Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/09 17:30 Marokash 6-3 Panama
19/09 17:30 Eron 9-4 Gvatemala
19/09 19:30 Neftchi 2-2 Qizilqum
19/09 20:00 Portugaliya 3-2 Tojikiston
19/09 20:00 Fransiya 7-3 Venesuela
19/09 21:45 Feyenoord 0-4 Bayer
19/09 21:45 Srvena Zvezda 1-2 Benfika
19/09 22:00 Leganes 0-2 Atletik Bilbao
19/09 23:59 Monako 2-1 Barselona
19/09 23:59 Atalanta 0-0 Arsenal
19/09 23:59 Atletiko - RB Leypsig
19/09 23:59 Brest 2-1 Shturm
20/09 21:30 Kalyari - Empoli
20/09 23:45 Verona - Torino
21/09 00:00 Alaves - Sevilya
21/09 16:30 Vest Xem - Chelsi
21/09 17:00 Valyadolid - Real Sosyedad
21/09 18:00 Venetsiya - Jenoa
21/09 19:00 Aston Villa - Vulverhempton
21/09 19:00 Fulhem - Nyukasl
21/09 19:00 Lester - Everton
21/09 19:00 Tottenhem - Brentford
21/09 19:00 Liverpul - Bornmut
21/09 19:00 Sautgempton - Ipsvich
21/09 19:15 Osasuna - Las-Palmas
21/09 21:00 Yuventus - Napoli
21/09 21:30 Kristal Pelas - Man. Yunayted
21/09 21:30 Valensiya - Jirona
21/09 23:45 Lechche - Parma
22/09 00:00 Real Madrid - Espanyol

Shubha ostida qolgan super iqtidor

Shubha ostida qolgan super iqtidor

Baho:
+ | -

Angliyada professional futbolchilar assosiasiyasi tasnifiga ko‘ra 2018|2019 yillar mavsumining eng yaxshi o‘yinchisi nomi e’lon qilindi. Kutilganidek, tumanli o‘lkaning eng nufuzli sovrini «Liverpul» markaziy himoyachisi Virjil van Deykka nasib etdi.

Iqtidorli futbolchining yorqin faoliyati shu tariqa munosib bahosini oldi. Vaholanki, Virjil o‘z omadini o‘zga so‘qmoqlardan izlashga juda yaqin turgandi.

YUGURGANNIKI EMAS, BUYURGANNIKI

Bundan 6 yil avval «Krasnodar» skautlari van Deykning o‘yinlarini videolavhalar orqali o‘rgana boshlaganlarida, himoyachi «Groningen» tarkibida to‘p surayotgandi. Mahalliy grandlar himoyachidagi o‘yinga bo‘lgan ishtiyoq talab darajasida emas, degan xulosaga kelishgan, yakunda futbolchi 2,8 mln. funt evaziga «Seltik»ka yo‘l olgandi. Bu kamtarona transferni Galiskiy ham bemalol amalga oshirishi mumkin edi. Lekin taqdir navqiron himoyachiga boshqa so‘qmoqni tayyorlab qo‘ygandi.

«VILLEM II» VAN DEYKNI TEKINGA QO‘YIB YUBORDI

Virjilning dastlabki jamoasiga uning transferidan manfaat ko‘rish nasib etmadi. Van Deyk «Ayaks»ga Frenki de Yongni yetkazib bergan «Villem II» safida to‘p surardi. Mutasaddilar undagi iqtidorni inkor etmagan bo‘lishsada, asosiy tarkibda barqaror o‘ynashiga ishonishmadi.

Oqibatda himoyachining shartnoma muddati nihoyasiga yetdi, «Groningen» uni o‘ziga chorlaganida esa armenliklar qimirlab qolishdi. Ammo g‘isht qolipdan ko‘chib bo‘lgandi. Telegraph sharhlovchisi Sem Uollesning aytishicha, hozir jurnalistlarning van Deykka oid savollariga klubdagilar javob berishdan bosh tortadilar.

«Villem» bosh murabbiyi Fons Gronendeyk vaziyatga quyidagicha izoh berdi: «Klubga kelgan davrimda (2009 yil, fevral) jamoa quyi ligaga tushib ketish xavfi ostida edi. Virjilning kim ekanligini bilmasdim, lekin 19 yoshlilar orasida iqtidorli o‘yinchilar borligini eshitgandim. Ammo jon saqlash uchun kurashayotgan jamoaga hech kim g‘o‘r yigitlarni taklif etmaydi. Keyinchalik meni unga imkoniyat bermaganlikda ayblashdi.

