Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Sherzod Nasrullayev - hujumga xushhol himoyachi!

Sherzod Nasrullayev - hujumga xushhol himoyachi!

Baho:
+ | -

«Nasaf» vakili Sherzod Nas­rullayev hujumga qo‘shilishni xush ko‘ruvchi va bu ishni yaxshi ud­dalaydigan iste’dodli himoya­chilarimizdan. 2021 yil uning uchun ancha samarali keldi: «aj-darlar» safida OFK kubogida muvaffaqiyatli to‘p surdi va yakunda O‘zbekiston kubogi sohibiga aylandi. Yangi yil ham Nasrullayev uchun xushxabar bilan boshlandi - futbolchi Srechko Katanes boshqaruvidagi O‘zbekiston milliy jamoasi yig‘iniga jalb etildi. Maxsus muxbirimiz shu bahona BAA safari oldidan Sherzodni alohida suhbatga chorladi.

- Sherzod, avvalo, O‘zbekiston milliy jamoasi tarkibiga kiritilganingiz bilan tabriklaymiz.

- Rahmat. Tushunarliki, vatan jamoasi libosida maydonga tushish har bir futbolchining asosiy orzusi sanaladi. Albatta, yig‘inda bor mahoratimni ishga solib, ishonch­ni oqlashga harakat qilaman. Xullas, kayfiyat yaxshi, buyog‘iga mashg‘ulotlar va o‘yinlarda terma jamoa safida o‘ynashga munosib ekanligimni isbotlashim kerak. Afsuski, 21 yanvar kuniga belgilangan Yaponiya termasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yini pandemiya tufayli bekor qilindi. Lekin BAAda 2ta o‘yin o‘tkazish rejalashtirilgan. Demak, ularga astoydil tayyorgarlik ko‘ramiz. 

- Milliy jamoada sizni sobiq klubdoshingiz Farrux Sayfiyev bilan raqobat kutayotgani tayin. Bundan cho‘chi-maysizmi?

- Sog‘lom raqobat har bir futbolchi uchun - motivasiya. Shunday ekan, cho‘chishga asos yo‘q. Muhimi, hozirga qadar aynan kuchli raqobat o‘laroq, oldinga qadam tashlayapman. Umuman, kim o‘z ustida ko‘proq ishlasa, o‘sha ko‘zlagan marrasiga yetadi.

- Xo‘sh, aynan qaysi amplua­doshlaringiz o‘yinlaridan saboq olishga moyilsiz?

- Ko‘proq Yevropa klublari o‘yinlarini kuzataman. Xususan, «Liverpul» himoyachisi Robertsonga havasim baland. Uning hujumga intilishi, to‘pni jarima maydoniga uzatib, keskinlikni oshirishiga gap yo‘q.

- Ochig‘i, Sherzod Nasrullayev o‘yinida ham hujumni qo‘llab-quvvatlash xohishi yaqqol sezilib turadi.

- Chunki gol urish yoki unga hammualliflik qilish istagi kuchli. O‘tgan mavsum Superligada «Surxon», «Turon» va «Mash’al» darvozasini nishonga oldim. OFK kubogi turnirida esa «Xo‘jand» (Tojikiston)ga qarshi kechgan bahsda o‘zimni ko‘rsatdim. Asosiysi, barcha turnirlarda ko‘plab samarali uzatmalar bilan jamoam yutuqlariga hissa qo‘shdim. Jumladan, kubok musobaqasida «Bunyodkor» va «Paxtakor»ga qarshi kechgan muhim o‘yinlarda golga assistentlik qilish yoqimli bo‘ldi.

- To‘p nazoratiga yo‘g‘rilgan harakatda qaysi futbolchi bilan o‘yiningiz yaxshiroq qovushadi.

- Oybek Bozorov keyingi harakatingizni tezda ilg‘aydi. Uning chaqqonlik, texnik-taktik salohiyati har qanday futbolchiga qo‘shimcha kuch bag‘ishlaydi. Xullas, Oybek bilan tandem sifatida o‘ynash ancha zavqli.

- 2021 yilgi mavsum g‘oyat murosasiz kechdi. Biroq oxirgi turlarda Qarshida «Lokomotiv»ga imkoniyatni boy berdinglar va «Nasaf» yakunda sovrinsiz qoldi.

- Aslida o‘sha uchrashuvni yaxshi boshladik. Garchi kubok o‘yinidagi charchoq alomatlari yaqqol sezilgan bo‘lsada, ustunlikka erishayotgandik. Biroq Jo‘rabek Mannonovning maydondan chetlatilishidan so‘ng bo‘shashdik. Oxir-oqibat, qo‘yib yuborilgan 2ta gol sovrin uchun kurashdagi imkoniyatimizni yo‘qqa chiqardi...

- OFK kubogi finalidagi mag‘lubiyatni nima bilan izohlaysiz?

