Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Kirill Pogrebnyak – “Lokomotiv”, akalari, o’zbek futboli va Andrey Fyodorov haqida

Kirill Pogrebnyak – “Lokomotiv”, akalari, o’zbek futboli va Andrey Fyodorov haqida

Baho:
+ | -

“Lokomotiv”ga ushbu mavsum kelib qo’shilgan Kirill Pogrebnyakdan katta intervyu oldik.

– Kirill, karantin paytida nimalar bilan bandsiz? Nimalar bilan shugʻullanyapsiz?
– Bizda karantin yakunlanmoqda. Yaqin kunlarda biz bundan chiqib, oldingidek hayot kechirishimiz mumkin. Hozir esa vaqtni zoye oʻtkazmoqchi emasman. Mashgʻulotlar bilan bandman, shuningdek, shunday paytlarda odam oʻz kuchsiz tomonlarini kuchaytirib olish uchun ajoyib palla. Undan tashqari, Youtube tomosha qilyapman, koʻp oʻqiyapman va inglizchani oʻrganyapman. Umuman olganda foydali ishlar bilan bandman.

– Youtubeʼda nimalar tomosha qilasiz?
– Bilasizmi, menga turli xil intervyular yoqadi. Masalan, Dudya. Yana nima? Avto-tematika. Avtomobillar va shunga oʻxshash. Shuningdek, menga moliyaviy kanallar ham yoqadi, yaʼni, iqtisodiy mavzu, bunga ham qiziqishim bor. Investitsiyalar va moliya mavzusida chuqurlashishni yoqtiraman.

– Moliya — bu sizning shaxsiy qiziqishingizmi yoki futboldan keyingi kelajak uchunmi?
– Hozirgi paytda shaxsiy qiziqish. Biroq kelajakda nimalar boʻlishini kim bilibdi deysiz.

– Izolyatsiya qanday taʼsir qildi? Qaysi kunga kelib, siz zerikayotganingizni his qildingiz?
– Aytishim mumkinki, bunga tez koʻnikdim. Masalan ilk hafta tushunarli, bunga odam endi moslashayotgan boʻladi va normal hayot kechiradi, oʻzingizga yangi sarguzashtlar qidirasiz, biroq ushbu holatga boshqa tomondan qarasa, miyadan shunday hayollar oʻtishni boshlaydi: “Men nima qilyapman oʻzi?”. Undan tashqari, bu yerda bir oʻzimman, oilam hozirda Moskvada. Bu ham bir minus. Har bir oʻtayotgan kun — tepaga tashlanayotgan bir qadam boʻlmoqda.

Boshqa bir tomondan esa yashayotgan har bir kuningdan oʻzgacha foyda olishni boshlaysan, nimalardir qilasan va yana-da yaxshiroq boʻlasan. Oldinga harakatlanayotganingni tushuna boshlaysan. Asosiysi, peshonaga yozilgan koronavirusning yana-da rivojlanib ketishiga yoʻl qoʻymaysan. Masalan men uchun bunday holatda yotib, shiftga qaragancha yoki televizor koʻrishib oʻtirsam, yoʻqolib qolgandek his qilaman oʻzimni. Balki kimlardadir boshqachadir, biroq menda shunday.

– Koronavirusga qarshi qanday kurashyapsiz? “Liverpul” himoyachisi Deyan Lovren konspirologik fikrdagilar tarafdori va u barchasi 5G sababli boʻlgan deb hisoblaydi…
– Dastlabki 2-3 hafta davomida yangiliklarni faol tarzda oʻqidim. Kimdir nimadir yozsa, kimdir uning aksini yozadi. Qaysi biriga ishonishni bilmay miyam yorilib ketay dedi. Qandaydir yangilikni oʻqib, boshimda adrenalin paydo boʻladi va oʻzim haqida shunday oʻylay boshlayman: “Nahotki bu haqiqat?”. Boshqa manba esa umuman oʻzgacha rakursdagi maʼlumotni taqdim qiladi. Bu yaxshilikka olib kelmaydi. Biz baribir haqiqatni tagiga yeta olmaymiz. Faqatgina oradan 5-10 yil oʻtib, biz buni bilishimiz mumkin. Bu haqida bong urib, nimalar boʻlganini aytishadi, endi buni istamayman. Men instagram va telegramdagi barcha kanallardan chiqib ketdim. Televizordan esa ancha oldin voz kechganman, ha uyda televizor bor, uni faqatgina rafiqam tomosha qiladi. Umuman olganda bu nimaga kerak. Har xil maʼlumotni koʻraverib, odamning boshini achitish uchunmi?

