Kirish Ro'yxatdan o'tish
13/06 20:00 Dinamo - Olimpik
14/06 23:59 Germaniya - Shotlandiya

Timur Hakimov yana futbol maydonida. «U hali o‘z so‘zini aytishi mumkin...» (intervyu)

Timur Hakimov yana futbol maydonida. «U hali o‘z so‘zini aytishi mumkin...» (intervyu)

Baho:
+ | -
Bo'lim: O'ZBEK FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

Bir paytlar futbol olamida Timur Hakimovning nomi birdan quloqqa chalinib, uning gollari ko‘plab shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. U bir vaqtning o‘zida ko‘plab  futbol ishtiyoqmandlari va klublar rahbarlarining nazariga tushib ulgurgan edi. Ammo aytish joizki, o‘sha vaqtlarda Timur Hakimovning muvaffaqiyat pillapoyalaridan ko‘tarilishiga ba’zi narsalar to‘sqinlik qildi. Bora-bora kam eslaydigan bo‘lishdi va uning futbolni butunlay tark etganligi  haqida mish-mishlar tarqaldi. Aynan mana shu gap-so‘zlarning naqadar haqiqatga yaqinligini bilish maqsadida biz futbolchini izlab topdik va ayni damda O‘zbekistonning «Qo‘qon 1912» futbol klubida to‘p surayotgan futbolchi bilan suhbat uyushtirdik. 

Timur, bora-bora futbol olamida sizning nomingiz eshitilmay qoldi. Siz haqingizdagi “futbolni tark etgan” degan gaplar qay darajada asosli?

 Odamlar gapiraveradi(jilmayib). Lekin bu men haqimda tarqalgan asossiz gaplar shunchaki. Xudoga shukr unaqa bo‘lmadi, bo‘lmaydi ham.

alt

alt

Futbolda siz bir muddat yaxshi natijalar ko‘rsatdingiz. Vaholangki, buni davom ettirishingiz mumkin edi. Qolaversa, sizni barcha futbol muxlislari  “U-17” jahon chempionatida tanidi. Ba’zilar sizga o‘zbek futboli ertalaridan biri deya baho bergan edi o‘shanda.  Biroq, o‘zingiz to‘p surgan futbol klublarida sizni yetarli darajada o‘zini ko‘rsata oldi deb aytish bir oz mushkul.  “Futbol olamida tez porlab tez so‘ndi” degan fikrlarni o‘zingiz qanday izohlaysiz?

To‘g‘ri, men bir muddat bolalar futbolida o‘zimni yaxshi ko‘rsata oldim. Lekin professional futbol bilan bolalar futboli o‘rtasidagi farq juda katta. Shuningdek, o‘yindagi mas’uliyat ham. Biron bir futbol klubida o‘zimni yetarli darajada ko‘rsata olmaganimni tan olaman. Bularning bariga esa o‘zim aybdor ekanligimni bilaman. Sababi,  bu mening o‘sha paytlarda hayotdagi noto‘g‘ri yashash tarzim, yulduzlik kasalligiga chalinganligim bilan bog‘liq desam to‘g‘ri bo‘ladi.  Chunki bir muddat yulduzlik kasaliga chalingan inson o‘ziga ortiqcha baho berib yuboradi. Ko‘cha-ko‘yda sizni hamma taniydi. Odamlar doim maqtaydi. O‘sha paytlarda o‘zimni boshqacha his qilardim. Biroq hech qachon besabab birorta mashg‘ulotni o‘tkazib yubormaganman. Men o‘shanda ancha yosh edim va hamma tanigani uchunmi, o‘zimni zo‘r futbolchi bo‘ldim deb hisoblardim. Hammasi zo‘r bo‘ladi, meni chetga jo‘natishadi deb o‘ylardim. Lekin bunday bo‘lmadi va shu yerda qolishimga to‘g‘ri keldi. O‘FAda ishlaydigan Olim Arifov degan kishi bor. Shu aka menga Qatardan klub topib bergandi. Qishda “Olmaliq”qa qarshi sun’iy maydonda o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdik. O‘yindan keyin bilsam Qatardan menga samolyot chiptasini yuborishgan ekan. Ketaman deb juda xursand bo‘lganman. Ammo Babayan oldimga kelib bu taklifni rad qil, sen “Paxtakor”da qolasan degan. Keyin majbur qoldim va o‘sha mavsum hammasini qo‘shib hisoblaganda 90 daqiqacha o‘ynadim.                        Futbolda xalqni aldab bo‘lmaydi. Buning uchun futbolchi o‘zini mashg‘ulotlarga to‘liq bahsh etishi kerak.  Shu orqaligina u yutuqqa erisha oladi. Agar odam yulduzlik kasaliga chalinib, men qila olaman baribir deb tashlab qo‘ysa,o‘z-o‘zidan mag‘lubiyat tomonga qadam bosib qo‘yganligini bilmay qoladi.   Yoshlarga maslahatim - hech qachon yulduzlik kasaliga chalinmang. Faqat shug‘ullanish, maydonga tushib o‘ynash kerak. 