Vaholanki, u hatto «zayavka»da ham yo‘q edi, asosiy tarkib bilan biror marta mashg‘ulotda ham qatnashmagandi. Jamoani elitada olib qolish uchun kurashayotgan murabbiy yoshlarga e’tibor qarata olmaydi. Virjilning katta futbolga moslasha olishiga ko‘pchilik shubha bilan qarardi. U xatolarga yo‘l qo‘yar, xavfli hududda to‘pni raqibiga berib qo‘yardi.

Hozirgi o‘yini bilan ko‘pchilikni, jumladan, skautlarni ham hayron qoldirdi. Nafaqat Rossiya, balki Gollandiyadagi mutaxassislar ham g‘aflatda qolishdi. O‘ylashimcha, shunday noyob iqtidor sohibini qo‘ldan chiqarib yuborganlari uchun ular o‘zlarini kechira olmay yurgan bo‘lishsa kerak».

«GRONINGEN» VIRJILNI HUJUMDA SINAB KO‘RDI

Xullas, «Villem» safida bir marta ham maydonga tushmagan van Deyk 2010 yilda «Groningen»ga o‘tdi. Aytishlaricha, mazkur taklifning muallifi - afsonaviy Ronald Kumanning otasi Martin Kuman. Keyinchalik Virjil «Groningen» afsonasi rahbarligida «Sautgempton» va Gollandiya terma jamoasi liboslarida maydonga tushdi.

«Skautimiz Virjilni ilk bor akademiyalar o‘rtasidagi uchrashuvda kuzatgandi. Biz tavakkal qilishni ma’qul ko‘rdik: 1500 yevro atrofidagi kamtarona oylik maosh, boshpana uni qoniqtirdi. Mashina bilan esa bir yildan keyin ta’minladik, bungacha Virjil mashg‘ulotlarga velosipedda qatnadi», - deydi «Groningen» sport direktori Xans Naylend.

Jamoadagi debyut uchrashuvida Virjil «dubl»ga erishdi. Omadli start YEL yo‘llanmasi uchun kechgan «pley-off» bellashuvida «Groningen»ni xalqaro arenaga olib chiqishi mumkin edi. 2010|2011 yillar mavsumidagi o‘sha «duel» jamoaning «Den Xaag» maydonidagi yirik (1:5) mag‘lubiyati bilan boshlangandi.

Javob uchrashuvida 1:1 hisobi qayd etilayotgan pallada murabbiy van Deykni oldingi chiziqqa o‘tkazdi. Buni qarangki, Virjil ishonchni oqladi - avval o‘yindan, keyin jarima zarbasi evaziga raqib darvozasini ishg‘ol etdi. Keyinchalik o‘yin «Groningen»ning yaqqol ustunligida o‘tdi va 5:1 hisobida nihoyasiga yetdi. Afsuski, penaltilar seriyasida omad «Den Xaag» tomonida bo‘ldi.

Virjil van Deyk o‘sha payt Dushan Tadich to‘p surayotgan jamoaning asosiy tarkibidan joy olish uchun bir yil uringan bo‘lsada, keyingi parvozi o‘ta shiddatli bo‘ldi. Adaptasiya davrini tayanch yarim himoyachisi Kes Kvakman shunday xotirlaydi: «Dastavval, biz uni «Voy-bo‘, qanday ajoyib o‘yinchi!» deya hayrat bilan kutib oldik. Bir necha haftadan so‘ng «Mayli, safimizda yursa yura qolsin», dedik. 6 oydan keyin esa «Groningen»da unga non yo‘q», degan qarorga keldik».

«Ayaks» va PSV bu paytda Virjilni sinchkovlik bilan o‘rganishayotgandi. Yakunda amsterdamliklar van der Xornga, Eyndxoven klubi esa Brumga ishonch bildirishdi. O‘sha davrda Virjilning «Groningen»dagi dastlabki ustozi, Gollandiya termasining sobiq o‘yinchisi Piter Xyuistra hozir «Paxtakor»da Shota Arveladzening yordamchisi sifatida faoliyat yuritmoqda. Uning aytishicha, «Ayaks», PSV yoki «Feyenoord»da to‘p surmagan futbolchilarga skautlar ishonchsizlik nazari bilan qarashar ekan: «Nima uchun u «Villem» akademiyasida? Qandaydir kamchiligi bo‘lsa kerak-da».

