Bundan bir necha kun oldin “Navbahor” jamoasi sobiq ustozi Ilhom Mo‘minjonov O‘FA Intizom va odob-axloq (etika) qo‘mitasi qaroriga ko‘ra, besh yil muddatga futboldagi har qanday faoliyatdan chetlashtirilgan edi.
So‘nggi kunlarda O‘FA Etika qo‘mitasining ushbu qarori muxlis va mutaxassislar tomonidan keng muhokama qilayotgani hech kimga sir emas. Kimdir ushbu qarorga qo‘shilayotgan bo‘lsa, kimdir ushbu qarorni noto‘g‘ri deb hisoblamoqda.
Yorug‘lik sari...
Tan olish kerak, “Mo‘minjonov ishi” (Ilhom Mo‘minjonov bilan bog‘liq bo‘lgan ishni shunday nomladim) o‘zbek futbolida yangi tarix yaratdi, deyish mumkin. Sababi, bu kunga qadar hech bir murabbiy yoki futbolchi kelishilgan o‘yinlarga aloqador sifatida futboldan chetlatilgan emasdi.
Oxirgi yillarda muxlislar, mutaxassislar orasida kelishilgan o‘yinlar, totalizator haqida ko‘p bor gapirilsa-da, hech kim jazolanmagandi. Hatto o‘sha mashhur “Paxtakor” – “Metallurg” uchrashuvidan keyin ham hech qanday chora ko‘rilmagani muxlislarimizning futbolga bo‘lgan ishonchini yo‘qolib borishiga sabab bo‘lgandi. Buning natijasida har bir o‘yindan keyin shubha-gumonlar paydo bo‘lardi.
Masalan, jamoa yutsa sotib olibdi, yutqazsa sotib yuboribdi qabilidagi gap-so‘zlar tez-tez qo‘loqqa chalina boshladi. Muxlislar ishonchini qaytarish uchun ham mana shunday keskin choralar kerak, edi nazarimda. Oldinlari ham kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashish bo‘limi faoliyat yuritardi. Ammo ular har doim bir gapni takrorlashdan charchashmasdi: “Bizda yetarlicha dalil yo‘q. Buni isbotlay olmaymiz”.
Endi esa bunday bo‘lmaydi. Izlagan imkon topadi deganlaridek, hozirda ushbu qo‘mitada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar qanday qilib bo‘lmasin dastlabki qadamlarini tashlashdi. Dastlabki qadamlar qiyin bo‘lishini bilamiz.
Xursand qiladigan tomoni bizni yorug‘lik sari olib boradigan ilk qadamlar tashlandi. Oldin barchada bu yo‘lning oxiri yo‘qdek tasavvur o‘yg‘ongandi. “Mo‘minjonov ishi” esa yorug‘lik sari ilk qadam bo‘ldi. Bu yog‘iga to‘xtab qolish kerak emas. Shu zaylda futbolimizni ana shunday “jirkanch” ishlardan tozalash lozim.
Kim haq, kim nohaq?
O‘FA saytida e’lon qilingan xabardan so‘ng, futboldan chetlatilgan Dilshod Jabborov saytlarga intervyu berib, uni O‘FAga chaqirishmaganini aytdi. Bu esa muxlis va mutaxassislar orasida yana shubha gumonlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Endilikda kim haq, kim nohaq degan savol o‘z javobini kutmoqda.
Bu masala yuzasidan O‘FA mutasaddilarida murojaat qilganimizda quyidagi javobni oldik: “Biz chindan ham Dilshod Jabborovni chaqirtirgan edik. Ammo futbolchi kelmadi. Kelmaslik sabablarini ham aytmadi. Yaqinda “Surhon” klubidan xat oldik. Unda Dilshod Jabborov 27 mart kuni O‘FAga bora olmagani uchun kechirim surashdi. Lekin sabablari ko‘rsatilmadi.
Ilhom Mo‘minjonovga kelsak, uni ham ko‘p ogohlantirdik. Kelib ko‘rsatma berishini aytdik. U esa advokatlarga murojaat qilish bilan vaqtini behuda o‘tkazdi. O‘zboshimchalik bilan harakat qildi. Natijasini esa o‘zingiz ko‘rib turibsiz”.
