Kirish Ro'yxatdan o'tish

Bryus Li, qiyin tanlov va u kutgan kun. O‘zbek sportida 19 yoshida tarix yoza olgan Ulug‘bek Rashidov hikoyasi

Bryus Li, qiyin tanlov va u kutgan kun. O‘zbek sportida 19 yoshida tarix yoza olgan Ulug‘bek Rashidov hikoyasi

Baho:
+ | -

Bryus Li va uning filmlari

Har bir bolada bo‘lgani singari Ulug‘bekda ham qiziqishlar bor edi. U yosh bo‘lishiga qaramay Bryus Li ishtirokdagi filmlarning ashaddiy muxlisiga aylangandi. Yosh bolakay filmlarni tomosha qilar va undagi harakatlarni uyda qaytarishni yaxshi ko‘rardi.

Shunday kunlarning birida Ulug‘bek uyda kinoda ko‘rgan zarbalarini qaytarib turgandi, otasi Ismatillo aka esa o‘g‘lining harakatlarini ko‘radi va unda sportga qiziqish borligini sezadi. Shundan so‘ng ota o‘g‘lini taekvondo sport to‘garigiga berishni ma’qul deb topadi. Ota 6 yoshli o‘g‘lini murabbiy Pavel Xan qo‘liga topshiradi. Ulug‘bek sekin-astalik bilan taekvondo sir-asrorlarini o‘rgana boshlaydi.

Tanlov

Oradan 3-4 yil vaqt o‘tadi. Bu vaqtda Ismatillo aka haftaning har seshanba va juma kunlarida o‘rtoqlari bilan futbol o‘ynardi. U o‘g‘lini ham futbolga olib borishni odat qiladi. Sekin-asta bolakay to‘pga ham mehr qo‘yib qoladi. Ota o‘g‘lining maydonning qaysi qismidan bo‘lmasin tepgan to‘plari darvozaga to‘g‘ri borayotganligini ko‘rib, uni futbolga berishga qaror qiladi. Bolani yetaklab, «Paxtakor» akademiyasiga olib boradi. Ulug‘bek ko‘rikda qatnashadi. Uning harakatlari futbol murabbiylariga ham ma’qul keladi va Ismatillo akaga o‘g‘lining hujjatlarini akademiyaga olib kelishni so‘rashadi.

Endi Ulug‘bekning oldida tanlov paydo bo‘lgandi: u yo taekvondoni, yo futbolni tanlashi kerak edi. Ammo bolakay ikkala sport turidan ham voz kechishni xohlamasdi. Ota o‘g‘lining ikkala sport turiga boraversa, to‘g‘ri bo‘lmasligi va charchab qolishini, ikki yo‘l orasida qolib ketishi mumkinligini yaxshi anglardi. U ko‘proq o‘g‘lining futbolchi bo‘lishini xohlayotgandi.

Bu vaqtda Ulug‘bek taekvondo bo‘yicha murabbiyi Pavel Xanga otasi uni futbolga berishni xohlayotgani haqida aytadi. Buni eshitgan murabbiy Ismatillo aka bilan uchrashish uchun uning yoniga yo‘l oladi. Xan Ulug‘bekning otasi bilan uchrashuvda shunday deydi:

«Siz mening yuragimni olib qo‘yyapsiz. Bu bola chempion bo‘ladi. Agar uni mashg‘ulotlarga olib borishni istamasangiz, men o‘zim kelib uni olib ketib yuraman».

Murabbiyning bu gaplaridan so‘ng ota futbol borasidagi o‘y-xayollaridan voz kechadi va o‘g‘lining Xan qo‘lida qolishiga rozi bo‘ladi. Ota o‘g‘lining mashg‘ulotlarga qatnashi uchun barcha sharoitlarni yaratib beradi.



Ulug‘bek sekin-asta musobaqalarga chiqishni boshlaydi. U o‘ziga xos uslubni o‘zlashtirgandi. 1-raundda ochko ishlashga unchalik harakat qilmasdi. Sabab esa oddiy edi: u raqibni ko‘proq o‘rganishni xohlardi. Raqibni o‘rganib bo‘lgach, 2 va 3-raundlarda ochkolarni qatorlashtirib tashlardi. Uning ishtirokidagi janglar, asosan, yirik hisoblar bilan tugardi. Raqibni o‘rganib bo‘lgan Ulug‘bekning tinmay hujum qilishi oqibatida hisob ham yirik ko‘rinish olishi tabiiy holatga aylanib bo‘lgandi.

Katta musobaqalar

2014 yilda Ulug‘bek o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritadi. Natijada u O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi tarkibiga qabul qilinadi.