«Krasnodar» tarixi «Ayaks» va PSVnikidan farq qilmaydi. Golland grandlari hozir «Suonsi»da o‘ynayotgan Mayk van der Xorn va «Shalke» safidan joy olgan Jeffri Brumni van Deykdan ustun qo‘yishgan bo‘lsa, rossiyaliklar 5 mln. yevroga Andreas Grankvistni xarid qilishdi. Virjilning Gollandiyadagi obro‘siga 21 yoshgacha bo‘lgan terma jamoalar o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi (Italiya, 0:3) salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

2012 yilning avgustida o‘tkazilgan o‘sha bellashuvda InsinYE, Immobile va Florensining aniq zarbalariga van Deyk va uning jamoadoshlari dosh bera olmagan edilar. «Bunaqa uchrashuvlarni kuzatish uchun turli mamlakatlardan mutaxassislar kelishadi. Italiyalik tezkor hujumchilar jamoamizni shunchaki yanchib tashlashdi. Bunga faqat Virjil aybdor bo‘lmasada, 0:3 hisobidagi mag‘lubiyat nufuzga putur yetkazishi aniq», - dedi himoyachining ikkinchi mavsumdagi ustozi Robert Maskant.

SKAUTLAR VAN DEYKNING RUHIYATIDAN SHUBHALANISHGAN

Yerun Kapteynsning aytishicha, Virjilning top-himoyachi maqomiga ko‘tarilishiga gollandiyalik mutaxassislar ishonishmagan. Ularning fikricha, van Deyk butun e’tiborini o‘yinga safarbar eta olmas ekan:

«U juda baquvvat va iqtidorli futbolchi bo‘la turib, ba’zan negadir bo‘shashib qoladi. Go‘yo o‘yinga bor kuch-quvvati va e’tiborini bermayotgandek. Mahorat va saviyasiga gap yo‘q. Ammo o‘yinga bo‘lgan ishtiyoqi-chi? Uning butun faoliyati davomida bizni mana shu mavzu qiynab kelmoqda»

Piter Xyuistraning ta’kidlashicha, darhaqiqat, avvaliga u bilan ishlash juda qiyin kechgan. Biroq zaxira jamoa murabbiyi Dik Lyukkinen Virjilga ijobiy ta’sir o‘tkaza oldi. Natijada mashg‘ulotlarni 60-70 foiz faollik bilan o‘tkazishga odatlangan futbolchi bu illatidan forig‘ bo‘ldi.

O‘LIM OSTONASIDAN QAYTDI

2012 yilning martida Virjil appendisit, peritonit va buyrak infeksiyasi bilan xastalanganligi aniqlandi. «Groningen» shifokorlarining e’tiborsizligi oqibatida xastalik shu darajaga yetdiki, nav­qiron yigitcha vasiyat yozishga majbur bo‘ldi.

«Hayotim xavf ostida qolgandi: oyim va men Yaratganga ibodat qilib, keyin voqealar rivojining yomon variantlarini muhokama qildik. Qandaydir qog‘ozlarga imzo chekishimga to‘g‘ri keldi. U vasiyat maqomidagi hujjat edi. Agar men vafot etsam, mablag‘imning bir qismi onamga qolardi. Albatta, bu haqda gapirishni hech kim istamasdi. Lekin biz shunday qilishimiz lozim edi.

O‘sha lahzalarda tuzalishdan ko‘ra o‘limim yaqinroq turgandi», - deydi van Deyk. Og‘ir xastalikdan keyin oyoqqa turgan Virjil o‘z turmush tarzi xususida jiddiy mulohaza yuritib, tegishli o‘zgarishlarni amalga oshirdi.

«Jamoadagilarning aksariyatiga van Deyk oshiqcha vaznga egadek tuyulgandi. U juda yosh bo‘lgani uchun o‘ziga taom tayyorlashni bilmasdi. Ehtimol, uyidan uzoqda yurgan yigitcha «jank-fud» iste’mol qilib yurgandir? Xastalik sababi ham shu bo‘lishi mumkin.

Jarrohlik amaliyotidan keyin Virjil salomatligini tiklab oldi, nimagadir erishish uchun professional bo‘lishi shartligini tushunib yetdi. Onasi uning yoniga ko‘chib o‘tgach, hammasi izga tushib ketdi», - deydi Kvakman.

Endilikda himoyachining konsentrasiyasi xususida faqat Ronald Kumanda e’tiroz bo‘lishi mumkin. Millatlar Ligasi doirasidagi Gollandiya - Fransiya uchrashuvida (1:2) aynan van Deyk tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolik Jiruning goliga olib kelgandi. «Virjil kutilmaganda sustlashib qoladi.

Bu illatga barham berish kerak. Ba’zan maydonda shunday vaziyatlar yuzaga keladiki, himoyachidan raqib hujumchisini 3 futdan uzoqqa qo‘yib yubormaslik talab etiladi. Van Deyk esa o‘z kuchiga shunchalik ishonadiki, hujumchiga yetarli e’tibor qaratmaydi.

