Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Yugurganniki emas, buyurganniki!

Yugurganniki emas, buyurganniki!

Baho:
+ | -

«Olimpiakos» - KLning kutilmagan finalchisi va g‘olibi.

1971 yildan beri yevrokubok musobaqalarining so‘nggi bosqichi yunon jamoalarining ishtirokisiz o‘tayotgan, o‘shanda «Panatinaikos» YECHKda shov-shuvga sabab bo‘lgandi. Endi navbat «Olimpiakos»ga keldi. Pireyliklar klubining KLdagi muvaffaqiyati ko‘p jihatdan jamoaning eng yaxshi to‘purari Ayyub al Kaabining sermahsulligi bilan bog‘liq.

Nufuzli turnirning pley-off bosqichida marokashlik hujumchi chinakam gol mashinasiga aylandi. «Ferensvarosh»ga qarshi 1/16 finalining 2ta o‘yinida ham Ayyubning yagona gollari jamoaga g‘alaba keltirdi. Tel-Avivning «Makkabi»siga qarshi murosasiz nimchorak finalda jamoa o‘z maydonida 1:4 hisobida imkoniyatni boy berib, safardan 6:1 hisobidagi zafar bilan qaytdi. Marokashlik to‘purar avval bitta, keyingi o‘yinda 2ta gol urdi. Yarim finalda favorit maqomida maydonga tushgan «Aston Villa» o‘z uyida Ayyubdan xet-trikni, safarda esa dublni qabul qilib, mag‘lub bo‘ldi. Va nihoyat, u o‘zining finaldagi g‘alaba keltiruvchi goli bilan turnirga nuqta qo‘ydi. 30 yoshli to‘purar faqat «Fenerbaxche» bilan kechgan chorak final bahsida maydonni golsiz tark etdi. yakuniy natija: 9ta o‘yin, 11ta gol!

Umuman, joriy mavsum al Kaabi uchun o‘ta muvaffaqiyatli o‘tmoqda. U ichki chempionat va yevrokubok musobaqalaridagi 50ta bellashuvda 33ta gol va 3ta assistni rasmiylashtirdi. Masalan, YELda «Frayburg»ga 2ta gol urdi. Vaholanki, mo‘’jizachi Xose Luis Mendilibar kelishidan avval «Olimpiakos» yaxshi o‘yin ko‘rsata olmayotgandi. Lekin marokashlik hujumchi sermahsul o‘ynadi.

Ayyub al Kaabi «Olimpiakos»dagi ilk mavsumini, Yevropadagi uchinchi mavsumini o‘tkazdi. Uning faoliyati turli qiyinchiliklarni yengish va parvoz bilan o‘tmoqda.

Al Kaabi professional futboldagi ishtirokini juda kech, 21 yoshda boshladi. O‘sha pallada durustroq pul topishiga ko‘zi yetmay, futboldan voz kechmoqchi ham bo‘lgandi.

Ayyub Marokashning eng yirik shahri bo‘lmish Kasablankadagi qashshoq tumanda o‘sib-ulg‘aydi. 90-yillarda uning oilasi o‘ta murakkab davrni boshdan kechirgan, al Kaabi 15 yoshida o‘qishdan voz kechib, do‘konda ishlashga majbur bo‘lgandi. Bo‘lajak futbolchi shu tariqa duradgorning shogirdiga aylandi. «Men kamtarin oilada tug‘ildim. O‘zimni ta’minlash uchun qandaydir hunarni o‘rganishim kerak edi. Shu sababli, duradgorlik bilan shug‘ullandim», - degandi al Kaabi.

Ish bilan parallel ravishda Ayyub o‘rtoqlari va tanishlari bilan futbol o‘ynashga ham vaqt topdi. Ko‘pchilik orasida u mahorati va jismoniy holati bilan yaqqol ajralib turgani bois, mahalliy jamoada to‘p surishni maslahat berishdi. U yerda Ayyub Kasablankaning taniqli jamoasi - «Rasing» skautlari e’tiborini tortdi va 2014 yilda duradgorlikdan voz kechdi.

«Rasing» al Kaabini 3-divizion jamoalaridan biriga tajriba to‘plash uchun ijaraga berdi. Biroq Ayyub birdaniga hujumchi bo‘lib qolgani yo‘q. Undagi tezkorlikni payqagan mutasaddilar avvaliga chap qanot himoyachisi pozisiyasini berishdi. Tez orada u tayanch yarim himoyachisiga aylandi. Shundan keyin murabbiylar undan yuksak saviyadagi hujumchi chiqishiga amin bo‘lishdi.