2010 yil Toshkentda U-16 Osiyo chempionati bo‘lib o‘tgandi. O‘sha musobaqada siz to‘purar bo‘lgansiz. Turnirdan qanday xotiralar qolgan?

Bu turnir men uchun katta va ilk turnir edi. Shunday bo‘ldiki, Xudoning xohishi bilan g‘alaba qozondim va turnirning eng yaxshi o‘yinchisi degan e’tirofga sazovor bo‘ldim.  Shularni hisobga olganda ushbu turnirdan ijobiy xotiralar qolgan.

Jahon chempionati-2011 dan so‘ng siz bilan bir qator Yevropa klublari qiziqib qolgan edi. O‘shanda sizning Yevropaga yo‘l olishingiz nima sababdan amalga oshmay qoldi?

Shunday takliflar bo‘lganligini bilaman va bunda hech kim aybdor emas. Shunchaki “Paxtakor”  klubi meni qo‘yib yuborishni  istamadi, deb o‘ylayman.

Meksika qahramonlari orasida qaysi futbolchi ayni paytga kelib o‘zidan kutilgan darajada o‘ynab ketdi,  deya hisoblaysiz? 

Sardor Soobirxodjayev. Sardor hozir “Paxtakor”da to‘p suryapti, jamoa lideri bo‘lib.  Meksika bilan birga o‘ynagan har doim. U men uchun kuchli futbolchi. Ko‘pincha yaxshi jamoalarda o‘ynaydi. 

Qolaversa, u futbol maydonida o‘z harakatlarini yaxshi nazorat qila oladi, o‘yin tempini ushlay oladi. O‘tgan yili u va uning jamaosi bizning chempionatimiz assistenti bo‘lib, gol o‘tkazib berishdi.

alt

Sardor Rahmonov ham yaxshi o‘ynaydi himoyada, gollari yaxshi. U himoyachi bo‘la turib, hujumni ham yaxshi boshlab bera oladi.

Yana Odil Ahmedovni O‘zbekistonning eng kuchli futbolchisi deb bilaman.  O‘zimizda bunaqa futbolchi hozir yo‘q. Bizning milliy terma jamoamiz lideri.

alt

  Nafaqat futbol maydonida, balki maydondan tashqari ham Odil ahmedovni yaxshi bilaman. Ayniqsa, maydondagi o‘yin davomida qiyin jarayonlar yuzaga kelganda, vaziyatni o‘nglash uchun bor masuliyatni o‘z zimmasiga olishdan cho‘chimaydi. Juda tezkor va kuchli texnikaga ega futbolchi.

alt

alt

Ayni damda “Qo‘qon 1912” futbol klubida to‘p surayotgan ekansiz. Aytingchi, jamoaga qanday qilib kelib qoldingiz va sizni jamoa a’zolari qanday kutib olishdi? Umuman jamoadagi muhit sizga ma’qul bo‘lyaptimi?

