O‘zbekiston milliy jamoasi va «Shanxay SIPG» klubi yarimhimoyachisi Odil Ahmedov Xitoydagi hayoti, futbolchilik faoliyati va koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq hozirgi vaziyat haqida gapirib berdi.
Rossiyaning Sport24 nashri vatandoshimizdan shular va boshqa ko‘plab narsalar haqida intervyu olishga muvaffaq bo‘ldi.
— Odil, yaqinda Namanganga insonparvarlik yordamini yuboribsiz. Bu xayrli ish haqida gapirib bersangiz.
— Hozir hamma uchun og‘ir davr. Shu sababli Xitoyga kelib, shifokorlar va shifoxonlar uchun zarur bo‘lgan qo‘lqoplar, niqoblar, ko‘zoynaklar va boshqa ko‘plab narsalarni O‘zbekistonga yubordim.
— Koronavirus nafaqat Xitoyni, balki butun dunyoni egallashini kutganmidingiz?
— Yo‘q albatta. Biz butun dunyoning aziyat chekishini kutmagandik. Uhanda qandaydir virus tarqalgani haqida xabar chiqqan dastlabki kunlarda hech kim bunday bo‘lib ketishini o‘ylamagan edi. Men koronavirusning Uhandan chiqmasligini kutgandim. Ammo, afsuski 1 haftadan so‘ng butun Xitoy zararlandi. Bu dahshatli va qo‘rqinchli.
— Xitoyda qisqa vaqt ichida shifoxona va virusga qarshi kurash markazlari qurildi...
— Bu yerda hukumat nima desa, fuqarolar shuni bajaradi. Karantin deb aytildi – barcha xitoyliklar uyida o‘tirishdi. Menimcha mana shu xislatlar tufayli koronavirus mag‘lub etildi. Albatta uni faqat karantin bilan yengish mumkin. Xitoyliklar buni darhol tushunib yetishdi. O‘zbekistonga yo‘l olganimda, aeroport tomon harakatlanayotgan biror mashinani ko‘rmadim. Mana sizga tartib-intizom.
— Hozir Xitoyda nima yuz bermoqda?
— Hayot iziga qaytdi. Ko‘chalarda odamlar ko‘p, hammasi ochiq. Oldingidek qo‘rquv yo‘q. To‘g‘ri, Shanxayda odamlar niqobda yuribdi, ehtiyotkorlik qilishyapti. Ammo, umuman olganda hammasi yaxshi.
— Xitoy chempionati qachon boshlanadi, klub rahbariyati nima deyapti?
— Shanxayga qaytib, 2 hafta karantinda o‘tirdim. Hozir esa to‘laqonli shug‘ullanyapmiz. Mavsumning qachon boshlanishi ma’lum emas. Tushunishimcha, futbol bo‘lishi uchun koronavirus to‘liq ketishi, hech kim kasal bo‘lmasligi kerak. Xitoyda virusni to‘liq yengib o‘tishmoqchi. Faqat shundan keyin – futbol. Menimcha gap may oyining oxiri yoki iyun oyi haqida ketyapti.
— Hozir ko‘plab klublar maoshlarni qisqartirmoqda. Sizlarda vaziyat qanday?
— Aytishlaricha maoshlar 30 foizga qisqarar ekan. Hozircha aniq ma’lumot yo‘q.
— Uch yildan ortiq vaqt davomida Xitoyda o‘ynayapsiz. Taassurotlaringiz qanday?
— Xitoy xuddi Rossiya kabi juda katta mamlakat. Bu yerda samolyotda ko‘p uchasiz, ko‘p o‘yinlarda ishtirok etasiz. Odamlar – yoqimli va sodda. Xitoyliklar futbolni yaxshi ko‘rishadi, chempionat yildan-yilga kuchaymoqda. Mahalliy futbolchilar ham sifatli legionerlardan o‘rganib, mahoratini oshirmoqda. Bu yerda futbol ko‘proq texnikaga va kombinasiyaga asoslangan.
— Bo‘sh vaqtingizni qanday o‘tkazasiz?
— Asosan uyda o‘tiraman, kam sayr qilaman. Kitob o‘qiyman, film ko‘raman, qarindoshlar bilan muloqot qilaman. Oddiy narsalar.