2016/17 yillar mavsumida Ayyub 25ta gol urib, 2-divizionning eng yaxshi to‘purari bo‘lgach, uni «Renessans Barkan» klubi 1,88 mln. yevro evaziga «Rasing»dan sotib oldi. Hujumchi oliy divizionda ham sermahsullikni pasaytirmadi va 2018 yil yanvarida terma jamoadagi debyutini nishonladi. Yuz berayotgan voqealar chinakam ertakni eslatardi. Terma jamoa tarkibida Afrika millatlari chempionatiga yo‘l olgan al Kaabi turnirning eng yaxshi futbolchisi va to‘purari unvonlariga sazovor bo‘ldi. 6 uchrashuvdagi 9ta gol esa marokashliklarga chempionlik unvonini taqdim etdi. turnirni AMK bilan adashtirib qo‘ymaslik lozim. Afrika chempionatida faqat mahalliy klublarda to‘p suradigan futbolchilar ishtirok etishadi.

Mazkur muvaffaqiyat evaziga Ayyub Marokash terma jamoasi tarkibida Rossiya mundialiga yo‘l oldi va Eronga qarshi bahsda (0:1) 77 daqiqa, Portugaliyaga qarshi o‘yinda 25 daqiqa to‘p surdi. O‘shanda hujumchiga o‘zini ko‘rsatish uchun tajriba yetishmagandi. Oqibatda, u qatar mundialidan chetda qoldi, bu yog‘iga uning faoliyatida ikkinchi JCH bo‘lmasligi ham mumkin.

JCH-2018dan keyin al Kaabini Xitoyning «Xebey Chayna Forchun» klubi 6 mln. yevroga xarid qildi. 2020 yil oktyabrida hujumchi vataniga qaytdi, lekin Kasablankaning «Vidad» klubidan joy oldi. Buni qarangki, Ayyub 2020/21 yillar mavsumida yangi jamoasi bilan chempion bo‘lishdan tashqari, liganing eng yaxshi to‘purari unvonini ham qo‘lga kiritdi. Shundan keyin unga Yevropa futboli darvozalari ochildi.

2021 yil avgustida Turkiyaning «Xatayspor» klubi uni erkin agent maqomida o‘z safiga qo‘shib oldi. Superligadagi debyut mavsumida hujumchi 32ta o‘yinda 18ta gol urdi va to‘purarlar ro‘yxatida Mario Balotelli bilan 2-o‘rindan joy oldi. Shuningdek, Turkiya chempionatining ramziy terma jamoasi ro‘yxatiga kiritildi.

2022/23 yillar mavsumining yarmiga qadar jamoani sardor sifatida maydonga olib tushgan qahramonimiz 8ta gol urgandi. Keyin Xatay va mamlakatning boshqa ayrim hududlarida fojia yuz berdi. 2023 yil fevralidagi zilzila oqibatida Xatayda 10 mingga yaqin binolar vayron bo‘ldi, 24 ming kishi halok bo‘ldi, 30 mingdan ko‘proq fuqarolar jarohat oldilar. «Xatayspor» uchun mavsum tugadi - chempionatni usiz yakunlashdi. Ayyub o‘zi uchun yangi jamoa izlay boshladi. Aynan o‘sha paytda hujumchida RPLda to‘p surish imkoniyati paydo bo‘lgan, SSKA uni mavsum oxirigacha ijaraga olib, keyin 2 yillik shartnoma taklif etmoqchi edi. Biroq al Kaabining rafiqasi Rossiyaga borishni istamadi. Keyin futbolchi yozgacha qatarning «Al-Sadd» klubida to‘p surib, o‘tgan yil avgustida erkin agent maqomida «Olimpiakos» a’zosiga aylandi.

Hozir Ayyubning transfer qiymati 3,5 mln. yevro, lekin uni yunonlardan tortib olish uchun kamida 2-3 baravar, balki undan ham ko‘proq pul sarflashga to‘g‘ri kelar. Bu xaridorning hamyoniga bog‘liq. Agar Ayyub APL klubini qiziqtirib qolgan bo‘lsa, «Aston Villa»ga qarshi bellashuvdagi yorqin ishtiroki qimmatbaho kelishuvga sabab bo‘lishi mumkin. Garchi qadami RPLga yetib kelmagan bo‘lsada, hujumchi bundan xafa emasligiga aslo shubha yo‘q. Aks holda, u yevrokubok turnirining g‘olibligidan chetda qolgan bo‘lardi.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 06:06, 13.06.2024.
O'qildi: 6317 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.