Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

YECHL. Qur’adan keyingi taxminlar (1-qism)

YECHL. Qur’adan keyingi taxminlar (1-qism)

Baho:
+ | -

Kecha Yevropadagi eng nufuzli musobaqaning nimchorak final bosqichiga qur’a tashlandi. Ushbu qur’a jarayoni kim uchundir ko‘plab kutilgan va odatiy juftliklarni aniqlab bergan bo‘lsa, boshqalar uchun umuman g‘ayritabiiy to‘qnashuvlarni yuzaga keltirdi. Biz ham bu jarayondan so‘ng jim o‘tirgimiz kelmadi va barcha juftliklar haqida fikr yuritishga harakat qildik. Demak, boshladik.

“Zalsburg“ – “Bavariya“ : Inglizcha “yomg‘ir“dan qochib, nemischa “do‘l“ga tutilgan avstriyaliklar

Avstriya jamoasining pley-offga yo‘l olganining o‘ziyoq katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. Endi ularga qarata “izzating bitdi“, – deyishgandek ko‘rindi. Kimsan “Bavariya“dek jamoani ham raqib qilishadimi bu debyutant klubga? Qur’a avvalida “Liverpul“ bu jamoaga qarshi bo‘y cho‘zganda, hammasi tugadi deb o‘ylagandek. Bundan yomonini kutmagan Avstriya chempionlari endi bundan battariga duch keldilar.

Ko‘rinib turibdiki, bu juftlikda nemis charm to‘p ustalari yaqqol favorit. Hatto futbolda mo‘’jizalar uchrab turishini hisobga olsak-da, bu “Bavariya“ning qarshisida mo‘’jizalar ham esdan chiqib ketadi.

Qizig‘i, bu jamoalar o‘tgan yili CHL guruh bosqichida uchrashishgan ekan. Tabiiyki, 2 o‘yinda ham Myunxen klubi g‘alaba qozongan (3:1, 6:2). Biroq e’tibor bering, “Zalsburg“ ikkala bahsda ham “qizil mashina“ darvozasiga yo‘l topa bilgan. Tan olaylik, Avstriya klubi faqat tasodif tufayli keyingi bosqichga chiqishi mumkin. Qolgan barcha jihatlarda myunxenliklar ustun.

Eslatib o‘tamiz, bu uchrashuv 2022 yil 16 fevral sanasiga belgilangan. Dastlabki bahs esa Avstriyada bo‘lib o‘tadi.

“Sporting“ – “Manchester Siti“ : Chempion chempionga qarshi

Portugaliyaning “Sporting“ o‘tgan yili ichki chempionatda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi va bu mavsumda CHLda tajribali “Borussiya Dortmund“ni ortda qoldirib, pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Qisqa muddatda yaxshigina progressga erisha olgan ushbu jamoani endi nimchorak finalda “Manchester Siti“ kutib turibdi. Bu to‘qnashuvda ham favorit nomi ma’lum. Gvardiola shogirdlari har tomonlama raqibidan ustun. Chempionatda “shaharliklar“ning ishi besh. Ayni damda, ular turnir jadvalini boshqarib turibdi. CHLda ham ingliz klubi muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Biroq “Sporting“ning holati “Zalsburg“niki kabi ayanchli emas. Jamoadan mo‘’jiza kutsa bo‘ladi. Har holda, Xolandi bor “Borussiya“ni yenggan klub nega endi “Man.Siti“ni yutishga harakat qilmasin?!

Uchrashuv 2022 yil 15 fevral sanasiga belgilangan. Dastlabki bahs Portugaliyada bo‘lib o‘tadi.

“Benfika“ – “Ayaks“ : Qizil formalilar to‘qnashuvi

Hozirda juda ajoyib o‘yin ko‘rsatayotgan “Ayaks“ 2018/19 yilgi natijani takrorlash umidida yuqori ishtiyoq ila harakat qilmoqda. Ayniqsa, tarkibdagi kotd’ivuarlik hujumchi Sebastyan Alle guruh bosqichini “yondirib tashladi“. Erediviziyada ham klub natijalari havas qilarli darajada ajoyib. 16 uchrashuvda 49 gol urilgan va atigi 4 marta darvozadan gol o‘tkazib yuborilgan.

“Benfika“ ham anoyilardan emas. Bu aniq. “Burgutlar“ “Barselona“ning Yevropa Ligasiga tushib ketishida muhim rol o‘ynaganini qayd etish lozim. CHLda ham bu jamoa muntazam ishtirok etib keladi. Shuningdek, portugal klubi YECHL saralash bosqichida boshqa bir niderland klubini mag‘lubiyatga uchratib, guruh bosqichiga yo‘l olgandi. Bilganingizdek, u jamoa “Ayaks“ning azaliy raqobatchisi PSV edi. Ko‘ramiz, amsterdamliklar yurtdoshlari uchun qasos oladimi yoki lissabonliklar yana bir niderland jamoasini musobaqadan chiqarib yuboradimi?

Qayd etish lozim, ushbu match 2022 yil 23 fevral sanasiga belgilangan. Dastlabki bahs Portugaliyada bo‘lib o‘tadi.

“Chelsi“ – “Lill“ : Musobaqa chempionlari Fransiya chempionlariga qarshi

Londonning “Chelsi“si Tuxel kelgach, nimalar qilib tashlagani yodingizda bo‘lsa kerak. “Aristokratlar“ Chempionlar Ligasida yuksak natijalar qayd etayotgan bir paytda “Lill“ Fransiyada PSJdan chempionlikni tortib olgandi. Hozir londonliklar APLda chempionlik uchun kurashmoqda. YECHLda ham asosiy favoritlardan biri sifatida qaralmoqda. Biroq “Lill“da vaziyat yaxshi emas. Chempionlikni qo‘lga kiritgan bosh murabbiy ishdan ketgach, fransiyaliklar ichki chempionatda 11-o‘rinda yuribdi. Shunga qaramay, mazkur jamoa Yevrokubokda munosib ishtirok etdi. Guruhda 1-o‘rin bilan keyingi bosqichga chiqdi va ayni paytda “Chelsi“ga ro‘baro‘ kelmoqda. Favorit sifatida ingliz jamoasini ko‘rsatishdan boshqa ilojimiz yo‘q. Biroq Tuxel qo‘l ostidagi yigitlar uchun chorak finalga yo‘l olish oson bo‘lmasa kerak.

Uchrashuv 2022 yil 22 fevral sanasiga belgilangan. Dastlabki bahs Angliyada bo‘lib o‘tadi.

******
Davomi bor...
Manba: www.stadion.uz.
Kiritildi: 11:35, 14.12.2021.
O'qildi: 12787 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.