– Bizning ishqibozlarimizga sizning katta futbolga kirib kelishingiz juda ham qiziq. Futbolchi boʻlish orzuyingiz boʻlganmi yoki akalaringiz sizni bunga tortishganmi?
– Umuman olganda barchasi oddiy. Katta akam — yulduz. Men esa akam (Kirill bu yerda oʻzining egizak akasi Nikolayni nazarda tutdi, u ham “Lokomotiv” tarkibida oʻynagandi) bilan birgalikda 6 yoshdan futbol bilan shugʻullanganmiz. Oʻshanda katta akamiz 18-20 yoshlarda edi va u “Spartak”ning yoshlar jamoasi tarkibida oʻynardi, uning oʻyinlarini koʻrish uchun borib turardik. Koʻz oldimizda yorqin namuna boʻlib turgani uchun unga oʻxshamaslikka harakat qilishning iloji yoʻq edi. Bolaligimizda biz musiqa bilan shugʻullanardik. Bilasizmi, shunchaki buning imkoni yoʻq edi. Futbol — bolaligimizda muhabbat qoʻyilgan ajoyib tuygʻu. Yillar oʻtib futbol oʻynash ishtiyoqi kuchayib bordi.

– Yoshligingizda qaysi jamoaga muxlislik qilgansiz?
– Avvaliga “Spartak”, keyinchalik shunday boʻldiki, akam oʻynagan jamoalarga muxlislik qilishni boshladim. U “Shtutgart”ga oʻtganidan keyin esa tushunarliki, xorij jamoalariga ham muxlis boʻldim. Hozir esa Rossiyada “Zenit”ning oʻyinlarini koʻrish yoqib bormoqda.

– Yoshligingizda muxlislarning janjallarida qatnashganmisiz? Sir emaski, Moskva jamoalari muxlislari oʻrtasidagi munosabatlar, yumshoq qilib aytganda yaxshi emas.
– Yoʻq, qatnashmaganman. Biroq yodimda bor, maktabda oʻqib yurgan paytimda muxlislarning bloklanish holatlari yuzaga kelgan, kimdir SSKAga, kimdir “Zenit”ga muxlis edi. Ular yigʻilib olib, otishmalar yuzaga keltirishardi. Lekin bu men uchun qiziq emasdi.

– Siz faoliyatingizni “Tom” jamoasida boshlagansiz. Aytingchi, yosh bolakayga oʻz megapolisini tashlab ketib, Tomsk oblastida boʻlish qanchalik qiyin boʻlgan?
– Bu faoliyatimdagi eng muhim davr edi. Bizni oʻshanda qoʻyib yuborgani uchun ota-onamga minnatdorlik bildiraman. Ha, Kolya ikkimiz 19 yoshda boʻlganmiz. Menimcha bunday paytda biz ketishni istasak, ota-onamiz qoʻyib yuborishi kerak. Biz ketayotgan joy va vazifalarimiz esa barchaga tushunarli edi.

U yerga borib, men 10 yoshga katta boʻlgandek boʻldim. Ha, akam bilan edim, biroq boshqa tomondan ikkimiz bir odam edik: barchasini oʻzimiz tayyorlaymiz, yuvamiz va hokazo. Bungacha buni onamiz bajarardi. Bu yerda esa kvartiraga oʻzing pul toʻlaysan va barchasini oʻzing bajarasan. Menimcha shundan katta hayot boshlanadi. Aynan shu yoshga kelib, odam oʻz ishini oʻzi bajarishga oʻrganishi kerak. Agarda shu yoshingda boshqa bir joyda seni chorlashayotgan boʻlsa va sening futbolchi boʻlish imkoniyating yuzaga kelsa, bundan foydalanish kerak. Shu orqali sen oʻzingni nafaqat futbolchi, balki, katta inson sifatida ham toblashing mumkin. Asosiysi — qoʻrqmaslik!

