Angliya futbolining yaqin o‘tmishdagi afsonalaridan biri Ueyn Runi ayni payt Chempionship vakili - "Derbi Kaunti"ni boshqarmoqda. U bu jamoada yangi sohaga o‘ynovchi-murabbiylik rolida bosh suqqan edi. "Shrek" laqabini olgan sobiq hujumchi Sky Sports nashriga bergan intervyusida bosh murabbiy maqomiga erishishiga qadar qanday sinovlardan o‘tgani, nimalarni o‘zlashtirganiyu, nechog‘li tajriba orttirganiga to‘xtaldi.
Ueyn Runi o‘tgan mavsum "Derbi" safiga o‘ynovchi-murabbiy sifatida qo‘shilganidayoq keyinchalik jamoani bevosita boshqarishga tayyorgarlik ko‘ra boshlagandek, go‘yo:
- Adashmasam, 19 yoki 20 yoshimdayoq o‘zimni bo‘lajak bosh murabbiy rolida o‘ylay boshlaganman. Binobarin, har doim o‘yinning taktik jihatlariga alohida qiziqqanman. Ayni shu qiziqish tufayli bir necha pozisiyada bemalol o‘ynab ketdim, menimcha. Hamisha murabbiy ko‘rsatmasini diqqat bilan tinglab, maydonda shunga muvofiq, harakatlanishga urinardim. Yana o‘yinlar davomida boshqa futbolchilar harakatini ham kuzatardim beixtiyor. Esimda, yoshligimda qachondir yarim himoyada o‘ynashimni bilgan holda, har kungi mashg‘ulotlarda Pol Skoulz harakatini alohida kuzatardim. Shuningdek, Pol ishtirokidagi o‘yinlarni tahlil qilib, undan iloji boricha ko‘proq narsa o‘rganishga intilardim. Xullas, Skoulz ijrosidagi o‘yinni uzoq vaqt o‘rgandim va o‘z salohiyatimga tayangan holda, ayni uning pozisiyasida jamoaga katta yordam bera olishimga ishondim.
Ueyn nafaqat jamoadoshlari, balki murabbiylar faoliyatini ham obdon o‘rgangan. Jumladan, "MYU"da o‘ynagan payti jamoani boshqargan ser Aleks Fergyuson, Lui van Gal va Joze Mourinyoning ish uslublariga aslo befarq qaragani yo‘q:
- Faoliyatim davomida turli xarakterga ega murabbiylar qo‘l ostida shug‘ullandim. Albatta, har doim ularning kuchli taraflarini aniqlash va o‘zlashtirishga uringanman, ammo zaif jihatlariga uncha e’tibor qaratmaganman. Menga ustozlik qilganlar orasida ser Aleks Fergyuson mutlaqo o‘zgacha shaxsdir, albatta. U har bir futbolchini individual tarzda boshqa-rar, ularni shu tarzda o‘yinlarga tayyorlardi. To‘g‘risi, hammaga birma-bir e’tibor va vaqt ajratish - mo‘’jizaning o‘zginasi. Keyinchalik "MYU"ni boshqargan Lui van Gal pragmatik murabbiylar qatoriga kiradi. Niderlandiyalik mutaxassis ayniqsa, gol qo‘yib yubormaslik uchun jamoani o‘zgacha ruhlantirardi. To‘g‘ri, van Gal muayyan taktika nuqtai nazaridan alohida ajralib turgan emas. Joze Mourinyo? U chempion murabbiy! Joze g‘alaba yo‘lida hamisha bor imkoniyatlarni ishga solardi. Bir so‘z bilan aytganda, o‘zgacha mutaxassislar qo‘l ostida ishladim, o‘ynadim. O‘ylaymanki, endi ulardan o‘rganganlarimni amalda qo‘llay olaman. Shuning barobarida o‘z uslubimga ega bo‘lish, jamoam va shogirdlarimni individual tarafdan ham boshqarishni xohlayman.
