘yinlarda ham urgan. Misol uchun, o‘sha mavsum-72da «Paxtakor» Italiyaning «Roma» klubi bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazgandi. Ikkinchi bo‘lim boshida maydon egalari hisobni ochib, g‘alabani saqlab qolishga juda yaqin kelishgandi. Ammo final hushtagi chalinishiga uch daqiqa qolganda, aynan Fyodorov tomonidan urilgan gol toshkentliklarni mag‘lubiyatdan qutqarib qolgandi.

Davomi bor...

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 09:57, 29.03.2019.
O'qildi: 2130 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.