Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Azizbek Turg‘unboyev: “Navbahor”dagi ichki muhit joyida, xavotirga o‘yin yo‘q”

Azizbek Turg‘unboyev: “Navbahor”dagi ichki muhit joyida, xavotirga o‘yin yo‘q”

Baho:
+ | -

“Navbahor” Superliganing markazlashgan tizim asosida Toshkentda o‘tkazilgan 4ta turida atigi 2 ochko oldi va bu bilan ko‘pchilikgning hafsalasini pir qilgani rost. Ha, nomdor murabbiy va kuchli tarkibga ega jamoa oxirgi paytlar negadir o‘ziga uncha o‘xshamayapti. Jumladan, “lochinlar” ikkinchi davrani boshlab bergan o‘yinda “Paxtakor”ga qarshi maydonga tushib, raqibga namanganlik muxlislar kutgan darajada qarshilik ko‘rsata olishmadi. Ya’ni mezbonlarning o‘yinning katta qismida himoyalanishlariga to‘g‘ri keldi. Eng muhimi, hisobda oldinga chiqib olgan poytaxt klubi o‘yinda nazoratni o‘z qo‘liga olgan pallada “lochinlar” safidagi iste’dodli yarim himoyachi Azizbek Turg‘unboyev raqib darvozasini ishg‘ol qilib, hisobni tenglashtirish barobarida, maydondagi kurash muvozanatini ham nisbatan tikladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, yakunda aynan Turg‘unboyevni uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etishdi. Biz o‘z navbatida, fursatdan foydalanib, “Navbahor” yetakchilaridan birini suhbatga tortdik.

- Avvalo, o‘yinning eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olinganingiz bilan tabriklaymiz. Taassurotlaringiz qanday, umumiy fikringiz...?

- Rahmat. Birinchi galda, hamyurt­larimizni Vatanimiz mustaqilligining 29 yillik bayrami bilan tabriklab, ularga uzoq umr, sihat-salomatlik, oilaviy baxt tilayman. Osmonimiz doimo tinch va musaffo, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin, ilohim! Endi o‘yinga kelsak, nima deyishim mumkin? Xabaringiz bor, Toshkentda tashkillashtirilgan markazlashgan turlarda omadimiz chopmadi. Shu joyda ta’kidlashim joiz, poytaxtdagi bahslarda jamoamizning deyarli barcha futbolchilari maydonga isitma bilan tushishdi. Chamasi 4 kun davomida yigitlarimizda tana harorati joyiga tushgani yo‘q. Shunga qaramay, futbolchilar o‘zlarida kuch topib, jamoamiz uchun jon kuydirishdi. Bilasiz, inson isitmalaganida, holsizlanadi, katta kuch yo‘qotadi. Ehtimol, poytaxtda nursiz o‘yin ko‘rsatganimizning asosiy sababi shudir. Barchasini inobatga olib, bugun muxlislar oldida o‘zimizni oqlash niyatida faqat g‘alabani ko‘zladik, bor imkoniyatlarni ishga soldik. Tan olish kerak, “Paxtakor” o‘ta kuchli. Lekin har qanday raqibni yengish mumkin. Buni isbotlash uchun maydonda jon-jahd bilan harakatlandik. To‘g‘ri, birinchi bo‘limda tashabbusni raqibga berib qo‘ydik, oqibatda gol bilan jazolandik. Muhimi, ikkinchi bo‘limda o‘yinimizni yo‘lga qo‘yish evaziga hisobni tenglashtirishga erishdik. Agar oxirida vaziyatlardan foydalanganimizda, g‘alaba qozonishimiz ham hech gap emasdi. Endi keyingi uchrashuvlarda yanada yaxshiroq harakat qilib, boy berilgan ochkolar o‘rnini to‘ldirishga urinamiz, albatta.