— Keyingi rejangiz qanday? Shartnomangiz shu yilning dekabr oyida yakunlanadimi?
— Ha, 1+1 tizimi bo‘yicha. Agar hammasi yaxshi bo‘lsa, shartnomani uzaytiraman.
— Rossiyadan taklif tushsachi?
— Yosh emasman, keyingi yili 34ga kiraman. Bundan tashqari, Rossiyadan taklif bo‘lmasa kerak deb o‘ylayman. Menimcha, uyga, O‘zbekistonga qaytishim haqiqatga yaqinroq.
— Xitoyda nimalarga ko‘nikolmadingiz?
— Ovqatga. Uni yeyishga o‘zimni majburlay olmadim.
— Asta-sekin ko‘rshapalak haqidagi suhbatga ham keldik...
— Bu voqeaning haqiqat ekaniga shubha qilaman. Kimdir Uhanda ko‘rshapalakni yebdi, hammasi shundan boshlanibdi... Bunday bo‘lmasa kerak. Yana qandaydir laboratoriyadan koronavirus chiqibdi degan gaplar ham tarqaldi.
— Rossiyadagi sobiq jamoadoshlaringiz bilan aloqada bo‘lib turasizmi?
— «Anji» klubida Aleksey Ivanov bilan do‘stlashganman, yaxshi yigit, gaplashib turamiz. «Krasnodar»da o‘zbekistonlik Nikolay Markov bilan. Afsuski, boshqalar bilan hech qanday aloqa yo‘q.
— Eldor Shomurodov 2019 yilda O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi deb topildi, hozir Rossiya chempionatida yaxshi o‘ynayapti. Uning salohiyatiga qanday baho berasiz?
— Iroda, tezlik, o‘sish — futbolchilar uchun muhim xislatlar. Unda avvaldan ham iqtidor bor, ammo vaqt kerak edi. Baxtimizga, hozir Eldor o‘z qobiliyatini namoyon qilmoqda. Juda zo‘r o‘ynayapti!
— Unga Yevropa klublaridan qiziqish bor. Masalan, Angliya Premyer-Ligasida o‘ynab keta oladimi?
— Agar yaxshi variant bo‘lsa, ketish kerak. Rossiya chempionati ham kuchsiz emas, unda ko‘p gol urish osonmas. Shomurodov Yevropaga ketish uchun tayyor.
— O‘zbekistonda xususiy futbol maktabingiz bormi?
— Ikkita maktabim bor, biri Toshkentda, ikkinchisi qadrdon Namanganda. Ishlayapmiz, bolalarga kerakli darslar berilyapti. Bolaligimda hech narsam bo‘lmagan. Hozirgidek yaxshi maydonlar, sharoitlar yo‘q edi. Oldin ko‘plab yosh, iqtidorli futbolchilar mahalladan tashqariga chiqolmagan. Chunki ularga professional futbolchi bo‘lish uchun sharoit yaratilmagan, pul berilmagan. Shunchaki Toshkentga borib, futbol o‘ynash uchun pul topilmagan holatlarni bilaman. Shu tufayli qadrdon shahrimda maktab ochdim. Barcha iqtidorli bolalarga profi bo‘lib yetishish uchun sharoitlarni bepul qildik.
— Ikki o‘g‘lingiz bor. Ular futbolchi bo‘ladimi?
— Menimcha ular futbolga qiziqmayapti. Agar shunday bo‘lsa, ularni majburlab futbolchi qilmayman.
— Sizga qarshi o‘ynagan futbolchilarning eng kuchlisi?
— De Bryuyne.
— Eng kuchli jamoadoshingiz?
— Villian.
— O‘z salohiyatini to‘liq namoyon qilolmagan eng iqtidorli futbolchi?
— Oleg Shatov. Uni ko‘p narsaga erishsa kerak deb o‘ylagandim.
— Hozirgi vaqtda MDH hududidagi eng kuchli futbolchi?
— Genrix Mxitaryan.
— So‘nggi o‘n yillikda MDH hududidagi eng kuchli 3 futbolchi?
— Mxitaryan, Jirkov, Dzyuba.