– Valeriy Kuzmich Nepomnyashiy — oʻzbek futboli uchun hech qanday qahramonlar toifasiga kirmaydi, biroq u 2006-yili Oʻzbekiston termasini boshqargan. U “Tom”da siz va akangiz bilan ham ishlagan. Uning futbolga bergan narsalari haqida soatlab gapirish mumkin. Uning bunday katta siymo ekanligi sababi nimada?
– Valeriy Kuzmich bilan munosabatlarim ajoyib ekanligini bittada aytaman. Balki uning ham menga boʻlgan munosabati shunday. U menga katta futbolning yoʻlini ochib bergan. Tomskda u meni asosiy jamoaga koʻniktirgandi. U oʻziga katta sifatlarni olgan katta murabbiy. U ham mashgʻulot ham ruhiy malakalarga ham ega. U doimo balansni ushlagan va har bir futbolchiga individuallikni taqdim qila olgan. Men uchun u faqatgina buyuk murabbiy emas, u kuchli shaxsiyat. Bu borada u men uchun eng yorqin namuna.

– Siz bir oʻyinda raqib bilan toʻqnashib ketib, ikki tishingizni yoʻqotgansiz. Bu qanday sodir boʻlgan?
– Bunday holatlar doimo kutilmaganda boʻladi. Hatto oʻzim ham nima boʻlganini tushunmay qoldim. Jamoadoshlarim esa keyinchalik menga raqibim tizzasi bilan urilganini aytishdi.

– Oldi tishlaringizmidi? Keyin Ovechkinga oʻxshab yurdingizmi?
– (Kuladi) Shifokorlarga tahsin oʻqisa arziydi. Biz tezda shifoxonaga bordik va u yerda menga vaqtinchalik implant qoʻyildi, operatsiya qilishdi. Ha boshida xunuk koʻrindi, ammo nima qilish kerak boshqa (kuladi).

– Akangiz Pavelning tavsiyasiga koʻra “Tom”ga keldingizmi?
– Akam Nikolay bilan birgalikda “Rostov”da koʻrikdan oʻtayotgandik, u yerda ikkita yigʻinda qatnashdik va keyinchalik ular bizni roʻyxatdan oʻtkaza olishmayotganini aytishdi. “Rostov”dan keyin biz tezda Tomskga ketdik. Akam bizni sinab koʻrishni ularga taklif qildi.

U yerga bordik va asosiy jamoa bilan mashgʻulotlarga kirishdik. Bu bizni shunchaki shokka solib qoʻydi. Shu kungacha ularni televizor orqali tomosha qilgandik, endi esa ular bilan shugʻullanyapmiz. Undan tashqari, oʻsha paytda bunga ruhiy tomonlama ham tayyor boʻlishimiz kerak edi. Ammo bu bizdek yosh futbolchilar uchun katta tajriba vazifasini oʻtagandi. Oʻshanda Valeriy Kuzmich bosh murabbiy edi va Dzyuba ham jamoa tarkibida oʻynardi. Umuman olganda oʻshanda barchasi qiziqarli boʻlgan. Keyinchalik biz yoshlar jamoasi bilan shugʻullanishni boshladik. Oʻshanda eshitgan ilk yangiligimda bizni olishmoqchi boʻlishmagan. Bu esa Yangi yil bayrami arafasida boʻlgandi. Bayramdan keyin esa bizga: “Sizlarga yana bir imkoniyat beramiz. 7 kun biz bilan shugʻullanasiz”, deyishdi.

Ushbu yigʻinlarni bir umr unuta olmayman. Shu paytgacha menda bunday katta ishtiyoq va oʻz kasbimga muhabbat boʻlmagandi. Akam bilan birgalikda oldingidek mashgʻulot qilmadik. Menimcha buni murabbiylar shtabi ham sezdi va bizni ikkinchi va uchinchi yigʻinlarga ham taklif qilishdi.

– Sizning futbol faoliyatingizda Pavelning yordami yoki taʼsiridan foydalanganmisiz?
– Bu imkonsiz. Qanday qilib uning taʼsiridan foydalanish mumkin? U qay tariqa yordam berishi mumkin? Men global miqyosida aytyapman. Ha, u qoʻngʻiroq qilib: “Mening ukalarim bor, ularni sinab koʻring”, deyishi mumkin. Xuddi Tomskda boʻlgani kabi. Hatto oʻshanda ham biz aka-uka Pogrebnyak boʻlganimiz uchun emas, balki yigʻinlar davomida oʻzimizni koʻrsatganimiz uchun shartnoma imzolaganmiz. Balki ayrimlar, “u oʻz familiyasidan foydalanyapti” deb gapirishi mumkin. Lekin unday emas. Futbolda bunday holatlar boʻlib turishini inkor qilmayman, chunki ayrim paytlarda futbolchining faqatgina sifatlariga qarashmaydi. Bizning holatda esa unday boʻlmagan.

