Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Futbolda inqilob: Har yili yirik turnir

Futbolda inqilob: Har yili yirik turnir

Baho:
+ | -

Jahon chempionatining to‘rt yilda bir marta o‘tkazilishiga allaqachon ko‘nikkanmiz - xuddi Yevro va Olimpiada singari. Ammo shu o‘n yillikda hammasi o‘zgarishi mumkin: futbol taqvimidagi potensial yangiliklar haqida Arsen Venger tushuntirish berdi. Ma’lumot uchun, «Arsenal»ning sobiq bosh murabbiyi ayni payt FIFA global rivojlanish bo‘limi rahbari sifatida faoliyat yuritmoqda. Dastlab e’tiborimizni aynan fransiyalik mutaxassisning so‘zlariga qaratsak.

«Ayni payt o‘rtoqlik uchrashuvlari tomoshabinlar uchun tobora qiziqarsiz o‘yinga aylanmoqda, saralash bahslari haqida ham shunday fikr bildirsa bo‘laveradi: qiziqish 15-20 yil avvalgidek emas. Odamlar katta pullar tikiladigan, reglamenti barcha uchun tushunarli bo‘lgan musobaqalarga ehtiyoj sezishmoqda. Muxlislar talabini qondirish uchun vaziyatni o‘nglashga intilishimiz kerak», - deydi Venger.

Uning taklifi shunday: jahon chempionati/Evro saralash bahslarini bir yilda ikki marta (oktyabr va martda) o‘tkazish orqali o‘yinlar sonini kamaytirish. Vengerning aytishicha, bu futbol taqvimiga aniqlik va oddiylik kiritadi: yil davomida futbolchilar klublarida qolishadi, bahor va kuzda esa ikki marta uzoq muddat davomida terma jamoa ixtiyorida bo‘lishadi.

«Taqvimni shunday tuzish kerakki, futbolchilarda transqit’aviy safarlar kamaysin. Tiklanish bo‘yicha tadqiqotlar tasdiqlashicha, futbolchilardagi charchoqqa sayohatlar va iqlim o‘zgarishlari sabab bo‘ladi», - deydi fransuz.

Shunda jahon chempionati va Yevro har yili navbati bilan o‘tkaziladi. Futbol taqvimi, shartli ravishda, quyidagicha ko‘rinish oladi: 2028 yil - jahon chempionati, 2029 yil - Yevropa chempionati, 2030 yil - jahon chempionati, 2031 yil - Yevropa chempionati... shu zayl davom etaveradi.

71 yoshli metrdan yana bir muhim iqtibos: «Yangi musobaqalar tashkil etishga hojat yo‘q (Millatlar Ligasiga sha’ma qilyapti), muxlislar uchun katta ahamiyatga ega yirik turnirlarga e’tibor qaratish kerak. Ha, barchamiz to‘rt yillik siklga moslashib qolganmiz - buni to‘liq tushunaman, chunki o‘zim ayni tizim ta’sirida ulg‘ayganman. Lekin tan olishimiz kerak: jamoatchilik yuqori darajali, hissiyotlarga boy o‘yinlar ko‘payishini talab qilmoqda. Hattoki, yakunlangan yozda bo‘lib o‘tgan Yevro ham o‘tmishda qoldi. O‘ylashimcha, futbol olami saralash uchrashuvlarining bir yarim yil davom etishini istamaydi. Ushbu bahslarni 4-5 hafta davomida shunday ko‘tarinkilik bilan o‘tkazish mumkin».

Venger aytmoqchiki, sentyabr, oktyabr, noyabr, mart va iyunda terma jamoalar o‘yinlari uchun e’lon qilinadigan tanaffuslardan ma’ni yo‘q, ushbu tajribadan voz kechish darkor. Janob Arsen yangi g‘oya jahon chempionatlari sehrini o‘ldirmasligiga ishonadi: «Jasur bo‘lib, tan olish kerak, musobaqalardagi joziba va nufuz ulardagi sifatga bog‘liq. Yangi arzon turnirlar uyushtirish shartmas (yana Millatlar Ligasi manziliga kinoya) - fanatlarga faqat eng yaxshisini taklif etish joiz. Muammo musobaqalarning tez-tez o‘tkazilishi emas, ularning sifatida».