To‘g‘ri, ko‘pincha u g‘olib chiqadi. Lekin ahyon-ahyonda bo‘lsada, uning xatosi golga olib keladi», - degandi Kuman shogirdlarining mag‘lubiyati bilan yakunlangan uchrashuvdan keyin.

VAN DEYK O‘RNIGA GRANKVIST

Virjil «Groningen» saviyasidan o‘zib ketgach, klub mutasaddilari iqtidorli himoyachi ortidan xaridorlar tizilib turishiga umid qilishgandi. Darhaqiqat, «Ayaks» va PSVdan tashqari, «Milan», Brayton», «Seltik» va yana bir qator jamoalar van Deykka qiziqish bildirishdi.

Yakunda shotland klubidan boshqa barcha raqobatchilar umidlarini uzishdi. 2013 yilda tomonlar Amsterdamning «Xilton» mehmonxonasida uchrashib, transfer borasida uzil-kesil kelishuvga erishishdi. «Groningen» 5 mln. funtga umid qilgandi. Biroq 2,8 mln.ga rozilik bildirdi.

Yuqorida zikr etilganidek, «Krasnodar» jamoasi ham Virjilga befarq emasdi. Klub sport direktori Maksim Buznikin APLning joriy mavsumdagi eng yaxshi o‘yinchisiga quyidagicha izoh bergandi: «Bu borada siz birinchi bo‘lib murojaat qildingiz. Ta’kidlash joizki, bu juda mashaqqatli jarayon. Uni har kuni 6 soatlab ekran qarshisida o‘tirgan holda yuzlab futbolchilarni nazoratdan o‘tkazish va agentlar bilan muloqot qilishga tenglab bo‘lmaydi.

Hozir TV-dasturlar yetarli, istalgan paytda dunyoning istalgan nuqtasidagi o‘yinni tomosha qilish, videolavhalar va statistik ma’lumotlarni bemalol olish mumkin. Van Deyk o‘zining jismoniy ko‘rsatkichlari bilan e’tiborimizni tortgandi. Menimcha, bu 2012|2013 yillar mavsumida bo‘lgandi.

Xayriyatki, uni xarid qilmadik. Aks holda, bu yigitning faoliyatiga ziyon yetkazgan bo‘lardik. Avvalo, agentlar va boshqa vositalar yordamida van Deykni xarid qilish mumkin yoki yo‘qligini aniqladik. Ma’lum bo‘lishicha, Virjilning bahosi 3 mln. atrofida ekan. Jamoamizdagilar hozirda van Deyk haqida hatto o‘ylashmayapti ham. Ya’ni, biz unga qiziqish bildirgan bo‘lsakda, xarid qilmadik.

U esa qisqa vaqt ichida yulduz darajasiga ko‘tarildi. Aslida biz undan voz kechmaganmiz, ammo Virjil bizning asosiy nomzodimiz emasdi, short-varaqada ham qayd etilmagandi. Xullas, yakunda Grankvistni ma’qul ko‘rdik. Van Deykdan voz kechishimizga sabab bo‘ladigan birorta jihat ham yo‘q. Faoliyatim davomida yuzdan ortiq bunaqa voqealarga duch kelganman.

«Mana, biz uni e’tiborga olgandik, ammo...» qabilida fikr bildirish mumkin emas. Hech bo‘lmaganda Yevropaning yarmi uni aniqlab ulgurgandi. Yevropalik futbolchilar uchun Rossiya uchinchi dunyo mamlakati. «Seltik» esa top-chempionatlarga sakrash uchun eng qulay tramplin. O‘sha paytda «Krasnodar» endigina yevrokuboklar hududidan joy olish tadorigini ko‘ra boshlagandi. O‘ylaymanki, van Deykni qo‘lga kiritish imkoniyati bizda juda oz edi.

Agar yanglishmayotgan bo‘lsam, Virjilni birinchi bo‘lib Yevgeniy Nikolayevich (Maksimning otasi, «Krasnodar» seleksiya xizmati xodimi) ko‘rgandi. Lekin o‘shanda biz xaridni amalga oshirishga tayyor edik, deya olmayman. Menimcha, uning nomzodi jiddiy tarzda ko‘rib chiqilgan ham emas. Transferning amalga oshmagani yaxshi bo‘ldi. Yigitcha «Liverpul»da to‘p surmoqda, yetakchilardan biriga aylandi».

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 10:46, 12.05.2019.
O'qildi: 1500 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.