Barchasi tarbiyaga bogʻliq. Bizga bunday narsalardan foydalanishga imkon bermaydi. Agarda shunday boʻlgan taqdirda akam ikkimiz oʻzimizni noqulay his qilgan boʻlardik. Buning barchasi yaxshilikka olib bormaydi. Taqdirni aldashdan nima foyda?

– Pavel oddiy hayotda qanday inson?
– Kamtar va mehribon. Har doim yordam beradi. Shunchaki akamning hayotida koʻp narsalari oʻxshagan. Hozirda OAV oʻz yangiliklari bilan boʻrttirib yuboryapti. Inson oʻz hayotini oʻzi chiroyli qila oldi. Bunga faqatgina harakat kerak! Uni nima uchun yomon koʻrishadi, bilmayman. U oddiy insonlarga doimo yordam berib yurganini shaxsan bilaman. Futbolchilarning hayoti shunday koʻrina boshladiki, odamlar ularning faqatgina bir tomonini koʻrishadi, ularning boshqa sifatlari esa yoʻqolib qoladi. Buni esa normal holat deb hisoblamayman. Ayrim futbolchilar esa faqatgina OAV uchun oʻzidan oʻzgacha obraz yasab oladi.

– Pavel sizning ustingizdan kulib, men “Fulxem”daman, sen esa Voronejda yuribsan, degan paytlari ham boʻlganmi?
– (Kuladi) Albatta yoʻq, bunaqasi boʻlmagan. Oilamizda bu normal holat hisoblanmaydi. Ha, biz koʻp hazillashamiz. Bizning oʻzaro chatimiz bor va unda asosan hazillarni yozamiz, kulishda esa faqatgina X va A, yaʼni, “xa-xa-xa”ni ishlatamiz. Barchasi shunday. Biz boshqa mavzularda kamdan-kam gaplashamiz va albatta, faoliyatimizning qaysidir bosqichlari borasida ham gaplar boʻlib turadi. Biroq odamning ustidan kulishgacha yetib bormaydi.

– “Lokomotiv” PR-direktori Mamur Mamadaliyevning aytishiga koʻra, klubga Pogrebnyak kelyapti deyishganida Nikolay emas, Pavel oʻtadi deb oʻylagan. U bu borada ajoyib afisha, press-relizlar tayyorlab qoʻygan, biroq keyinchalik u boshqa Pogrebnyak ekanligini bilib qolgan. Faoliyatingizda shunday gʻalati tarixlar boʻlib turganmi?
– Shvetsiyada shunday gʻalati holatga tushib qolganmiz, mendan intervyu olishayotganida oʻshanda ham iqtisodiyotga qiziqishimni aytganman. Shvedlar mening holatimni biroz ogʻirroq deb oʻylashgan shekilli (kuladi). Bu ham bir tarix. Shvetsiyada har bir yangi futbolchi oʻzini boshqalardan pastroqda ushlashi kerak. Biroq bizdagi kabi emas. Har kim oʻzi uchun nimanidir oʻylashi kerak. Bu qandaydir qoʻshiq yoki raqs boʻlishi ham mumkin. Navbat menga kelganida esa “Katyusha”ni kuylab berganman. Umuman olganda bu yaxshi chiqqan.

Biroq bu barchasi emas. Yangi shartnoma imzolagan futbolchilar yigʻinlarga borishardi. Jamoadagilar esa kutilmaganda kayfiyatni koʻtarishni istab qoladi. Menga shunday kulgili niqob berishdiki, u bilan Barselonaga qadar uchib borishim kerak edi. Samolyotda, aeroportda ham buni taqib yurish kerak edi. Faqatgina Barselonadagi otelga yetib boribgina uni yechish mumkin boʻlgandi. Juda ham qiziq boʻlgandi.

– “Sovetskiy sport” nashriga Siz Pavel bilan bir jamoada oʻynashni istashingizni aytgansiz? Oʻshanda kim zoʻrroq boʻlishi mumkin edi: siz yoki Pavel Pogrebnyak?
– Barchamiz (kuladi).