Fransiyalik mutaxassisning ta’kidlashicha, ushbu islohotni ko‘plab mashhur sobiq futbolchilar - Ronaldo, Kaka, Xavyer Maskerano va Gari Lineker qo‘llab-quvvatlashdi, 166ta federasiya esa FIFAdan turnirlarni shu tariqa o‘tkazish imkoniyatini o‘rganib chiqishni so‘radi. «O‘zimga qolsa, mazkur masala dekabr­da hal bo‘lishini xohlayman, - deydi Venger. - Ammo oldinda qiladigan ishlar bisyor. Ayni payt barchasi 2028 yilda o‘zgarishini ayta olamiz, zero JCH-2026 reglamenti tasdiqlab bo‘lingan. Odatda, g‘oyalarimiz ko‘pchilikni ikkilantiradi, lekin yangilik mohiyatini tushuntirganimizdan keyin odamlarning fikri o‘zgaradi».

Avvalroq JCHni har ikki yilda o‘tkazish tashabbusi haqida FIFA prezidenti Janni Infantino ham fikr bildirgandi. «Ushbu masalani o‘rganib chiqib, barchasini tegishli tartibda amalga oshiramiz. Lekin hozirda shug‘ullanayotgan loyihalarimizni xavf ostiga qo‘yadigan qarorlar chiqarmaymiz. Ishoning, jahon chempionatining muhimlik darajasini yaxshi tushunib turibmiz. Diskussiya bo‘lgani ma’qul, lekin uning qamrovi keng bo‘lishi lozim: biz o‘yinlarning xalqaro taqvimi haqida gapirishimiz kerak. Muxlislar ahamiyatli o‘yinlar ko‘payishini istayotgan ekan, yil davomida saralash bahslarini o‘tkazishimiz to‘g‘ri ekanligiga ishonchimiz komilmi? Bularning barini inobatga olish darkor. Bizning asosiy maqsadimiz tijorat emas, sportni rivojlantirishga asoslanadi», - deydi funksioner.

*** Janni Infantinoning fikrlariga UYEFAdagi hamkasbi Aleksander Cheferin qarshi chiqmoqda - Yevropa futboli rahbari boykot bilan tahdid qilmoqda.

«Yangicha mundiallarda qatnashmaslik bo‘yicha qaror chiqarishimiz mumkin. Bilishimcha, Janubiy Amerikadagilar ham ayni fikrda. Shunday ekan, bu kabi jahon chempionatiga omad tilaymiz, - dedi Cheferin. - O‘ylashimcha, bunday o‘zgarishlar amalga oshmaydi, chunki bu futbolning asosiy prinsiplariga zid. Har yilning yozida oylab o‘tkaziladigan turnirlar shunchaki, futbolchilarni o‘ldiradi. Har ikki yilda bir marta o‘tadigan JCH ayollar musobaqalari va Olimpiadalar bilan kesishadi. Federasiyalarimiz bunday qadamni qo‘llab-quvvatlashadi, deb o‘ylamayman».

Top klublar va ligalar ham qarshi. UYEFAni «Manchester Siti» va «PSJ» masalasi bo‘yicha loqaydlikda ayblashi bilan nom qozongan Xavyer Tebas ham Cheferin tomonida: «Ikki yilda bir marta o‘tadigan jahon chempionati nafaqat milliy futbol ligalari, balki jahon futbolining umumiy an’analariga ham xavf soladi».

Umuman, qarshi chiqish ko‘lami tuyulayotganidan ham kengroq: masalan, mazkur jarayon yozgi Olimpiada sport turlari manfaatlariga ham ta’sir o‘tkazadi. Xalqaro yengil atletika federasiyasi prezidenti Sebastyan Kouning fikri quyidagicha: «Ehtimol, qandaydir kichik manfaatlar bordir, ammo yozgi sport turlari o‘z pozisiyasini himoya qilishi kerak. Ular shundoq ham an’anaviy mediada e’tibor qozonishga qiynalishmoqda. Ikki yilda bir o‘tadigan jahon chempionati esa shubhasiz, Olimpiya o‘yinlari bilan to‘qnashadi».

