Kirish Ro'yxatdan o'tish
01/05 00:00 Bavariya - Real Madrid
01/05 00:00 Bavariya 2-2 Real Madrid
02/05 00:00 Borussiya D 1-0 PSJ
02/05 20:30 Iroq - Indoneziya
02/05 23:30 Chelsi - Tottenhem
03/05 20:30 Yaponiya - O‘zbekiston
03/05 22:00 Tuluza - Monpelye
03/05 23:45 Torino - Bolonya
04/05 00:00 Luton - Everton
04/05 00:00 Lans - Loryan
04/05 00:00 Xetafe - Atletik Bilbao

Mavsum kashfiyotlari: «Benfika»da keraksiz, «Lester»da - tengsiz!

Mavsum kashfiyotlari: «Benfika»da keraksiz, «Lester»da - tengsiz!

Baho:
+ | -

Bugunning futbolida qanot himoyachilari jamoaning eng muhim pozisiyasi vakillariga aylanishdi. Darhaqiqat, zamonaviy futbol ulardan qanotlar tasarrufini o‘z zimmalariga olish, kerakli pallada hujumchilarni qo‘llab-quvvatlab, markaziy himoyachilarga yordam berishga ulgurishni talab etmoqda. Yaqin kelajakda «Oltin to‘p» sovrini aynan shu chiziq vakillariga berilsa, ajablanmaymiz. Chunki ularning maydondagi ish hajmi hayratdan yoqa ushlashga majbur etadi.

Xo‘sh, unda nima uchun nufuzli sov­rin nomzodlari orasida qanot himoyachilari juda kam? Buning asosiy sababi shuki, futbol olami bu chiziq o‘yinchilarining beqiyos ahamiyatini tan olishga qodir emas.

Hujumchi havoda yuksak saviyani ko‘rsata olmasligi mumkin, ammo jamoa uning ustun jihatlariga moslashib, bu kamchilikni to‘ldiradi. Markaziy yarim himoyachining jismoniy tayyorgarligi talab darajasida bo‘lmasa, tayanch yarim himoyachilari yordamga yetib kelishadi. Tezligi yuqori bo‘lmagan markaziy himoyachi yonidagi sherigining tezkorligidan foydalanishi mumkin. Agarda u bo‘sh hududni topish va to‘p uzatishda risoladagidek harakat qilsa, o‘z pozisiyasi qiroliga aylana oladi.

Qanot himoyachisida esa bunday imkoniyatlar yo‘q - u o‘z qanotining boshidan oxirigacha samarali to‘p surishi shart - hujumda Albadek fidoyi, himoyada Mendidek kuchli va Robertsondek chidamli bo‘lishi lozim. Mana shu fazilatlarning barchasiga ega bo‘lmagan fulbek uzog‘i bilan Bolgariya chempionatidan yuqorisiga yaramaydi.

Rikardu Pereyra esa mavsum davomida e’tibordan chetda qolmoqda. «Lester»ni tilga olinganida qaysi futbolchi xayolingizdan o‘tadi? Vardi? Seyunjyu? Meddison? Ammo portugaliyalik fulbekni eslamasligingiz aniq. Hozir o‘ng qanot himoyachilarini Trent Aleksandr-Arnoldga taqqoslash urf bo‘lgan: Van-Bisakka, Ris Jeyms... Rikarduni qiyoslash esa mumkin emas. Chunki u saviya bobida «Liverpul»dagi kasbdoshidan kammas.

Eng sara akademiyalarda o‘qidi, lekin «Portu»ga yoqmadi

Rikardu Pereyra 1993 yilda Portugaliya poytaxtida tavallud topdi. Tabiiyki, agar u katta futboldan joy olishni istasa, «Sporting» yoki «Benfika»dan birini tanlashi aniq edi. U o‘ziga to‘q oilada tug‘ilgani sababli, nafaqat Lissabon, balki mamlakatning eng yaxshi akademiyasida tahsil olish imkoniyatiga ega edi.

