Hindistonda Portugaliya mustamlakasidan xalos bo‘lish bayrami yubileyi keng nishonlanmoqda. 2021 yilning oxirgi kunlari Goa shtati Kalangut shahrida Krishtianu Ronaldu sharafiga haykal o‘rnatildi. Shtat vaziri Maykl Lobo «Tvitter»da bu tanlovni oddiy izohladi: «Futbolga ulkan muhabbat va yoshlarimiz iltimosiga binoan, Krishtianu Ronaldu haykalini o‘rnatishga qaror qildik. Buyuk futbolchi siymosi farzandlarimizni sport bilan shug‘ullanishga ilhomlantiradi». Biroq shahar aholisi qimmatbaho haykalni birdek ijobiy qabul qilgani yo‘q.
Birinchidan, Ronalduga atalgan monument 12 ming funt sterling evaziga qad ko‘tardi. Ikkinchidan, Goa aynan Portugaliyaning sobiq koloniyasi hisoblanadi. Shtat 1961 yili mustamlakachilikdan qutulib, mustaqillikka erishgan. Xullas, ba’zilar Portugaliya ta’siridan ozod bo‘lishning 60 yillik yubileyida uning fuqarosi haykalini o‘rnatishga shunchaki, xalqni tahqirlash, uning ustidan kulish sifatida qarashmoqda. Tarixan salbiy munosabatlarga qaramay, Portugaliya futboli Hindistonda juda mashhur. Qolaversa, koloniya davridagi qaramlik tufayli mamlakatning ko‘plab fuqarolari Portugaliyada istiqomat qilishgan. Ayrimlar muqim yashab qolishgan. Qisqasi, hanuzgacha o‘rtada qarindoshlik rishtalari bor.
Oppozisiya harakati rahbari - Premanand Divkar (Kalangut saylov okrugi prezidenti) fikriga e’tibor qarating: «Shahrimizda Hindiston futbolining xalqaro maydondagi g‘alabalariga hissa qo‘shgan Bruno Koutinyo va Ioland D~Souza kabi ajoyib o‘yinchilar ko‘p. Nega ular sharafiga haykal o‘rnatish mumkin emas? Axir Kalangut uchun Ronaldu emas, aynan shu yigitlar katta ahamiyat kasb etishmaydimi?» Bu e’tirozni mahalliy aholi ham tezda qo‘llab-quvvatladi: «Ronaldu haykali haqida eshitib, hafsalam pir bo‘ldi. Undan ko‘ra, Samir Nayk va Bruno Koutinyodek o‘z yulduzlarimiz bilan faxrlanishni o‘rgansak, yaxshi bo‘lmaydimi?» - dedi mahalliy muxlislardan biri. Xalq faollaridan Guru Shirodkar ham keskin norozilik bildirdi: «Goada ozodlik uchun kurashganlar yetarli. Ronalduning haykali ularni xo‘rlash demakdir. Buni mutlaqo qoralaymiz. Ayniqsa, shunday yilda Ronalduga haykal o‘rnatish xalqni tahqirlashdan o‘zga narsa emas».
Haykalning tantanali ochilish marosimi ham norozilik namoyishlari bilan uyg‘unlashdi. Jumladan, ayrim faollar qora bayroqlarni hilpiratib turishdi. Binobarin, mavjud tushunchaga ko‘ra, Portugaliya Hindistonni qashshoqlik va halokatga yetaklagan, koloniya davrida millionlab hindlar halok bo‘lishgan. Tarixga nazar solsak, portugallar Goa shtatiga 1498 yili qadam bosishgan. Ma’lumki, hind diyorini dengizchi sayyoh Vasko da Gama kashf etgan. 18-asr o‘rtalarida Hindistonning qolgan yerlari Buyuk Britaniya va Fransiya tomonidan bosib olingan. Tabiiyki, yangi hukumat mahalliy aholi qarshiligiga duch kelgan. Qisqasi, 1757 yildan buyon hududda naq 7ta yirik urush sodir bo‘lgan. 1947 yilga kelib Hindiston Fransiya va Buyuk Britaniya ta’siridan qutuladi, lekin g‘arbiy hududlar (Goa, Damna va Diu) Portugaliya hukmronligi ostida qoladi, baribir. Hindiston hukumati 10 yil davomida o‘z hududlarini tinch yo‘l bilan ozod qilishga urinadi, ammo Portugaliya barcha harakatlarni yo‘qqa chiqaradi.
Qisqasi, portugallar ingliz va fransuzlardan farqli o‘laroq, Hindistonni 4,5 asr davomida o‘z ta’sirlari ostida ushlab turishadi. Bu vaqt davomida g‘arbiy hududlar aholisi sezilarli darajada azob tortishadi. Hattoki, hindlar nasroniylarga aylanadilar. To‘g‘ri, statistika buni inkor etadi. Deylik, 1950 yilgi aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga asosan aytsak, atigi 7 foiz hind portugal tilida so‘zlashgan. Goa, Damna va Diu aholisining aksariyati nasroniylarga aylangani haqidagi da’volar ham asossiz. Goada odamlarning oziq-ovqat mahsulotlariga ehtiyojlari loaqal 50 foizga ta’minlanmagani esa, haqiqat. Vaholanki, hudud yerlari juda hosildor va tabiiy resurslari ham katta bo‘lgan. Koloniya davrida sanoat ham rivojlanmagan.
Portugaliya - Hindiston munosabatlariga daxldor dahshatli raqamlar
- Katta ocharchilik davri (1876-1878)da 6,1-10,3 million odam halok bo‘lgan.
- Hindistondagi ocharchilik davri (1899-1900)da 10 million odam halok bo‘lgan.
- 1817-1860 yillar oralig‘ida turli epidemiyalardan 15 million odam hayotdan ko‘z yumgan.
- 1865-1917 yillar oralig‘ida turli epidemiyalardan 23 million odam vafot etgan.
- 1961 yili Goa, Damna va Diuda portugal mustamlakachilariga qarshi qaratilgan partizanlar harakati boshlangan. O‘sha yilning dekabr oyida Hindiston hukumati Goa muammosini harbiy yo‘l bilan hal etishini rasman e’lon qilgan. Portugaliyaning NATO va AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga qaramay, hind qo‘shinlari 18 dekabr kuni g‘arbiy hududlarga kirib, Hindiston bayrog‘ini ko‘tarishgan.
R.IBROHIMOV