Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Faoliyatini kech boshlagan, APLda o‘ynashini umuman kutmagan Jeymi Vardi bilan katta intervyu

Faoliyatini kech boshlagan, APLda o‘ynashini umuman kutmagan Jeymi Vardi bilan katta intervyu

Baho:
+ | -1

«Lester» hujumchisi Jeymi Vardi hozir 32 yoshda, lekin u professional futbolga ancha kech qadam qo‘ygan (25 yoshida). Shunday ekan, «tulkilar»ning sensasion tarzda APL taxtiga ko‘tarilishlarida bosh rollardan birini bajargan novcha va baquvvat goleador hali o‘ynashdan to‘ymagani tayin. Har holda, Jeymining o‘zi ham L Equipe nashriga bergan intervyusida shu mazmunda gapirdi: «Futboldan beziganimcha yo‘q, hali ko‘p o‘ynash niyatidaman».

ZAVOD ISHCHISI

- Jeymi, aytishlaricha, vaqtida futboldan bezib, mashg‘ulotlarga qatnamay qo‘ygan ekansiz...

- Ha, shunday. To‘g‘rirog‘i, 2002 yili meni «Sheffild Uensdey» klubiga qarashli akademiyadan chetlashtirishgandi. O‘shanda 15 yoshli o‘smir edim. Aslida aqlimni tanibmanki, bitta maqsad va orzu bilan ulg‘ayganman - faqat professional darajada futbolchi bo‘lishni o‘ylardim. Endi bir tasavvur qiling, futboldan boshqasini o‘ylamaydigan yigitga mavsum oxirida, boz ustiga, murabbiylar yig‘ilishida «Bo‘ldi, sen kerak emassan, gavdang juda kichik», deyishsa-ya... Haqiqiy dahshat! Xullas, ayni shu voqelik ta’sirida futbol mashg‘ulotlarini tashlab qo‘yganman. Bu «arazlash» chamasi 1 yilga cho‘zilgandi. Hattoki, dam olish kunlari ham boshqa qandaydir yumush qidirardim, faqat futbol o‘ynamasam, bas. Chunki ichimdan bir nido chiqardi: «Stadionga borishingdan ma’no nima!? Futbol sen uchun emas...».

- Xo‘sh, futbol siz uchun ekanligini qachon va qanday tushungansiz?

- Ochig‘i, hech qachon Premyer-ligada o‘ynash xayolimning bir chetiga ham kelgan emas. 16 yoshga to‘lgach, taqdir taqozosi bilan Sheffild yaqinidagi kichik shaharchada tuzilgan «Stoks Brij Park Stils» havaskorlar klubining yoshlar tarkibiga qo‘shildim. Shu tariqa keyingi 7 yil davomida ayni jamoada o‘ynadim (Jeymi bu davrda oxirgi 3 mavsumni «Stoks Brij Park Stils» asosiy tarkibida o‘tkazib, 107ta o‘yinda 66ta gol urgan.), biroq professional faoliyat haqida o‘ylaganim yo‘q, baribir. Shunchaki, dam olish kunlariga mazmun olib kirishni xohlardim, xolos (Vardi o‘sha vaqt zavodda ishlardi). Barchasi keyinroq o‘zgarib ketdi - 24 yoshda beshinchi divizion vakili - «Flitvud-Taun» bilan rasman shartnoma tuzgachgina futbol men uchun hayotiy kasbga aylanishi mumkinligini tushuna boshladim. Ammo shunda ham Premyer-liga yoki kuchliroq klublar haqida orzu qilmasdim. Chunki o‘sha vaqt bu reallikka aslo to‘g‘ri kelmasdi.

- Amalda esa ALPda nafaqat o‘ynadingiz, balki gollandiyalik Ruud van Nistelroyga tegishli rekordni ham yangiladingiz...