Rikarduning faoliyati 2001 yilda «Benfika» akademiyasida boshlandi. U yerda bolakay 3 yil o‘ng qanot himoyachisi va hujumchisi pozisiyalarida to‘p surgan bo‘lsada, tarbiyachilar ishonchini qozona olmadi. Ular Rikarduning universalligini yagona ijobiy jihat sifatida e’tirof etishdi.

Biroq bolakay tushkunlikka tushmadi va 2004 yilda «Sporting»ga yo‘l oldi. Ochig‘i, Pereyrada biroz umidsizlik kayfiyati ham yo‘q emasdi, u shunchaki to‘p surishni maqsad qilgandi. Ammo keyinchalik bu qarori jamoaga manfaat keltirdi.

Yashindek o‘tib ketgan 6 yil ichida Rikardu 3ta jamoada to‘p surib, akademiyaning qariyb barcha bosqichlaridan o‘tdi. Faqat 19 yoshlilar jamoasiga o‘tolmadi. Bu yosh futbolchi uchun qaqshatqich zarba bo‘ldi. O‘shanda Rikardu asosan chap qanotda o‘ynagan, «Sporting»da esa qanot himoya­chilariga ehtiyoj yo‘q edi. Shu sababli unga biroz sabr qilishni maslahat berishdi. Pereyra esa taklifni rad etib, kamtarin «Navay»ga o‘tishni ma’qul ko‘rdi. Shu tariqa 19 yoshlilar jamoasidan joy oldi.

Buni qarangki, grandlar e’tiborini qozona olmagan futbolchi o‘smirlar birinchiligini «portlatib», yarim yil ichida hammani o‘ziga qaratdi. Biroq toplar taklifini kutmasdan, «Viktoriya Gimarayesh»da o‘ynashga qaror qildi. Shuningdek, ilk marta terma jamoadan ham chaqiruv oldi.

Bunday mavaffaqiyatdan keyin uni asosiy tarkibga chaqirmaslikning iloji yo‘q edi. Amalda ham shunday bo‘ldi - 2012|2013 yillar mavsumini Rikardu «Viktoriya»ning 2-himoyachisi maqomida boshladi va 6 nafar (!) raqobatchini bir chetga surib qo‘ydi.

Asosiy himoyachiga aylangan Pereyra 30 marta maydonga tushib, o‘z hisobiga 8 gol va 20 «assist» (!) yozdirdi. Natijada tinchligini yo‘qotib qo‘ygan Paulu Fonseka uni «Portu»ga jalb etdi. Lekin futbolchi «ajdaholar»ning asosiy tarkibidan joy ololmagach, Fransiyaga yo‘l oldi. Chunki «Portu-V»dagi 18ta o‘yin davomida muhitni o‘zgartirish payti kelganligini tushundi. Axir u Portugaliya toplarida o‘z omadini sinab ko‘rgan, o‘rtamiyonalar esa qoniqtirmasdi.

Ayni shu pallada Pereyra «Nissa»dan taklif oldi. Ma’lum bo‘lishicha, Klod Pyuel Pye o‘rniga munosib nomzod qidirayotgan ekan. Pye saviyali qanot himoyachisi maqomiga ko‘tarila olmagan bo‘lsada, hozir «Lill»da to‘p surmoqda. O‘yinga chan­qoq futbolchi uchun fransiyaliklar taklifi ayni muddao edi. Bundan tashqari, mamlakatning iliq iqlimi ham Rikarduga ma’qul bo‘lgandi. Biroq «Portu» uni qo‘yib yuborishni istamada va ijaraga ruxsat berdi.

Keyinchalik klubning bu qarori uning o‘zi uchun o‘ta foydali ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Murabbiyning jamoa o‘yinini qanotlar orqali tashkil etishni xush ko‘rishi Rikardu uchun ayni muddao edi. «Nissa»ning chap qanotida saviyali Dalbert to‘p surardi. Pereyra bu an’anaga chek qo‘yib, o‘yin mag‘zini o‘ng qanotga ko‘chirdi. O‘zining debyut va faoliyatidagi yagona ijara mavsumida u 29 marta maydonga tushib, asosiy o‘yinchilardan biriga aylandi. Shuningdek, ligada yetakchilar safiga ko‘tarildi. «Nissa» esa 4-o‘rinni egallab, YEL yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. «Lion»ni yirik hisobda (3:0) mahv etgani muvaffaqiyatli mavsumning gultoji bo‘ldi.

