Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

Yana bir afsona "qirollik klubi"ga sig‘may qoldi yoki sig‘dirishmadi

Yana bir afsona "qirollik klubi"ga sig‘may qoldi yoki sig‘dirishmadi

Baho:
+ | -

"Real Madrid" jamoasining afsonaviy futbolchisi Serxio Ramos klubni tark etishini e’lon qildi. Ochig‘ini aytsam, bu men uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Turli yangiliklarga qaramay, baribir uni "qirollik klubi"da qolishini kutgan edim. Unday bo‘lmadi, Ramos 16 yillik mazmunli faoliyatidan so‘ng sevimli jamoasini tark etadi.

Ramos siymosi

O‘zining temir harakteri bilan u ko‘plab muxlislarning jig‘iga tekkan bo‘lsada, aslida u tengsiz himoyachilardan biri hisoblanadi. Mayli, uning ayrim hurmacha qiliqlari o‘z yo‘liga, nima bo‘lgan taqdirda ham bu narsalar uning darajasiga va saviyasiga katta ta’sir o‘tkazmaydi. Ayrimlar hatto Ramosning shu harakatlari uchun unga muxlislik qiladi. "Real" so‘nggi 10 yillikning eng sovrindor jamoalardan biri sanaladi. Albatta, bunda ko‘plab futbolchi va murabbiylar qatori Ramosning ham hissasi katta. Men mazkur g‘alabalarga eng ko‘p hissa qo‘shgan 3 shaxsdan birini Ramos deb aytgan bo‘lar edim. Qolgan ikki shaxsni mantiqqa tayanmay, shunchaki natijalarga qarab ham aytsa bo‘ladi. Xullas, Serxio bu klub safida beminnat harakat qildi. Uning ko‘plab sariq, qizil kartochkalar olishi, janjallar, diskvalifikasiyalar barcha-barchasi shu klubning foydasini o‘ylaganidan, boshqa hech narsa emas. Odatda, u maydonda nima qilsa ham, maydon tashqarisida har doim o‘zgalar bilan do‘stona munosabatda bo‘luvchi, og‘ir-bosiq yigitchaga aylanar edi. Esimda u bir "el-klasiko"da Puyolning yuziga zarba beradi, ammo bu uchun kechirim so‘rab, terma jamoada u bilan ko‘plab o‘yinlar o‘tkazadi. Messini ham maydonda yiqilishiga ko‘p sababchi bo‘lgan "el kapitano" argentinalikni eng yaxshi futbolchilardan biri deb bilishini ko‘p ta’kidlagan. 90 daqiqa ichidagi uning ayrim harakatlarini oqlamayman, ammo u maydondan tashqarida o‘zini jentelmenlar kabi tutar edi.

"Real" afsonasi

2005 yilning yozida "Real Madrid" klubiga kelib qo‘shilgan Serxio, "qirollik klubi" tarixidagi eng foydali transferlardan biri bo‘ldi desam adashmagan bo‘laman. Uning Madrid jamoasiga nima bera olganini futbolni sal bo‘lsada tushunuvchi odam bilsa kerak. Shu 16 yil markaziy himoyada uning yonidagilar o‘zgarib turdi. Avvaliga Arbeloa, so‘ngra Pepe va so‘nggi yillarda Varan uning yonida harakat qildi. Kasilyas "Real"ni tark etganidan keyin u sardorlikni o‘z qo‘liga oldi. Undan yoshi kattaroq Pepe emas yoki yulduz Ronaldu emas, aynan Ramos. U harakter jihatdan ham haqiqiy sardor edi. Kimdir menga jamoa sardori qanday bo‘lishi kerak degan savolni bersa, "Ramos kabi" deya javob bergan bo‘lar edim. Kurashuvchanlik, sovuqqonlik, hammasi unda namoyon. Har bir sifatga izoh berib o‘tishni lozim topdim:

Kurashuvchanlik

2014 yildagi "Real" va "Atletiko" o‘rtasidagi final ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. O‘shanda "qirollik klubi" o‘z hamshaharlariga qarshi o‘yinda deyarli hech narsa qila olmayotgan edi. Simeonening himoyaviy taktikasi o‘shanda o‘zining eng cho‘qqi pallasiga chiqqan va bunday o‘yinga qarshi ko‘plab jamoalar tayyor emas edi. Keling biroz fantaziyani ishga solamiz. Gollivud filmlarini ko‘p tomosha qiladiganlar biladi. Ilojsiz pallalarda bir qahramon chiqadi va u hammasini o‘zgartiradi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalar o‘tib borayotgan bir paytda "Real" 1-0 hisobida mag‘lub bo‘layotgan edi. Shu paytda madridliklar burchak zarbasi tepish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Modrichning uzatmasidang so‘ng o‘sha hammasini o‘zgartirib yuborovchi qahramon bosh bilan zarba yo‘llab hisobni tenglashirdi. Bu gol "Atletiko"ning qo‘rqinchili tushi desam adashmagan bo‘laman. Shundan so‘ng "matraschilar" ekstra taymlarda yana uchta gol qabul qilib oldi. Chunki, "el kapitano"ning o‘sha bosh bilan zarbasi raqibni uxlatib qo‘ygan edi va o‘yin so‘ngigacha ular qaytib uyg‘onmadi. Ha aytgancha, "Uddalab bo‘lmas ish" filmini ko‘pchilik ko‘rgan bo‘lsa kerak. Men ham yaqinda ushbu filmning barcha qismlarini ko‘rib chiqdim. Negadir ko‘rib bo‘lgach, Ramosning o‘sha finaldagi goli esimga tushdi. O‘xshashlik nimadaligini bilish uchun, o‘sha kinoni va o‘sha finalni ko‘rgan bo‘lishingiz kerak.

Sovuqqonlik

Ramos juda ham sovuqqon futbolchi bo‘lganiga hech kim shubha qilmasa kerak. Uning shu darajaga chiqishiga ham yordam bergan hislatlardan biri aynan shu, aslida. Undagi bu sifat nafaqat himoyaviy o‘ynda, balki hujumda ham mavjud. Ronaldu ketgan "qaymoqranglilar" safida aynan u penaltilarni amalga oshirdi. Ispaniya terma jamoasida ham bu vazifa so‘nggi yillarda unga ishonib topshirilar edi. U himoyachi va ayrim hujumchilarga gol urish kerak payti, bu vazifani bajarishiga yagona sabab ham, aslida uning sovuqqonligidir.

Jangovorlik

Bu hislat uning qon-qoniga singib ketgan va o‘yin davomida bu ko‘rinib turadi. Uni talant jihatdan maqtay olmayman, ammo yuqoridagi sifatlar uni shu darajaga olib chiqqan. Ular ichida eng ko‘zga ko‘rinadigani aynan jangovorlik bo‘lsa kerak. U shunchalik jangovorki, ayrim daqiqalarda futbol o‘ynayotganini ham unutib qo‘yardi. Undan rostdan ham yaxshi jangchi chiqqan bo‘lar edi. Buni Salah, Suares va yana bir qator futbolchilar tasdiqlasa kerak.

Uning "Real"dan ketishi haqida

"Real Madrid" har doim kuchli futbolchilarga ega ajoyib jamoa. Faqat bu klub ketayotgan futbolchilarni har doim ham hurmatini o‘z o‘rniga qo‘ymaydi, xatto ayrim hollarda afsonalarning ham. Ko‘pchilik afsonalar qatori u ham "qaymoqranglilar"dan unchalik ham rozi bo‘lib ketmayapti. U klub bilan yangi shartoma borasida kelisha olmadi. Uning ketishiga asosiy sabab deb Florentino Peresning qaysarligini aytgan bo‘lar edim. Nima bo‘lgan taqdirda ham, biz uni boshqa jamoada ko‘radigan bo‘ldik. "Qirollik klubi"ni ko‘pchilik yetakchilar so‘nggi paytlarda bemavrid tark etmoqda. Bu klub uchun yaxshi holat emas. O‘ylashimcha, hammasining boshida turgan "etakchi"ning ham ketish vaqti keldi, biroq uni ketkazadigan odamning o‘zi yo‘q, hozircha.

 

                                                                         Xudayqulov KARIM maqolasi

Manba: Stadion.uz
Kiritildi: 20:08, 17.06.2021.
O'qildi: 4837 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.