– Agarda ikkingiz bir jamoada boʻlsangiz, 4-4-2 formatsiyasi sizlarga mos tusharmidi?
– Menimcha biz bir-birimizning oʻrnimizni toʻldira olamiz (kuladi).

– “Fakel”dan keyin siz Peterburgning “Zenit”ning ikkinchi jamoasiga oʻtdingiz. Piterliklarning infratuzilmasi qanchalik darajada qudratli?
– Bu “Zenit”ning ikkinchi jamoasi edi. Bunday pallada siz asosiy jamoada nimalar boʻlayotganini tushunmaysiz. Bu gap FNLning barcha jamoalariga tegishli. Sendan sal teparoqda asosiy jamoa shugʻullanadi. Oʻshanda miyangga oʻsha yerda mashgʻulot qilish fikri keladi. Shunchaki futbolchi oʻz ustida ishlab, harakat qilishi kerak. Balki ishtiyoq ham bu borada yuqori oʻrinda boʻlishi kerakdir. Undan tashqari, shu tariqa asosiy jamoaga oʻtgan futbolchilar ham boʻlgan.

– “Zenit-2” jamoasiga qarshi ham raqiblar xuddi asosiy jamoadagi kabi yuqori kayfiyat bilan oʻynasharmidi?
– Yoʻq, men hech nimani his qilmaganman. FNL shunday turnirki, har bir jamoa bor kuchini ishlatadi va soʻnggi lahzagacha kurashadi. Ha, futbol shunday darajaga yetdiki, jamoalarning statusi hech qanday ahamiyatga ega boʻlmay qoldi, barcha raqiblar bilan oʻynash qiyin boʻlmoqda.

Muxlislardan savollar:

jama_barber – Qayerda sochingni turmaklatasan? Balki mening salonimga kelarsan?
– (Kuladi) U hech boʻlmasa saloni qayerda ekanligini yozganmi? Manzili qayerda? Bilsam albatta boraman!

– Unga yozib, bilib olamiz!
– Kelishdik!

– Yosh muxlisimiz Erikdan savol. Bu oʻsha mashgʻulotga tashrif buyurgan bolakay. Kirill, uni esladingizmi?
– Ha, uni bilaman.

– U bizga shunday savol joʻnatgan: Futboldagi ilk raqamingizni qay tariqa tanlagansiz? Shu sababli janjallashishga toʻgʻri kelmaganmi?
– Yoʻq, urushmaganman. Ilk futbol raqamimni “Tom”ning yoshlar jamoasi tarkibida olganman. Raqam shunchaki boʻsh edi va bu menga nasib qilgan. Yoshlar jamoasida bilsangiz, raqamlar 50dan tepada boʻladi. Esimda oʻshanda 78-raqamni olganman. Nima uchun? Bilmadim, uning koʻrinishi yoqqan shekilli. Hozir esa “toʻqqiz”ga mehrim oʻzgacha. “Lokomotiv”da aynan shu raqamda oʻynayapman. Umuman olganda raqamlarga katta eʼtibor bermayman.

Saʼdulla Muzaffarov (fan-klub): Oʻz gollaringizni odatda qanday nishonlaysiz?
– Xuddi Dzyuba kabi oʻzgacha raqslar yoki ishoralar boʻlishi kerak, bu esa futbolchiga gollarni qayta uraverishi uchun juda muhim. Bu yerda boshqa nyuans ham bor. Gol urgan vaqtimda esa shunchaki xursand boʻlaman. Toʻgʻrisini aytsam, gol urgan paytida xursand boʻlaman va oʻzgacha gol nishonlash xayolga ham kelmaydi.

Talatik: Chempionat emas, aynan kubok oʻyinlarining ishtiyoq darajasi qanday boʻladi. Yoki bir xilmi?
– Agarda kubokning chorak finali boʻlsa, albatta, yuqori bosimni his qilaman. Futbolchi uzoqroqqa borib, hal qiluvchi pallalarda oʻynashni istaydi. Bunda chempionatdagi oʻyindan farqli ravishda gʻalabaga ishtiyoq yuqori boʻladi.

