Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Yevro-2020. To‘purar hujumchilar tengsiz bo‘lish uchun kurashadilar

Yevro-2020. To‘purar hujumchilar tengsiz bo‘lish uchun kurashadilar

Baho:
+ | -

Yevro-2020 boshlanishiga ham bir necha hafta qolmoqda. Bu turnir oldidan qit’aning eng kuchli hujumchilari o‘z klublari libosini terma jamoanikiga almashtirishadi. A seriyada Ronaldu, Lukaku va Immobile eng ko‘p gollarga mualliflik qilishdi. Fransiyada esa, bu nomga Kilian Mbappe hamda Memfis Depay sazovor bo‘ldilar. Premyer-ligada Xari Keyn tengsiz deb topildi.

Odatda klublarida muvaffaqiyatli o‘ynagan, lekin og‘ir mavsum o‘tkazgan futbolchilar terma jamoalarida biroz qiynalishadi. Shunga qaramasdan, bu yilgi Yevropa birinchiligida biz ularni qaytadan kashf etish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.

Taxminimizga ko‘ra, Romelu Lukaku hamda Xarri Keynning musobaqa "Oltin butsa"sini qo‘lga kiritish imkoniyatlari yuqori. Albatta, ularning mavsum davomida ko‘rsatgan o‘yinlaridan shunday xulosaga kelinmoqda. Quyida siz bilan bu ikki hujumchiga e’tibor qaratamiz.

Lukaku yakuniga yetgan mavsumda jamoasi bilan Italiya chempioni bo‘ldi. Bu borada, jamoasi uchun uning yordamini e’tirof etish kerak. Yevroda ham ichki chempionatda ko‘rsatgan o‘yinlarini namoyish eta olsa, shubhasiz, bu sovringa ega chiqishi mumkin. Bunda hujumchiga Kevin De Bryune va Eden Azar kabi yulduz jamoadoshlari yordam berishlari kerak bo‘ladi. Romelu Lukaku 2018 yilgi Jahon chempionatida 4 ta gol urib, musobaqaning "Oltin butsa"si uchun Krishtianu Ronaldu, Mbappe, Grizmann va Denis Chereshev bilan birga kurashgan edi. O‘shanda Keyn (6 ta gol)dan keyingi, ikkinchi o‘rinni egallagan.

Xarri Keyn Yevro saralash bahslarida darvoza tomon umumiy 22 ta zarba bergan. Shularning 12 tasini golga aylantira olgan. Statistikada 55%lik mahsuldorlik ko‘rsatgan. Bu borada Keyn butun saralash o‘yinlarida eng yaxshi natija qayd eta olgan. Undan keyingi o‘rinlarda Ronaldu (11ta gol), Temmi Pukki (10 ta gol), Artyom Dzyuba (9 ta gol), Rahim Sterling, Veynaldum va Serj Gnabri (8tadan gol) qayd etilgan. Ushbu natijalar Keynning o‘sganligini va to‘purarlikka eng jiddiy da’vogar ekanini ko‘rsatmoqda. Qolaversa, turnirning finali Keyn yurtining poytaxtida o‘tishi ham unga kuchli motivasiya bo‘ladi.

Tabiiyki, bunda yuqoridagi ikkita da’vogar futbolchilarning terma jamoalari bilan bog‘liq jihatlar mavjud. Ya’ni, jamoasi qanchalik uzoqqa bora olsa, futbolchilarda ko‘proq gol urish imkoniyati mavjud bo‘ladi. 2016 yildan turnir formatida 24 ta jamoa joy olganligi ham o‘yinlar soni oshishiga va ko‘proq gol urish imkoniyati yaralishiga xizmat qildi. Endilikda, guruhda 3-o‘rin bilan ham pley-offga chiqish mumkin. Finalchilar umumiy yettita o‘yinda ishtirok etishlari kerak. Bu ham to‘purarlar uchun ijobiy holat.

2012 yilgi qit’a chempionatida "Oltin butsa" sovrini bilan taqdirlangan Fernando Torres hisobida atigi uchta gol bo‘lgan. So‘nggi uchta "Golden Boot" egalari termalari bilan finalgacha yetib borganiga qaramasdan, tarixda doim ham bunday bo‘lmagan. 2000 yilgi Yevroda ushbu sovringa loyiq ko‘rilgan Patrik Klyuvert va Savo Miloshevich terma jamoalari bilan chorak finalgacha bora olishgan, xolos.

Yaqin 20 yildagi "Oltin butsa"chilar ro‘yxati:

Yevro-96: Alan Shirer (Angliya, 5 ta gol);

Yevro-2000: Patrik Klyuyvert, Samo Miloshevich (Niderlandiya/YUgoslaviya, 5 tadan gol);

Yevro-2004: Milan Barosh (Chexiya, 5 ta gol);

Yevro-2008: David Vilya (Ispaniya, 4 ta gol);

Yevro-2012: Fernando Torres (Ispaniya, 3 ta gol);

Yevro-2016: Antonio Grizmann (Fransiya, 6 ta gol).

Jaloliddin ISMATOV tayyorladi.

Manba: www.stadion.uz.
Kiritildi: 08:00, 28.05.2021.
O'qildi: 4464 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.