U 2018 yil Tunisda o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida uchinchi o‘rinni egallaydi. Bu orqali Ulug‘bek Buenos-Ayres mezbonlik qiladigan o‘smirlar o‘rtasidagi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini ham qo‘lga kiritadi. U kichik Olimpiadada kumush medal ega chiqadi. Bu vaqtda Ulug‘bek endigina 16 yosh edi.



2019 yil Iordaniyada o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida oltin medalni o‘ziniki qilgan Ulug‘bek, xuddi shu yilning o‘zida Xitoy mezbonligida o‘tgan Butunjahon armiya o‘yinlarida ham 1-o‘rinni egallaydi.

Uni 2021 yilning may oyida Olimpiadaga yo‘llanma beradigan lisenzion turnir kutib turgandi. Ulug‘bek bu musobaqada -68 kg vazn toifasida qatnashadi va Tokio yo‘llanmasini naqd qiladi.

U kutgan kun

2021 yil 25 iyul. Cho‘qqini zabt etish yo‘lida dastlab 1/16 finalda malilik Seydu Mofana taslim etildi. Yana o‘z uslubida, hisob esa 38:17. Nimchorak finalda Ulug‘bekni bir paytlar o‘zi havas qilgan, qaysidir ma’noda o‘ziga kumir deb bilgan 3 karra jahon chempioni, Olimpiya o‘yinlarining 2 karra sovrindori, ushbu vazn toifasining birinchi raqamli sportchisi janubiy koreyalik Li De Hun kutib turardi. Tomonlar jangni ehtiyotkor boshlaganiga qaramay asosiy vaqtda yana yirik hisob qayd etildi — 19:19. To‘qnashuv taqdirini esa «oltin zarba»dagi ikki ochko hal etdi. Ulug‘bek musobaqaning 1-raqamli sportchisini uyiga ravona qildi. Chorak finalda Rashidovga eronlik Mirhoshim Hussaini raqib bo‘ldi. U bu jangni ham o‘z uslubida o‘tkazdi va yarim finalga yo‘l oldi. Hisob — 34:22.

Yarim final esa Rashidovning to‘liq ustunlida o‘tdi. U Bosniya va Gersegovina vakili Nedzad Hushichni 28:5 hisobida tor-mor qilgan holda finalga chiqdi.

O‘zbek taekvondosi tarixida ilk bor medal naqd edi. U yo kumush, yo oltin. Ulug‘bek buni uddaladi: hal qiluvchi bahsda musobaqaning 2-raqamli sportchisi britaniyalik Bredli Sinden taslim etildi. Hisob esa shunchaki dahshatli ko‘rinish oldi — 34:29.



Bu vaqtda Toshkentda Ulug‘bekning jangini ota televideniyeda jurnalistlar bilan birga tomosha qilardi. Onasi Oksana opa esa jurnalist ayollar bilan o‘tirgan bo‘lsa ham avval bo‘lgani kabi o‘g‘lining jangini ko‘rishga botina olmay ko‘zlarini yumib o‘tirgandi. Bong chalindi, butun uy, butun studiya va butun O‘zbekiston Ulug‘bekning ulkan g‘alabasidan o‘ziga sig‘masdi, quvonardi.

Bu shunchaki g‘alaba emas, bu yillar davomida qilingan mehnatlar, ustozning jonkuyarliklari, to‘g‘ri ko‘rsatmalari-yu, ota-onaning o‘g‘li uchun yaratib bergan shart-sharoitlari mevasi edi.

Shu tariqa 19 yoshli Ulug‘bek Rashidov O‘zbekiston tarixida Olimpiada medalini qo‘lga kiritgan eng yosh sportchi bo‘ldi. Bundan tashqari Olimpiya o‘yinlarida oltin medalga ega chiqqan eng yosh (19 yosh 4 oy-u 2 kunlik) sportchi maqomiga ham endi unga tegishli. Avval bu ikki maqom Rio—2016 Olimpiadasi g‘olibi Hasanboy Do‘stmatov (23 yosh 1 oy-u 20 kunlik) va Afina—2004 Olimpiadasi brona medali sohibi Bahodir Sultonovga (19 yosh 7 oy-u 14 kunlik) tegishli edi.

Ha, siz bu nomni eslab qoling — Ulug‘bek Rashidov. U o‘zbek sportida o‘z tarixini yoza olgan sportchi!



Asror Abdunazarov

Manba: daryo.uz
Kiritildi: 06:52, 26.07.2021.
O'qildi: 4772 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.