Kirish Ro'yxatdan o'tish
01/06 19:30 Bunyodkor 0-3 Neftchi
02/06 00:00 Borussiya D 0-2 Real Madrid
02/06 19:00 Andijon - Paxtakor
02/06 19:30 Nasaf - Lokomotiv
02/06 21:00 Atalanta - Fiorentina

«Arsenal»da Arteta imzosi ko‘rina boshladi

«Arsenal»da Arteta imzosi ko‘rina boshladi

Baho:
+ | -

Kecha bo‘lib o‘tgan London derbisi «Arsenal»ga ko‘pchilikning qiziqishini oshirgani shubhasiz. Darhaqiqat Artetaning imzosi klubda sekin-asta ko‘rina boshlayapti.

Biroq «kononirlar»ning kechagi g‘alabasida to‘liq Mikel va uning shogirdlari o‘z kuchini namoyon etdi deyish qiyin. Uchrashuv natijasi ko‘proq «Vest Xem»ning xunuk o‘yini ortidan kelib chiqdi aslida. Birinchi daqiqalardanoq «kanonirlar» raqiblariga qaraganda tezroq va ishonchliroq harakat qilishdi. Butun o‘yin davomidagi xotirjamlik «to‘pchilar» nigohida yaqqol ko‘zga tashlanib turardi. Bu mavsumdagi «bolg‘achilar»ning ajoyib formada ekanliklariga qaramay, «Arsenal» o‘zini bevosita favorit sifatida ko‘rdi va maydonda ham futbolchilar bunga ishonishdi.

Albatta, bu g‘alati eshitilishi mumkin. Chunki biz hozir «Arsenal»ni kuchli to‘rtlikdagi «Vest Xem» oldida favorit sifatida tilga olmoqdamiz. Qadriyatlar va tarix nuqtayi nazaridan odatiy holdek ko‘rinishi mumkin, ammo natijalar o‘laroq jamoa Venger ketgach rosmana o‘rtamiyona klubga aylangan edi. Mana endi «Arsenal»da biz sekinlik bilan murabbiyning ishini ilg‘ayapmiz. Arteta o‘z malakasi bilan futbolchilarni yaxlit tizimga jipslashtira olayotganini oz bo‘lsada ko‘rib oldik. U shogirdlarini raqibdan ustunligiga ishontira oldi.

Albatta, kutilmaganda ko‘rsatilgan qizil kartochka durang bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha senariyni yo‘qqa chiqardi. Ammo undan oldin ham «Vest Xem» muhokama qilishga arzigulik hech qanday vaziyat yaratmagan edi. Natijada barcha faktorlar to‘planib jamoani halokat yoqasiga yetakladi, muhim bahsdagi 3 ochko qo‘ldan boy berildi.

Arteta yangi yilni kuchli to‘rtlikda yakunlashga juda yaqin turibdi («Manchester Yunayted»dan bir, «Tottenxem»dan uch ochko kam), bu so‘nggi yillar ichidagi eng ulkan yutuqlardan biri bo‘lar edi. Buning ustiga Obameyangning yo‘qligi ham qaysidir ma’noda jamoa foydasiga xizmat qildi. Eng ko‘p maosh oluvchi hamda Mikel bilan juda ko‘p bor konfliktga boruvchi futbolchi sifatida u so‘nggi paytlarda jamoasidagi ichki muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan edi. Usiz kechgan o‘yin kecha yomon natija bermadi.

Tarkibda Tirni va Jakaning borligi boshqa o‘yinchilarda sezilarli tarzda ishonch uyg‘otdi. Bu yerda tajriba va avtoritet masalasi ham bor. Lokongo va Tavaresh qanchalik zo‘r o‘ynashmasin, ular umumjamoa g‘alabasida u qadar ham katta rol o‘ynay olishmayapti. Moslashuvchan tipdagi markaziy hujumchi pozisiyasida harakat qiluvchi Obameyangning yo‘qligi Lyakazettga ko‘proq bosim yuklagani ham bor gap. Aynan ushbu bosim «Arsenal» uchun bugungi muvaffaqiyat kalitiga aylangan bo‘lsa ajab emas. Hamma o‘zidan bir bosh ustun o‘ynashga harakat qildi.

Birgina Sakaning o‘yini biroz ochilmay qoldi. U yakunlovchi sifatida kecha o‘rtacha darajada harakat qildi va hujumlarning rivojlanishiga katta hissa qo‘shdi. Qanotlarda o‘ynash tajribasi Lyakazettni muxlislar oldida yanada ko‘p qirrali va harakatchan tarzda namoyon qildi. Biroq aniq amalga oshirilmagan penalti ruhiyatiga biroz bo‘lsada salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
«Vest Xem»ga to‘xtalsak, tarkibda u qadar muammo yo‘q edi, lekin bu mavsumdagi aksariyat o‘yinlariga nisbatan ancha sust va ishonchsiz harakat qildi. Aslida, APLga u qadar qiziqmaydigan muxlis uchun «Arsenal» «Vest Xem»ni 2:0 hisobida mag‘lub etgani tabiiy va mantiqiy ko‘rinsa ajab emas. Benrahmaning yo‘qligi Moyesning taktikasini o‘zgartirib yubordi. Hujumga katta urg‘u berib yuborgan «bolg‘achilar» himoyada juda qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydilar.

«Vest Xem» esa bundan buyog‘iga kuchli to‘rtlikda qolish uchun jiddiy kurashishi tabiiy. Biroq ikkinchi tarkibning u qadar kuchli emasligi davraviy mavsumda biroz pand berib qo‘yishi shubhasiz. Ayniqsa, kechagidek grandlar bilan to‘qnashuvlarda Moyes yangiroq uslub ishlab chiqishiga to‘g‘ri keladi.

Kiritildi: 23:52, 16.12.2021.
O'qildi: 3639 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.