Samandar8819: Agarda sizga Yevropaning top-jamoalaridan taklif tushsa, qaysi klubni tanlagan boʻlardingiz?
– “Manchester Yunayted”. Bolaligimdan shu klubga muxlislik qilaman. Yodimda uyda oʻtirib, jamoaning oʻyinlarini tomosha qilardik, tarkibda Bekxem, Kantona, Veron, Kin kabi futbolchilar oʻynardi. Oʻsha vaqtdan buyon jamoaga boʻlgan muxlislik yuqori darajada.

– “Lokomotiv”ga Shvetsiya chempionatidan keldingiz. Sir emaski, shimoliy mentalitet sovetorti mamlakatlarinikidan farq qiladi. Shvetsiyadagi hayotning oʻzgacha tomonlari bormi?
– Shvetsiya boy mamlakat. U yerda juda ham boshqacha iqtisodiy hayot. Odamlar boshqacha yashashadi va u yerdagi joylar Sobiq Ittifoq davridagi mamlakatlardan farq qiladi. Dastlab barcha narsaga juda ham hayron boʻlib qarardim. Davlatni yana-da koʻproq tushunib olish kerak edi, chunki bu joylarda hali koʻp boʻlardim. Boshqa tomondan qarasak, davlatda barpo etilgan barcha narsalar odamlar uchun. U yerdagi odamlar yaxshi yashashadi va ishlariga yarasha pul topishadi. Ular bizdan farqli ravishda boshqacha ishlashadi. Masalan, u yerda barcha ishlarda soatiga pul olishadi. Masalan, bir shved 5 soat ishlasa, 5 soatlik pulini oladi. U 6 soat ishlamaydi, chunki unga buning pulini toʻlashmaydi. Ortiqcha daqiqalarni bunga sarflashmaydi.

Shvedlar oʻz qadrini yaxshi bilishadi. Ular ortiqcha bosimsiz ishlashadi. Ular uchun asabiylashish — yovvoyilik belgisi. Ular biz kabi 10 soatlab ishlab, yana nimalar bilandir band boʻlishmaydi. Ularga ish topshirilganida esa yana bir oʻylab koʻrishadi. Buni qachon bajarish kerak? Bu oʻzining taqvimiga toʻgʻri keladimi? Ular buni koʻrib chiqishadi va boʻsh boʻlgan kunida, olaylik, 3 kundan keyin qilib beraman deydi. Shvetsiyadagi hayot juda ham sokin. Hech kim shoshilmaydi. Bu esa menimcha ajoyib. Shvetsiyadan uyga odamlarga xos ayrim sifatlarga ega boʻlib qaytdim deya olaman. Har bir davlatning ajoyib tomonlari boʻlganidek, salbiy jihatlari ham boʻladi, buni esa odam koʻrgisi ham kelmaydi. Biroq oʻsha paytda menga Shvetsiya har tomonlama katta tajriba toʻplashimga yordam berdi. Men chet davlatga borgan istalgan inson boshqa mentalitetdan nimalarnidir oʻrganishi kerak deb hisoblayman.

– Futbol planiga oʻtsak. Barchasi qatʼiymi?
– Shvetsiyadagi barcha narsa tartiblilikka asoslangan. Masalan koʻchada qoidani buzsang, odamlar politsiyani kutishmaydi va istalgan inson senga oʻz eʼtirozini bildiradi. Barchasi shunday darajada. Futbolda esa tashkiliy jihatdan tartiblilik koʻrinadi. Sizga namuna keltirishi mumkin. Bizga 2 oylik reja tuzib berishdi. Bugun dushanba, demak, qogʻozda yozilgan ishlarni bajarishim kerak. Aytishim mumkinki, ikki oy davomida hech kimning jadvallari oʻzgarmaydi. Belgilangan vaqtda oʻsha rejalarni bajarish kerak va shunday boʻladi. Kimdir chiqib buni muhokama qilmaydi.

Mashgʻulot protsessida ham bu qattiq seziladi. Bosh murabbiy har kungi mashgʻulotdan oldin qandaydir mashqni bir hafta bajarish kerakligini aytsa, biz buni belgilangan vaqt davomida qilish kerakligini tushunamiz. Agarda bunga yarim soat kerak boʻlsa, yarim soat sarflanadi. Undan koʻp boʻlsa, demak, koʻproq oʻsha mashqni bajaramiz.

