Mana, hash-pash deguncha kunlar o‘tib, navbatdagi mundialga ham yaqinlashib boryapmiz. 2022 yili Qatarda o‘tishi rejalashtirilgan JCH ko‘pchilikning yodida alohida saqlanib qolishi mumkin. Zero, bu mundial ilk marta noodatiy vaqtda - noyabr-dekabr oylarida bo‘lib o‘tishi lozim.
Bunday o‘zgarishning sababini esa yaxshi bilasiz: Qatar iqlimi. Bir tomondan, havo harorati o‘rtacha +25-28 daraja issiqni tashkil qiluvchi bunday vaqt futbol ishqibozlari uchun ayni muddao bo‘lsa ham, ajabmas.
Chunonchi, o‘yin tugagach, bemalol sohilga borib, iliqqina dengiz suvida cho‘milib, rohat qilishga nima yetsin? Xullas, Soccer.ru muxbirining quyidagi qiziqarli maqolasida mundial asnosidagi qurilish ishlari va Qatar diyoriga bog‘liq turli faktlar haqida so‘z boradi.
«Yodingizda bo‘lsa, 2010 yili Rossiya va Qatar navbatdagi ikki mundial mezbonlari sifatida e’tirof etilganida, Rossiya Avstraliya, Angliya, Indoneziya, Meksika, AQSH, Yaponiya, Portugaliya va Ispaniya (birgalikda), Belgiya va Gollandiya (birgalikda) kabi raqiblar, Qatar esa Avstraliya, AQSH, Janubiy Koreya va Yaponiya singari da’vogarlar qarshiligini yengib o‘tgandi.
O‘sha kuni men Qatarda edim va ishdan uyga qaytish uchun bir soatdan ko‘p vaqt sarflaganimni yaxshi eslayman. Holbuki, odatda, buning uchun 20 daqiqa ketardi, xolos. O‘sha kuni esa odamlar ko‘chaga chiqib olishgan, har tomonda Qatar bayroqlari ko‘zga tashlanar, bir-birlarini muborakbod etishardi.
Bu holat Qatar uchun qandaydir noodatiy hol bo‘lib, beixtiyor Yangi yil bayramini yodimga solib yubordi. Keyinroq, oradan bir necha oy o‘tgach, Qatar JCH mezbonligini «sotib olgani» haqida mish-mishlar paydo bo‘ldi va ba’zi bir OAVda Qatardagi chempionat bekor qilinishi haqida bong urildi.
Shaxsan men bunga o‘shandayoq ishonmadim va bilardimki, bunday mish-mishlarning bosh sababi - hasad. Qatar bilan bellashgan da’vogarlar ro‘yxatiga nazar solsangiz, bunga o‘zingiz ham ishonch hosil qilishingiz mumkin.
Shunday ekan, yuqoridagi kabi «xolis tekshiruvlar» va shov-shuvlarning asl manbasi qayerda ekanini ham osonlikcha bilib olish qiyin emas.
QATAR
Bu rostdan ham mo‘’jazgina, ammo chiroyli mamlakat va kim shu paytgacha BAAga borgan bo‘lsa, Doxa shahri ham Dubay yoki Abu-Dabini eslatib yuborishi tabiiy. Faqat sal kichikroq. Bu yerda ham ko‘plab musulmon davlatlarida bo‘lgani kabi spirtli ichimliklar erkin savdoda taqiqlangan.
Lekin juda istaganlar restoranlarda nafslarini qondirib olishlari ham mumkin. Ha, mamlakatda musulmon aqidalariga rioya qilinadi, ammo mehmonlarga nisbatan istisnolar yo‘q emas. Deylik, Qatarda hech kim sizni masjidga borishga yoki paranjida yurishga majburlamaydi.
Qisqacha aytganda, marhamat, mehmonga keldingmi, xohlagan ishingni qil, ammo qonun doirasidan chetga chiqma! Darvoqe, qonunlar haqida: bu yerda polisiya hech qachon hujjatlarni tekshirib ko‘rish uchun mashina yoki odamlarni to‘xtatib, vaqtlarini olmaydi.
Shuningdek, qatarlik polisiyachilarga «pora» tushunchasi ham begona (o‘ylashimcha, qaysidir aybingiz uchun polisiyachiga pora taklif qilsangiz, bechora gap nima haqida borayotganini tushunmasa kerak). Jinoyatchilik darajasi juda past - deyarli «nol»ga teng.
Lekin bu «Demak, Qatar - yer yuzidagi jannat ekan...» deyishga asos bo‘lmaydi. Chunki «jannat»ga yarashmaydigan birgina noxushlik bor - jazirama issiq. Bu yerning qishi ham Rossiyaning yozidan ko‘ra ancha issiqroq. Qolgan vaqtlarda esa hammomning o‘zginasi. Havo harorati kunduzi +50 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Namlik esa 80 foizni tashkil etishi hech gap emas.
Qatarga kelayotgan aksariyat xorijliklar asosan, qurilish ishlari bilan bevosita bog‘liqlar. Chunonchi, ayni damda Qatarda ulkan bunyodkorlik ishlari davom etmoqda. Uylar, infratuzilma, stadionlar shular jumlasidan.
JCHga tayyorgarlik asnosida mamlakatda 8ta yirik stadion hozirlanmoqda:
«XALIFA INTERNESHNL»(40 000 TOMOSHABIN)
Mazkur stadion qurilganiga ancha bo‘lgan. Bu stadionda 2010 yili Braziliya va Argentina terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik o‘yinini tomosha qilgandim. O‘shanda Argentina termasi Messining goli evaziga g‘olib chiqqan.