- «MYU»ga qarshi kechgan o‘sha o‘yinni juda yaxshi eslayman (2015 yilning 28 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan va 1:1 hisobida tugagan uchrashuvda Jeymi APLdagi golli seriyasini 11ta uchrashuvga yetkazib, bu borada 2003 yili van Nistelroy qayd etgan rekordni yangilagandi). O‘yinga bir necha kun qolganida, hamma faqat shu rekord haqida gapira boshlagan, klubimiz matbuot xizmati esa menga hattoki, alohida tayyorlangan videolavha yozilgan fleshkani jo‘natdi. Unda jamoadoshlarim navbati bilan yaxshi tilaklar bildirishgan, omad tilashgandi. Shu videomurojaat ham meni o‘zgacha to‘lqinlantirdi. Aslida hammasi juda kulguli chiqqandi. Deylik, fleshkada yana bir video bor edi - «ish materiali». Bunisida Matti Jeyms naq 5 marta so‘z boshlagan, ammo o‘z fikrini to‘liq yetkazolmagan. O‘yinning o‘ziga kelsak, esimda, «Yunayted» fanatlari menga bosim o‘tkazishga urinib, van Nistelroyga bag‘ishlangan qo‘shiqni kuylashgandi. Gol urgach, aynan ular o‘tirgan tribuna tomon yugurdim va hammalari jim bo‘lib qolishdi.

- N~Golo Kante chindan ham, mash­g‘ulotlarga avtomobilda qatnash o‘rniga masofani yugurib bosib o‘tishni ma’qul ko‘rarmidi?

- Ha, N~Golodek mehnatkash jamoa­dosh bilan hamkorlikdan ajoyib taassurotlar qolgan (Kante mavsum-2015|2016da aynan «Lester» sharafini himoya qilgan)! Qoyilmaqom yigit va shunday futbolchi. Agar hujum payti yoki uning boshlanish nuqtasida to‘pni yo‘qotsak, ortiqcha tashvishga tushmasdik. Chunki ortimizda Kante borligi va u ishga tushib, to‘pni darhol bizga qaytarishini bilardik. N~Golo mashg‘ulotlarda buning ustida alohida shug‘ullanar va barchasini qoyillatardi. Gohida shunday tasavvur uyg‘onardiki, u to‘pni atayin kimgadir oldirardi va darhol ortidan quvib, qaytarib o­lardi. Savolingizga kelsak, ha, Kante bir safar jiddiy ohangda mash­g‘ulotlarga faqat yugurib qatnashini ma’lum qilgandi. Boshqacha aytganda, o‘ziga qo‘shimcha yuklama olishni istagan. Tabiiyki, bundan barchamiz lol qolgandik, to‘g‘ri, uning bu fikridan qaytarishga erishganmiz. Aks holda, murabbiy barchamizga qo‘shimcha kross tayinlashi hech gap emasdi. Keyin har gal Kantening mashg‘ulotlar bazasiga mini-kuperda kelganini ko‘rib, yengil tin olardik. Yaqinda «Stemford Brij»dagi o‘yin (18 avgust kuni bo‘lib o‘tgan «Chelsi» - «Lester» bahsi 1:1 hisobida tugadi)dan keyin N~Golo jamoamiz kiyinish xonasiga kirdi - shunchaki, salomlashish uchun. Fursatdan foydalanib, undan so‘radim: «Hali ham o‘sha mini-kuperdan foydalanyapsanmi, yigitcha?» Aytishicha, o‘sha mashinasini Fransiyaga yuboribdi, lekin yana mini-kuper sotib olibdi.

QO‘SHIMCHA TA’TILGA  EHTIYOJ

- «Lester» chempionlikni rasmiylashtirgan kunni qanday eslaysan?

