Rossiya milliy termasi bosh murabbiyi birinchilardan bo‘lib, Yevro-2020 uchun kengaytirilgan tarkibni e’lon qildi. Rejaga muvofiq, Cherchesov jamoasi 21 may kuni 30 nafar futbolchi bilan Avstriyaning Noyshtift shahrida o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘iniga kirishadi. Zaxira ro‘yxatida 7 nafar futbolchi bor. Eslatma, 1 iyun kuni tasdiqlanadigan yakuniy tarkibga 26 nafar futbolchi kiradi. Stanislav Cherchesov Moskvadagi Futbol uyida jurnalistlar bilan uchrashib, o‘z tanloviga atroflicha izoh berdi.
- Tarkib tuzishda qaysi futbolchilarning koronavirusga qarshi antitanacha hosil qilishgani ham e’tiborga olindimi? Qolganlarga ham vaksina olishni tavsiya etasizmi?
- Kimlarda antitanacha borligini aniq aytmayman, bu jamoa bosh shifokoriga tegishli savol. Umuman, tarkib tanlashda ushbu omilga qaraganimiz yo‘q. Vaksina masalasiga kelsak, endi kech, axir emlashlar orasida bir necha hafta o‘tishi kerak. Ijobiy holat shuki, bizda ko‘pchilik koronavirusga chalinib, undan tuzalishga ulgurdi.
- Golovin, Miranchuk va Cherishev xuddi oxirgi yig‘inda kuzatilgani kabi Yevropa mamlakatlaridan kelish borasida muammoga uchrashmaydimi?
- Bu muammo emas, balki tabiiy jarayon. Barchasini ularning klublari bilan muhokama qilish kerak. Menimcha, bu safar ortiqcha qiyinchilik tug‘ilmasa kerak. Axir milliy chempionatlar tugamoqda va hamma futbolchilarni oldinda qanday turnir kutayotganini yaxshi biladi. Qolaversa, Golovin ham, Miranchuk va Cherishev ham xastalik sinovidan o‘tib bo‘lishdi.
- Endi bevosita tarkib haqidagi asosiy savol: Smolov nega yo‘q? Har holda, ko‘pchilik uni munosib nomzod o‘rnida ko‘rayotgan edi.
- Ha, Smolov restartdan keyin chiroyli gollar urdi, biroq oxirgi o‘yinlarda avvalgidek yorqin ko‘rinmadi. Ixtiyorimizda 3 nafar hujumchi bor - Dzyuba, Sobolev, Zabolotniy. Ular Rossiya chempionatida muntazam gol urib, klublariga naf keltirishmoqda. Eng muhimi, ma’lum vaqt davomida terma jamoada birga bo‘ldilar. Qisqasi, shakllangan ko‘nikmani buzishni istamadik. Ba’zilar o‘ylagandek, ular bir xil toifaga mansub emaslar. Ha, bo‘ylari deyarli teng, ammo maydonda butunlay boshqa-boshqa funksiyalarni bajaradilar. Umid qilamanki, ushbu tanlovimiz o‘zini oqlaydi. Bordiyu, qandaydir kutilmagan holat yuz bersa, unda zaxiramizda Smolov bor.
- «Lokomotiv» vakillari - Anton Miranchuk va Gilyerme ham chetda qolishdi...
- Anton ikkinchi davrada deyarli o‘ynamadi. Atigi bir necha marta zaxiradan maydonga tushdi. Shuning uchun «zayavka»ga kiritilmadi. Gilyerme? U terma jamoaning oxirgi o‘yinlarida ishonchli uncha oqlamadi. To‘g‘ri, chempionatning yakuniy qismida ancha yaxshi ko‘rindi, ammo «Zenit»ga qarshi bahsda darvozasini talab darajasida qo‘riqlay olgani yo‘q. Qisqasi, Gilyerme eng muhim pallalarda o‘ziga o‘xshamadi. Aytishim joiz, uzoq vaqt uni real nomzod sifatida alohida kuzatdik, biroq...
- Agar «Lokomotiv» Sankt-Peterburgda 1:6 hisobida yutqazmaganida, Gilyerme tarkibga kirarmidi?
- Ishonchim komil emas. Har holda, muayyan 1ta o‘yin emas, umumiy kartinaga qarab, xulosa chiqardik.