- Jamoa bosh murabbiyi Andrey Kanchelskisning kelganiga bir yarim yildan oshdi. Biroq “Navbahor” o‘yinida uning imzosi ko‘rinmayapti. Bir qarashda, kuchli jamoa­larga qarshi boshqacha, o‘rtamiyonalar bilan o‘zgacha ruhda o‘ynamoqdasizlar. Bunday beqarorlik nima bilan bog‘liq?

- Yo‘q, aslida barcha o‘yinlarga birday tayyorgarlik ko‘ramiz. Bosh murabbiy ham har bir o‘yin oldidan aniq talablar qo‘yadi. Biroq... Ehtimol, murabbiy yetarli darajada ruhiy motivasiya berishda qiynalayotgandir, yana bilmadim.

- “Nasaf”da Demyanenko yo‘lga qo‘yib ketgan o‘yin uslubi hamon amalda. “Bunyodkor”ning o‘ziga yarasha maktabi bor. Ehtimol, Arveladze “Paxtakor”dan ketsa ham, u shakllantirgan uslub saqlanib qolar... Lekin “Navbahor”da haligacha Kanchelskis uslubi ko‘zga tashlanmayapti...

- Siz aytayotgan jamoalarda o‘yin uslubi masalasida muayyan poydevor bor. Ayni shu fundament o‘yin tashkil qilishda ortiqcha muammo tug‘dirmaydi. “Navbahor”ning haligacha muayyan o‘yin uslubiga ega emasligi esa, avvalgi murabbiylar qo‘nimsizligi bilan bog‘liq, menimcha. To‘g‘ri, Kanchelskis 1,5 yildan buyon klubimizda ishlamoqda, biroq orada to‘xtalishlar yuzaga kelganini unutmaslik kerak. Nazarimda, murabbiyning o‘z falsafasini to‘liq singdirishi uchun ko‘proq vaqt talab etiladi. Oddiy misol, Arveladze “Paxtakor”da birdaniga natija berdimi? Yo‘q. Shunga qaramay, klub rahbariyati unga ishonch bildirishda davom etdi. Natijada “Paxtakor” 3 yildan keyin O‘zbekistonning mutlaq birinchi raqamli jamoasiga aylandi.

- “Navbahor”ga Kanchelskis yordamchisi sifatida No‘’mon Hasanov taklif qilindi. Bu mutaxassis bosh murabbiy rolida ham katta tajriba to‘plashga ulgurgan. “Navbahor” oxirgi 2ta o‘yinda aynan Hasanov boshqaruvida maydonga tushdi. Aytingchi, uning o‘yinga qaratilgan tayyorgarlik g‘oyalarida Kanchelskis uslubiga moslashayotgan futbolchilarni chalg‘ituvchi holatlar sezilmadimi?

- No‘’mon Hasanov jamoaning ish jarayoniga juda tez kirishib ketdi. Jumladan, bosh murabbiy bilan ham quvnoq munosabat o‘rnatishga ulgurdi. Mashg‘ulotlarda ikki murabbiyning o‘zaro fikr almashib ish ko‘rayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Xullas, futbolchilarni chalg‘ituvchi o‘zgacha g‘oya yoki qandaydir tushunmovchiliklar yo‘q.

- Hasanov “Qo‘qon-1912”ga qarshi o‘yindan keyin jamoa futbolchilarining o‘zaro munosabati yaxshi emasligini yashirmadi. Nima, ayni damda ichki muhitda muammo bormi?

- Ko‘z tegmasin, barchasi zo‘r. Bu borada xavotirga o‘rin yo‘q. Jamoamizda ahil futbolchilar oilasi jamlangan. Faqat, aytganimdek, markazlashtirilgan turlarda ishtirok etishga soppa-sog‘ borib, Toshkentda virus yuqtirib oldik. Qaytaraman, yigitlarni isitma qiynab qo‘ydi. Bu xastalik har kimga turlicha ta’sir qilar ekan. Kimdadir yugurishga ham mador qolmadi, yana ba’zi yigitlar asabiylashishdi... Xullas, shu omillar ortidan biroz tushunmovchilik yuzaga kelgandir, lekin hozir hammasi joyida.