Sobiq hujumchi endilikda turli saviyaga ega futbolchilarni shug‘ullantirmoqda. Tabiiyki, ularning hammalari Runi darajasida emas. Yosh murabbiy esa, shogirdlari o‘yinini qanday yaxshilashni biladi:
- Ha, qo‘l ostimda to‘p surayotgan har bir futbolchi o‘zim singari salohiyatga ega emas, buni to‘g‘ri tushunaman. Mana, nima uchun uzoq vaqt davomida o‘rganishga alohida e’tibor qaratganman? Shunday o‘yinchilar guruhini boshqara olishim, shogirdlarimda kuchli jihatlar va imkoniyatlarni oshirishimga ishonaman. Buning uchun faqat ishlash kerak, shuningdek, yigitlarning o‘zlari ham o‘yinni yaxshilash uchun nima qilishlari lozimligini teran tushunishlari zarur. Har kim bir joyga o‘tirib olib, "Agar jahonning eng yaxshi jamoalaridan birini boshqarsam, ishni do‘ndirib qo‘yaman" qabilida katta gapirishi mumkin. Qiziq, APLdan nega AQSHga yo‘l oldim? Chunki bu yerda olingan o‘zgacha taassurotni yanada boyitishni istadim. Keyin qaytib, Chempionshipda o‘ynadim va Angliya futboli saviyasiga boshqa nuqtadan ham nazar soldim. Menda eng kuchli futbolchilar bilan faoliyat yuritish borasida yaxshigina tajriba bor. Shuning barobarida saviyasini oshirishga oshiqayotgan yigitlar bilan ishlashdan ham bexabar emasman. Qisqasi, ularga o‘z salohiyatlarini yuzaga chiqarishda yaqindan yordam bera olishimni yaqqol his qilyapman.
Ueynda aynan o‘ziga ishonch hissi katta va u futbolchilik faoliyatini yakunlashi bilan murabbiylik sohasiga bosh suqish borasida aslo ikkilanmadi. Umuman, Runi hozirgacha maydonda o‘ynashdan zavqlanadi. Aslida hali-veri butsasini mixga ilmoqchi emasdi. Lekin "Derbi Kaunti"ni mustaqil boshqarish imkoniyati yuzaga kelgach, bundan voz kecholmadi va futbolchilikka nuqta bosdi noiloj:
- Qachondir murabbiylik sohasida faoliyat yuritishimni qalban his qilib yashaganman. "Kaunti" safiga aslida o‘ynovchi-murabbiy sifatida qo‘shildim. Tabiatan ishtiyoqi baland insonman va agar imkoniyat tug‘ilsa, butsamni mixga ilib, bor e’tiborimni murabbiylikka qaratishga tayyor turgandim. To‘g‘ri yo‘ldan ketayotganim yuzasidan shubha yo‘q. O‘ylaymanki, klubning oldinga qadam tashlashini ta’minlashga qodirman. "Derbi" tarkibidan joy olganimdan so‘ng mavsumning ikkinchi yarmini juda yaxshi o‘tkazdik. Shuni nazarda tutib, murabbiylik faoliyati buncha tez boshlanishini kutgan emasdim. Biroq joriy mavsumni uncha muvaffaqiyatli boshlamadik. Natijada Filipp Koku jamoamizdan ketdi. O‘sha vaqt barchasini to‘g‘rilash imkoni yuzaga kelganini tushundim. Chunki klubni ham, futbolchilarni ham yaxshi bilaman. Oddiy ifoda etganda, mustaqil ishga tayyorligimni sezdim, klub o‘yiniga muayyan yangilik kiritgan holda, oldinga qadam tashlash lozimligini ham. Shu orada "Derbi Kaunti" rahbarlari jamoa boshqaruvini qo‘lga olishimni so‘rashdi. Shu tariqa futbolchilik faolyatimni yakunlab, yangi ishga kirishdim. O‘zi so‘nggi mavsumda maydonda uncha ko‘p kuch sarflamadim, aksincha, boshqa sifatlarni yaxshiladim. Jamoaga energiya va yuqori tezlik bag‘ishlaydigan saviyali futbolchilar zarurligini ham sezishga ulgurgandim. Biroq o‘zim bu yoshda bunday missiya uddasidan chiqolmasdim ming urinsamda. Shunga qaramay, maydonda to‘p surib, o‘yin natijasiga ta’sir ko‘rsata olardim. Oxirgi xulosa shuki, jamoaga maydon tashqarisida ko‘proq foyda berishimni his qildim.
