Kirish Ro'yxatdan o'tish
14/11 05:00 Urugvay - Kolumbiya
14/11 05:00 Peru - Chili
14/11 14:10 Avstraliya - Saudiya Arabistoni
14/11 17:00 KXDR - Eron
14/11 19:00 Bahrayn - Xitoy
14/11 19:00 Kuvayt - Janubiy Koreya
14/11 21:00 Ummon - Falastin
14/11 21:15 Iroq - Iordaniya
14/11 21:15 Qatar - O‘zbekiston
14/11 21:15 BAA - Qirg‘iziston

Barchani yig‘latgan bolakay va terma jamoamizga yetishmayotgan hislat

Barchani yig‘latgan bolakay va terma jamoamizga yetishmayotgan hislat

Baho:
+2 | -

Yaqindagina xorij nashrlaridan birida juda ta’sirli hikoyaga ko‘zim tushib qoldi. O‘qidim va bugungi kunda o‘zbek futbolidagi eng alamli og‘riqlardan birini his etdim…

Kelib chiqishi iroqlik bo‘lgan 12 yoshdagi Mahmud va uning oilasi Kanadaga ko‘chib o‘tishdi. Oila u qadar katta emas. Mahmud, uning ertayu-kech ishlaydigan kam gap dadasi va onasi. Yangi iqlim, yangi odamlar, yangi dunyo. Bularga birdan ko‘nikib ketishning sira iloji yo‘q. Shunga qaramay, bolakayning quvonchiga ichiga sig‘may ketmoqda. Bugun uning dadasi farzandi uchun vaqt va mablag‘ ajratib futbol to‘garagiga olib ketmoqda…

Mahmud yashil chimning hidini sezishi bilan boshqacha bo‘lib ketdi. Bolakayning dadasi katta qiyinchilik bilan futbol murabbiyiga allanimalarni tushuntirdi va maydon chetiga chiqib ketdi. Murabbiy bolalar sari yaqinlashib kelar yekan, Mahmudning qo‘lidan ushlab oldida uni jamoasidagi yosh bolalarga tanishtirgan ham ediki, mashg‘ulotdagi bolalarning barchasi Mahmudning ustidan kulib yuborishdi. Afsuski, iroqlik bolakayning o‘z yoshiga nisbatan ancha katta vaznga ega edi. Bo‘rsildoq yuzli, qo‘llari do‘mboqqina bo‘lgan jingalak sochli Mahmud jamoadoshlarining kulgusiga qo‘shilib o‘zi ham kuldi…

Ko‘pni ko‘rgan, va mehribon murabbiy Ronald iroqlik bolakayning mashg‘ulotlarda ter to‘kayotganini ko‘rgach, uni olib qolishga qaror qiladi va uni jamoaning 3-darvozaboniga aylantirib qo‘yadi. Shu yo‘sinda uning yuklamalarini yengillatgan Ronald bir o‘q bilan ikki quyoni urgan edi. Darhaqiqat, jingalak soch bolakayning javdirab turuvchi ko‘zlarida faqat futbol to‘garagi paytidagina quvonch namoyon bo‘ladi. Mahmud uchun futbol hamma narsa edi. Ronald uni mashg‘ulotlar chog‘ida iloji boricha kamroq maydonga tushursada, Mahmud har safar ortiqcha vazni tufayli kulguli gollar o‘tkazib yuborar va barchaning kulgusiga sabab bo‘lsada, sira hafa bo‘lmas edi. Ronald undagi bu hislatga hayron qolar, Mahmudning tengdoshlaridan farq qilishini chuqur his etar edi. Oradan bir oy o‘tgach, Torronto shaxri birinchiligi start oladi. Mahmud jamoasining zahiradagi darvozaboni sifatida ishtirok eta boshladi. Uning maydonga tushgisi kelsada, jamoasiga pand berib qo‘yishdan qo‘rqar, murabbiyning chaqiruviga ilhaq bo‘lib o‘tirar edi. Afsuski, murabbiy uni musobaqaning yarim final o‘yinlariga qadar chaqirmadi…

Yarim final o‘yini. Ronald boshchiligidagi bolalar jamoasi o‘yin tugashiga 10 daqiqa qolgan bir paytda 2 ta to‘p farqi bilan oldinda bormoqda. Murabbiyi ko‘zlari yonib turgan Mahmudga tikilib qoldi va uni asosiy darvozabon o‘rniga maydonga tushurishga qaror qildi. Afsuski, iroqlik bolakay 10 daqiqa ichida 2 bor kulguli vaziyatda to‘p o‘tkazib yubordi va barchaning hafsalasini pir qildi. Mahmud qanchalar harakat qilmasin, uning past bo‘yi va ortiqcha vazni tufayli raqib uni 2 bor dog‘da qoldirishga muvaffaq bo‘ladi va o‘yin durrang natija bilan yakunlanadi. Penaltilar seriyasida o‘zini almashtirishlarini kutgan Mahmud boshini eggancha murabbiy oldiga kelganida Ronald kimlar zarba berishini belgilab olgan edi. Murabbiyi, Mahmudning boshini siladi va unga oxirigacha imkon berishini va har qanday omadsizliklar ortida katta g‘alabalar yotishini tushuntirdi va uni darvozani qo‘riqlash uchun maydonga qaytardi. Ronald shogirdlari birinchi zarbani muvaffaqiyatli amalga oshirishni uddalay olmadi. Mahmud esa, kutilganidek, yonginasidan uchib o‘tgan to‘pni ilib qola olmadi. 2-zarbani bartaraf etish uchun darvoza sari og‘ir qadamlar tashlab borayotgan Mahmudning ko‘zi stadion chetida turgan ota-onasiga tushib qoldi. Onasining ko‘zlari unda! Dadasi yesa sigareta tutatgancha bir chetda turibdi. Mahmud bor e’tiborini maydonga qaratdi. Avvaliga uchib kelgan zarbani qaytargan qahramonimiz, ikkinchi zarbani oyoqlarining uchi bilan bartaraf etdi. So‘nggi zarbalarda raqibga aniqlik yetishmadi va o‘yinda Ronald jamoasi g‘olib bo‘ldi. Bolalar maydonga yugurib tushib ketishgan, ota-onalar murabbiyni qutlashga shoshilishdi. Ronald esa, ko‘zlari bilan Mahmudni qidirdi. Juda qiyin vaziyatda matonat ko‘rsatgan, ustilaridan kulishsada, sira xafa bo‘lmaydigan Mahmud  darvoza ustuniga suyangancha ho‘ng-ho‘ng yig‘lar edi. Ronald u tomonga shoshildi. Yosh bo‘lishiga qaramay, eng qiyin pallada o‘zini qo‘lga olgan va harakter namoyish etgan shogirdini mahkam bag‘riga bosdi. Mahmud ko‘z yoshlarini tiya olmas, do‘mboq qo‘llarini bilan ko‘z yoshlarini artib tashlar edi. Ko‘p o‘tmay bir chetda turgan onasi farzandining yoniga keldi va uni ovutdi. Otasi esa, qaltiroq qo‘llari bilan sigareta tutatdi va chuqur nafas olgancha nari ketdi…