- Toshkentdagi 4ta o‘yinda atigi 2 ochko olindi va muxlislarning bunga izoh kutishlari tabiiy...

- Albatta, Namanganda futbolchilarga nisbatan talabchanlik yuqori. Poytaxtdagi salbiy natijalar bilan muxlislarimizni ranjitib qo‘yganimizni his qilib turibmiz. Nazarimda, u yerda dastlabki o‘yin - “Surxon”ga qarshi kechgan bahsda noxolis hakamlik qurboniga aylanmaganimizda, balki keyingilarida ham natija boshqacha bo‘larmidi? Bilasiz, ijobiy natija futbolchilar ruhiyatini ko‘taradi va navbatdagi o‘yinlarga bevosita ijobiy ta’sir etadi. Bizning esa bir vaqtning o‘zida virus, noxolis hakamlik hamda raqibga qarshi kurashishimizga to‘g‘ri keldi. Xullas, bir qator omillar mazmunli o‘yin ko‘rsatishimizga xalaqit berdi. Nasib etsa, endi ikkinchi davra o‘yinlarida xato va kamchiliklarni imkon qadar takrorlamaslik hamda yo‘qotilgan ochkolar o‘rnini to‘ldirish asnosida vaziyatni o‘nglashga harakat qilamiz.

- Jamoangiz “Paxtakor” bilan bahsda hisobda ortda borayotib, yakunda muvozanatni tikladi. Ke­yingi turgacha bo‘lgan vaqt kuchli raqibga qarshi o‘yin charchog‘i va tushkunlik o‘rasidan chiqib olish uchun yetarlimi?

- Menimcha, yetarli. Bugun chindan ham, ancha ko‘p ter to‘kdik. ”Paxtakor”ning kuchi va imkoniyatlari to‘g‘risida ortiqcha gapirishning hojati yo‘q. Uchrashuvda hisobda ortda bora turib, yakunda durang qayd etganimiz o‘z kuchimizga nisbatan ishonch hissini oshirishi kerak. Asosiysi, mag‘lublikni tan olmadik. Buyog‘iga qisqa tanaffusdan unumli foydalanib, kamchiliklar ustida jiddiy ish olib borishimiz talab etiladi.

- Vaziyatga real qarasak, “Navbahor”da Superliga orqali OCHLga chiqish imkoniyati juda pasaydi. Lekin oldinda ikkinchi yo‘l bor - kubok turniri...

- Ha, “Paxtakor” Superligada barchadan ancha ilgarilab ketdi, lekin bu chempionat tugaganini anglatmaydi. Zero, futbolda har narsa bo‘lishi, hammasi birdaniga keskin o‘zgarib ketishi hech gap emas. Oldinda hali o‘yinlar ko‘p va albatta, imkon qadar yuqoriroq o‘ringa ko‘tarilishni istaymiz. Kubok turniriga kelsak, bu chindan ham, yana bir imkoniyat. Binobarin, final o‘yini Namanganda o‘tkaziladi. Qanday bo‘lmasin, bu imkoniyatdan oqilona foydalanishimiz kerak.

- Jamoadoshingiz Zabihillo O‘rinboyev garchi to‘purarlik mahoratini namoyish etolmayotgan bo‘lsada, unda hujumni rivojlantirish bo‘yicha keng imkoniyat mavjud, faqat oldingi chiziqda yolg‘izlanib qolayotgandek...

- To‘g‘ri, aksariyat uchrashuvlarda yagona hujumchi bilan o‘ynayapmiz. Natijada O‘rinboyev yakkalanib qolmoqda. Agar yoniga yana bir hujumchi qo‘shilsa, Zabihilloning yashirin xislatlari yuzaga chiqarmidi? Zero, u ko‘p gol urmasada, yaratuvchanlik, oldingi chiziqda to‘pni o‘zida saqlab turish va jamoadoshlarini qulay vaziyatga olib chiqish xususiyatlari yaxshi rivojlangan. Qisqasi, O‘rinboyev foydali o‘yinchi, uning imkoniyatlaridan ko‘proq foydalanish kerak.