Endi xulosa chiqarish o‘zingizga bog‘liq.
Nega bunday bo‘ldi?
Tan olish lozim, so‘nggi yillarda futbolimizdagi bunday ishlar odatga aylanib ulgurgandi. O‘sha mashhur “Paxtakor” – “Metallurg” uchrashuvidan keyin keskin choralar ko‘rilmagani oqibatida murabbiylar va futbolchilar ongida baribir hech narsa qila olishmaydi, degan fikrlar o‘rnashib olgandi va ochiq-oydin o‘yin qilganlar ham uchrab turardi. Buning oqibatida stadionlarga muxlislar tashrifi kamaydi. Ishqbozlarning futbolimizga bo‘lgan ishonchi yo‘qolib bordi. Eng asosiysi bu hol terma jamoalarimizga ham salbiy ta’sir o‘tkazdi.
2017 yilning sentyabr oyida O‘FA (u paytlar O‘FF edi) tepasiga yangi rahbarlarning kelishi futbolimizda tub burilish yasay oldi. Ayni damda O‘FA rahbariyati futbolimizni yangi bosqichga olib chiqish borasida keng ko‘lamdagi ishlarni amalga oshirilmoqda. Ulardan biri kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurash, futbolimizni shunday jirkanch ishlarda xalos etishdan iborat. Buning uchun esa dastlabki qadamlar qo‘yildi. O‘ylaymizki, bu ishlar davomli bo‘ladi va o‘zbek futboli to‘liq tozalanadi.
Totalizornining umri
Shu kunga qadar o‘zbek futboli haqida gap ketganda, totalizator degan so‘z ham qo‘shib gapiriladigan bo‘lib qolgandi. Murabbiylar va futbolchilar orasida bukmekerlik saytlarda stavkalar qo‘yiladigan mutaxassislar borligi borasida muxlislar bot-bot gapirishardi. Mana endi ularning sirlari sekin-asta ochilib borsa ajab emas. Zero, O‘FAdagi mutaxassislar bu borada yeng shimarib ishga kirishishgan. Tez orada yangi tafsilotlar haqida ham ma’lumotga ega bo‘lsak ajab emas.
Yong‘oq qurti haqidagi quiydagi hikoya totalizatorga mukkasidan ketgan va total futbol hayotida yashayotgan ayrim shaxslarga juda mos tushishiga ishonchim komil.
- Yong‘oq qurti o‘zi sig‘adigan teshik ochib, yong‘oqni ichiga kirib nima bo‘lsa yeydi. Yegan sari semiradi va to‘yadi. Yong‘oq ichida hech narsa qolmagandan so‘ng, tashqariga chiqishga intiladi. Teshik kichik bo‘lgani uchun tashqariga chiqolmaydi. Undan ham yomoni yong‘oqning ichi quriy boshlaydi, endi teshikni kengaytirishni imkoni qolmaydi. Birgina chora ozimoq bo‘ladi. Yong‘oq ichida majbur ochlikdan ozib, eski zaif holiga qaytib tashqariga chiqadi. Qarasaki uning uchun mavsum tugab ortda qurigan yong‘oqdan boshqa hech narsa qolmagan bo‘ladi.
Chindan ham futbolni faqat totalizator va pul topish manbaiga aylanitirib olgan ayrim insonlarning yashash tarzi xuddi yong‘oq qurti kabidir.
Mol-dunyo dardida umrini behuda narsalar bilan bekor qilib o‘tkazib yuboradi. Endi bo‘ldi munosib shaklda buyurilganday yashay deganda umrining so‘nggi damlarini yashayotgan bo‘ladi.
Bu maqola orqali kimdir yomonlamoqchi, kimnidir tarafini olmoqchi emasmiz. Shunchaki, futbolimizda yangi kunlar kelganini, endi barchasi boshqacha bo‘lishini ta’kidlamoqchiman, xolos.
Prezidentimiz aytganlaridek “Endi bunday yashab bo‘lmaydi. O‘zgarishlar davri keldi”. Qilingan hatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, yangicha hayot tarziga yaratish vaqti keldi. Hali ham kech emas. Futbolimizda yorug‘ kunlar keldi, uning davomli bo‘lishini istaymiz.
Abror DEHQONOV