«RAS ABU ABUD» (40 000 TOMOSHABIN)
Modul tipida barpo qilingan dunyodagi ilk stadionlardan biri. Oddiyroq aytganda, tayyor qismlardan qurilgan inshoot. Farqi shundaki, bunday qurilishni katta yoshli kishilar xuddi bolalar «Lego» o‘yinchog‘ini yasashgani kabi amalga oshirishadi. Eng muhimi, stadion qisqa fursatda foydalanishga topshiriladi.
«AL-RAYYAN» (40 000 TOMOSHABIN)
Arabcha uslubdagi arena. Loyiha ham shunga mos. Bino fasadi arabcha tugunni eslatadi, stadionning o‘zi esa qum barxani ko‘rinishida. Stadion o‘ta yirik savdo markazi va metro yo‘nalishi yaqinida bunyod etilmoqda.
«AL-BAYT» (60 000 TOMOSHABIN)
Ko‘chmanchilar chodiri ko‘rinishidagi qiziqarli loyiha. Yoddan chiqarmaslik kerakki, qatarliklar qadim zamonlardan beri sahroda yashab kelishgan. Eng muhimi, ular bundan aslo uyalishmaydi, aksincha, ko‘chmanchilar avlodi ekanliklaridan faxrlanishadi va buni butun dunyoga ko‘z-ko‘z qilishadi.
Hattoki, ular hozir ham chodirlarni tayyorlab, dam olgani cho‘l-u biyobonga yoxud dengizga chiqib ketishadi. Ammo hozirgi chodirlarda kondisioner, muzlatkich va turli maishiy texnika jihozlari bor. Nima ham derdik, taraqqiyot-da...
«AL-TUMAMA» (40 000 TOMOSHABIN)
Bu stadion an’anaviy arabcha erkaklar bosh kiyimi - gaxfiya singari qurilgan. U yumaloq shakldagi do‘ppidan unchalik farq qilmaydi.
«AL-VAKRA» (40 000 TOMOSHABIN)
Nafaqat Qatar, balki dunyodagi eng ajoyib stadionlardan biri. E’tiborlisi, arena taniqli Zaha Hadidning arxitektorlik byurosi - Zaha Hadid Architects (bu firma arxitektura sohasida xuddi «Real Madrid»dek nomdor) tomonidan loyihalashtirilgan. Xullas, ming marta eshitgandan, bir marta ko‘rgan afzal.
«EDYUKEYSHN SITI STEDIUM» (40 000 TOMOSHABIN)
Stadion Qatardagi Universitet shaharchasi yonida bunyod etilmoqda. Arena nomi ham shunga ishora, albatta. Kristallar shaklidagi dizayn inshootni boshqalaridan yaqqol farqlab turadi. Muhimi, mundial bo‘lib o‘tgach, stadion ahamiyatini yo‘qotmaydi: unda talabalar sportning istalgan turi bilan shug‘ullanishlari mumkin.
«LUSAIL» (80 000 TOMOSHABIN)
Mazkur ro‘yxatdagi so‘nggi arena JCHning ochilish va final o‘yinlariga mezbonlik qiladi. Ayni paytda qurilish ishlari rejadagidek bormoqda.
Xullas, mana shu sakkiz stadion 2022 yilgi mundial uchun maxsus tayyorlanmoqda. E’tiborlisi, ularning har birida tomoshabinlarga qulaylik yaratish maqsadida sovitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Qolaversa, arenalarning barchasi belgilangan muddatgacha qurib bitkaziladi va bunga aslo shak-shubha qilmaslik zarur.
Deyarli barcha stadionlar JCH yakuniga yetganidan so‘ng modernizasiya qilinadi (yig‘iluvchi bloklardan qurilgan «Ras Abu Abud» esa butunlay buziladi) va o‘rindiqlar soni ikki baravar kamaytiriladi. Yig‘ishtirib olingan o‘rindiqlar nisbatan qashshoq davlatlarga (bu Afrika mamlakatlari bo‘lishi ehtimoli yuqori) tekinga sovg‘a qilinadi. Yomon emas-a?!
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: Qatarga shuncha stadionning nima keragi bor? Keling, tan olaylik, so‘nggi vaqtlarda Qatar futbol diyoriga aylanib bormoqda. Bu yerda futbolni sevib o‘ynashadi, tomosha qilishadi. Shuningdek, ko‘pgina jahon yulduzlari Qatar chempionatida to‘p surib, kattagina pul ham ishlab olishyapti. Misol uchun, Gabi, Xavi, Sneyder, Eto`Olarni keltirish mumkin.
Aytgancha, Qatar milliy terma jamoasi so‘nggi Osiyo chempionatida bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Bunaqasini aslida hech kim kutmagandi. Hal qiluvchi final bahsida qatarliklar Osiyo grandlaridan biri hisoblangan Yaponiyani mag‘lub etishdi. O‘shanda qatarliklarning o‘yinini ko‘rganlar «sotib olish» haqida umuman o‘ylamaganlari aniq. Zero, o‘yinda rostdan ham kuchlilar g‘alaba qozonishgandi.
Bundan tashqari, qatarliklarda kelajakda futbolni yanada ommalashtirish, rivojlantirish uchun imkoniyatlar yetarli. Bu hattoki, aksariyat davlatlar aholisining havasini keltirishi ham bor gap. Mamlakatda sport maktablari, futbol maydonlari keragidan ham ko‘proq qurilyapti. Boz ustiga, bularning hammasida foydalanish mutlaqo bepul.
Qisqasi, Qatardagi jahon chempionati - mamlakatning, aholining, mintaqaning orzusi. Shunday ekan, ingliz OAVlaridagi bo‘htonlar, turli fitnakor maqolalardan yuz o‘girib, navbatdagi mundialning boshlanishini kutamiz va albatta, undan olam-olam zavq olamiz!»