Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Natija yo‘qligi aniq: Ma’lum bo‘lishicha, tajriba ham, aybdor ham yo‘q ekan

Natija yo‘qligi aniq: Ma’lum bo‘lishicha, tajriba ham, aybdor ham yo‘q ekan

Baho:
+ | -

Muhtaram muxlis! Mazkur mulohazalarni yozishdan avval bizni bir masala uzoq o‘ylantirdi. E’tibor bergandirsiz, so‘nggi paytlar mulohazalarimiz  ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan intervyularga munosabat bildirishdan iborat bo‘lmoqda.
Ya’ni o‘sha intervyular ta’sirida shaxsiy qarashlarimizni jamoatchilik bilan bo‘lishmoqdamiz. Savol tug‘ilishi tabiiy: nima sababdan milliy jamoamiz tarkibi pozisiyalar nuqtai nazaridan muhokama qilinmayapti? Axir 10 yil avval futbol mavzusidagi maqolalar ruhi butunlay boshqacha edi. Futboldagi korrupsiya, kelishilgan o‘yinlar emas, balki ko‘proq milliy jamoamiz tarkibiga chaqirilgan va chaqirilmagan futbolchilar haqidagi fikrlarimizni ochiq-oydin bayon etardik, bu borada o‘zaro bahslashardik.

Bugun esa vaziyat o‘zgardi. Jurnalistlar ko‘proq futbolimizdagi haqiqiy ahvol va hozirgacha tilga olinmagan haqiqatlarni yoritish bilan shug‘ullanishmoqda. Xullas, bir qarashda asl futboldan uzoqlashayotganga o‘xshaymiz. Biroq masalaning boshqa jihati ham bor: qanday og‘ir bo‘lmasin, asl haqiqatlar hozir ochilmasa, keyin  kechikishimiz mumkin. Balki ayni chog‘da futbol jurnalis­tikasi shu paytgacha ochiq turgan bo‘shliqni to‘ldirishi kerakdir. Boshqacha aytganda, o‘ziga xos o‘tish davrini boshdan kechiryapmiz, chog‘i. Shuning uchun futbolning asl mohiyatidan uzoqlashayotgandek ko‘rinamiz-u, lekin tobora unga yaqinlashmoqdamiz, sohani ich-ichidan bilmoqdamiz, o‘rganmoqdamiz. Futbolga daxldor media-maydon shu qadar rang-baranglashdiki, undagi materiallar qanday maqsadlarni ko‘zlab yoritilayotganini aniqlash, tushunish anchayin murakkab. Deylik, o‘zi va Ulug‘bek Baqoyevning olimpiya termasi asosiy tarkibida maydonga tushirilmagani tarixini eslab, kulib so‘zlayotgan Baxtiyor Hamidullayev ko‘nglidan nimalar o‘tmoqda? Aslida bularni eslash kulgimi yoki alam-iztirob? Bu savolga odilona javob berish mushkul. Yo‘q, mutlaqo imkonsiz. Gap tanganing ikki tomonini bilish va eshitishda ham emas. Tanganing ikki tomonini bilsak-bilmasak, muxlislarga bir haqiqat ma’lum: milliy jamoamiz hali-hanuz mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritolmay halak, olimpiyachilarimiz hamon shunday chipta orzusida ovora-yu sarson!

Gazetamizning o‘tgan sonidagi mulohazalarda Samvel Babayan faoliyatidagi xatolar va  natijasizlik o‘zi bilan bog‘liq emasligi haqida so‘zlaganini eslab, bu borada shaxsiy qarashlarimizni bayon etgandik. Uning intervyusidan ma’lum bo‘lishicha, xatolar va natijasizlik taqdirdan, o‘zi esa oppoq! Bu safar Vadim Abramov intervyusida shunday kayfiyat  kuzatildi. U go‘yo futbolimiz ravnaqi uchun katta ish qilgan va shunga yarasha qadrlanmayapti.

To‘g‘risi, har ikki mutaxassis intervyusidan keyin ham qalb larzaga tushadi, beixtiyor o‘zingni ham aybdor sanaysan kishi. Axir bilib-bilmay, birovning sha’niga tosh otish, uni nohaq ayblash Allohga xush kelmasligi barchaga ayon! Shu ma’noda futbol media maydonidagi intervyularga munosabat bildirish oson emas. Bu ish har doim  biz uchun iztirob or­qali o‘tadi! Har safar bizni bitta fakt yozishga undaydi: kim nima demasin, fakt bitta - terma jamoalarimizda natija yo‘q! Shunday ekan, o‘zini oqlash, qayta targ‘ib qilish va yana ishonch qozonish umidida yonib-kuyishdan nima foyda?! Ta’kidlaganimizdek, endi futbolimiz jamoatchiligi  avvalgidek yashash, murabbiylar faoliyatini avvalgidek ko‘rishni istamayapti. Futbolimiz ham yangi davr­ga qadam bosmoqda. Bu davr o‘zini o‘zi tozalashdan boshlanmoqda. Odatda tozalash jarayonida ho‘l-u quruq baravar yonadi: kimdir yutadi, boshqa birov jabrlanadi! Bu - ilojsiz holat!