- Aniq esimda, dushanba kuni bo‘lgani (2016 yil 2 may) uchun butun jamoamizni o‘z uyimga taklif qilgandim va kechqurun «Chelsi» - «Tottenxem» uchrashuvini birga ko‘rganmiz («Chelsi» g‘alaba qozonsa yoki durang natija qayd etsa, «Lester» oltin medalga ega chiqardi). Xullas, chamasi 10 kishi televizor qarshisida o‘tirib olib, aqlini yo‘qotgandek baqirganmiz. O‘sha holatda bolalar qanday uxlashlari mumkinligi hattoki, xayolimizga ham kelmagan. Qolaversa, translyasiya boshlanishi arafasida uyimiz atrofida chamasi 100 nafar fanat yig‘ilgan va «Lester»ni sharaflay boshlagandi. Tanaffus payti oynadan qarasam, hech kim qolmabdi. Chunki «Tottenxem» birinchi bo‘limda 2:0 hisobida oldinga chiqib olgandi. Qisqasi, ko‘pchilik o‘sha oqshom chempionlik masalasi hal bo‘lishidan umid uzgandi... Keyin terma jamoadagi do‘stim Gari Keyxill kutilmaganda, gol urib, hisobni qisqartirdi. Shunda unga darhol SMS-xabar yozdim: «Oh, sen telba va yulduzsan!» O‘yin yakuniga yaqinlashgan vaqt Azar hisobdagi muvozanatni tiklagach, barcha mehmonlarim o‘zlarini yo‘qotayozishdi. Shunday to‘polon boshlandiki, asti qo‘yavering...! Yarim kechasi fanatlar ham qaytishdi va chinakam bayram uyushtirishdi...

- Endi biroz og‘riqli savol: terma jamoa bilan nega xayrlashishga qaror qilding? Biroz shoshilmading-mi?

- Bir to‘xtamga kelishdan oldin rosa ko‘p o‘yladim. O‘zi Rossiya mundialidan oldinroq bu borada shubhalar tug‘ilgandi. Lekin o‘shanda jahon chempionatidan keyin ketishni ma’qul ko‘rdim. Nega? Birinchidan, milliy jamoadagi missiyam tugadi - 2015 yildan buyog‘iga 26ta o‘yinda qatnashib, 8ta gol urdim. Ikkinchidan, Angliyada yosh iqtidorlar juda ko‘p va ularga vaqtida yo‘l bo‘shatish kerak. Istiqbolli yigitlar yo‘liga g‘ov bo‘lishdan ma’no yo‘q! Bu masalada yana bir jihat bor: agar terma jamoaga chaqirishsa, ta’til 3 haftaga qisqaradi. Mana, hozir futbolchilar o‘z terma jamoalariga ketgan vaqtda oilam davrasida miriqib hordiq chiqaryapman. Tushuning, ayni payt ham jismonan, ham ruhan tiklanish uchun qo‘shimcha ta’tilga muhtojman. To‘g‘ri, Garet Sautgeyt terma jamoa eshigi men uchun ochiq ekanligini tez-tez takrorlamoqda, garchi uning ishlari joyida bo‘lsada. Shularni inobatga olsak, to‘g‘ri yo‘l tutganim oydinlashadi.

MARAFON BOSHQA...

- Bir safar Klod Pyuelni qanday cho‘chitganing yodingdami?

- Savol mohiyatini tushundim. O‘tgan yili yanvar oyida klubning ichki muhiti uncha yaxshi emasdi - salbiy natijalar hammaning kayfiyatiga ta’sir qilayotgani sezilib turardi. Shunda birdan mashg‘ulotga O‘rgimchak-odam libosida borib, yigitlarga ozgina xushchaqchaqlik bag‘ishlashni o‘yladim. Nega aynan O‘rgimchak-odam? Chunki butsam ko‘k va qizil tusda - bu personaj rangiga omuxta. Biroq libos og‘irlik qildi, yana issiqdan qiynaldim va ozgina yugurganimdan keyinoq uni yechib tashladim. Muhimi, maqsadga erishdik - yigitlar miriqib kulishdi, chinakamiga yayrashdi. Aynan o‘sha kuni yana bir hazilga qo‘l urdim: buta ortiga yashirinib, murabbiylar oldiga sakrab chiqdim. To‘g‘ri, Klod Pyuel bu harakatimdan cho‘chidimi yoki kuldimi -­ bilmayman...

