Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

«Murabbiyni kiyinish xonasidayoq ishdan bo‘shatish mumkin» — «Barselona» va «Real»da to‘p tepgan Xavyer Saviola hikoyasi

«Murabbiyni kiyinish xonasidayoq ishdan bo‘shatish mumkin» — «Barselona» va «Real»da to‘p tepgan Xavyer Saviola hikoyasi

Baho:
+ | -

Xavyer Saviola — argentinalik sobiq futbolchi, 2004 yilgi Olimpiada o‘yinlari chempioni hamda 2006 yilgi mundial ishtirokchisi. Faoliyati davomida «River Pleyt», «Barselona», «Real», «Sevilya» «Benfika» va «Monako» singari grand klublar safida tup surishga muvaffaq bo‘lgan. Saviola ayni paytda futbolchilik faoliyatini yakunlab, murabbiylik sohasiga qadam qo‘yayotgan yosh mutaxassislardan biri.

Quyida uning futbolga bo‘lgan fikr va qarashlari hamda xotiralari taqdim etiladi.

Murabbiylik sohasi haqida

«Murabbiyni kiyinish xonasida ham ishdan bo‘shatish mumkin. Bunga hech qanday shubha yo‘q. Bu jarayonga ayniqsa, nisbatan yoshi kattaroq o‘yinchilar, jamoa sardori yoki uzoq vaqtdan beri shu klubda to‘p surayotgan futbolchilar kuchli ta’sir o‘tkazishi mumkin. Ular jamoada asosiy figura bo‘lishga va hurmat qozonishga intiladi. Men futbolchi sifatida bir necha bor bunday holatlarga duch kelganman. Murabbiy sifatida meni xavotirga qo‘yadigan asosiy muammolardan biri ham aynan shu.

Jamoadagi 30 nafar o‘yinchining barchasi o‘zini baxtli his etishi qiyin. Ulardan faqat 11 nafarigina muntazam ravishda o‘ynashi mumkin, qolganlarining esa sizning ishingizdan mamnun bo‘lishi dargumon. Futbolchi sifatida shuni tushundimki, kam o‘yin amaliyotiga ega o‘yinchilar ham o‘zlarini jamoaning muhim a’zosi sifatida his qilishi kerak. Bu haqida bosh qotirish navbati endi meniki».

Marselo Byelsa haqida

«2004 yilgi Afina Olimpiadasida Argentina g‘olib chiqqandi. O‘shanda jamoani Marselo Byelsa boshqarardi va qaysidir ma’noda uning jamoadaligi mening omadim edi. U haqida faqat yaxshi xotiralarga egaman. Uning futbolga bo‘lgan fidoyiligi fanatizmni eslatardi. Uning qo‘l ostida shug‘ullangan har qanday o‘yinchi uning ishga qanday yondashishini aytib bera oladi. U futbol uchun yashaydi va o‘ylagan yagona narsasi – o‘z o‘yinchilariga yaxshi imkoniyat yaratib berish. Agar Marseloning jamoasiga olti balli o‘yinchi kelsa, ma’lum muddat o‘tgach, u sakkiz yoki to‘qqiz balli futbolchiga aylanardi.

Uning yana bir tahsinga loyiq xislatlaridan biri bu – uning samimiyligi. Shuning uchun, futbolchilar uni juda hurmat qilishgan. U qanday vaziyat bo‘lishidan qat’i nazar futbolchilar bilan muloqot qila olardi.

Bir safar bitta o‘yinda uchta gol urganman. O‘sha paytda xursandchiligim ichimga sig‘masdan kiyinish xonasiga kirgan vaqtim u menga: ‘Bugun sen juda yomon o‘yin ko‘rsatding’, – degandi. U nima sababdan bunday deganini tushunmaganman. Keyin bilsam, u himoyadagi harakatlarimdan norozi ekan. Byelsa boshqalarga o‘xshamasdi. Aytish mumkinki, u o‘z dunyosida yashardi».