Jabrlanadiganlar yoki jabrlanishi mumkin bo‘lganlarni himoya qilish imkondan tashqarida. Mazkur jarayonda har kim nainki ekkanini, ekmaganini ham o‘radi, qilmagan ishi uchun ham javob beradi. Bir-ikki shaxs yoki rahbar mazkur g‘ala-g‘ovur jarayonni to‘xtatolmaydi. Futbolni yaxshi ko‘rganlar va uni tashlab ketolmaydiganlargina ro‘y berajak iztirobli, ziddiyatli holatlarga bardosh berishadi, chidashadi. Futbolimiz  shunday murakkab va kimlargadir yoqimsiz, ma’qul kelmaydigan yo‘l orqali yorug‘ manzillar sari boradi, taraqqiy topadi. Biz ham shu izdihom ichra mulohaza yozamiz, zero, voqelikni jim kuzatolmaymiz. Albatta, mulohaza bildirish jarayonida ko‘p hollarda ishonch bilan so‘zlaymiz va bunda faktlar emas, balki intuisiyaga ham tayanamiz. Vadim Abramov bosh jamoamizning Toshkentda Saudiya Arabistoni termasiga yutqazganini tajribasizlik bilan izohladi va jurnalist savoliga ochiq-oydin javob qaytarishdan o‘zini olib qochdi. Vadim Karlenovich shunday qaltis savollar berilganida, o‘ziga xos mantiq bilan boshqalarni ayblaydi va o‘zini himoyalaydi. Lekin bilmaydiki, boshqalar ham o‘zi kabi mantiqqa asoslanishadi va unga nisbatan noxush taassurot tug‘ilaveradi. Xo‘sh, Osiyo kubogi-2011da Avstraliya termasiga 0:6 hisobida yutqazgan futbolchilarimiz Vadim Abramov aytganidek, tajribasiz edilarmi haqiqatan ham? Unutmaylikki, gap Aleksandr Geynrix, Maksim Shaskix, Server Jeparov, Odil Ahmedov kabi kamolot pallasi bo‘lgan futbolchilar haqida bormoqda.  Vadim Abramov bir haqiqatni tan olsin: o‘shanda ham, 2019 yil kuzidagi noxush uchrashuvda ham futbolchilar emas, aksincha, uning o‘zi tajribasizlik qilgandi. Doxadagi uchrashuvlarni bevosita stadionda kuzatgan Ahadxon Abduhamitov keyinchalik ko‘pchilik Vadim Abramovga Avstraliya termasiga qarshi himoyadan o‘ynash lozimligini aytganini so‘zlab bergandi. Ammo Vadim Karlenovich taklif-mulohazalarga mutlaqo e’tibor qaratmagan. Endi esa «O‘yindan oldin qaror chiqarish murabbiy zimmasida, yutganimizda qahramonga aylanardim!» -  deya o‘zini oqlaydi va o‘kinadi. Holbuki, endi hammasi tarix. Endi u avlod tarixni yangilamaydi. Tarixni yangilash - boshqalarning vazifasi!

Tabiiyki, yuqoridagi mulohazalar shunchaki, yozilmadi. Bundan 3 yil avval Lyubinko Drulovich boshqaruvidagi olimpiyachilarimizni katta umidlar bilan Tailandga kuzatib, keyin tarvuzimiz qo‘ltig‘imizdan tushgandi. O‘shanda Drulovichga bugun Srechko Katanesga ishonayotganimiz kabi katta umid bog‘lagandik. Natija esa o‘zini oqlamagandi. Mana, bugun milliy jamoamiz Yangi Zelandiya termasi bilan kuch sinashadi. Bunga qadar Janubiy Sudan termasi 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratildi. Ha, hisob yoqimli. O‘yin sifati haqida esa bunday xulosa bildirish mushkul. Ayonki, Srechko Katanesdan bu xususda so‘rasangiz, u tajriba va o‘yin amalayoti yetishmasligi haqida so‘z ochadi! Yana savol tug‘iladi: bu kabi javob va izohlarni qachongacha tinglaymiz va bunga majburmiz?

Muhammad VALI

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 13:08, 03.02.2022.
O'qildi: 1542 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.