Bosh murabbiy No‘’mon Xasanov bilan u “Paxtakor”da faoliyat yuritayotgan vaqtlaridan beri tanish bo‘lganmiz. Dekabr oylarida u kishi bilan telefon qo‘ng‘irog‘i orqali bog‘lanib, meni ushbu jamoaga olishlarini so‘raganman. Chunki o‘sha paytlarda menda boshqa variantlar yo‘q edi. No‘’mon Xasanov bilan ko‘rishdik, mashg‘ulotlarimni ko‘rdi. Men ham o‘zimni yaxshi ko‘rsatishga harakat qildim.  No‘’mon akaga katta rahmat,  meni jamoaga qabul qilinishimda yordam berib, menga yana bir imkoniyat berganligi uchun. Hozir yoshim katta bo‘lib qoldi, endi ko‘proq o‘zimni katta o‘yinlarda yaxshi natijalar bilan ko‘rsatishim kerak.  Jamoga kelsak, ular safiga kelib qo‘shilganimdan buyon o‘zimni juda yaxshi his qilaman. Jamoa a’zolari bilan huddi aka-ukadek bo‘lib ketdik. Bunaqa ahil jamoa kamdan-kam uchraydi.  Jamoamiz erishib kelayotgan yutuqlar ham yomon emas. Men uchun yaxshi tanlov bo‘ldi ushbu jamoa va shu jamoa safida to‘p surayotganligim mening omadim desam to‘g‘riroq bo‘ladi.

Oilangiz haqida kamdan-kam intervyu berasiz. Bir paytlar sevgan qizingiz bor edi. Lekin haligacha oila qurmadingiz...

Oilada besh kishimiz, men, buvim, buvam, onam va akam. To‘g‘ri, bir paytlar sevgan qizim bor edi. Munosabatlarimiz tugaganiga ancha bo‘lgan. Shaxsiy hayot masalasida esa hozircha o‘ylamayapman. Men uchun hayot mazmuni bu — futbol. O‘zim kutgan natijalarga chiqish hozirgi kundagi asosiy maqsadimdir.

Osiyo chempionati paytida terma jamoadagi muhit haqida nimalar deysiz?  
— U paytlar zo‘r davrlar edi. Men haligacha murabbiyimiz Ahmadjon Musayev bilan gaplashib turaman. Juda ahil jamoa edik. Maydonga qaysi tarkib tushmasin, hammamiz jipslashib faqat g‘alaba uchun o‘ynardik. O‘yindan oldin futbolchilar doira bo‘lib turadi, o‘shanda Abbos Maxsitaliyev aytardi: bolalar oxirigacha o‘ynaymiz, jonimizni bersak ham shu maydonda beramiz, lekin g‘alaba qozonamiz. Jamoamizda turli millat bolalari bo‘lsa-da, hammamiz bir oila edik. Bitta xonaga yig‘ilib, o‘zbekcha konsert yoki kino ko‘rardik. Ko‘pchilik Abbos ikkalamizni juda qalin do‘st deb biladi. Jamoadagi hamma bir-biri bilan ahil edi. Faqat Maxsitaliyev ikkalamiz oldinda o‘ynaganimiz uchun muxlislar bizni ko‘proq gapirardi. Odamlar doim gol uradigan futbolchilarni gapiradi. Aslida hamma joyda shunaqa. Osiyo chempionati chorak final Suriyaga qarshi bahsda Sardor Rahmonov ochiq darvozadan to‘pni qaytarib yuborgan. Janubiy Koreya bilan kechgan bellashuvda ham o‘zini ko‘rsatgan. Ammo uning qahramonliklarini hozir ko‘pchilik eslamaydi. 

alt

Bo‘sh vaqtlaringizda nimalar bilan mashg‘ul bo‘lyapsiz?