Tabiiyki, jamoa asosiy o‘yinchilarini saqlab qolish yo‘llarini qidirishga kirishdi. Jumladan, Rikardu Pereyrani ham. Ammo «Portu» bu borada muzokara boshlashni istamadi. Chunki u Pereyrada Daniloning vorisini ko‘rgandi. Axir terma jamoa himoyachisidan munosibroq nomzodni qayerdan ham topa olardi? Boz ustiga, Rikardu o‘ta kuchli raqobatda g‘olib chiqib, faoliyatidagi eng yorqin mavsumni o‘tkazgandi.

«Portu»ga qaytish iqtidorli himoyachi uchun taraqqiyotni davom ettirishdan ko‘ra ko‘proq yangi sinovlardan o‘tishga aylandi. «Nissa»da u o‘ng va chap qanotlarda to‘p surgandi. Bu yerda esa chap qanotni Aleks Telles, o‘ng qanotni Maksi Pereyra va Diogo Dalotlar egallashgandi. Biroq Rikardu bu sinovdan ham muvaffaqiyatli o‘ta oldi.

Serjiu Konseysau rahbarligida Pereyra Portugaliya chempionatining eng yaxshi o‘ng qanot himoyachisi bo‘ldi. Xesus Korona bilan ahil juftlikni hosil qilgan holda, ichki chempionat va YECHLda o‘ng qanotda o‘z hukm­ronligini o‘rnatdi. Statistik ko‘rsatkichlar borasida ham barcha sheriklaridan o‘zib, jamoa yetakchilari safidan joy oldi.

Shubha yo‘qki, Rikarduning muvaffaqiyatida Ektor Erreraning ulushi salmoqli bo‘ldi. Pereyra hujumga otlanganda, meksikalik jamoa­doshi uning hududida qo‘riqchilik qildi. Bundan tashqari, markaziy himoyachi Felipe ham ishonchli harakatlari bilan himoya qo‘rg‘oni mus­tahkamligini ta’minladi.

Yevropa tajribasi, samarali mavsum, universalizm va kuchli ishtiyoq - portugaliyalik himoyachini ko‘z ostiga olgan skautlarni aynan shu jihatlar qiziqtirib qolgandi. Taajjubki, aynan «Benfika»ni qanoatlantirmagan fazilat evaziga Pereyra katta futbolda o‘z o‘rnini topa oldi.

Angliyaga o‘tdi-yu, saralar safidan joy oldi

Umuman, «Lester» Pereyraga xaridor bo‘lgan dastlabki yirik klub emas. Undan avval «Yuventus» qiziqish bildirgan, lekin mish-mishlar qanchalik tez yuzaga kelgan bo‘lsa, shunchalik tez g‘oyib bo‘lgandi. Shuningdek, «Tottenxem» varianti ham natija bermadi - «shporlar» Serj Oryeni afzal ko‘rishdi. «Arsenal» bilan muloqotga esa dastlabki matbuot anjumanida Arsen Venger nuqta qo‘ydi: «Rikardu Pereyra? Yo‘q, bu futbolchi bizni qiziqtirmaydi».

«Tulkilar» ko‘p o‘ylab o‘tirishmadi - himoyachini «Nissa»dagi davridan kuzatib, Portugaliyadagi yorqin mavsumdan keyin «Portu»ga 22 mln. yevroni sanab berishdi. Yangi jamoada himoyachi Simpsonning o‘rnini egalladi.

Avvaliga APL debyutantidan nimani kutishni hech kim bilmasdi. Bir tomondan, malakali Klod Pyuel va hech qachon adaptasiyaga vaqt sarflamaydigan himoyachi bo‘lsa, boshqa tomondan, uning jismoniy ko‘rsatkichi (bo‘yi 175 sm.) va deyarli barcha futbolchilarga osonlikcha taslim bo‘lmaydigan APL shiddati. Biroq futbolchining baxtiga, dastlabki ikki jihat nufuzli chempionatga juda mos tushdi.