- Akinfeevning Yevro-2020ga chaqirish masalasi 1 yildan ko‘proq vaqt davomida muhokama qilinmoqda. Bu tarix qanday xotima topdi, u bilan gaplashdingizmi?
- Ha, albatta. 9 may kuni qo‘ng‘iroqlashdik. Hozirgi holat shundayki, Igor jamoaga yordam berishga tayyor emas. Shuning uchun bu masala yopildi.
- Safonov jarohatdan endigina qutuldi. Qolaversa, bahorgi o‘yinlarda bir qator qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydi. Amalda uni zaxiraga emas, darhol kengaytirilgan ro‘yxatga qo‘shdingiz? Nima, Safonov deylik, Maksimenkodan yaqqol kuchlimi?
- Tushuntiraman: birinchidan, Safonov yoshlar o‘rtasidagi Yevropa chempionati saralash bosqichi davomida jamoa ixtiyorida shug‘ullandi, garchi o‘yinlarda maydonga tushmagan bo‘lsada. Ikkinchidan, u bosh jamoaning bir necha o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘inida chakki ishlamadi. Ha, bahorda o‘yinida xatoliklar kuzatilgani rost, ammo boshqa kiperlarda ham shu holat. Jumladan, Maksimenko ham xatolardan xoli emas. Kimgadir alohida imtiyoz yo‘q. Sobiq darvozabon sifatida aytaman, bu pozisiya vakillarini to‘liq anglash uchun vaqt kerak. Ishoning, ayni shu masalada eng to‘g‘ri qarorda to‘xtashni bilaman.
- Zaxira ro‘yxatidan joy olgan 7 nafar futbolchi qanday shug‘ullanadi? Alohidami?
- Yo‘q, alohida emas. Futbolchilar bilishlari kerak - kimlar terma jamoaga chaqirildiyu, kimlar chaqirilishlari mumkin. Ha, ikkinchi guruh vakillari uchun vaziyat noqulay, hattoki, yoqimsiz. Ammo professional yondashuv kerak, baribir: ular bugun zaxirada, oldin boshqalar shunday maqomda bo‘lishgan.
- Cherishev uzoq vaqt o‘ynamadi. U qanday holatda?
- Muntazam aloqadamiz. Denis oxirgi o‘yinda maydonga tushib, golga assistentlik qildi, asosiysi, doimiy mashg‘ulotlarda. Uning umumiy holatini bilish chindan ham, muhim. Tushunarliki, Cherishev jarohat, murabbiy va o‘yin tizimi o‘zgarishi tufayli muayyan muammolarga duch keldi. Asosiysi, ayni payt mashg‘ulotlarda qatnashyapti, o‘ynayapti va kayfiyati yaxshi.
- Golovinda ham o‘yin amaliyoti yetarli emas. Miranchuk haqida esa, Italiyada allaqachon hazil qarash shakllandi: o‘yinidan ko‘ra, goli ko‘proq...
- Golovin haqidagi fikr biroz noto‘g‘ri. U xastalikka chalinishidan oldin asosiy tarkib a’zosi edi, gollar urdi. Ammo orada koronavirus tufayli 2ta o‘yinni o‘tkazib yubordi, oxirgi bahsda esa zaxiradan maydonga tushdi. Unda xastalik kuchli alomatlarsiz kechgani va salomatligi yaxshi ekanligidan mamnunmiz. Miranchukga kelsak, ishonch bilan aytaman: uning «Atalanta» safiga qo‘shilganining o‘zi - katta gap. Futbolchi ortda qolgan vaqt davomida yaqqol yaxshi tomonga o‘zgardi, yetuklashdi. Muhimi, o‘ziga berilgan qisqa o‘yin vaqtini qadrlab, bundan samara chiqarmoqda. Endi bizning vazifamiz - uning yaxshi fazilatlaridan unumli foydalanish.
- 17 yoshli Zaxaryanning jalb etish - bu iste’dodini tan olishmi?