– Bir intervyuda siz Yevropaning barcha davlatlariga borganingizni aytgandingiz. Siz umumiy hisoblaganda qancha davlatga borgansiz?
– Yoʻq, Yevropaning barcha davlatlari emas. Germaniyaning koʻplab shaharlarida boʻlganman. Akalarim bilan birga pivo ichishni yoqtiramiz. Instagramda koʻp bora yozganimizdek yilda hech boʻlmasa bir marta qayergadir sayohatga boramiz. Biz Barselonada ham, Parijda ham boʻlganmiz. Germaniyada koʻp bora. Yevropaning koʻplab joylariga borgan boʻlsam-da, hali ham yana bir qancha qiziqarli joylarga borish istagim yoʻq emas.

– Masalan, qayerlar?
– Niderlandiya, Belgiya, Lyuksemburg. Boltiqboʻyi mamlakatlarini koʻrib boʻldim, Shvetsiya, Daniya, Finlyandiya kabi davlatlarda ham boʻldim. Andorra juda ham yoqdi, kichkina, lekin juda ham chiroyli davlat. Belgiyaga yana bir bor borish niyatim bor.

– Rossiyadan tashqari, oʻzingiz borgan eng chiroyli 3 davlatni ayta olasizmi?
– Abxaziya. U yer menga juda ham yoqqan. Jarohatimdan keyin rafiqam bilan u yerga borgandim. U yer miyada muhrlanib qoladigan darajada chiroyli va havosi ham ajoyib.

Rimni ajratib koʻrsata olaman. Yana bir marta u yerga borib qolishni istardim. U yerda oʻzim istagan barchasini koʻrganman.

Va albatta Meksika. U yerning ham koʻplab joylariga borganman. Barchasi yoqqan. Sayohatni yoqtirganimdan mamlakat tanlab oʻtirmayman. Bu men uchun zavq. Mavsumlar oraligʻidagi tanaffusda ham qaysidir davlatga borib kelmoqchiman.

– Bu yerga kelishdan oldin sizda Qatardagi klubdan ham taklif boʻlgan ekan. Nima uchun aynan “Lokomotiv”ni tanladingiz?
– Menga qiziqish bildirishdi. Menimcha faoliyatimda ilk marta menga bir klub bir maqsad yoʻlida qiziqish bildirdi. Bosh murabbiy ham rahbariyat ham. Toʻgʻrisini aytaman, bu mening miyamni gangitib qoʻydi. Menga qoʻngʻiroq qilishdi va jamoaga yordamim kerakligini aytishdi. Qoʻshimcha qilishim kerakki, faoliyatim davomida men turnir jadvalidagi quyi pogʻonalarda boʻlib turgan jamoalar tarkibida oʻynaganman. Menda esa chempionlar tarkibida oʻynash imkoniyati paydo boʻldi. “Chempionlik ruxi” va yuqori oʻrinlar, maqsadlar uchun kurashish hissiyotini his qilyapman.

– Akangiz Nikolay 2018-yilda jamoa tarkibida oʻynagan, biroq asosiy tarkibga kira olmagandi. Bu sizga “Lokomotiv”ga oʻtishingizga hech qanday taʼsir qilmaganmi?
– Yoʻq, albatta! Nikolay menga klub, unda ishlayotgan biror bir personallar haqida hech qanday yomon gaplar aytmagan. Barchasi ijobiy fikrlar boʻlgandi. Ha, uning “Lokomotiv”dagi faoliyati oʻxshamadi, bu futbol. Boʻlib turadi. Undan maslahat olib, bu yerga kelganimda esa barchasi yaxshi ekanligini koʻrdim. Bu yerda oʻzimni qulay his qilyapman.

– Nikolay bu yerda oʻynab ketdi, siz ham biz bilansiz. Pavelning navbati qachon kelarkin?
– (Kuladi) Buni oʻzidan soʻrash kerak. Bu haqida soʻrab kermagan ekanman. Biroq endi u bilan bu borada gaplashish vaqti yetgan.

– Birinchi turda siz ajoyib perfomans koʻrsatdingiz. “Andijon” darvozasiga ikki gol urdingiz, bir necha ramziy termalarda koʻrinish berdingiz. Hatto OFK ijtimoiy tarmoqlari ham siz haqingizda yozdi. Biroq 3-turga kelib, “Buxoro” bilan oʻyinda zaxirada qoldingiz. Bu nima bilan bogʻliq? Bosh murabbiy tushuntirish berdimi?
– Bu bosh murabbiyning taktik oʻzgarishlari bilan bogʻliq edi. Bu uning qarori. Men uning qarorlarini muhokama qiladigan inson emasman. U shunday dedimi, demak, bu amalga oshishi kerak. Murabbiylar shtabiga qarshi bormayman. Bu uning yoʻnalishi. Shunday pallada futbolchi oʻzini asosiy tarkibga mos ekanligini zaxiradan tushib koʻrsatishi lozim.