O‘zining debyut mavsumida Pereyra ilk uchrashuvlardayoq samarali to‘p sura boshladi va liga yetakchilari qatoriga ko‘tarildi. APL muhitiga moslashish unga qiyinchilik tug‘dirmadi. Aksincha, bo‘yi pastroq bo‘lishiga qaramasdan, «ikkinchi qavat»da yaxshi o‘ynamoqda. Tezlik va mehnatsevarligi ham avvalgidek. Himoya chizig‘ida Rashid Gezzalning kamchiliklarini yopishdan tashqari, oldingi chiziqda ham samarali to‘p surmoqda. Hozirga qadar u 2 gol va 6 samarali uzatmani amalga oshirdi. Shunday ekan, debyut mavsumni Pereyraning Angliyadagi eng zo‘r ishtiroki emasligiga umid qilish uchun asoslar yetarli. Aslida futbolchining o‘yin uslubida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmadi, Brendan Rojers davrida ham barqaror o‘yin ko‘rsatmoqda.

Portugaliyalik himoyachining shuhrat qozonishiga kim xalaqit berdi? Trent Aleksander-Arnold. O‘zining eng zo‘r mavsumida Rikardu angliyalik kasbdoshining soyasida qolib ketdi, uning mashhur burchak zarbasidan keyin Pereyrani deyarli butunlay unutishdi.

Endi ingliz pasportiga ega bo‘lgan barcha o‘ng qanot himoyachilarini faqat Trentga qiyoslashmoqda, Pereyraga emas. Taqdir taqozosiga ko‘ra, «Lester» vakili angliyaliklar xorijlik o‘yinchilarni muhokama qilmay qo‘yishgan pallada porladi. Portugaliya termasida ham Rikardu yetakchilar safida emas, Joao Kanselu samaraliroq to‘p surmoqda. U Krish bilan do‘stlashib oldi, «Yuventus»da ajoyib mavsumni o‘tkazdi, endi Xosep Gvardioladan saboq olmoqda. Shuningdek, Nelson Semeduni ham unutmaslik lozim. Ammo durustroq e’tibor berilsa, Rikardu nafaqat Portugaliya, balki APLda ham eng yaxshi o‘ng qanot fulbeki ekanligi ayon bo‘ladi. Yaqinda himoyachiga «PSJ» og‘iz solayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Bu borada futbolchi shunday fikr bildirdi: «PSJ»? Senga qiziqayotgan jamoa borligini eshitish doimo yoqimli. Bu mening to‘g‘ri yo‘lda ekanligimdan dalolat. Lekin mish-mishlar meni chalg‘ita olmaydi. Top-klubda to‘p surish ishtiyoqimi? Albatta, menda ham yo‘q emas. O‘zini hurmat qiladigan futbolchi YECHLda o‘ynashni orzu qiladi».

Nike e’tiborini tortdi. Hozirgi hayotidan mamnun

Pereyra - vazmin tabiatli yigit. Uni qimmatbaho «Lamborjini» rulida, shohona liboslarda ko‘rmaysiz. U mashg‘ulotlarda olingan suratlarni namoyish etishni yoqtiradigan, ba’zan miriqib dam olishni o‘rniga qo‘yadigan oddiy futbolchi. Tinimsiz mehnatdan keyin bunga haqli.

Himoyachi Nike bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi, terma jamoa fotosessiyalarida ko‘rinib turadi. Shuningdek, xayriya dasturlarida faol, irqchilikka qarshi kurash olib bormoqda. Jamoadoshi Mendi bilan qalin do‘st, «Nissa»dagi davridan beri yonma-yon to‘p surishmoqda.

Xullas, kamtarin, lekin o‘ziga yarasha zo‘r jamoa sharafini himoya qilayotgan hokisor himoyachi haqidagi hikoyamiz nihoyasiga yetdi. Ishonchimiz komilki, Rikardu Pereyraning eng yorqin o‘yinlari hali oldinda.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 07:45, 24.03.2020.
O'qildi: 3534 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.