Birinchi murabbiyi va «River Pleyt»dagi debyuti haqida

«5 yoshimda Buenos-Ayres shahridagi kamtargina klubda futbol o‘ynashni boshlaganman. Birinchi murabbiyim Gabriyel Rodrigesdan juda ko‘p narsalarni o‘rgandim. Xususan, undan bolalarga qanday munosabatda bo‘lish kerakligini o‘zlashtirdim. Menga uning mashg‘ulot o‘tkazish uslubi juda yoqardi. Yana bir yetuk murabbiyim «River Pleyt» klubida birga ishlagan Ramon Dias. U – tug‘ma motivator edi.

16 yoshimda asosiy jamoada debyut qilganman. Bungacha uzoq yo‘lni bosib o‘tdim. O‘shanda mavsum yakuniga yetishiga atigi bir nechta o‘yin qolgandi va asosiy jamoaning uch nafar hujumchisida jarohat bor edi. Maydonga tushishi mumkin bo‘lgan ikki hujumchi qolgandi. Dias esa uchinchi hujumchi sifatida tarkibga meni ham kiritishga qaror qildi. Ungacha men uchinchi divizionda o‘ynab yurardim va ba’zida asosiy jamoa bilan mashg‘ulot o‘tardim, lekin qachondir bunday bo‘lishi mumkinligini tasavvur ham qilmaganman. Bo‘lajak o‘yindan oldingi mashg‘ulotdan so‘ng o‘yin qaydnomasida ismimni ko‘rdim. Dastavval qandaydir xatolik tufayli u yerga familiyam paydo bo‘lgan, deb o‘ylagandim. Barchasi shu tarzda boshlangan.

Saviola «River Pleyt» libosida

Uchrashuv avvalida zaxirada qoldirildim. Biroq birinchi bo‘limdayoq hujumchilardan biri jarohat oldi va murabbiy o‘yinning ikkinchi yarmida meni maydonga tushirishga qaror qildi qattiq asabiylashganman, lekin maydonga tushishim bilan hammasi o‘tib ketdi. Ehtimol Diasning so‘zlari menga yordam bergandir. U menga: ‘Tinchlan! Katta yoshdagi o‘yinchilardan farqli o‘laroq, sen natija uchun javobgar emassan’, – degandi.

U bu so‘zlarni kerakli vaqtda aytgandi. Men uning bu so‘zlarini haligacha eslayman. U kuchli bosimdan xalos bo‘lishimga juda katta yordam bergan. Men maydonga tushib, shunchaki futbol o‘ynadim va gol urdim».

«Benfika»dagi faoliyati haqida

«Evropadagi faoliyatim xususan, Jorji Jezush boshchiligidagi «Benfika»ni o‘zgacha iliqlik bilan xotirlayman. Uning qo‘l ostida ajoyib futbolchilar avlodi yetishib chiqdi. Fabiu Koentrau, Pablo Aymar, Anxel di Mariya shular jumlasidandir. U o‘yinchilarga ko‘proq erkinlik berardi. Shu bilan birga juda talabchan edi.

Jorji mashg‘ulotlarining birinchi yarim soati to‘p bilan ishlashga bag‘ishlanardi. Biz tobora u ko‘rishni istagan o‘yinga moslasha boshlagandik. U mening ikkinchi hujumchi sifatida maydonda biroz chuqurroq harakat qilishim jamoaga ko‘proq imkoniyat yaratib berishini aytgandi. Uning jamoasida to‘p surish juda yoqimli edi. O‘ylashimcha, bu har qanday futbolchiga yoqqan bo‘lardi».

Ideal murabbiy namunasi – Xose Pekerman haqida

«Butun karyeram davomida birga ishlagan murabbiylardan Xose Pekermanga o‘xshashni istagan bo‘lardim. U – doimo xotirjamlikni saqlagan. Shu bilan birga u buni o‘z o‘yinchilariga qanday singdirishni ham yaxshi bilardi, bu esa qiyin vaziyatlarda asqatardi. U jamoasiga birinchi marta meni 2001 yilgi U-20 mundialiga chaqirgan, keyinroq 2006 yilgi kattalar o‘rtasidagi Jahon Chempionatida ham Argentina terma jamoasiga jalb etildim.