Har kuni ikki soat vaqt ajratib, mashg‘ulotlar bilan band bo‘laman. Qolgan vaqtlarda uyda o‘tirib, har xil futbol klublari o‘yinlarini kuzataman.  Bo‘sh vaqtlarimda o‘rtoqlarim bilan ko‘rishamiz. Kechki vaqtlarda ko‘chaga chiqmayman. Asosiy vaqtim uyda yoki stadionda, mashg‘ulotlar bilan o‘tadi.

O‘zingiz qaysi futbol klubining muxlisisiz?

alt

Futbolga kirib kelgan paytlarimdan buyon “Manchestr Yunayted” jamoasi o‘yinlarini muntazam ravishda kuzatib kelaman.

Adashmasak, Germaniyaning qaysidir klubiga transfer bo‘lishingiz kerak edi?

Ha, men bilan Shtutgart ham qiziqib ko‘rgan. Men o‘shanda “Paxtakor” jamoasi a’zosi edim. Lekin jahon chempionatidan so‘ng nima bo‘lganligi, mening taqdirim masalasida qanday kelishuv bo‘lganligidan xabarim yo‘q. Bu borada jamoa rahbariyatining o‘zi qaror chiqarishgan.

 Yana shunday takliflar bo‘lsa, o‘ylab kurasizmi?

Albatta, o‘zimni xorijiy jamoalarda sinab ko‘rishni istayman. Ammo buning uchun avval O‘zbekistondagi jamoada to‘p surib, yaxshi natijalarni ko‘rsatib olishim kerak. Qolaversa, ayni damda asosiy maqsadim ham shu — o‘z milliy terma jamoamiz orqali jahon chempionatiga chiqish, “Qo‘qon 1912”  jamoasi tarkibida yaxshi natijalar ko‘rsatish, jamoani birinchilikka olib chiqish.  

alt

 “Qo‘qon 1912” futbol jamoasi murabbiyi No‘’mon Hasanov jamoa o‘yinchisi Timur Hakimov haqida:

alt

Hakimovni anchadan beri bilaman. Menga telefon qilib, No‘’mon aka, agar iloji bo‘lsa meni jamoangizda sinovdan o‘tkazing deb so‘radi. Keyin chaqirdim, ko‘rdim, mashg‘ulotlarda juda katta ter to‘kmoqda. Ancha o‘zgaripti. Futbolchilar ham ko‘rishmoqda, Timur Hakimov juda mehnatkash futbolchiga aylangan. To‘g‘ri, uning hozirgi jismoniy holati 45 daqiqa o‘ynashga yo‘l qo‘ymaydi. Lekin shu ro‘sinda ter to‘kaversa, ishlasa, tez orada sport formasini tiklaydi. Buning uchun vaqt kerak. Uning texnikasi hali ham o‘zgarmagan, juda kuchli ajoyib.  Menga uning mashg‘ulotlardagi harakati yoqmoqda. Shu boisdan ham uni qoldirdim. Balki meni o‘rnimda boshqa murabbiy bo‘lganida qoldirmasdi, lekin men unga imkoniyat berdim. Hakimov hali o‘z so‘zini aytishi mumkin.

alt

Timur bilan suhbatlashib, ko‘plab futbol muxlislarini qiziqtirgan savollarga oydinlik kiritib oldik. Qolaversa, uning ayni damda futbol maydonida ekanligi va atrof-muhitdagi ayrim salbiy quvvatlarga osonlikcha taslim bo‘lib qolmaganligiga xursand bo‘ldik. Tez orada futbolchidan yana avvalgidek, hatto undan a’lo natijalar ko‘rsatishini kutib qolamiz.

Manba: uz24.uz
Kiritildi: 13:47, 01.04.2019.
O'qildi: 4599 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.