Futbol juda qiziqarli sport turi. Unda hissiyotlar va hayajon qorishib ketadi va yuragingizda yoqimli tuyg‘u paydo bo‘ladi. Ayniqsa, O‘zbekiston terma jamoasi maydonga tushadigan kuni, yurtimiz bo‘ylab barchaning tilida ushbu uchrashuv bo‘ladi. Muhokama qilinadi, barcha o‘z fikrini bildirishga urunadi. Menimcha aynan futbol bizni bir maqsad yo‘lida birlashtira oladigan ulkan kuch. Mag‘lubiyat yoki omadsizlik doimo yonma-yon bo‘lgani bois, inson o‘zi istgan natijaga doim ham yerisha olmaydi. Afsuski, bizning mintalitetimiz so‘nggi yillarda keskin o‘zgarib ketdi. Bizdagi jangovarlik, oxirigacha kurashish, metin iroda singari hislatlar ko‘zga tashlanmay qolgan bo‘lsa, havolanib ketish, kuchsizroq raqiblarga bo‘lga hurmatimiz batamom yo‘qolib bo‘ldi. Bu nafaqat futbolchilarimiz, balki muxlislarimizda ham kuzatilayotgan achinarli xolat. Saudiya Arabistonidan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng, butun stadion futbolchilarimizga salbiy munosabat bildirganini barcha ko‘rgan bo‘lsa, ajab emas. Ularni tushunsa bo‘ladi. Shu sovuqda sarf-harajat qilib qo‘ldan chipta olib stadionga kirgach, alam qilishi tabiiy, biroq o‘sha kuni yigitlar maydonda anchadan beri ko‘zga tashlanmagan ishtiyoq bilan harakat qilishgan unutmaslik lozim.

Mayli, o‘sha kuni yengildik, biroq “Barselona”, “Manchester Siti” singari jamoalar ham mag‘lubiyatga uchraydi. Bu sport unda futbolchilarning o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan faktorlar ham mavjud. Bir dona rekashet butun boshli o‘zbek futbol muxlislarining ishonchini sindirmasligi lozim. Afsuski, bizning muammoyimiz murabbiy yoki kadrlar yetishmasligida emas. Bizda ruhiy tayyorgarlik juda sayoz darajada. So‘nggi yillarda bir dona gol yoki birgina ochko sababli mundialdan chetda qolayotganimiz, so‘nggi daqiqalarga kelib futbolchilarimizdagi sarosimaning paydo bo‘lishining tagida og‘riqli muammo yotgan bo‘lsa, ajab emas.

Siyosiy notinchlik hukm surayotgan Iroq ham Osiyo kubogini qo‘lga kiritgani hech kimning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak. Biz terma jamoamiz kuchayishi uchun ichki birinchilikni yaxshilash, seleksiya ishlarini kuchaytirish kerakligi haqida bong uramizda, lekin asosiy muammo sanalmush harakter, psixolagik tayyorgalik haqida unutib qo‘yamiz.

Iroq tayinli ichki chempionatiz ham Osiyoda tengsiz bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi. Yodingizda bo‘lsa, Yunus Mahmud boshchiligidagi jamoa aynan o‘ziga bo‘lgan ishonch va iroda tufayli yulduzlarga to‘la Avstraliyani ham mag‘lub yetgan edi. Falastin ham bizga qarshi o‘yinda g‘alabaga bo‘lgan chanqoqlik va kuchli ruhiy tayyorgarlik evaziga 3 ochkoni qo‘lga kiritdi. Men yuqorida bejizga Mahmud bilan bo‘lib o‘tgan voqeyani esga olmadim. Qachonki, biz maydondagi raqibdan hayqmay o‘ynashni o‘rgansakkina maqsadga erishishimiz mumkin. Aks xolda, so‘nggi daqiqalarda darvozamizdan gollar joy olaveradi. Biz esa, musobaqa jadvaliga alam bilan tikilgancha qolib ketaveramiz...

 Yahyoxo'ja Ulug'xo'jayev

Manba: Stadion.uz
Kiritildi: 12:49, 25.11.2019.
O'qildi: 11707 marta.
Fikrlar: 6 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.