– Andrey Fyodorov — qattiqqoʻl murabbiymi? Yoki futbolchilar bilan hazil-mutoyiba qilib turadimi?
– U ham jiddiy inson ham hazillashib turadi. Zamonaviy futbolda murabbiy har tomonlama sifatlarga ega boʻlishi kerak boʻlib qoldi. Har bir futbolchiga individual yoʻllar orqali koʻnglini topish ham kerak. Baqirishning ham hazil qilishning ham vaqti boʻladi. Bu ham bir sanʼat, bir kitob yozsa boʻladi. Bu planda Fyodorov rostdan ham har tomonlama sifatlarga ega murabbiy.

– Shu kunga qadar uning futbolchilik faoliyati haqida maʼlumotlarga ega boʻlganmidingiz?
– Ha, u haqida oʻqiganman.

– “Lokomotiv”dagi gollaringizga qaytamiz. Oʻyindan keyingi flesh-intervyuda biz Marat Bikmayevdan: “Kirill bugun ilk dublini amalga oshirdi. Uni qay tariqa tabriklaysiz?”, deb soʻragandik. U esa bizga: “Avvaliga u bizni tabriklashi kerak”, deb javob qaytargandi. Xoʻsh, bayram boʻldimi?
– Hozircha yoʻq (kuladi). Chempionat oʻyinlari ketma-ket boʻldi va yigʻilib oʻtirishga vaqt yetmadi. Hali oldimizda juda koʻp vaqt bor va buni bayram qilishga ulguramiz.

– Oʻzbek/rus/shved futboli orasidagi farq qanday?
– Oʻzbekistonda endi 3ta oʻyinda qatnashdim, shu boisdan ishonch bilan nimanidir gapira olmayman. Shvetsiya futboli haqida gapiradigan boʻlsak, u yerda uchta kuchli jamoa bor, qolganlar esa unchalik darajada emas. Hissiyotlar nuqtayi nazaridan, Shvetsiyada men haddi Rossiya Premyer-ligasida oʻynayotgandek boʻldim. Aniqroq aytadigan boʻlsam, FNLning ayrim jamoalarini inobatga olmasak, Premyer-ligadan farqi yoʻq. Bu reklama, marketing va futbol atrofida boʻlayotgan boshqa ishlarga ham tegishli. Yaxshi maydonlar va muxlislar. Barchasi futbol oʻyini uchun boʻlayotgandek hissiyot beradi. Muxlislar ham teatrga emas, aynan futbol oʻyiniga kelgandek kelishadi. Shunchaki zavq olish va lazzatlanish kerak.

Oʻzbek futboli haqida fikrlarim boshqacharoq. Yashirmayman, oʻtgan uy oʻyinda muxlislar xuddi teatrga kelganidek taassurot uygʻotdi. Bu yerda barchasi boshqacha ekan. Futbol darajasi haqida gapiradigan boʻlsam, u shved futbolidan kuchsiz emas. Har bir jamoada individual kuchli futbolchilar bor.

– “Lokomotiv”da katta rux berib turadigan futbolchilar kimlar?
– Jamoaning qariyalari albatta. Nesterov, Zoteyev, Kaxi, Tima. Ular jamoaga pozitiv atmosfera olib kirishadi. Xazil-mutoyibachilar.

– Kirill, “Assalomu alaykum”dan tashqari oʻzbekchada bir soʻz aytingchi.
– Rahmat (kuladi).

– Hozir HA yoki YOʻQ deb javob berishning ayni payti. Oʻzbekcha soʻkishlarni oʻrgandingizmi?
– Yoʻq, xohlamayman.

– Oʻzbek oshxonasi 10 ballik shkalada?
– (Oʻylanib qoldi) Olti.

– Sizning 10 daqiqa vaqtingiz bor va bir chashka qahva ustida kim bilan suhbat qurgan boʻlardingiz?
– Ueyn Runi.

Manba: lokomotiv.uz
Kiritildi: 06:30, 14.05.2020.
O'qildi: 4610 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.