- Raqibning tezkor goli o‘yinga tanlangan taktik rejamizni tamomila o‘zgartirib yubordi. Boz ustiga, u ruhiyatimizga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Asosiysi, bundan tegishlicha saboq oldik. O‘ylaymanki, ushbu tajriba yosh jamoamizning xalqaro darajadagi keyingi o‘yinlarida rosa asqotadi.

- O‘zbekiston kubogining har bir bosqichida o‘ziga xos jang kuzatildi.

- Ayniqsa, safarda AGMKga qarshi kechgan yarim final bahsi esda qoldi: maydonda 10 kishi bo‘lib o‘ynash, penaltidan foydalanolmaslik, qo‘shimcha bo‘limlardagi gollar... «Paxtakor bilan final uchrashuvida ham shunday drama takrorlandi.

- Mavsumda VAR tizimidan foydalanildi. Buning samarasi bilindimi?

- Ha, tizim katta foyda berdi. Xususan, AGMK bilan kubok o‘yinida aynan VAR yordami bilan adolatli qarorlar qabul qilindi. Bu tizim yangi mavsumda ham juda qo‘l kelishi tayin, faqat tezkorlik oshirilsa, bas.

- 1998 yilning 23 iyul kuni Koson tumanida tug‘ilgansiz. Otangiz Inatulla Jumanazarov - neft-gaz sanoati xodimi, onangiz Shohista opa - uy bekasi. O‘z haqingizda kengroq ma’lumot bersangiz.

- Oilada 3 farzandmiz, ikki opam bor. Koson shahridagi 5-maktabda tahsil olganman. 2000 yildan «Nasaf» qoshidagi maxsus futbol maktabida Nurali Sultonov va Bahodir Annamatov qo‘l ostida shug‘ullandim. Debyutim 2019 yili «Paxtakor»ga qarshi kechgan o‘yinga to‘g‘ri keldi. 2020 yili 12ta uchrashuvda qatnashdim. Yakunlangan mavsum esa chempionat doirasida 22 marta maydonga tushdim.

- O‘yin jarayonida tez-tez hujumga qo‘shilasiz, bunday holatda himoyaning bo‘shashi pand  berishidan cho‘chimaysizmi?

- Ha, himoyachining asosiy vazifasi - orqa chiziqda bexato o‘ynash. Lekin zamonaviy futbol talabi shu - himoyachi orqada ishlash barobarida hujumga qo‘shilib turishi shart. Ha, ba’zan ortga qaytishga ulgurolmasligim va bundan muammo yuzaga kelishi mumkin. Lekin faqat ortda o‘ynash bilan ham ish bitmaydi-da...

- Yaqinlaringiz, mahalla-kuydagi do‘stlaringiz sizga alohida muxlislik qi-lishsa kerak...

- Albatta. Xususan, otam o‘yi­nimizni imkon qadar Qarshidagi stadionda bevosita kuzatishga harakat qiladi. Opalarim va jiyanlarim esa o‘yin kuni televizor qarshisiga mixlanishadi. Asosiy muxlisim - onam. U uchrashuvlarni hamisha katta hayajon bilan kuzatadi va o‘yindan so‘ng darhol qo‘ng‘iroq qiladi: «Bolam, qandaysan, hech joyingga shikast yetmadimi...?» Qo‘ni-qo‘shni, mahalladagilar ham menga befarq emaslar, har doim savollarga tutib, omad tilashadi.

- Jarohat - futbolchining bosh dushmani. 2020 yili siz ham bu dushman  jabrini sinab ko‘rdingiz...

- Esimda, «Qo‘qon-1912» bilan uchrashuvda 2:1 hisobida g‘alaba qozondik, ammo jiddiy jarohatga yo‘liqdim. Oqibatda naq 2 oy maydonga tusholmadim. Shukrki, hammasi ortda qoldi, bu ham o‘ziga xos tajriba, baribir.

- Yangi mavsum starti tobora yaqinlashaveradi. 26 fevral kuniga O‘zbekiston superkubogi uchun o‘yin belgilangan. Unda yana «Paxtakor» bilan ro‘baro‘ kelasizlar. Qolaversa, OCHL saralash bosqichi ham bor.

- Bu yil maqsad jiddiy. Mana, 5 yanvardan mashg‘ulotlarga kirishdik. Yigitlarda kayfiyat va ishtiyoq baland. Rahbariyat oldimizga qat’iy vazifalar qo‘ymoqda. Umuman, yuksak ishonch bizni olg‘a undayveradi.

- Eshitishimizcha, 2022 yili shaxsiy hayotingizda ham katta o‘zgarish bo‘ladi.

- Nasib etsa, erta bahorda uylanish taraddudidaman. Xullas, qo‘shaloq orzu-maqsadlar bilan yangi yildan quvonchli damlar kutayapman. O‘z o‘rnida gazetangiz orqali barcha yurtdoshlarimizga omad tilayman. «Nasaf»ga nisbatan hurmat-ehtirom uchun tashakkur. 2022 yili ham «InterFutbol» sahifalarida yanada rang-barang maqolalar kutib qolamiz.

Husan TEMIROV suhbatlashdi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:30, 19.01.2022.
O'qildi: 2642 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.