“Atletiko Madrid” ketma-ket 11 o‘yindan beri La Liga derbisida g‘alaba qozona olmayapti. Agar bugun “Real Madrid” g‘alaba qozonsa, turnir jadvalidagi ikki poytaxt jamoasi o‘rtasidagi farq 13 ochkoni tashkil qiladi. Oxirgi bir necha oy davomida biz Simeone haqida afsus bilan, Anchelotti haqida ishtiyoq bilan gapiryapmiz. Vaholanki, Diyego Simeonening “Atletiko”dagi 10 yillik yubileyi arafasida (11 kun qoldi), argentinalik mutaxassisning natijalarini tahlil qilib ko‘ramiz.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri oddiy raqamlarga sho‘ng‘imaslik uchun, keling, insoniyat tarixidan boshlaylik. Agar XXI asrda “Atletiko”ni bitta futbolchisini ajratib ko‘rsatish kerak bo‘lsa, klub tarbiyalanuvchisi, ajoyib to‘purar, superyulduz va jamoaning yetakchisiga aylangan Feranando Torresni ko‘rsatish mumkin.
“Men yetti-sakkiz yoshligimda maktabdagi deyarli hamma “Real Madrid”ga intilardi. Men ularni g‘azablantirish uchun atayin “Atletiko” libosini kiyib olardim. Lekin mening o‘zim doimo g‘azablandim, chunki biz har doim mag‘lub bo‘lardik. Ko‘p yillar davomida “Real” Madrid shahrining asosiy jamoasi bo‘lib kelgan. Va nafaqat shaharda - Ispaniyada, Yevropada ham ularga teng keladigani yo‘q edi. Biz ular bilan birga qolishga harakat qiladigan oddiy muxlislar jamoasi edik. Biz o‘z his-tuyg‘ularimiz asiri bo‘lsak, “Real” muxlislari esa sovrinlar asiri edi - agar natija bo‘lmasa, muxlislar ham yo‘q edi”, - deya eslaydi Torres.
Aslida Torresning yetti-sakkiz yoshdagi paytlari, ya’ni 90 yillarning birinchi yarmi “Atletiko” uchun munosib davrlar bo‘lgan.
1992 yil iyun oyida “Atletiko” va “Real Madrid” Qirol kubogi finalida o‘ynashdi.
O‘yin hushtagi chalinishiga bir necha daqiqa qolganida “Atletiko” ustozi Luis Aragones jamoani kiyinish xonasiga yig‘ib, taktik ko‘rsatmalar bera boshladi. Baland ovozda aytilgan texnik tafsilotlar nutqi kutilmagan ibora bilan yakunlandi: “Ammo bu umuman muhim emas”.
Aragones qo‘liga 1,5 litrli Coca-Cola shishasini oldi va agar ular o‘yinda g‘alaba qozona olmasalar, shisha idishi bilan urishini aytdi.
“G‘alaba qozonish vaqti keldi. Shuncha yildirki, ular bizning jamoamiz ustidan g‘alaba qozonib keldi, endi bizda javob berish imkoniyati bor. Siz ulardan ustun ekanligingizni bilaman va tinimsiz mag‘lub bo‘lishdan charchadim (final “Santyago Bernabeu”da bo‘lib o‘tgan). Tribunada siz uchun borini beradigan 50 ming muxlisimiz bor. Maydonga chiqing va ularni o‘yiningiz orqali jazolang!” - dedi Aragones.
Aslida, “Atletiko” ulardan kuchliroq emas edi. Chunki “matraschilar” tarkibida Butragenyo, Xadji, Sanchis, Michel, Luis Enrike, Milya, Chendo, Buyo, Yerro va undan ham kichikroq afsonalar yo‘q di. Ammo “Coca-Cola”ning sehrli qiyofasi ish berdi va “Atletiko” g‘alaba qozondi.
Keyingi yetti yil davomida “Atletiko” derbida g‘alaba qozona olmadi.
1990 yillarda “Atletiko” derbidan so‘ng, umuman g‘alaba qozonmagan (1992-1998): 15 o‘yin, 10 ta “Real Madrid” g‘alabasi
21-asrda “Atletiko” derbida g‘alaba qozonmagan (2001-2013): 25 o‘yin, 19 ta “Real Madrid” g‘alabasi.
Torres 17 yoshida, poytaxt jamoasi Segundaga tushganida asosiy futbolchiga aylandi. “Liverpul”ga ketishdan oldin u derbidagi g‘alaba nimaligini his qilish uchun 10 ta imkoniyatga ega bo‘lgan, ammo barchasi muvaffaqiyasiz yakunlangan. Keyinchalik, hujumchi butun hayotini ingliz futbolida bag‘ishladi. U o‘sha paytlarda terma jamoasi bilan Yevro va Jahon kubogini qo‘lga kiritdi va Madridga qaytganidan keyingina “Madrid derbisi”da g‘alaba nima ekanligini bilib oldi. 2015 yilning 4 yanvarida “Visente Kalderon”da Torresni 45 000 muxlis kutib oldi. Uch kundan so‘ng u Qirol kubogi doirasida “Real”ga qarshi o‘ynadi. “Atletiko” mazkur uchrashuvda 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Sakkiz kundan keyin javob bahsi bo‘ldi - Torres dubl qayd etdi va uning jamoasi kubokni qo‘lga kiritdi. Oradan bir oy o‘tib, “Atletiko” derbida “Real”ni yana mag‘lub etdi - 4:0.
Fernandodan Yevropani kezib chiqqanida “matraschilar” jamoasida nima o‘zgargani haqida so‘rashdi. “Mana shunday”, - deya hisobni ko‘rsatib, qisqagina javob berdi forvard.
Hozir ham, “Atletiko” ligada “Real”ga qarshi o‘yinlarda g‘alaba qozonishni to‘xtatgan bo‘lsada, Simeone ko‘p o‘yinlarni murosaga aylantirmoqda - 11 o‘yinning yettitasi durang bilan yakunlangan.
Simeone boshchiligidagi “Madrid derbisi” va Simeongacha bo‘lgan davrdagi kuchlar nisbatini solishtirish qiziq bo‘ldi. Barcha musobaqalar doirasida argentinalik mutaxassis qo‘l ostida 34 derbi o‘tkazilgan.
Statistika qanday?
Oxirgi qatorda “Real Madrid”ning belgilangan asosiy vaqtdagi g‘alabalari foizi ko‘rsatilgan.
“Atletiko”ning derbidagi ustunligi qisqa vaqt ichida sodir bo‘ldi, hatto Simeone davrida ham “Real Madrid” kuchliroq edi va shunday bo‘lib qolmoqda. Murabbiyni jamoaning bu mavsumdagi ulkan salohiyatini omadsiz tarzda o‘tkazayotgani uchun tanqid qilgan har bir kishi haq. Agar, YECHL so‘nggi turida “Portu” maydonidan g‘alaba bilan ortga qaytmaganda, ispan matbuoti Simeoneni allaqachon ishdan bo‘shatishi haqida xabarlar tarqatgan bo‘lardi.
Ammo, biz orqaga nazar tashlasak, biz murabbiyning ajoyib ko‘lamini ko‘ramiz. Kuchli “Real Madrid” va “Barselona” bilan Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritish juda qiyin. Chempionlar ligasi finaliga chiqish yanada qiyinroq. Ammo butun bir klub madaniyatini o‘zgartirish, Yevropaning eng kuchli jamoasiga yetarlicha qarshilik ko‘rsatgan yana bir shunday murabbiyni menga ko‘rsating.
“Sports.ru” saytidan Jamshidjon Mahmudov tarjimasi