Kirish Ro'yxatdan o'tish
14/11 05:00 Urugvay - Kolumbiya
14/11 05:00 Peru - Chili
14/11 14:10 Avstraliya 0-0 Saudiya Arabistoni
14/11 17:00 KXDR 2-3 Eron
14/11 19:00 Bahrayn 0-1 Xitoy
14/11 19:00 Kuvayt 1-3 Janubiy Koreya
14/11 21:00 Ummon 1-0 Falastin
14/11 21:15 Iroq 0-0 Iordaniya
14/11 21:15 Qatar 3-2 O‘zbekiston
14/11 21:15 BAA 3-0 Qirg‘iziston
15/11 02:00 Venesuela - Braziliya
15/11 04:30 Paragvay - Argentina
15/11 05:00 Ekvador - Boliviya
15/11 17:00 Indoneziya - Yaponiya

Yana hakamlik mavzusi

Yana hakamlik mavzusi

Baho:
+ | -
Bo'lim: O'ZBEK FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

«Paxtakor» - «Navbahor» bahsida og‘riqli masalalardan biri yana bir bora bo‘y ko‘rsatdi - hakamlik o‘yin sifati va sur’atiga muvofiq kelmadi.

Natijada O‘FA Hakamlar departamenti darhol navbatdagi diskvalifikasiyalarga murojaat qildi.

Shu qadar shoshilinch tarzda qaror chiqarildiki, ko‘pchilik hayron qolgani tayin. Hakamlar departamentining shu qadar tezkorligi ham referilar va umumiy vaziyatga ta’sir qilmayotgan ekan, nimadir deyish qiyin... 

E’tiborni tortadigan natijalarga kelsak, «Navbahor» so‘nggi daqiqalarda hisobni tenglashtirib, «Paxtakor»ni yanada «qochib» ketishiga yo‘l qo‘ygani yo‘q, «Lokomotiv» esa yana ochko yo‘qotdi...

 

1-KUN: SHAHZOD UBAYDULLAYEV VA HUMOYUN MURTAZOYEVGA E’TIBOR 

«So‘g‘diyona» - «Andijon» o‘yinining birinchi bo‘limi to‘liq mezbonlarga ataldi. Har holda, jizzaxliklar nisbatan oz imkoniyatdan maksimal darajada samara chiqara olishdi. Ilk xavfli vaziyat 23-daqiqada yuzaga keldi: Elyor Oripov ijrosidagi jarima zarbasini Ruslan Matniyozov bir amallab bartaraf etdi. 31-daqiqaga kelib, tablodagi hisob o‘zgardi. Bu vaziyatda ham «Andijon» darvozaboni yaxshigina «seyv» namoyish etdi, biroq Ulug‘bek Baqoyev shogirdlari takroriy urinishda uni ojiz qoldirishdi, baribir. Xullas, Siroj Meliyev to‘pni o‘ng qanotdan jarima maydoniga uzatgach, u raqib vakili Abror Husinovga tegib, darvozaga yo‘l olayotgan pallada Ruslan Matniyozov ajoyib reaksiya ko‘rsatdi, faqat shu atrofda hoziru nozir turgan Shohruz Norxonovga xalaqit berolmadi - 1:0. Tanaffusga chiqish arafasida esa, Daniel Nasriddinov jarima maydoniga kirib borib, golkiperni ham dog‘da qoldirdi. Aytgancha, Norxonov bu safar endi assistent rolini bajardi. Ikkinchi bo‘limda o‘yin manzarasi ancha o‘zgarib, ustunlik Eldor Sakayev jamoasi tomon o‘tdi. Ayniqsa, 21 yoshli Shahzod Ubaydullayev faolligi bilan alohida ajralib turdi. Superligada debyut mavsumini o‘tkazayotgan va 2ta gol urishga ulgurgan umidli hujumchi qator urinishlardan so‘ng 68-daqiqada hisobni qisqartirdi. «So‘g‘diyona»ning birinchi goliga o‘xshash holat: Oybek Qilichev jarima zarbasini amalga oshirdi, Shirinboy Abdullayev to‘pni qaytardi, u esa Shahbozga tushdi va 2:1. Bunga qadar mezbonlardan Shohruz Norxonov, mehmonlardan esa Eldor Mamatkazinda yaxshi imkoniyat tug‘ilgandi, ammo ularga aniqlik yetishmadi. Qolgan daqiqalarda ham yakuniy zarba o‘xshamadi va «So‘g‘diyona» qatorasiga 2ta mag‘lubiyatdan keyin qimmatli g‘alabani tantana qildi. «Andijon» esa 3ta o‘yinga cho‘zilgan mag‘lubiyatsiz seriyasini to‘xtatdi.