- Yosh faktoriga qaramaymiz, aksincha, futbolchining qanday o‘ynayotgani va o‘sish istiqbolini inobatga olamiz. Zaxaryan bir necha pozisiyada birdek o‘ynashi mumkin, shuningdek u yoshlar o‘rtasidagi Yevro-2020da o‘z salohiyatini to‘liq namoyish etdi. Zaxaryanni jalb qilishdan maqsad - unga terma jamoa muhitida ishlash imkoniyatini berish. Yig‘inda birga ishlaymiz, yigitcha bilan yaqindan tanishamiz va yakuniy to‘xtamga kelamiz.
- Milliy jamoa bosh murabbiyi sifatida aytingchi, «Zenit»ning qatorasiga 3-chempionligi yaxshilik nishonasimi?
- Shuni alohida aytishim kerak, nomzodlar o‘yinini har doim ortiqcha hissiyotlarsiz, tarafkashliksiz kuzatamiz. Muhimi, chempionatda raqobat yo‘q emas. «Zenit»ning ketma-ket 3-marta g‘olib chiqqanida yomon tarafi yo‘q. Qarang, Germaniyada 1ta klub 9 yildan beri taxtdan tushmayapti. Italiyada esa «Yuve» gegemonligi shu yil to‘xtatildi. Yana «PSJ»ni misol keltirish mumkin, «Ayaks»ni ham. Xullas, faqat bizdagina shunday emas.
- Ertami-kech bitta savol birinchi o‘ringa chiqadi: terma jamoaning Yevro-2020dagi maqsadi nima?
- Mana, hozircha birinchi vazifani hal qildik - kengaytirilgan tarkib aniq. Oldinda o‘quv-mashg‘ulotlar, nazorat o‘yinlari, guruh raundi. Qisqasi, hammasi bosqichma-bosqich...
- Kiprda Yevro-2020da g‘alaba qozonishni istashingizni aytgandingiz. O‘sha so‘zlaringizdan qaytmaysizmi?
- Shunday deganmidim?
- Boshqa jamoalar qatori yakuniy g‘alabani ko‘zlashingiz haqida gapirgansiz.
- Albatta, g‘alaba qozonishni istaymiz, jahon chempionatidan oldin ham shu gapni aytganman. Vaholanki, o‘shanda favorit emasdik, hozir ham shunday. Keling, hozircha oddiyroq javob beraman: vazifamiz - maksimal maqsadga erishish uchun yigitlarni munosib tayyorlash.
Rossiya terma jamoasining kengaytirilgan tarkibi
Darvozabonlar: Yuriy Dyupin («Rubin»), Andrey Lunev («Zenit»), Matvey Safonov («Krasnodar»), Anton Shunin («Dinamo» M.)
Himoyachilar: Georgiy Jikiya («Spartak»), Igor Diveev (SSKA), Mario Fernandes (SSKA), Roman Yevgenyev («Dinamo» M.), Yuriy Jirkov («Zenit»), Vyacheslav Karavayev («Zenit»), Fyodor Kudryashov («Antaliyaspor»), Ilya Samoshnikov («Rubin»), Andrey Semyonov («Axmat»)
Yarim himoyachilar: Dmitriy Barinov («Lokomotiv»), Rifat Jemaletdinov («Lokomotiv»), Maksim Muxin («Lokomotiv»), Aleksandr Golovin («Monako»), Arsen Zaxaryan («Dinamo» M.), Daniil Fomin («Dinamo» M.), Roman Zobnin («Spartak»), Aleksey Ionov («Krasnodar»), Daler Kuzyayev («Zenit»), Andrey Mostovoy («Zenit»), Magomed Ozdoyev («Zenit»), Denis Makarov («Rubin»), Aleksey Miranchuk («Atalanta»), Denis Cherishev («Valensiya»)
Hujumchilar: Artyom Dzyuba («Zenit»), Anton Zabolotniy («Sochi»), Aleksandr Sobolev («Spartak»)
Zaxira
Darvozabon: Aleksandr Maksimenko («Spartak»)
Himoyachilar: Igor Smolnikov («Krasnodar»), Dmitriy Chistyakov («Zenit»)
Yarim himoyachilar: Yuriy Gazinskiy («Krasnodar»), Daniil Lesovoy («Dinamo» M.), Reziuan Mirzov («Ximki»)
Hujumchi: Fyodor Smolov («Lokomotiv»)
J.BOBOXONOV tayyorladi