Ueynning qayta ta’kidlashicha, Joze Mourinyo tug‘ma g‘olib murabbiylar sirasiga kiradi. Lekin ushbu ibora nafaqat Joze, balki boshqalar, xususan, Aleks Fergyuson va Lui van Galni ham birlashtiradigan umumiy maqtovdir. Runi aynan ularning izdoshi bo‘lish niyatida:
- Murabbiylik faoliyatimni yakunlaganimdan keyin meni g‘olib ustoz sifatida eslashlarini xohlayman. Albatta, chempionatda har yili zafar quchishning iloji yo‘q. Murabbiy borki, achchiq mag‘lubiyatlarga ham yuz tutadi. Muhimi, u muvaffaqiyat qozonish yo‘lida shogirdlariga g‘oliblik mentalitetini singdirsa, bas. Tushunarliki, muvaffaqiyat uchun o‘yinga chanqoqlik, ishtiyoq, shuningdek, o‘zaro tushunib o‘ynash, yigitlarning bir-birlariga ishonishlari ham muhim. Shunday ekan, bularning barchasini jamoamga singdirish choralarini ko‘raman. O‘ylaymanki, eng asosiy ustunligim - futbolchilarni boshqarish qobiliyati. Ular bilan qanday o‘yin namoyish etayotganliklari, o‘sish uchun nimalarga e’tibor qaratishlari lozimligi, mashg‘ulotlar ko‘lami kabi masalalarda hamfikr ish olib boryapman. Xursand qiladigan tomoni, shogirdlarimda o‘yinga chanqoqlik va ishtiyoq har kuni oshmoqda. Kiyinish xonasidan to‘g‘ri murabbiylik sohasiga o‘tdim. Futbolchilar bilan murabbiy rolida ilk uchrashuvdayoq ularga avvalo, men uchun o‘ynashlari va o‘z ustilarida astoydil ishlashlari lozimligini ta’kidladim. Agar istashmasa, klubdan ketishlariga to‘g‘ri keladi. Bu borada yigitlarni alohida ogohlantirdim. Balki futbolchilar mendan darhol bunday so‘zlar kutishmagandir. Biroq jamoadagi rolim o‘zgargach, "Derbi Kaunti" bosh murabbiyi sifatida qat’iylashishim shart edi.
"Derbi" Kaunti" hamon Chempionshipning xavfli hududida bormoqda. Lekin Runining kelajak uchun aniq maqsadi bor:
- Ha, vaziyat og‘ir, lekin oldinga katta qadam tashladik, muhimi, chempionatda yaxshi o‘yin namoyish eta boshladik. Ijobiy natijalar ortidan turnir jadvalida yuqorilashni boshlagandik, ammo... Menimcha, ilk davrda mentalitet borasida ulkan qahramonlik ko‘rsatdim. Endi futbolchilar aslida yaxshigina klub tarkibidan joy olishgani, chempionatda har qanday jamoani yengishlari mumkinligiga ishonishmoqda. Shuningdek, o‘yinlarda turli uslublarni qo‘llayapmiz. Bu aynan men bosh murabbiy rolini qo‘lga olganimdan keyingi katta o‘zgarishlardan biridir. Menimcha, "Kaunti" yanada yaxshi o‘yin namoyish etishga qodir. Har holda, o‘yinchilar turli uslublarga osongina moslashishdi.
Qisqa vaqtda o‘yin uslubini o‘zgartirishdan maqsad - jamoani Chempionshipda saqlab qolish. Garchi "Derbi Kaunti" hamon xavfli hududda borayotgan bo‘lsada, ushbu g‘aroyib ligada har narsa yuz berishi mumkin:
- Kelajak uchun yo‘nalishni to‘g‘ri olsak, hammasi yaxshi bo‘ladi. Jamoa saviyasining oshish-oshmasligi ayni shu jihatga bog‘liq. "Kaunti"dagi bosh maqsadim shu - jamoani to‘g‘ri yo‘lga burish.
Ulug‘bek UMAROV tayyorladi.