«Nasaf» va «Qizilqum» o‘rtasidagi o‘yinda keskinlik va murosasizlik kutilgan darajada bo‘lgani yo‘q. Har ikki jamoa futbolchilari boshidan birin-ketin noaniqlikka yo‘l qo‘yishdi. Umuman, birinchi 45 daqiqalikda darvozalar oldida aytarli xavfli vaziyat yuzaga kelgani yo‘q. Yaxshiki, qarshiliklar ham, navoiyliklar ham ikkinchi bo‘limni nisbatan ko‘tarinki ruhda boshlab, shunday davom ettirishdi. Natijada muxlislar qisqa vaqt ichida 2ta gol ko‘rishdi. Avvaliga Murod Bobojonov tashabbusni o‘z qo‘liga olib, «Qizilqum»ni hisobda oldinga olib chiqdi. Ro‘ziqul Berdiyev shogird­lari bu golga atigi 2 daqiqadan keyin javob qaytarishdi. «Nasaf»ning hujumdagi yangi umidi Humoyun Murtazoyev golli seriyasini davom ettirib, to‘purarlar poygasiga bejiz qo‘shilmaganini isbotladi - 1:1. E’tibor bering, u oxirgi 4ta o‘yindan buyon raqiblar darvozasiga yo‘l topmoqda (5ta gol). Uchrashuvning qolgan chamasi yarim soatlik vaqtida har ikki tomon harchand urinmasin, hisob o‘zgargani yo‘q. 

 

2-KUN: O‘YIN VA HAKAMLIK SIFATI TURLICHA...

Samarqandda AGMKni qabul qilgan «Dinamo» 3ta o‘yinga cho‘zilgan g‘alabasiz seriyasiga nuqta qo‘ydi. O‘rtadagi 3 ochko taqdirini ikkinchi bo‘lim boshida Shohruh Abdurahmonov tomonidan urilgan yagona gol hal qildi. U Sardor Eminovning ajoyib uzatmasidan so‘ng olmaliqliklar kiperi Nizomiddin Ziyovuddinovga ish qoldirmadi. Davron Fayziyev jamoasining ushbu g‘alabasida stadionga yig‘ilgan 8 mingdan ko‘p muxlisning ham katta hissasi borligini alohida ta’kidlash o‘rinli. «Dinamo» muxlislari havo harorati chamasi 35 daraja issiq atrofida bo‘lishiga qaramay, futbolchilarni chiroyli tarzda qo‘llab-quvvatlab turishdi. Umuman, jarohat tufayli maydonga tusholmagan Akmal Xolmurodov, Siroj Hamroyev va Otabek Narzullayev kabi asosiy futbolchilarsiz o‘ynagan «Dinamo» tartibli futbol hisobiga g‘alabani tantana qildi. To‘g‘ri, mezbonlar butun vaqt davomida nazoratni ushlab turishdi, ayniqsa, dastlabki bo‘limda. Insof yuzasidan aytish kerak, Mirjalol Qosimov shogirdlari ham qator vaziyatlarga ega bo‘lishdi, ammo ulardan samara chiqarishga kelganda... Ha, AGMKga nimadir yetishmayapti, axir O‘zbekiston kubogining amaldagi sohibi 8ta turda 5-marta mag‘lubiyatni tan oldi.

Turning markaziy o‘yini - «Paxtakor» va «Navbahor» o‘rtasidagi navbatdagi qarama-qarshilik ham shiddat, murosasizlik bobida avvalgilaridan sira qolishgani yo‘q. «Lochinlar»ning avvaliga 0:2 hisobida orqada borib, yakunda o‘yinni qutqara olishgani - shiddat darajasidan nishona. Bevosita gollarga to‘xtalsak, mezbonlar 20-daqiqada hisobni ochishdi: Farrux Sayfiyevning o‘ng qanotdan oshirgan to‘pini «Paxtakor» to‘purari Dragan Cheran boshi bilan O‘tkir Yusupov darvozasiga yo‘lladi. Ikkinchi gol tanaffusdan keyin, aniqrog‘i, 53-daqiqada kuzatildi: Doston Hamdamov jarima maydonchasiga yorib kirayotgan pallada kichik to‘qnashuv oqibatida yiqilib tushdi. Bosh hakam Zokir Qodirov esa darhol mehmonlar darvozasiga 11 metrli jarima zarbasi belgiladi. Shubhali qaror, juda shubhali... Lekin buning Dragan Cheranga farqi yo‘q - u penaltini aniq bajarib, «dubl»ni nishonladi. Muhimi, Andrey Kanchelskis shogirdlari shunda ham «sinib» qolishmadi, aksincha, ular hujumkorlikni kuchaytirishdi. Bu ko‘p o‘tmay, samara berdi: Abbos  G‘ulomov assistent rolida, Oston O‘runov gol muallifi. «Lochinlar» o‘rtadagi muvozanatni o‘yinning yakuniy qismida tiklashdi. Shu kuni faolligi bilan alohida ajralib turgan Oston o‘ng qanotda 2 nafar raqibini chiroyli tarzda aldab o‘tib, to‘pni jarima maydoni ichida qulay vaziyat hosil qilgan Abdujamol Isroilovga aniq yetkazib berdi. U o‘z navbatida boshi bilan zarba yo‘llab, Sanjar Quvvatovni osongina ojiz qoldirdi - 2:2. O‘yin sifatiga gap bo‘lishi mumkin emas. Ayniqsa, ikkinchi bo‘limda tezkor futbol namoyish etildi. Ammo hakamlik shu sur’atga muvofiq tushmadi. Penalti belgilangan vaziyat, «ofsayd» holatini aniqlashdagi texnik xato... Qisqasi, O‘FA Hakamlar qo‘mitasi uchrashuv tugani hamono hakamlikni ko‘rib chiqdi va Zokir Qurbonov hamda uning yordamchisi Ruslan Samandarovni ma’lum muddatga chetlatdi (bu haqda «Xabaringiz bormi?» ruknida o‘qing).

