Murabbiy bo‘lib, uning o‘ziga yarasha qiyinchiliklariga bardosh berish hammaning qo‘lidan kelavermaydi. Bejizga uning toshi og‘ir, deb qo‘yishmaydi. Eng e’tiborlisi, murabbiylik faoliyatini boshlashdan avval sportchi bo‘lsa, demak, tanganing ikki tomoniga ham e’tibor beradi bu inson. Izlanuvchan, harakatchan va mehnatsevar murabbiylar safiga biz bemalol taekvondochimiz Maksim Rafalovichni ham qo‘shsak, xato qilmagan bo‘lamiz. Dastlab sportchilikni o‘z tanasida his etib, uning sir-asrorlarini mukammal o‘rganib, texnik-taktik tomonlarini ipidan-ignasigacha to‘liq bajara olgan holda mamlakat terma jamoasi safida turli nufuzli xalqaro musobaqalarda yurt sharafini munosib himoya qilgan Osiyo chempionati sovrindori Maksim Rafalovich bilan suhbatlashamiz.
– Yakkakurashning taekvondo WT turini tanlashingizga kim sababchi bo‘lgan? Sportdagi erishgan natijalariningiz haqida o‘zingizdan eshitmoqchi edik.
– Odatda akalar o‘z ukalarini biror- bir sport turiga yetaklab boradi bizda esa aksincha. Ukam Nikita aynan shu sport turi bilan shug‘ullana boshladi va ota-onam menga hech bo‘lmasa o‘z sog‘liging uchun shug‘ullanib ko‘r degan edilar. Shunday qilib, men ukam bilan birgalikda mashg‘ulotlarda qatnasha boshladim, ko‘plab do‘stlar orttirdim. Vaqti kelib, shunchaki qiziqish men uchun katta sport eshigining ochilishiga sababchi bo‘ldi. Mamlakat miqyosidagi musobaqalar, xalqaro turnirlar va keyinchalik Qit’a chempionati va Osiyo o‘yinlarida erishgan natijalarim meni terma jamoa safida o‘z o‘rnim bor ekanligini ko‘rsatdi. Bilsangiz, o‘sha vaqtlarda mana shu natijalar men uchun uncha katta yutuq emasdek edi go‘yo. Endi bilsam, har bir g‘alaba, har bir medal sportchi uchun qadrli ekan.
– G‘alabali seriyalarning boshlanishi qiyin kechmadimi?
– Albatta, mag‘lubiyatsiz g‘alaba bo‘lmaydi. Ketma-ket muvaffaqiyatsizlikdan keyin 2007 yili ilk bor mamlakat chempionatida birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsamda, 2013 yilga qadar xalqaro musobaqalarda shohsupadan joy olish nasib etmagan. Tajribam ortib borgani sari men yetakchi sportchilardan biriga aylandim. Qit’a birinchiligida ikki bor bronza medaliga ega chiqdim. Osiyo o‘yinlarida kumush va Gran-Pri turnirida uchinchi o‘rindan joy oldim.
– Agarda taekvondo bilan shug‘ullanmaganingizda sport olamidagi qay bir turni tanlagan bo‘lar edingiz?
– Ochig‘ini aytsam, ota-onam bizni professional darajada shug‘ullunadigan sportchi bo‘lishimizni kutmaganlar. Lekin guvohi bo‘lganingizdek, men ham, ukam ham professional sportdamiz. Albatta, barcha o‘smirlar kabi futbolga qiziqqanman. Balki men ham futbolchi bo‘lishim mumkin edi. Taekvondoni ko‘pchilik yakkakurash san’ati deydi. To‘g‘ri, raqib bilan ishlaysiz, lekin aql bilan taktik harakat qilish taekvondoning asosiy mezoni. Men bu turni shaxmatga qiyoslayman.
– Yaqinda terma jamoa tarkibida edingiz. Murabbiylik faoliyatini boshlash fikri qachon paydo bo‘ldi?
– O‘tgan yili shunday qarorga keldim. Uning ustiga ukam Nikitaga ham har tomonlama yordam berishni niyat qildim. Ayrim vaziyatlarda inson o‘ziga to‘xta, deb aytmaguncha davom etaveradi. Men esa keyingi bosqichga o‘tish fursati kelganligini angladim. Demak, endi ustozlarimdek murabbiy bo‘laman.
– Murabbiy xuddi oila boshidek gap. Demoqchimanki, uyda farzand o‘z otasiga qarab shakllanib borsa, mashg‘ulotlarda murabbiy ham sportchilarni o‘z farzandidek ko‘rib, ularga mehr bermasa, salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, shundaymi?
– Bejizga aytishmaydi, ustoz otangdek ulug‘ deb. Demak, murabbiy mana shu nomga munosib bo‘lishi kerak. Bog‘bon niholni ekib, uni sug‘oradi, kerak vaqtda butalaydi, kerak vaqtda sovuqdan, issiqdan asraydi. Bugungi kunda qo‘l ostimda shug‘ullanayotgan har bir bolaga alohida e’tibor berib qarayman. Ular orasidan kimdir chempion bo‘lar, yana kimdir boshqa sohani tanlar, lekin vaqti kelib shu sportchilar hamisha mashg‘ulotlarni, murabbiylarini eslab yurishadi.
– Murabbiy ham tajriba orttirib borishi kerak. Aytmoqchi bo‘lganim, trenerlar uchun barcha sharoit yaratilganmi? Chunki bugungi kunning talabi zamon bilan hamnafas bo‘lishni taqozo etadi.
– O‘zbekiston taekvondo WT assosiasiyasi va O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan murabbiylar malakasini oshirish uchun joriy yil boshida Turkiyada trenerlar kursi tashkil etildi. Mamlakatimizda ham amaliy va nazariy seminarlar o‘tkazilmoqda. Ko‘rinib turganidek, bu borada aytganingizdek, zamon bilan hamnafaslikni ko‘rib turish mumkin.
– Ayni shu kunlarda vaziyat og‘ir va karantin holatida murabbiy o‘zini qanday tutishi kerak deb o‘ylaysiz?
– Barcha murabbiylar bilan birgalikda ish rejasini tuzib olganmiz va albatta, bu hol bizni yangi tajriba asosida ish olib borishga o‘rgatdi. Zoom platformasi orqali sportchilar bilan onlayn mashg‘ulotlar olib boryapmiz. Muhimi ruhiy tetiklik va jismoniy holatni yo‘qotmaslik lozim.
– Asosiy ish uslubingiz qanday?
– Murabbiy o‘z shogirdiga vazifa berdimi, albatta, uning natijasini so‘rashi kerak. Har bir bola o‘qilmagan kitob. Demak, sportchining kayfiyatiga qarab u bilan gaplashishni, qalbiga quloq solishni o‘rganish murabbiy uchun muhim. Qachonki sportchi bilan til topisha olsangiz, o‘shanda yaxshi natijaga erishish mumkin.
– Sizni ko‘proq kimlar qo‘llab-quvvatlaydi?
-Tushkun kayfiyatda bo‘lasizmi, xursandchilik onlaridami hamisha ota-onam, oilam va ukam meni qo‘llab-quvvatlab turadi. Oiladek muqaddas go‘sha bo‘lmasa kerak inson uchun. Kerak bo‘lsa, ular bizning g‘alabalarimiz uchun o‘zlarini qurbon qilishga ham tayyor. Yutuqlarim va hayotda o‘z o‘rnimni topganim uchun ularga ta’zim qilaman.
O‘zbekiston taekvondo WT assosiasiyasi matbuot xizmati