Pekerman – o‘ziga ishonuvchi murabbiylardan biri. U hamma narsani tushunadi va futbolchilar bilan ko‘proq suhbatlashishga harakat qiladi. U kamdan kam hollarda ovozini ko‘tarardi. Tayyorgarlik nuqtai nazaridan u ideal murabbiy edi, hatto u futbolchilarning ruhiy holati ustida ham ishlashni bilgan. O‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida biz hammamiz birga ovqatlanardik, u o‘yinchilarning bir-biriga yaqin bo‘lishini xohlardi.

Uning mashg‘ulotlari vaqtiga otamning o‘limiga to‘g‘ri kelib qolgandi. Men hech qachon Xosening menga bergan yordamini unutmayman. Shuningdek, Karles Reshak va o‘sha paytda Barselonada ishlagan barcha insonlar menga juda og‘ir bo‘lgan judolikni boshdan kechirishimda o‘z yordamini ayamagan».

Faoliyatni tugatish qanday bo‘lishi haqida

«Barcha futbolchilar duch keladigan mushkul vaziyat – faoliyatni yakunlash. Hamma siz bu qarorni qabul qilishga tayyor turishingiz kerakligini aytadi va bu ayni haqiqatdir. Buni boshdan o‘tkazgan do‘stlarim bu haqida jiddiyroq o‘ylab ko‘rishni maslahat bergandi.

Faoliyatim davomida «Barselona» va «Real» singari katta jamoalarda o‘ynashga muvaffaq bo‘ldim. Har hafta og‘ir mashg‘ulotlar va safarlar bo‘lardi. Biroq barchasi tugagach, uyingizga kelasiz va nima bilan shug‘ullanishingizni bilmay qolasiz.

Men har doim bu qarorni o‘z vaqtida qabul qilishim kerakligi haqida o‘ylardim. Bunday qarorga kelganimda, kurashlarni qaytib sog‘inmaganman. Ushbu sport turini yaxshi ko‘rganim bois, uni qumsaganman, biroq raqobatni emas. Ko‘proq ruhiy jihatdan toliqqanim sababli faoliyatimga nuqta qo‘yishga qaror qilganman. Ammo yaqinlarim va oilamning qo‘llab-quvvatlashi menga katta yordam bo‘lgan. Fikrimcha, hayotning bunday lahzalarida yolg‘iz qolish juda qiyin».

Qanday murabbiy bo‘lishi haqida

«Avvaliga murabbiylik kvalifikasiyasini olish to‘g‘risida umuman o‘ylamaganman. Keyinchalik menda murabbiylik saboqlarini olish istagi paydo bo‘ldi. Bungacha Pro lisenziyasi to‘g‘risida eshitgandim, xolos. Bu tajriba sizga futbolning boshqa tomoni bilan tanishish imkoniyatini beradi. Futbolchilarni ko‘proq tushuna boshlaysiz.

Mening hamon qaysi yo‘ldan ketishim no‘malum. Kattalarni shug‘ullantirishmi yoki yoshlarni? Buni vaqt o‘tishi bilan hal etsa bo‘ladi, biroq meni tashvishlantiradigan asosiy narsa – kiyinish xonasi bilan bog‘liq vaziyatga to‘qnash kelib qolishdir.

Avvaliga men futbolchilardan ishga professional tarzda yondashishni, jamoadoshlari va raqibni hurmat qilishni so‘rayman. Bu biroz qiyinroq kechishi mumkin, chunki barcha futbolchilarga ham bu to‘g‘ri kelavermasligi mumkin. Men ularni tarkibdan chetlatishdan ko‘ra biz to‘g‘ri yo‘lda ekanimizga ishontirishga harakat qilaman va barchamiz hamjihatlikda bitta yo‘nalishdan borishga harakat qilamiz».

Manba: daryo.uz
Kiritildi: 09:42, 25.04.2020.
O'qildi: 5249 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.