- Umuman, Pyuel bilan o‘zaro munosabatingiz qanday edi?

- Hammasi joyida bo‘ldi, faqat mashg‘ulotlarda talab darajasidagi faollik yo‘qligini sezardim. Shuning uchunmi, o‘yinlar vaqti bizga tezlik va tajovuzkorlik yetishmasdi. Barcha sportchilar yaxshi bilishadi: qanday shug‘ullansang, musobaqalarda shunday ishtirok etasan. Sportda mo‘’jizalar yo‘q. Deylik, agar marafonga hozirlik ko‘rsangu, start oldidan 100 metrga yugurishingni e’lon qilishsa, qanday ahvolga tushasan? Xullas, biz rosa harakat qilardik, ammo afsuski, bundan hech narsa chiqmadi...

- Jamoada futbolchilardan biriga «2-raqamli Glenn Xoddl» laqabini berganinglar sababini ayta olasizmi?

Meddini nazarda tutyapsizmi? Jeymsni Glenn Xoddlga aynan Pyuel taqqoslagan. Darhaqiqat, u o‘tgan yili ilk mashg‘ulotlardayoq meni ham yuksak texnik salohiyati bilan shunchaki, hayratlantirdi. Meddison - men ko‘rgan eng iqtidorli yoshlardan biri. U ayniqsa, maydon markazida Yuri Tilemans bilan zo‘r juftlik hosil qildi. Meni ham tezda tushuna boshladi, bir necha samarali uzatmani amalga oshirdi. Jeyms xuddi Riyod Mahrez (jazoirlik futbolchi 2014-2018 yillar oralig‘ida «Lester»­da to‘p surgan) kabi qachon va qayerga yugurishimni oldindan his etadi. Bu ichki tuyg‘u mashg‘ulotlarda ko‘p ishlangani samarasidir, albatta.

- Ayting-chi, qachondir Premyer-liganing eng yaxshi to‘purariga atalgan sovrinni qo‘lga kiritish niyatingiz bormi?

- Albatta, bor! 2022 yili to‘purar bo‘laman! Jin ursin, 2016 yili ozgina yetishmadi-da (Vardi 24ta gol bilan 2-o‘rinni olgandi, g‘oliblik esa 25ta gol urgan Garri Keynga nasib etgan)... Jiddiy gapirsam, to‘g‘risi, bu men uchun bosh maqsad emas. Futbolga nisbatan qarashim o‘sha «Stok Brij»da o‘ynagan davrdagidan aslo o‘zgargani yo‘q. Ya’ni asosiysi, o‘z o‘yinimni ko‘rsatib, bundan rohatlansam, bas. Hech qachon keyingi o‘yindan boshqasi haqida bosh qotirmayman. 32 yoshda ham muammosiz o‘ynayotganimning siri shu. Natijani o‘ylab, siqilishdan nima foyda? Umuman, nafaqat futbol yoki sportning bosh­qa turi, balki hayotda ham barchasiga xotirjam qarash kerak. Misol uchun, APLdagi debyutimni juda kech nishonladim - 27 yoshda! Bunga qadar qachon yuqori cho‘qqiga chiqish haqida bosh og‘ritganim yo‘q. Zero, hayotda har kundan zavqlanib yashash kerak. Xullas, hozir ham oldindan hech nimani rejalashtirmayman. Jismonan tetikmanmi, qandaydir muammo sezmayapmanmi, demak, APLda hali yana bir necha mavsum bemalol to‘p surishim mumkin.

 

 A.AHMEDOV tayyorladi 

 

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:34, 07.10.2019.
O'qildi: 5460 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.