 

3-KUN: «DUBL»|PENALTISEVAR G‘IYOSOV

«Bunyodkor»ning yangi yetakchisi gol ursa, juft uradi, aks holda... Gap Superliga-2019 hisobidan 3-marta «dubl»ga erishgan Xurshid G‘iyosov haqida ketmoqda. Vadim Abramov jamoasida tobora muhim ijrochiga aylanib borayotgan yarim himoyachining bu safargi qo‘shaloq goli «Qo‘qon-1912» ustidan g‘alabani ta’minladi. Aslida TTYMI stadionida teng kurash bordi. To‘g‘ri, mezbonlar boshida faollik ko‘rsatib, 13-daqiqadayoq penalti tepish huquqiga ega bo‘lishdi. Ushbu vaziyatda No‘’mon Hasanov shogirdlari yosh Jasur Jaloliddinovni qoidaga xilof tarzda to‘xtatib qolishdi. Natijada Xurshid G‘iyosov chempionatdagi 5-golini nishonladi. Ke­yingi daqiqalarda mehmonlar bir necha marta hisobni tenglashtirishga yaqin kelishdiyu, ularga so‘nggi pallada aniqlik yetishmadi. Ikkinchi bo‘lim ham tomonlarning galma-gal hujumlari bilan davom etdi. Bu harakatlar 65-daqiqada samara berdi - Quvondiq Ro‘ziyev to‘pni qanotdan oshirib bergach, Suhrob Berdiyev muvozanatni tikladi - 1:1. 75-daqiqada Suhrob «dubl» muallifiga aylanishi mumkin edi, faqat uning kuchli zarbasini Abdumavlon Abdujalilov katta qiyinchilik bilan bartaraf etdi. 85-daqiqa, yana penalti, «nuqta»da yana Xurshid G‘iyosov va yana bir «dubl». E’tiborli tomoni, Xurshid «Navbahor»ga qarshi kechgan 3-tur o‘yinda ham penaltilar vositasida «dubl»ga erishgandi. Yana bir ma’lumot: O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper «Bunyodkor» - «Qo‘qon-1912» uchrashuvini bevosita stadionda kuzatib bordi. Ehtimolki, argentinalik mutaxassis G‘iyosovni yon daftarchasiga belgilab qo‘ygandir...

«Surxon» - «Buxoro» o‘yiniga tashrif buyurgan 5 mingdan ko‘p muxlis birinchi bo‘lim yarmida gol ko‘rdi va barchasini shu yagona aniq zarba hal qildi. Jarima nuqtasidan uzatilgan to‘pni Husniddin G‘ofurov boshi bilan mehmon jamoa darvozasiga joylab qo‘ydi. O‘yin oxiriga qadar tomonlar yana bir necha martadan xavfli zarba ijro etishdi, ammo besamar. Aytish joiz, bu Andrey Miklyayevjamoasi uchun 4ta g‘alabasiz o‘yindan keyingi yutuq bo‘ldi, Baxtiyor Ashurmatov shogirdlarida esa aksincha, zafarsiz odim 4ta uchrashuvga yetdi.

Avvalgi turda «Qo‘qon-1912»ni yengolmagan amaldagi chempion - «Lokomotiv» bu safar Bekobodda 1 ochko olish bilan cheklandi - nursiz durang. Aslida o‘yin harorati yuqori bo‘ldi, har ikki klub a’zolari ko‘p bora hisobni ochishga yaqin kelishdi. Deylik, 17-daqiqada Islom Isoqjonovning zarbasidan so‘ng «temiryo‘lchilar»ni darvoza ustuni goldan qutqarib qoldi. Bunga «Loko»dan Islom To‘xtaxo‘jayev xuddi shunday zarba bilan javob berdi. Ikkinchi bo‘limda «Metallurg» vakili Bahodir Pardayev raqib darvozasini nishonga ham oldi. Faqat tanaffusdan keyin bosh hakam Aziz Asimov o‘rnini egallagan Farrux Yansupov «ofsayd» tufayli golni hisobga olmadi. Endi hakam almashganiga kelsak, Asimov birinchi bo‘lim yarmida oddiydek ko‘ringan holatda «Lokomotiv» futbolchisi Husniddin G‘ofurovga qizil kartochka ko‘rsatdi. Uning shubhali qarori tabiiyki, mehmonlarda kuchli e’tiroz keltirib chiqardi. Qisqasi, Asimov bosim ta’sirida ikkinchi bo‘limga chiqmadi, shekilli. Umuman olganda, Hakamlar departamenti uning ishini ham joyida alohida tahlil qilib, bu borada bayonot bersa yaxshi bo‘lardi...

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 09:35, 14.05.2019.
O'qildi: 3085 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.