- Milliy jamoaga real nomzod o‘yinchilardan birisiz va ba’zan tig‘iz jadval asosida ishlashingizga to‘g‘ri keladi. Aytingchi, ikki frontda harakat qilish toliqtirmayaptimi?

- Terma jamoa - katta maktab. Uning yig‘inida kimdandir nimalarnidir o‘rganasiz, izlanasiz, raqobatlashasiz. Bir so‘z bilan aytganda, o‘sishga erishasiz. Futbolchi borki, o‘z mamlakati bosh jamoasida o‘ynashga munosibligini isbotlashga urinadi. Bu o‘z-o‘zidan qo‘shimcha kuch-ishtiyoq bag‘ishlaydi. Milliy jamoa libosini kiyish orzularingdan bir qismi ushalganini anglatadi. Shunday ekan, bunday imkoniyatdan oqilona foydalanib, bor kuch va mahoratingni namoyish etishing shart. Agar uddalasang, bu bir katta natija hisoblanadi. Qisqasi, shaxsan men har gal terma yig‘inidan kuch-quvvatga to‘lgan holda qaytaman.

- 3 sentyabr kuni milliy jamoa­miz bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazgan Tojikiston termasi ham yaxshigina o‘sishga erishibdi...

- Mutaxassislarimiz ko‘p aytadigan iborani takrorlayman - futbol hech qayerda to‘xtab turgani yo‘q. Hech qayerda! To‘g‘ri, yer yuzining turli nuqtalari o‘sish darajasi turlicha. Mana, Tojikiston futbolining sezilarli o‘sishga erishganini ko‘rdik. Umuman, hozir biror raqibga past nazar bilan qaraydigan davr emas. Axir hamma o‘ynashni o‘rganib olgan...

- O‘tgan yili “Paxtakor”ga o‘tishingiz borasida mojaro yuzaga keldi. O‘zingiz esa matbuotda ko‘rinish berishni uncha xohlamadingiz. Mana, barchasi ortda qoldi va o‘sha masala haqida nimadir de­yish vaqti kelgandir...

- O‘shanda qanday og‘ir vaziyatga tushib qolganimni yolg‘iz Alloh biladi. Ishoning, juda qiyin kunlarni boshdan kechirdim. Futbolchining hayoti shunday ekan - o‘ynab tursanggina keraksan. Boshqa payt sen bilan hech kimning ishi yo‘q. Shukrki, “Navbahor”dagi ikki-uch nafar qadrdon akalarim holimdan xabar olib turishdi. Ularga ana shunday qiyin kunlarda yolg‘izlatib qo‘yishmagani uchun rahmat aytishim kerak. Zero, boshqa hech kim hattoki, holimni so‘rab qo‘yishga ham yaramadi. Mayli, bu ham bir sinov edi, barchasi ortda qoldi... Diskvalifikasiya tufayli o‘yinlarku mayli, jamoaviy mashg‘ulotlardan ham uzilib qoldim. Garchi sport formasini ushlab turish uchun yakka tartibda shug‘ullangan bo‘lsamda, bu bilan nimagadir erishish dargumon. Shuning uchun yashil maydonga qaytgach, boshida biroz qiynaldim, o‘yinim qovushmadi. Yaxshiki, buni to‘g‘ri tushungan muxlislar tezroq o‘zimga kelib olishim uchun ruhan dalda berib turishdi. Ularga ham katta rahmat. Qolganlarga esa O‘zi insof bersin.

Manba: Interfutbol.uz
Kiritildi: 13:51, 13.09.2020.
O'qildi: 2695 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.