Arsen Venger aynan shunday qarama-qarshi fikrlar atrofida o‘z qarashlarini ilgari surmoqda. Fransiyalik mutaxassisning asosiy tezislariga yana bir bor e’tibor qaratsak:

*** JCHni tez-tez - ya’ni ikki yilda bir marta o‘tkazish. «Tasavvur qiling: 2026 yili AQSH, Meksika va Kanadada jahon chempionati o‘tadi; 2027 yilda - Yevropa chempionati va boshqa qit’alardagi turnirlar; keyingi mundial 2028 yilda bo‘ladi va ketma-ketlik shu tariqa davom etaveradi. Turnirni tark etish uchun o‘tadigan o‘yinlar soni ortadi, saralash bahslari esa kamayadi. Muxlislar aynan shuni xohlashmoqda», - deydi fransuz.

*** Mazkur holatda saralash o‘yinlari soni ozayadi - shuningdek, terma jamoalar tufayli vujudga keladigan tanaffuslar ham. 10ta saralash o‘rniga 7ta - va terma jamoalar o‘yinlari uchun bir-ikkita tanaffus. Ya’ni, saralash uchun talab etiladigan 50 kun 28 kungacha qisqaradi.

«Men termalar o‘yinlari uchun bitta tanaffus qilish tarafdoriman, maksimum ikkita bo‘lsin. Hozir bunday tanaffuslar beshta. Terma jamoalar oktyabrda to‘planishsin, bir oy davomida 7ta saralash o‘yinlarini o‘tkazishsin, keyin esa, final bosqichini iyunda o‘tkazishadi, - deydi Venger. - Shu tariqa futbolchilarning safarga chiqishlari kamayadi, o‘z nav­batida, jarohatlar ham. O‘yinlar sonini kamaytirish orqali futbolchilar holatiga baho berish imkoniga ega bo‘lamiz. Klub futboli va terma jamoa o‘yinlari yo‘li kamroq kesishishi kerak. Bu futbolchilarni qit’alar bo‘ylab amalga oshiradigan parvozlari soni kamayishiga olib keladi».

*** Klublardagi murabbiylarning shikoyatlari ortishini oldindan bilgan holda, Venger bu kabi turnirlardan keyin hordiq chiqarish uchun vaqt berilishini kafolatlamoqda. «Futbolchilar o‘yinlar ko‘pligidan aziyat chekishmaydi, turnirlarning final bos­qichidan keyin esa ularda kamida 25 kun dam olish imkoniyati tug‘iladi», - deydi «Arsenal»ning sobiq ustozi.

Xo‘sh, mazkur masala yuzasidan Vengerni qo‘llab-quvvatlayotganlar ham bormi? Hozircha bu borada (top darajada bo‘lmagan) terma jamoalar vakillari faollik ko‘rsatishmoqda. Janob Arsenning g‘oyasini Afrika futbol konfederasiyasi ijroqo‘mi va Osiyo futbol konfederasiyasiga a’zo bir nechta mamlakatlar - Nepal, Shri-Lanka, Maldiv va Bangladesh ma’qullamoqda. E’tibor bering, ulardan hech biri Osiyoda o‘tadigan JCH-2022 saralashi uchinchi bosqichiga o‘tolmagan.

FIFA kongressi vaqti Saudiya Arabistoni vakili ushbu g‘oyani muhokamaga qo‘ydi. Uni 166ta assosiasiya ma’qulladi - shunda FIFA potensial islohotlarni texnik-iqtisodiy tomonlama asoslab berish maqsadida tadqiqot boshladi. «Bundan ko‘zlangan maqsad - jahon futbolidagi turli qarashlar va manfaatlarni inobatga olgan holda, keng ko‘lamli tahlil o‘tkazish, - deya FIFA spikerining so‘zlaridan iqtibos keltirdi The Athletic nashri. - Avvaldan o‘ylangan maqsadlar yo‘q, FIFA o‘yinning umumiy foydasiga xizmat qiladigan eng yaxshi qarorlarni izlash masalasiga jiddiy yondashmoqda». Tadqiqot muddati hech qayerda ko‘rsatilganicha yo‘q. Har qanday holatda ham, bunday ko‘lamdagi o‘zgarishlarning yaqin bir-ikki yil ichida tasdiqlanmasligi kundek ravshan.

2024 yilgacha tizim islohotlarni boshdan kechirmasligi tayin. Har qanday potensial o‘zgarishlar kamida FIFA ijroqo‘mi, ko‘pi bilan esa to‘liq kongress tomonidan ma’qullanishi lozim. Umuman, kichik assosiasiyalar, odatda, jahon futboli rahbarlari taklif etadigan har qanday o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashadi.

O‘.UMAROV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 13:00, 20.09.2021.
O'qildi: 3150 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.