O‘zi “Bavariya” boshqa klublardan ajralib turadigan loyiha. Masalan, Boateng va Leon Goreskao‘rtasidagi janjal mashg‘ulotda boshlandi va o‘sha yerda yakun topdi. Qariya Jerom o‘ziga qarshi qo‘pol o‘ynagan jamoadoshining yuziga musht tushirgan bo‘lsa nima qilibdi? Janjaldan ko‘p o‘tmay ijtimoiy tarmoqlarda jamoadoshlarning o‘zaro tushgan surati ham paydo bo‘ldi. Menimcha, “Bavariya” yana jangavor ritmni ushlab oldiyov. Masalan, Tomas Myullerni olaylik.
Afsonaviy familiyadoshi Gerddan farqli o‘laroq, u to‘purar bo‘lish uchun emas, o‘zligini salqab qolish uchun yillar davomida mehnat qilib kelmoqda. Hazilkash nemis Gvardiola bilan chiqisha olmagan bo‘lsada, Kovach bilan janjallashmadi. Vaholanki, aynan xorvat uni zaxira o‘rindig‘iga mixlab qo‘ygan bo‘lsada. Agarda, jingalak soch Sane jarohat olmaganida, Myullerning ishi yanada og‘irlashib ketgan bo‘larmidi?! Kovach qanotlarda Sane va Gnabrini ko‘rishni istagan edi, afsuski futbolchi Myunxenga kelmadi, Kovach esa ishdan olindi. Flik Lyovning terma jamoadagi yordamchi murabbiyi sanaladi. U “Bavariya” vaqtincha yordam berish uchungina kelgan edi, biroq start juda omadli chiqqani uchun haliham postini topshirganicha yo‘q. Uning klub o‘yinini yo‘lga qo‘yganidan ko‘rinib turibdiki, Xans-Diterning DNKsida “Bavariya”ning qoni bor. Murabbiy qanot futbolchilari tanqisligiga ajoyib yechim topdi. Chapga Devis o‘tgan bo‘lsa, o‘ng qanotga JCH g‘olibi va terma jamoa safida 100 ta o‘yin o‘tkazgan nostandart futbolchini joylashtirdi. Aslida Myullerning asl pozisiyasi qayerda ekanligini hech kim bilmaydi. U hujumda Levandovski, Robben, Riberi singari futbolchilar bor chog‘lari ham muammosiz asosiy tarkibdan joy olgan tirik afsonalardan biri.
Uning ulkan tajribasi qo‘l kelyapti shekilli. Ayni damda Tomas 12 ta golli uzatmani amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Tomas o‘ng qanotda shunday faol o‘yin ko‘rsatyaptiki, hujumga Pavarning chiqishiga hojat qolmayapti. Levandovskini so‘zsiz tushunadigan pozisiyasiz futbolchi jamoa o‘yiniga yana suqulib kirishni uddaladi.
Butun futbol olami uchun o‘rganib bo‘lmas fan misoli tushunarsiz futbolchi Bundesliganing eng yaxshi uzatma beruvchi futbolchisi mavsum davomida 44 ta zarba berishga imkon yaratuvchi pasni amalga oshirdi. Bu hali hammasi emas. 13 ta o‘yinni asosiy tarkibda boshlagan nemis 12ta golli uzatmani amalga oshirishganiga nima deysiz? Shunga qaramay, uning “Bavariya”da qolishiga ishonish qiyin. Bundan tashqari, nemislarning o‘zi ham Myullerning ketadigan payti yaqinlashganini sezib turishibdi. Katta ehtimol bilan uning keyingi manzili “Inter” bo‘ladiganga o‘xshamoqda. Lautaro qanchalar sodiq bo‘lmasin, uni olib ketish uchun ertami-indinmi albatta kelishadi. Kontening 3-5-2 si uchun yana bir noodatiy hujumchi o‘rnini aynan Myuller egalashga qodir. Moratti bunga qarshi bo‘lmasligi aniq. Shunday emasmi?!
Shuningdek,APL haqida ham unutmaslik kerak. Bu yerda barchasi biroz o‘zgacharoq va qiyinroq. “Chelsi” Myullerga mos futbol o‘ynamayapti, “Arsenal”ga borish ortga qadam bilan barobar. Chempionlik ruhida tarbiyalangan Tomas uchun maqsadsiz yuguradigan jamoaga o‘tishdan hech qanday naf yo‘q. Umuman olganda, Tomasning boshqa jamoaga o‘tishni tasavvur qilish ham mushkul. Mashg‘ulotlarda otga taqlid qiluvchi, jonli efirda o‘ylamay so‘kinadigan, jurnalisltarga o‘z pasportini ko‘z-ko‘z qiluvchi Myullerning klubdan ketishi “Bavariya” uchun fojea emas, biroq uni qo‘lga kiritgan jamoa uchun chinakam JEKPOT bo‘lishi mumkin. Avvalari uni “Manchester Yunayted” bilan ko‘p bog‘lashar edi, endi optimal variant “Inter” bo‘lib turibdi.
U yerda chempionlikka o‘ch murabbiy yangi “banda”ni shakllantiryapti. Myuller o‘zini ham,klubni ham kuchaytirish imkoniga ega. Bundan tashqari, A seriya allaqachon “qariyalar”niki bo‘lib ulgurdi. Kloze 33 yoshida borgan bo‘lsa, 5 yil o‘tibgina u yerni tark etganini untmagan bo‘lsangiz kerak?
Quvonarlisi shundaki, Kovach qo‘l ostida futbolga qiziqishini yo‘qotib qo‘ygan Myuller yana o‘z kasbidan lazzat olishni boshladi.
Hech e’tibor berganmisiz, Myuller hech qachon jamoasining o‘yiniga ortiqchalik qilmagan. U doimo o‘yinga shunday qo‘shilib ketar ediki, aslida nima uchun maydonga tushganini mutaxassislar ham anglay olmay qolardi. Ayni damda, Tomas yana o‘z ritmini ushlab oldi. Yulduzli onlari undan uzoqlashayotgan edi, qo‘yib yubormadi. To‘g‘ri, bu onlar abadiy emas, biroq hech bo‘lmasa yana bir bor Zlatanu Buffonlarning armoniga aylangan ishni takrorlash uchun yetarli vaqt mavjud. U endigina 30 yoshga to‘ldi. Bizning 23 yoshli futbolchilarimiz tajribasizlik bilan oqlanayotgan paytda 30 yosh nima degan gap? Mavzudan chetlashmasdan shuni aytish joizki, butun umrini “Bavariya”ga bag‘ishlagan futbolchining boshqa klubda o‘zini qanday his qilish ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otishi aniq. Ayni damda Tomasning o‘zi ham “Bavariya”dan adrenalin olmay qo‘ydi. Endi yangi chaqiruv va yangi sarguzashtlar kerak. Tag‘in Tomas “drayv” izlab boshqa jamoaga o‘tsa sira ajablanib yurmang! U shunaqa o‘rganilmagan shaxs va abadiy shunday bo‘lib qoladi.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev