Ayni damda APLda eng quvnoq futbol namoyish etayotgan “tulkilar” musobaqa jadvalining ikkinchi pog‘onasiga mahkam o‘rnashib olishganidan xabaringiz bor. Klub so‘nggi 10 yil ichida katta byudjetsiz ham yahshigina ko‘tarilishni amalga oshirgani tahsinga sazovor. Ayni damda klub muoliyaviy tomondan APLning 8-raqamli jamoasi bo‘lib turibdi. Xo‘sh, ushbu klub yetakchi futbolchilari yiliga qancha maosh olishmoqda? Bugun ushbu savolga javob topishingiz mumkin.
Yuri Tilemasn
Qanchalar g‘alati tuyulmasin, Belgiya terma jamoasi a’zosi ushbu ro‘yxatdagi eng “kamtarin” maosh egasi sifatida qayd etiladi. Buning o‘ziga yarasha sabablari mavjud. Klub Tilemansni qo‘lga kiritish uchun “Monako” klubiga 45 million yevro to‘lashga majbur bo‘ldi va iqtidorli futbolchi uchun katta summadagi kontrakt taklif eta olmadi. Shunga qaramay, belgiyalik futbolchining o‘zi APLda to‘p surish uchun kichikroq maoshga ham rozi bo‘ldi va bu qaror endilikda o‘zini to‘liq oqlamoqda. Asosiy tarkib futbolchisi bo‘lishga qaramay, Yurining yillik daromadi 1,9 million yevroni tashkil etadi. To‘g‘ri, bu summa ham kichik emas, biroq yarim himoyachining klub foydasi uchun qo‘shayotgan xissasini inobatga olsak, tez orada bu shartnoma qayta imzolanish aniq.
Cheglar Suyundju
“Manchester Siti” nishonida turgan himoyachi ushbu mavsumda jamoa g‘alabalariga o‘zining ulkan xissasini qo‘shib kelmoqda. Ishonchli o‘yin va sovuqqonlik kurashlarga boy chempionat o‘yinlarida turkiyalik futbolchiga qo‘l kelmoqda. Brenden Rojersning kashfiyotlaridan biri sifatida tan olingan himoyachi ayni damda yiliga 2,6 million yevro maosh olmoqda. Shuningdek, jamoa hujumchisi Ayoze Perezning ham maoshi ham 2,6 millionni tashkil etadi.
Jeyms Medison
Britaniya futbolidagi yangi yulduzga aylanib borayotgan qahramonimiz APL grandlari e’tibor markazida turganidan xabaringiz bor. U ijro etgan uzatmalarning 83,3 foizi o‘z manziliga aniq yetib boradi. Bu APLdagi eng yahshi ko‘rsatgichlardan biri. Yaqinagina klub bilan yangi shartnoma imzolagan yarim himoyachining transfer qiymati keskin ko‘tarilgan bo‘lsada, maoshi borasida bunday deya olmaymiz. Hozirgi kunga kelib futbolchi yiliga 3,1 million yevro ishlab topmoqda. To‘g‘ri, bu yuqorida nomi zikr qilingan futbolchilarnikidan ko‘proq, biroq…
Ushbu mavsumda deyarli maydonga tushmagan Ves Morgan va Kristian Fuksning yillik daromadi 2,9 million yevrodan oshadi. “Lester ertagi”dagi qahramonligi bois, jamoa himoyachilarga 2,9 million yevro maosh belgilangan 1 yillik shartnoma taklif etgan. Katta ehtimol bilan bu yigitlar ushbu mavsumdan so‘ng, butsalarini mixga ilishsa, ajab emas. Shunday bo‘lsada, klub rahbarlari va muxlislarning ulardan ko‘ngli to‘q. Axir ular, klub tarixidagi eng ulkan g‘alabaga asos solgan qahramonlarku!
Filip Benkovich
Bu futbolchi haqida klubning ashaddiy muxlislarigina ma’lumotga ega ekanligi aniq. Zagrebning “Dinamo” jamoasidan xarid qilingan himoyachi qanchalar iqidorli bo‘lmasin, asosiy tarkibdan joy olishni uddalay olmayapti. Shunga qaramay, uning bir yillik maoshi 3,5 million yevroni tashkil etadi. Eng qizig‘i shundaki, mavsumni ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazayotgan Ben Chilvelning yillik daromadi 3,7 millionga teng. Benkovichdan farqli o‘laroq, Ben bu mavsumdagi “Lester”ning chinakam matoriga aylanib bormoqda. Bundan tashqari, Angliya terma jamoasiga ham muntazam chaqirilmoqda va asosiy tarkibdagi o‘rnini hech kimga berib qo‘ymoqchi emas. Shuningdek, Rikardu Pereyrani ham alohida qayd etib o‘tish lozim. Yiliga 4 million yevro ishlab topayotgan qanot himoyachisiga hech kimda hech qanday e’tiroz yo‘qligi aniq. Ishonchli va foydali futbolchining maoshi tez orada ko‘tarilishi aniq. Shunday bo‘lsada, klub safida Ngolo Kantedan ham foydaliroq mavsum o‘tkazayotgan Ndidining ( har bir uchrashuvda o‘rtacha 5,4 ta to‘p uchu kurashda g‘olib chiqmoqda) maoshi ham deyarli Pereyraniki bilan birdek.
Joni Evans
“Manchester Yunayted”dagi o‘yinlari orqali barchaga tanish bo‘lgan Evans klubda eng katta maosh oluvchi himoyachi sanaladi. Yiliga 4,5 million yevro daromadga ega chiquvchi himoyachi o‘z maoshini to‘liq oqlamoqda desak, adashamagan bo‘lamiz.
Kasper Shmeyhel
O‘zining 33 yoshida ham ishonchli o‘yin ko‘rsatayotgan darvozabonning klub muxlislari oldida hurmati baland. 2015-yilda qo‘lga kiritlgan chempionlikka katta xissa qo‘shgan kipperning maoshi ayni damda 7,5 million yevroga teng. Daniya terma jamoasi darvozaboni ko‘plab takliflarni rad etib klubda qolishga qaror qildi va rahbariyat uni jamoadagi eng katta maosh oluvchi ikkinchi futbolchiga aylantirdi.
Jeymi Vardi
O‘z vaqitda “Arsenal”, “Tottenhem” singari klublarning takliflaridan voz kechgan Vardi klub ramzi va afsonasiga aylanib bo‘ldi, desak adashmagan bo‘lamiz. Ayni damda APL to‘purarlari pygasini boshqarib borayotgan hujumchi klubdagi eng katta maosh oluvchi futbolchi sanaladi. O‘zining 8 millionlik shartnomasini to‘liq “halollab” olayotgan Vardi Aguyero, Salah singari top hujumchilar bilan bir hil saviyada to‘p surib kelmoqda.